To'y – qadriyat… Tanazzul emas!

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, xalqimizning mehr-muruvvati, o'zaro hurmatini saqlagan holda to'y va marosimlarni ixcham, samimiy va oqilona o'tkazish vaqti keldi. Bugun har birimiz shu masalada mas'ulmiz. Chunki ortiqcha xarajatlar, hadya-hashamat bilan faxrlanish emas, balki oddiylik, samimiyat va insoniylik bilan faxrlanish millatimizning asrlar osha bizga yetib kelgan oliy qadriyatidir.

Ushbu davra suhbati to'ylarimiz haqida.

Suhbatdoshlarimiz: filologiya fanlari doktori, professor Nurboy JABBOROV, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir KARIM, adabiyotshunos olim Zuhriddin ISOMIDDINOV,  professor Xurram RAHIMOV, filologiya fanlari doktori, professor Suvon MELI, Parkent tumanidagi 1-maktab direktori, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi a'lochisi Tohir ABDUG'AFFOROV.

Sharifa SALIMOVA:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 avgust kuni mamlakatning ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda to'y-ma'rakalardagi isrofgarchilik, dabdababozlik holatlarini tanqid qilib: ”Jadid bobolarimiz ham to'y-ma'rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma'naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o'tganlarini yaxshi bilamiz”, — degan edilar… O'tgan yillar mobaynida mamlakat miqyosida bu borada ko'p muhim qadamlar tashlandi. Bir darajada ijobiy o'zgarishlar ham ko'zga tashlanganday bo'ldi. Biroq… to'ylarimiz, turli marosimlar tartibga kelmadi.

 

Nurboy JABBOROV:

— To'g'ri aytasiz. Yurtimizda bugun har qachongidan ham ahamiyatli islohotlar jarayoni kechmoqda. Ushbu islohotlar jamiyat hayotining barcha — iqtisodiyot va siyosat, huquq-tartibot va ijtimoiy turmush, ta'lim-tarbiya va ma'naviyat-ma'rifat singari jabhalarini birday qamrab olayotgani, ayniqsa, muhimdir. Odamlar ongi va ruhini mayda tuyg'ular girdobiga tushishdan asrash, jamiyatni Vatan va millat ravnaqi g'oyasi atrofida birlashtirish — bu jarayonda asosiy e'tibor, nazarimizda, ana shunga qaratilmog'i zarur.

Bizni taraqqiyotdan to'sayotgan illatlar nimalardan iborat? Birinchi navbatda, dabdababozlik va soxta shuhratga intilish illatining tobora kengayib borayotganidir. Aslida, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz odamiylikni belgilovchi mezonlarni o'zgacharoq tasavvur etganlar.

Jumladan, hazrat Alisher Navoiy bobomiz “Lison ut-tayr” dostonida mana bunday yozgan edi:

Odam o'lg'on zebu zohirdin demas,

Kimki ondin faxr etar — odam emas.

Ya'ni, haqiqiy odamiylik martabasidagi inson zebu zohir — dunyo hashamati haqida so'zlamaydi, unga hirs qo'ymaydi. Kimki zebu zohir bilan faxr etsa, u odam emasdir.

Buyuk Navoiy fikricha, odamning hurmati, jamiyatdagi darajasi mol-dunyo yoki mansab-martaba, dabdaba yoki soxta obro' bilan o'lchanmaydi. Dunyo matohi odamzod hayotining farovonligiga xizmat qilishi zarur. U hech qachon maqtanish, faxrlanish manbai bo'lmasligi kerak. Agar bugun insoniyat ana shu kabi hayotbaxsh hikmatlarga amal qilganda edi, dunyoda urushlaru taloshlarga mutlaqo o'rin qolmas edi. Odamzod ruhiy xotirjamlik maqomiga erishar, haqiqiy baxt nimada ekanini teran anglagan bo'lar edi.

Tarixiy taraqqiyot har bir zamonda muayyan millat va uning oydinlari oldiga o'ziga xos o'tkir muammolarni ko'ndalang qo'yadi. Shu ma'noda, o'tgan asr va yangi yuz yillik o'rtasida muayyan mutanosiblikni kuzatish mumkin. Mutafakkir jadidlar tarixni o'rganish masalasiga qanchalik kuchli e'tibor qaratgan bo'lsa, millatning o'zlari yashagan davrdagi ahvolini isloh qilish, uni jaholat va g'aflat uyqusidan uyg'otish, taraqqiy etgan millatlar darajasiga yuksaltirish kabi dolzarb muammolarga ham befarq bo'lgan emas. Mahmudxo'ja Behbudiyning “Bizni kemirguvchi illatlar”, “Muhtaram yoshlarg'a murojaat”, “A'molimiz yoinki murodimiz”, “Ikki emas, to'rt til lozim”, “Til masalasi” kabi maqolalarida millatni taraqqiyotdan to'suvchi illatlar va ularning muolajasi borasidagi iztiroblari va anduhlarini ifoda etgan.

