Nega biz uyalishimiz kerak?

Mir Alisher Navoiy hazratlari aytganlaridek, “Emas oson bu maydon ichra turmoq”. Ha, g'oliblikka umid bilan kattayu kichik maydonlarga chiqmoq oson emas, agar g'oliblikka talabgor bellashuvchilarning salohiyati o'zingnikidan kam emasligini his etib tursang, kamoli ehtirom bilan ularning imkoniyatlarini o'zingnikidan yuqori baholasang, mas'uliyatu majburiyat yuki yanada og'irlashib ketadi.

Ma'lumki, shu yil 15-22 iyul kunlari Germaniyaning Gyottingen shahrida 10-sinf o'quvchilarining nemis tili bo'yicha Xalqaro olimpiadasi bo'lib o'tdi. Unda Buyuk Britaniyadan qatnashgan o'quvchi 2-o'rinni, Italiya vakili 3-o'rinni egalladi. O'zbekistonning Andijon shahridagi 4-umumta'lim maktabi o'quvchisi Rayyona Ibrohimova 1-o'rin sohibi, olimpiadaning mutlaq g'olibi bo'ldi.

Dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlaridan kelgan nemis tili bilimdonlari bilan bellashish yuki yengil emasdi, ammo uni yengishga ruhiy quvvat berguvchi o'n yillik izchil mehnat — o'qish, o'rganishning mevasi mustahkam bilimlar bo'lganini hayot tasdiqladi.

To'rtta jonkuyar o'qituvchi gap­lashib qolsa, bugungi kunda hatto o'z ism-familiyasiniyam to'g'ri yozolmaydiganlar ko'payib borayotgani tilga olinmay qolmaydigan hozirgi davrda o'zbek qizi nemis tiliga o'zakdosh tilli xalqlar farzandlaridan ham bilimdonligini ko'rsatib, O'zbekiston bayrog'ini hilpiratib tursa, uni ingliz, olmon, italyan, ispan, fransuz, niderland, fin, shved… tengdoshlari quvonch bilan bag'irlariga bosib tabriklasalar, ehtirom ko'rsatsalar, ko'zingizga iftixor, shukrona yoshlari to'lmaydimi?

Germaniyaning ertaklar yurtidek ajoyib, universitetlarini bitirganlardan qariyb qirqtasi Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan Gyottingen shahriga oddiy o'quvchi nomi bilan ketgan va u yerdan Xalqaro bellashuvning mutlaq g'olibi bo'lib qaytgan Rayyonani Toshkent aeroportida ota-onalari, yaqinlari kutib olishibdi, o'sha lahzalarni telefonda tasvirga olganlarga rahmat. Aslida…

Keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning jismoniy, aqliy, ma'naviy kamolotiga e'tibor ortib, bu ulug' maqsad ro'yobi uchun amalga oshirilayotgan tadbirlar miqyosi kengayib, sarflanayotgan mab­lag'lar salmog'i oshib boryapti. Ayni fikr isbotini hamma joyda, hamma sohada ko'rish mumkin.

Ayniqsa, yoshlarimizning jahon, qit'alar miqyosidagi sport musobaqalarida shohsupalardan o'rin olishlari an'anaga aylanib qoldi. Bu, shubhasiz, sohaga va uning istiqboli bo'lgan yoshlarga e'tibor, yaratilayotgan sharoitu imkoniyatlar, rag'batlarning samarasi. Ota-ona, ustozlarning ko'p yillik to'g'ri, jiddiy tarbiyasi, o'gitlariga ixlos bilan amal qilib shug'ullangan, mashaqqatlardan qo'rqmagan yigit-qizlarning g'alabalari marjondek bir-biriga ulanmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Rayyona Ibrohimovaning dunyo mamlakatlaridan to'plangan tengdosh­lari — nemis tili bilimdonlari orasida butun jismi O'zbekiston bayrog'iga aylanib minbarga chiqquncha o'tgan o'n yiliga nazar tashlasak… “Jo'jani kuzda sana”, — deydi xalqimiz. Ta'lim-tarbiyaga oid an'anaviy uslublar, zamonaviy yangiliklarni zarra inkor etmagan holda, Rayyonaning ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlarini ko'rib, tinglaganimdan keyin, suvni ko'rib etik yechadiganlar qatorida dilimdan: “Mana shu qizning taqdiri ham ota-onalar uchun farzand ta'lim-tarbiyasi, maktab o'qituvchilarining mas'uliyatu majburiyati, jamiyat va o'z kasbiga sadoqati, bolaning imkoniyati, iqtidorini ochish, kamol toptirish bo'yicha tap-tayyor ibrat, ommalashtirishga munosib tajriba maktabi bo'la oladi”, — degan mulohaza o'tdi. Endi shu fikrimni izohlamoqchiman.

