Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish choralari kuchaytirilayotgani jamiyatda halollik, adolat tamoyillari shakllanayotganligini ko'rsatadi. Bu illatni butunlay yo'q qilish borasida jiddiy ishlar olib borilayotganligi kunday ravshan.

Biroq korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha qabul qilinayotgan qonuniy-me'yoriy hujjatlarni sezmayotgan yoxud tartib-qoidalarni mensimayotgan shaxslar borligi achinarlidir. Masalan, odamlar murojaat qiluvchi ayrim tashkilotlarda korrupsiyaning yashirin yo'llaridan foydalanishmoqda yoki qandaydir ishni hal qilish uchun murojaatchidan pul undirishmoqda. Ular nazdida pora olish ayb emasday go'yo. Korrupsiyaga yo'l qo'ygan ana shunday shaxslar qo'lga tushib, pushaymon bo'layotganini ko'rib, bilib turib ayrim shaxslar xulosa chiqarmayotganligi yanada achinarlidir.

“Mingbuloq” gazetasi tahririyati Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi e'lon qilgan grantlar tanlovi g'olibi sifatida “Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid, umrga zavol” loyihasini amalga oshirish jarayonida ana shunday masalalarga alohida e'tibor qaratdik. Tuman hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Ahrorbek Mansurovning tuman Kengashi deputatlari, tashkilot, muassasalar hamda jamoat tashkilotlarining rahbarlari va butun tuman aholisiga “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!” shiori ostidagi murojaatnomasi gazeta va ko'rgazmali targ'ibot vositalari orqali keng ommalashtirilgani e'tiborga molik. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy agentligining Namangan viloyat hududiy bo'limi jamoatchilik kengashi a'zosi Nosirjon Dehqonov, O'zLiDeP tomonidan mojaritar saylov tizimi orqali 25-Namangan viloyati saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xudayberdiyev, 16-saylov okrugidan Namangan viloyat Kengashi deputati Ulug'bek Musayev, tuman Kengashi deputatlaridan Solijon Xodjamov, Ra'no Umarova, Farida Abdurahmonova, Bahrom Mamajonov, shuningdek, tumandagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamkorligida targ'ibotning barcha vositalaridan samarali foydalanildi. Tashkilot va muassasalarda “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!”, “Korrupsiya — kelajakka tahdid”, “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz muassasa”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz” deb nomlangan qator ommaviy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazildi.

Loyihani ko'zda tutilgan maqsadlarga erishgan holda muvaffaqiyatli yakunladik. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida barcha sohalar qatori korrupsiya masalasiga ham alohida urg'u berildi. Ta'kidlandiki, “Takror va takror aytaman. Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to'siq bo'ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid.

Korrupsiyaga yo'l qo'yish esa — islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo'yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e'lon qilamiz…”.

To'g'ri, loyihani amalga oshirib bo'ldik. Lekin “favqulodda holat”ni chuqur anglagan holda ijodiy xodimlarimiz va keng jamoatchilik bilan birgalikda “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qaraluvchi poraxo'rlikka qarshi kurashishni izchil davom ettirishga qat'iy azmu qaror qildik. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi. Ijodkorlar bundan buyon ham korrupsiyaga qarshi kurash targ'ibotida faol qatnashishga ahd qildilar. Tahririyat bunday ijodkorlar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda global ahamiyatga molik bu mavzuni izchil yoritishda davom etadi.

Yangi yildan gazetamizda “Jamiyat va korrupsiya” deb nomlangan maxsus sahifa tashkil etib, doimiy ravishda yoritib borishga qaror qildik. Shunga ko'ra, gazetamizning yangi yildagi 1-sonida tuman hokimi A.Mansurovning “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiramiz” sarlavhali maqolasi yoritiladi. Unda 2025 yili bu borada tumanda qilingan ishlar hamda mamlakatimiz rahbarining Murojaatnomasi asosida amalga oshiriladigan galdagi muhim vazifalar haqida mufassal bayon etiladi.

Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tasdiqlangan tuman hokimining “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!” shiori ostidagi murojaatida belgilangan vazifalarni izchil ro'yobga chiqarish orqali mamlakatimiz rahbarining da'vatiga amaliy javob qaytarishni fuqarolik burchimizdir.

Qosimjon AKBAROV,

Mingbuloq tumani

“Mingbuloq” gazetasi muharriri,

“Shuhrat” medali sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 10 =