“Bizni kemirguvchi illatlar deganda zaxmu maraznimu gumon etursiz? — deb yozadi Behbudiy. — Yoinki sil, silar-ru'ya, maxavliknimu dersiz? Yo'q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, beg'oya, xonavayron va g'arib etguvchi bir dard, biz — turkistoniylarni… inqirozg'a va tahlikag'a va jahannamg'a yumalataturgon to'y, aza ismindagi ikki qattol dushmanni derman”.

Sharifa SALIMOVA:

— Bor-budini sarf etish, isrof etish go'yo to'ylarimizning qiyofasini belgilaydigan so'zga aylanib qoldi. Isrof so'zi asli arabcha so'z. Lug'aviy ma'nosi “har bir ishda haddan oshish” degan ma'noni anglatadi va dinimizda ham qattiq qoralanadi. Lekin bugungi to'ylarimizga qilinayotgan sarf-xarajatning tubida ISROF turibdi. Uvol bo'layotgan nozu ne'matlar, ularning huzurini ko'rayotgan axlat qutilari… havoga sovurilayotgan millionlar… va bir ahvolda to'ydan chiqqan odam…

 

Bahodir KARIM:

— Biz to'ylarni yaxshi ko'ramiz. To'ylarda qarindosh-urug', qo'ni-qo'shnilar bilan xursandchilik qilamiz. Yaqinlar yaxshi niyat bilan to'yonalar olib keladi. To'y qilgichga har kim qo'lidan kelgancha yordam beradi: kimdir moddiy, ikkinchi birov ma'naviy. Ammo real kundalik turmushimizda o'zbekona to'ylarni o'tkazish oson emas.

Bir kuni Chorcu bozoriga tushdim. Qarzini so'rayotgan odamga qarzdorning: “To'ydan chiqqan odamman”, degan andishali gapini, uzrnomasini eshitib qoldim.

To'ydan chiqqan odam kim?

To'ydan chiqqan odam qanday?

To'ydan chiqqan odamga nima bo'ladi?

To'g'risi, xayolimda to'ydan chiqqan odamning holini tasavvur qilish uchun shunga yaqin bir dunyo savollar aylandi. Qiz uzatib to'y bergan ota bir necha oy qarzga botib yuradigandek ko'rindi. To'ydan chiqqan odamning uyidagi sho'rlik qora qozon bir necha oy go'shtning ta'midan bebahra qoladigandek tuyuldi menga. Tuyadek qiz uzatib, tugmadek jaz totmaganini pisanda qilayotgandek bo'ldi ota-ona. To'y bergan xonadon hayotida ulkan xursandchilikdan keyin siqilish, asabbuzarlik va kasalmandlik kunlari boshlanadigandek ko'rindi.

Kim o'zarga qo'sha-qo'sha tovoqlar qilgandan ko'ra sihat-salomatlik xususida o'ylagan ma'qul emasmi? Qo'sha-qo'sha ko'rpa-yostiq, qozon-tovoq, kiyim-kechak va shunga o'xshash lash-lushlarni ko'z-ko'z qilish o'rniga farzandlarga salom berish odobini o'rgatish foydali bo'lmaydimi? Go'yoki bu dunyoda ikki yuz yil yashaydigandek kelin-kuyov uchun yuz turli sarpolar qilinadi. Kelin kampirga, kuyov cholga do'ngan pallada o'sha sarpolar zamonaviy urfdan chiqib qolgani bois pista po'chog'ining narxiga pullashga harakat qilib yuriladi.

Nikohdagi mahrning yengil bo'lishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo'llab-quvvatlaganlar. Bir temir uzuk yoki Qur'ondan bilgan suralari evaziga nikoh qilingan sahobalar bo'lgan tarixda. Xalifa Umar roziyallohu anhuga sahobalardan biri o'z qizlarini turmushga uzatish sharti bilan omonatga qoldirar ekan: “Agar yaxshi yigit bo'lsa, oyoq kiyimining bog'ichini mahr uchun bersa ham bo'ladi”, degan mazmunda vasiyat etgani tarix kitoblarida bitilgan.