Avvalo, bugungi kunda minglab ota-ona, boboyu buvilarning havasi, hurmatini qozongan Rayyonaning otasi Nodirbek Jo'rayev, onasi Iroda Jo'rayevaning hayoti, bolalarining ta'lim-tarbiyasini ularning qiziqishu iqtidorlari, zamon talablari, kelajak oldidagi mas'uliyat bilan bog'lab olib borishlari yosh farzand o'stirayotgan oilalarga katta o'rnakka arziydi. Farzandlarining gaplaridan kelib chiqib mulohaza yuritsak, Nodirjon va Irodaxon qizaloq birinchi sinfga borgan kunlaridanoq, uning nimalarni o'qishiga, qanday o'qishi zarurligiga e'tibor qaratganlar. Dunyo hayoti va unga bolaning munosib tayyorgarlik bilan kirib borishi haqida hamjihat o'ylanganlar, g'amxo'rlik qilganlar, sharoit yaratganlar.

Yana eng muhimi, ular o'z xohishlariga mos tuzgan rejalarini qizlariga majburiyat qilib yuklamasdan, har doim Rayyonaning qiziqishlari, iqtidorini hisobga olganlar. O'g'il-qizlariga ezgu maqsadlar yo'lida halol mehnat nonini yedirganlar. Rayyonaning o'qish-o'rganishlari har doim ham kutilgan natija bermagan, shunday paytlarda qiz eng avvalo onasining maslahatlari, nasihatlari, qo'llab-quvvatlashiga suyanishi, amal qilishi, adashmasam, bugungi kunda juda ko'pchilik onayu qizlarga namunaga arziydi.

Rayyonaning maktabdagi nemis tili o'qituvchisi Muqaddas Kasimovaga ham alohida tashakkur. Keyingi yillarda odamlar o'rtasida ingliz tilining xalqaro nufuzi bilan bog'liq qarashlar, e'tiroflar samarasi sifatida ingliz tilini o'rganishga qiziquvchilar geomet­rik progressiya asosida ortmoqda. Shunday bir vaziyatda… Qarang, bitta maktabdagi o'nta birinchi sinflardan sakkiztasining o'quvchilari ingliz tili, ikkita sinf o'quvchilari nemis tili o'qisa-yu, bu o'quvchilardan bittasi nemis tili bo'yicha jahon olimpiadasi g'olibi bo'lsa! Miqyosni tor olib tasavvur etganda shunday. Zero, oddiy umumta'lim maktabining o'quvchisi Rayyona yer yuzidagi eng taraqqiy etgan, yuksalish yo'lida bo'lgan, rivojlanayotgan mamlakatlarning millionlab o'n olti yoshlilari orasidan saralab olingan nemis tili ixlosmandlari-bilimdonlarining tojdori bo'ldi. Bu, avvalo, ustozlarining bilimi, mahorati, sidqidildan qilgan mehnatlarining samarasi emasmi? Muqaddas Kasimova harakatlari va albatta, maktab ma'muriyatining qo'llab-quvvatlashlari bilan maktabning Gyote instituti bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan “Kelajak hamkorligidagi maktablar” qatoriga kirishi, shu nomga munosib ta'lim-tarbiya tashkil etilishi hamma maktablarga ibrat emasmi? Darvoqe, bu ko'pam yangilikka o'xshamaydi, chunki hozir oliy o'quv dargohlari otaliqqa olgan maktablar ham oz emas. Shu sababdan institut, universitetlar xodimlari, professor domlalari maktablarda uchrashuvlar, suhbatlar o'tkazib turishi odatga aylangan; iqtidorli bolalarni aniqlab, ularning imkoniyatlarini ro'yobga chiqarish, o'stirishda hamkorlik haqida shartnomalar ham imzolangan. Lekin bularning samarasidan ko'ra o'tkazilgan uchrashuvlar, bordi-keldilar haqidagi hisobotlarning salmog'i vazminroq. Yana bir karra aytgim keladi: Rayyona o'qiyotgan maktab, uning jonkuyar o'qituvchilari ish tajribasini ommalashtirish respublikamiz maktabgacha ta'lim-tarbiya va ta'lim sohasi rivojiga hissa qo'shishni istagan fidoyi, xalqparvar, vatanparvar mas'ullarning e'tiboridan chetda qolmasa kerak.