To'g'risi, to'yda isrofgarchilikning bo'lmagani yaxshi. Uning pokiza, urush-janjalsiz o'tishi to'y egasiga bog'liq: “Qo'y semizi — qo'ychidan, to'y tamizi — to'ychidan”.

Zuhriddin ISOMIDDINOV:

— To'y o'tkazmagan odam yo'q. To'y o'tganidan so'ng o'zining katta-kichik xatolarini anglab, afsuslanmagan kishi ham yo'q. Axir har qanday ma'raka ko'pchilik bilan bo'ladi, tabiiyki, odam shoshadi. O'rinli-o'rinsiz sarflar endi ko'ziga ko'rinib qoladi. Dabdabali to'y oxiri ro'zg'orni dabdala qiladi.

Ammo, bizningcha, to'y, hattoki aza tadbirlarini o'tkazishda ham “isrof yaxshi emas”, “ortiqcha chiqim nodurust” kabi yumshoq nasihatlar isrofgar odamlarga ta'sir qilmaydi, chunki undaylar gazeta o'qimaydi. Shu bois yengiltabiat kishilar to'y-ma'rakada yangi-yangi bid'atlarni o'ylab topishadi.

Sarf-xarajatning, isrof-uvolning kattasi, ayniqsa, nikoh to'ylarida yuz beryapti. Yaltir-yultur taklifnoma tayyorlab chiqarish, kelin-kuyovga son-sanoqsiz sarpo olish, el ko'rsinga tillorang salla-chopon, to'ydan oldin kelin bilan kuyovning har xil joiz-nojoiz joylarda “sevishib” yurganining rasmlari va “video”lari va bu tasvirlarning to'yxona-restoranda paydar-pay ko'rsatilishi, to'yga biron oy qolganda kelin-kuyov allaqaysi “ustoz”ga pul to'lab, vals tushishni o'rganishlari, bir talay artistlarning “xizmat haqqi”-yu qistir-qistiriga ketadigan pullar, limuzin mashinalar…

“To'y — yoshlarniki”, degan g'alati bir gap chiqdi. Ayrimlar buni bir maqol, hikmatday bilib, bir-biriga uqtiradi. Aslida, unday emas. O'zbekda to'y — hammaniki. Taomilimizga ko'ra, to'yda bolalardan tortib keksalargacha qatnashadi. Ammo hozirda to'yxonada FHDYo xodimasi ikki yoshga baxt tilab tugatishi bilanoq ikki daqiqa karnay-surnay, ana undan keyin to to'y oxiriga qadar sochi hurpaygan yigitlar-u, quymuchigacha yalang'och qizlarning diskotekasi boshlanadi! Va… shu bilan oxiriga ham yetadi. Unaqa to'ylarda “san'atkor” ko'p, ammo san'at xor bo'ladi, “madaniy” boshlovchilar sayrab turadi, ammo madaniyat zavol topadi. Hozirda ayrim to'yxonalarda striptiz — qip-yalang'och modalarning sharmandali raqsi ham maddalayapti.

Bunday ayanch hollarning mohiyatiga nazar tashlasak, hayotimizga “ommaviy madaniyat” yopirilib, kundan-kunga o'zligimizdan ayirayotganini ko'ramiz. Ko'p mamlakatlarda u aksar milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yo'qqa chiqardi, odamlarni sharm-hayodan mosuvo qildi, bir qancha el-elatlarning ko'p asrlik ma'naviyatini mahv etdi…

Xo'sh, biz o'zbeklar nima qilamiz? Unga qarshi tura olamizmi yoki selda oqqan xasday chirpirak bo'lib, loqayd qolaveramizmi? Manfur “ommaviy madaniyat”ni rad etib, unga elimizning eng go'zal, ezgu udumlarini qarshi qo'yish uchun nima yetishmaydi? Qadimiy, asl xalqona an'analarimiz poymol qilinishiga yo'l qo'yib beraversak, kim bo'lamiz? G'afur G'ulom yozgan edi:

Qadim o'zbek xalqisan,

Asl Odam avlodi,

Misr ehromlaridan

Tarixing qariroqdir.

Biz qadimiy an'analarga, pokiza udumlarga ega elmiz. Non yerga tushib yotgan bo'lsa, olib, ko'zimizga surtganmiz. Shunday ekan, insof bilan to'y qilishni boshqalar bizdan o'rganishi kerak emasmi, aslida?

 

Sharifa SALIMOVA:

— Aslida, shunday bo'lgan. Juda to'g'ri aytdingiz, xalqimiz nonning ushog'ini ham xor qilmagan. Ajdodlarimiz tengini topsang tekin ber, deb imi-jimida kamtarona to'ylar o'tkazganlar va ajrim ham deyarli bo'lmagan. Bugungi suhbatimizni tashkil qilishdan ham ayni muddao to'ylarimizning bugungi haqiqiy holati haqida fikrlashish, baho berish, jamiyatimiz rivojiga to'siq bo'ladigan turli qusurlardan xalos etishda qamishdan belbog' bog'lab, fidoyilik bilan ishtirok etishda. Yaqinda Prezidentimizning ushbu masalaga oid yana qarorlari qabul qilindi. Milliy harakat, zarbdor to'qson kunlik boshlandi. Bugun esa go'yo Ovrupo bizdan o'zib ketgandek…

 

Xurram RAHIMOV:

— Xorijiy davlatlarda, xususan, Germaniya Federativ Respublikasida bo'lganimda, olmon xalqining oilaga munosabati masalasini ko'p kuzatdim. Yoshlar yashab ketishiga ko'zi yetgandan keyingina oila quradi. Nikoh ular uchun bir umrlik. To'ylar ham ixchamgina. Ellikta, oshib borsa, yuzta mehmon — o'zining yaqinlari qatnashadi. Taomlar ham isrofsiz, zaruri qo'yiladi. Shovqin-suronsiz o'yin-kulgi. Qutlovlar, sovg'alar. Hammasi juda oddiy va samimiy. Do'stlarimiz O'zbekistonga kelganda to'ylarimizni ko'rib, hayratga tushadi har safar. “Xalqingiz juda boy yashaydi”, — deb. Olmon xalqi juda tejamkor. Farzandlarini ham shu ruhda tarbiyalaydi. Mabodo oila ajrashadigan bo'lsa, ona-bolalar ko'chada qolmaydi. Yigirma ming yevrodan ortiq badal to'laydi ajrashayotgan erkak.

 

Nurboy JABBOROV:

— Bu ham tarix. Eshitib quvonasan inson. Demak, millat tafakkuridagi o'zgarish jamiyatni qusurlardan xoli qiladi. Vaholanki, ulug' bobolarimiz, Behbudiy hazratlari millat farzandlari aziz vaqtlarini Vatan va millat taraqqiysiga, ona yurt yuksalishiga sabab bo'luvchi zarur ishlarga emas, to'y, aza va boshqa shu kabi turli marosimlarga, soxta obro' orttirishga qaratilgan tadbirlarga sarflayotganidan afsuslanadi. “Ko'pkari va uloq chopmoqlik odati mal'unonasig'a har viloyatdan har sana yuzlar ila kishi oxiratg'a ko'char, naqadar kishi ma'yub va majruh bo'lar, — deya kuyinib yozadi u, — ko'p kishilar sayr va ko'pkari shumligi ila ishdan va ziroat vaqtidan qolar… O'n-yigirma chaqirimg'a to'y bo'ldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qo'yub, otlanib ko'pkariga ketar. Dehqon uchun oltindan aziz vaqt favt bo'ldi-ketdi. Ekin birgina kun keyin sepilgani uchun yog'inga qolib, ba'zi xirmonlar chirib ketar”.

Behbudiy ayrim millatlarning vaqtni tejash maqsadida o'likni hatto kechasi ko'mishi haqida yozib, har bir daqiqani ogohlikda o'tkazishga, Vatan va millat manfaati yo'lida sarflashga da'vat etadi.

Bu fikrlardan zinhor-bazinhor Behbudiy to'y va aza marosimlariga mutlaqo qarshi bo'lgan ekan, degan xulosaga kelmaslik kerak. U to'yga ham, azaga ham qarshi bo'lmagan. Ulug' ma'rifatparvar isrofgarchilikni, dabdababozlikni qoralagan. Bunga uning quyidagi fikrlari dalil bo'la oladi: “Bizg'a lozimki, to'y va ta'ziyalarni kichik qilib va holimizcha harakatda bo'lub, kelar zamonimizni o'ylayluk… To'y va ta'ziyag'a sarf qilinadurg'on oqchalarimizni biz — turoniylar, ilm va din yo'lig'a sarf etsak, ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o'zimiz-da, dinimiz-da obro'y va rivoj topar”. Ko'rinib turibdiki, allomaning ushbu fikrlari yagona maqsad — Vatan va millat manfaatiga qaratilgan.

Shu o'rinda katta xarajatlarga imkoniyati yetadigan mulkdorlar-ku mayli-ya, hatto iqtisodiy ahvoli nochor millatdoshlarimiz ham qarz olib bo'lsa-da, qo'shnisidan, mahalladoshidan “ortda qolmaslik”ka harakat qilayotgani afsuslanarlidir.

O'zim guvohi bo'lgan voqea: bir qancha yillar muqaddam mahallamizda yashaydigan kamxarj bir qo'shnimiz qiz uzatdi. To'yning barcha jihati go'yo “risoladagidek” o'tdi. Natija shunday bo'ldiki, to'ydan keyin besh xonali uy uch xonaliga almashtirildi. Ikkinchi qizini uzatgach esa shahar chekkasidagi ikki xonali g'aribgina uyga ko'chib o'tdi. Xuddi shu odam (boshqa ko'pchilik ham) farzandlarining ilm olishi, salohiyatli mutaxassis bo'lib yetishishi uchun to'yga harakat qilganichalik g'ayrat ko'rsatmaydi. Farzandlarini zamonaviy ilmlarga mohir etish yo'liga xarajat qilishni hatto xayoliga ham keltirmaydi. Bunga himmati va saboti yetishmaydi. Bu hol, Behbudiy to'g'ri ta'kidlaganidek, to'y vasvasasi “bizni kemirguvchi illat”ga aylanganidan dalolat beradi.

Biz o'z oldimizga ulug' maqsadlarni qo'ygan, shu yo'lda dadil odimlayotgan millatmiz. Binobarin, Vatan va millat taraqqiysiga to'g'onoq bo'ladigan har qanday illatdan forig' bo'lmog'imiz shart. Shundagina istiqbolimiz yorug', kelajagimiz nurli bo'lmog'i mumkin. Men vatandoshlarimizni ana shu yo'lda himmat va sabot ko'rsatishga chaqirib qolaman.

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV:

— Bir toifa odamlar Rossiya, Koreya va boshqa yurtlarda yillab ishlab, pul topib kelib, bir kunda borini sovuradi — to'y o'tkazadi. So'ng hafta o'tmay, yana o'sha yoqqa jo'nab ketadi: keyingi farzandi ham yetilib qolibdi…

Nega bizda to'ylar dabdabali o'tadi? Buning sababi nima? Yo o'zbekning mentaliteti shunaqami o'zi? Menimcha, buning bosh sababi — nomus. O'zbekda oriyat, hamiyat kuchli. Bolam o'ksimasin deymiz, mehmonlarga borini to'kib solgimiz keladi, bu yo'lda hamma qiyinchilikni o'z bo'ynimizga olib, turib beramiz. Ming-minglab odamlarning aziz umri shunday o'taveradi. Ammo ortiqcha dabdaba va tuturiqsiz hashamni tanqid qilish bilan ish bitmaydi. Bu borada har kim o'z taklifini ham o'rtaga tashlagani yaxshi.

Menimcha, to'y tantanali bo'lishi kerak, albatta. Chunki u umrda bir bora bo'ladi. Ammo ko'plar tantana bilan dabdabaning farqiga bormay qoldi. Shuning uchun “to'kib tashlab” to'y o'tkazishni tantanali to'y deb biladi. Holbuki, isrofgarchilik esa islomga yot, insofdan uzoq. Zamonga ham to'g'ri kelmaydi.

Alqissa, to'yni batartib, jo'yali o'tkazishni hamma xohlaydi. Ilgarigi serhasham mashinalarni turnaqator qilib, ko'zko'zlab “yurish” orqali ZAGSdan o'tishlar barham topib, nikoh guvohnomasini kelin-kuyovga to'yxonaning o'zida tantanali ravishda topshirilishi ko'pchilikka xush kelayotgani — bunga dalil. Xo'sh, shunday oqilona ishlarni yanada badastir qilish uchun nima qilish kerak?

Millatning yagona, yalakatmag'iz el ekanligi urf-odat, marosimlarning bir xilligida ham namoyon bo'ladi. Ammo o'zbekning to'yi har joyda har xil o'tadi. Har bir viloyatdagi, hatto yonma-yon ikki tumandagi to'y tartibi bir-biridan xiyla farq qiladi. Asakadan Jomboyga to'yga borgan mehmon ko'p tadbirlarni ajablanib kuzatadi, mezbonlar esa “uzr, mehmon, bizda taomil shunaqa”, deb izohlab o'tiradi.

Xuddi ana shunday urf-odat, rasm-rusumlarning turlicha ekani tufayli ham boshqa viloyat yo boshqa shahardan kelin olish bizda baayni o'zga millat kishilari bilan qudalashish kabi siyrakroq.

Ehtimol, kimgadir bunday “mahalliy kolorit”ning bori yaxshi bo'lib ko'rinar. Ammo to'y va, umuman, oilaviy marosimlarning har joyda har xil o'tkazilishi, bizningcha, mutlaqo nodurust. Bu odatlarning ko'pi odat bo'lgani uchungina yashab turibdi, aslida, ma'rifatli, madaniyatli elimizning ulardan voz kechish payti allaqachon yetib kelgan. Bir yurt fuqarosi, bir millatning mardumi ekanmiz, urf-odatlarimiz bir xil bo'lishi lozim. Chunki udumlar, jumladan, to'y marosimlarining har bir unsuri kelib chiqishiga bir paytlar muayyan bir mahalliy sharoit, ma'lum ehtiyoj sabab bo'lgan. Bu ehtiyoj va sabablar hozir yo'qolgan ekan, ular paydo qilgan har turli rusumlar endi odamlarni qiynaydigan bid'atga aylanadi.

Yaqin besh-o'n yil ichida “aqiqa” degan antiqa marosim ommalashdi. U ilgari o'zbeklarda yo'q edi, sunnat to'yi yo'qolib, o'rniga aqiqa chiqdi. Uning qonun-qoidalari ajabtovur ekan: chaqaloq tug'ilgach, yettinchi, o'n to'rtinchi, yo yigirma birinchi kunida uning tavalludini nishonlash lozim bo'lib, boshqa vaqt o'tkazilsa ham vazifa bajarilgan hisoblanar ekan. Yana bilmadik.

Bilganimiz shuki, hozir aqiqa o'tkazishning sarf-xarajati sunnat to'yinikidan kam bo'lmayapti. Ilgari sunnat to'yi xonadonning o'zida o'tardi, hozirgi aqiqalar hashamatli restoranlarda nishonlanyapti, san'atkorlar mashq berib turibdi, mullo akalar ham artistlar kabi maxsus supa ustiga o'tirib amri ma'ruf qilyapti, dasturxon bashang…

Bir toifa odamlar serxarajat, asosiy mazmuni aroqbazm bo'lgan johilona nikoh to'yi marosimidan voz kechganligi ramzi sifatida “islomiy” to'y o'tkazish yo'liga ham o'tib ko'rishdi. Ammo bu xildagi to'ylar shaklan to'yga qaraganda azaga ko'proq o'xsharkan, yangalar kelinni kuyovning uyiga go'yo “ko'mib”, uyiga qaytar ekan. “Islomiy” to'yda o'yin-kulgi va raqs, shodiyona harom emish. Shu sabablimikan, bu to'y ham ­ommalashmadi, u yog'ini so'rasangiz, unaqa to'y eng dindor mamlakatlarda ham rasm emas.

Bundan ellik yillar avval “komsomolcha to'y” degan bir tadbir o'ylab topilgan edi. Uning shakl-shamoyili to'liq yodimda yo'q (bola edik), biroq o'sha zamonlarda bu g'ayrimilliy, g'ayridiniy to'y xo'p targ'ib qilinar, rozi bo'lmagan ota-onalarga tegishli tashkilotlar chora ko'rar, matbuot va adabiyot esa ularni ayamay kalaka qilar edi. Hozir o'ylasam, to'yda “ikki yoshga baxt tilab” qadah so'zi aytish, kelin bilan kuyovning davraga chiqib o'tirishi, hatto raqsga tushishi kabi o'rischa urf bizga shu taxlit kiritilgan ekan. Bo'lmasa, qaysi o'zbek qizi o'zining to'yida mehmonlar oldida qo'shiq aytadi deysiz? Qaysi oqsoqol yoshidagi odam qadah cho'qishtirib, mast bo'lib olgach, o'rtaga tushib raqs boshlaydi? (“Qaerdasan, Zulfiya?” (“Yor-yor”) kinosini eslang). “Komsomolcha to'y” bizni o'rislashtirishga, tuzumni ulug'lashga xizmat qilgani uchun ham qo'llab-quvvatlangan.

Ammo o'sha “komsomolcha to'y”ning tartibi bir xil bo'lar edi.

Bizda jamoatchilik bilan ishlaydigan “Oila”, “Nuroniylar”, “Mahalla”, “Ma'naviyat targ'ibot markazi” singari tashkilotlar serob. To'y, boshqa oilaviy tadbirlarning tashvishi ularning hech biriga begona emas. Shunday ekan, bu tashkilotlar uyushib, ixcham, ortiqcha chiqimsiz, dabdabadan xoli, barcha viloyatlar aholisiga maqbul keladigan, elimizning go'zal, ezgu taomillari saralangan to'y va boshqa marosimlar “ssenariysi”ni ishlab chiqishi, jamoat muhokamasiga tashlab, yanada sayqal berishi, ma'qul topilgach, uni joriy etish ustida bosh qotirishlari kerak.

Busiz esa, yana boyagi… odamlarni ortiqcha hoy-hashamdan tiyilishga chorlab aytilgan, ammo deyarli hech kimga ta'sir qilmaydigan tanqidiy mulohazalar tevaragida o'ralashib yuraveramiz.

 

Suvon MELI:

— Hashamdor va marosimlarga ma'naviy-axloqiy va hatto ilohiy tomondan baho berish mumkinmi?

— Mumkin va hatto zarur ham.

Masalaning mohiyatiga qaytsak, hashamdor to'ylarni kimlar qiladi? Albatta, boy va mulkdor odamlar. Lekin ular ikki narsani aniq-tiniq tushunib olishlari darkor. Birinchidan, boylik osmondan yog'iladigan chalpak emas. Boylik — ulug' SINOV. Yaratganning sinovi. Sinov bo'lgach, ortida muqarrar xavf ham bor. Ya'ni, sinovga berilgan narsa bilan istagan ishingni qila olmaysan. Bu dunyoda bo'lmasa, muqarrar u dunyoda javobi bor.

Shuhratparastlik og'udir. Buyuk fransuz yozuvchisi Viktor Gyugo aytganidek, shuhratparastlik bizning dilimizda va o'zimizga qarshi harakat qiluvchi dahshatli kuchdir. Hashamatli to'y yoki marosim egasi u tan oladimi-yo'qmi, birinchi navbatda shuhratparastdir.

Hashamdor to'y va marosim tashabbuskorlari, aksariyat hollarda, ayollarimizdir. Shu o'rinda murojaat qilgan bo'lardim. Ey, o'zbek ayoli, o'zingni ko'z-ko'z qilishni baimkon chekla! Turmush o'rtog'ingni, o'g'lingni bu qaltis yo'lga boshlama. Chin baxt ko'ngil xotirjamligi va go'zal axloqda.

Odatda, hashamdor to'y mualliflari Robinzon Kruzo kabi kimsasiz orol emas, jamiyat, xalq orasida yashaydi. Ular o'z farzandlari uchun yaratib bergan bunday hashamatlar o'rtahol oilalar, o'sib kelayotgan, hali dunyoni tanimagan yosh yigit-qizlar qalbida o'ksik va nafrat uyg'otadi. Ota-onasiga boshqacha ko'z bilan qaraydi. Natijada “Nega biz unday emasmiz?” degan oilalarni muvozanatdan chiqarib yuboradigan, ularni bir-biriga dushman qilib qo'yish darajasiga olib keladigan savol dunyoga keladi.

Bizning jadid bobolarimiz hashamdor to'y va marosimlarni milliy taraqqiyotimizga zid hodisa sifatida baholaganlar. Yuqorida ta'kidlanganidek, Turkiston jadidlari peshvosi Mahmudxo'ja Behbudiyning saodatli shogirdi, adib va dramaturg Hoji Muin o'zi mas'ul muharrir bo'lgan “Mehnatkashlar tovushi” (1919 yil 22 mart) gazetasida “To'y va aza marosimi haqinda” maqolasida shunday yozadi: “Mana, biz Turkiston xalqi ham ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g'oyat ko'p zarar ko'rmakda bo'lgan bir millatmiz. Bizlarni o'zig'a asir etib olg'on urflardan ko'p zararli va yomonrog'i xatna, nikoh to'ylari bilan aza marosimidir”.

Maqolada ko'p tarqalib, milliy ofatga aylangan xatna to'yi, nikoh to'yi hamda o'luk va ta'ziya marosimi haqida har biriga alohida to'xtalib, ularni va ularga qilinadigan sarf-xarajatlarni keskin qisqartirish haqida o'rinli ko'rsatmalar beradi.

Hoji Muin maqola so'ngida hozirgi kunimizga, Prezidentimiz chiqargan qarorga hamohang tarzda quyidagilarni yozadi: “Endi uezd va shahar sho'rolari ila musulmon ishtirokiyun firqasindan o'tinamizkim, ushbu marosim va odatning islohi xususinda kengashlashib, yaxshi qarorlar chiqarsunlar va o'sha qarornomalaridan bir necha ming bosturib, xalq orasinda tarqatsunlar edi. Shunday qarornomaga amal qilmag'on to'y va aza egalari bilan guzar komitetlarini mas'uliyatg'a tortib, alarni qattiq jazolarg'a mahkum etsunlar edi” (Hoji Muin. Tanlangan asarlar. Toshkent: Ma'naviyat, 2010, 99-100-betlar).

Bundan o'tkazib aytish mushkul.

 

Bahodir KARIM:

—O'ylab ko'raylik — bizga ne bo'ldi? Gohida tirikchilikdan nolib yuramiz. Iqtisodiy tang holatda qolganimizdan gapiramiz. Ammo mol-hol sotiladimi yoki bola-chaqalar rizqidan qirqiladimi yoxud qarz olinadimi — baribir dang'illama to'y qilinmasa, ko'ngil joyiga tushmaydi. Bu holat yaxshimi-yomonmi?

Kelin tushadigan uydagi qaynonaning qosh-qovog'i bilan hisob-kitob qilinadi. O'rinli-o'rinsiz chiranishlar bo'ladi. Aslida, ko'rpaga qarab oyoq uzatilgani yaxshi. Nikoh to'yi bu — avlodini davom ettirish niyatlari bilan qo'shilayotgan yoshlarning elga go'zal va pokiza bir e'lonidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bir qo'y so'yib bo'lsa ham, to'y qilinglar”, deganlar. Shu o'gitlariga amal etilgani ma'qul.

 

Tohir ABDUG'AFFOROV:

—Har bir xalqning urf-odati, qadriyati — uning yuragidir. To'ylarimiz, marosimlarimiz, bayramlarimiz asrlar davomida xalqimizning mehr-oqibatini, saxovatini ifodalab kelgan. Ammo bugungi kunda ayrim marosimlarning ko'rinishi o'z mohiyatidan uzoqlashib, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Bu hammamizning qalbimizda og'riq qo'zg'atadi.

To'y — shodlikdir, ammo u hech kimning yuragiga og'ir yuk bo'lmasligi kerak. Marosim — ehtirom ifodasidir, ammo u ortiqcha chiqim, majburiylik yoki “odamlar nima deydi?” degan o'ylar bilan o'ralmasligi lozim. O'rtacha oila bitta osh berishning o'ziga 30 milliondan ortiq sarflaydi. Sunnat to'ylari, fotiha to'ylari-chi…

Men qirq besh yildan ziyod bitta maktabda direktorlik vazifasidaman. Turli to'ylarda qatnashdim. Sanog'i yo'q. Xalqimiz bolalarining baxtli bo'lishini xohlaydi. O'sha dabdabali to'ylarga sarflangan mablag'larning uchdan biri bolalarimizga sarflansa-chi? Ular ilmi komil, bir kasb egasi, olimu ulamo, fozilu fuzalo, shoiru shuaro va boshqa soha ulug'lari bo'lib yetishadi. Bir sm uchun sarson bo'lmaydi. Dunyo esa butunlay o'zgaradi. Vatan bog'i sarxil mevalarga bog'bon bo'ladi.

Keling, do'ppini boshdan olib, bir tanamizga o'ylab ko'raylik:

Nega bir to'y uchun bir necha yil qarz ostida yurish kerak?

Nega farzandimizning baxt kunini qarz va tashvish bilan boshlashimiz kerak?

Axir baxt — ko'r-ko'rona hashamatda emas, mehr va duoda, oddiylik va halollikda-ku!

Keling, marosimlarimizni ma'naviyat bilan, shukronalik bilan, ammo ortiqcha chiqimsiz o'tkazaylik. Chunki har bir ortiqcha dabdaba — kelajak avlodning imkonini kamaytiradi, har bir tejamkorlik esa — Vatan farovonligiga qo'shilgan hissa demakdir.

 Sharifa SALIMOVA:

—Biz to'ylarimiz haqida to'xtalishda yana davom etaveramiz. Davramiz ishtirokchilariga o'z minnatdorchiligimizni bildirgan holda ta'kidlamoqchimizki, bu birinchi suhbatimiz edi.

Suhbatni O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Sharifa SALIMOVA uyushtirdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 7 =