Rayyona qizimizning o'ziga kelsak. To'g'risi, men o'n olti yashar o'quvchining fikr-mulohazalarini tinglab bunchalar quvonmagandim (ba'zan oliy ta'lim dargohi talabasi bilan suhbatdan ham tuzuk-quruq taassurot olmaysan). Yetti yildan buyon Respublika Zulfiya nomidagi davlat mukofoti komissiyasining a'zosi sifatida bu mukofotga yuzlab nomzodlar bilan muloqotda bo'ldik. To'g'risi, o'n olti yoshli nomzodlar orasida nutqi bu qadar ravon, samimiy, ma'lumotlarga boy, dunyoqarashi keng, maqsadlari aniq va bu yo'lda izlanish-intilishlari xalqaro miqyosda e'tirof etilganlarni ko'rmadim. Rayyonaning aniq maqsadlar va ularga erishish uchun kattalardek zahmatlardan qo'rqmay yashashi, vaqtni qadrlashi, zamonga hamnafasligi, kitoblarga muhabbati, ota-ona mehnatini doimo his etib, shunga munosib inson bo'lib ulg'ayishga intilishi, ustoz­larini yaxshi ko'rishi va ulardan olish mumkin bo'lgan ilmu fazilatlarni zarra-zarralab qalbiga, ruhiyatiga singdirishi — Vatan va xalqni sevish, unga sadoqat bilan xizmat qilish tuyg'ularining ildizlari bo'lsa, ajabmas. Axir quruq yerda oddiy maysa ko'karmaydi-yu, quruq gaplardan olijanob fazilatlar tug'ilarmidi?

Ko'z oldimdan beixtiyor ayni kunlarda turli shiorlar bilan mahallalar, ta'lim dargohlari, tashkilotlarda o'tkazilishi an'ana tusiga kirgan tadbirlar, uchrashuvlar o'tdi. Unda ishtirok etadigan ayrim mashhurlar hududlardagi aholiga go'yo “o'z odamlaridek” bo'lib qolishgan. Ularning nafaqat qiyofalari, yurish-turishlari, balki aytadigan gaplariyam, xotiralariyam, o'qiydigan she'rlariyam, kuylaydigan qo'shiqlariyam ko'pchilikka yod bo'lib ketgan. Yil davomida tadbirlar tadbirlarga ulanib, o'sha “qadrdon” tashrif buyuruvchilarning ma'lum gaplarini tinglayversang, bosh­qacha bo'lishi mumkinmi?

Men muxbirlarning Rayyona bilan suhbatini tinglab mulohaza yuritarkan, uning ota-onasidan, o'qituvchilaridan, o'zidan qancha ijobiy fazilatlar, tajribalar o'rganish mumkinligini o'yladim. Haqiqatan ham, nima uchun ommaviy uchrashuvlarga Rayyona va u kabi o'qishda, oilada, jamoat orasida hurmatu e'tirofga sazovor bo'lgan farzandlarimizning ota-onalarini, ustozlarini taklif etib, ularning tajribalarini ommalashtirish mumkin emas? Tadbirlardan, uchrashuvlardan chin ma'naviy-ma'rifiy ozuqa olishni istaganlar uchun mavhum, umumiy gaplardan iborat balandparvoz nutqlardan ko'ra gapini hayotda isbotlab qo'yganlarning tajribalarini o'rganish qimmatliroq, qadrliroq, foydaliroq emasmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda minglab yurtdoshlarimiz Rayyona Ibrohimovaning ota-onasi, o'qituvchilariga rahmatlar aytishyapti; uning muvaffaqiyatidan xabardor bo'lgan daqiqalardan “shunday farzandlar ko'paysin, bizning bolalarimiz ham unga o'xshasin”, degan havasmandlar safi lahzalar sayin ortdi. Mamlakat hayoti oldiga qo'ygan maqsadi yo'lida mana shunday qat'iyat, iroda, qiyinchiliklardan qo'rqmay intiladigan yoshlar bilan barqaror taraqqiyot yo'lidan boradi, inshoolloh.

Va yana… Ayni xushxabar va uning atrofidagi voqealarni kuzatarkan, qalbimga “yopishib” olgan ikki ishtiboh sabab ushbu satrlarni qoralashga jazm etdim (zero, bugun yarq etib jurnalistlarning, odamlarning e'tiborida bo'lgan Rayyona haqida gapiradiganlar ham, yozadiganlar ham oz emas).

Keyingi yillarda xalqaro musobaqalar g'olibi bo'lib qaytgan sportchilar, ularning murabbiylari alohida tantana, ehtirom bilan kutib olinayotgani va ularga katta miqdorda pul mukofotlari berilayotganidan hammamiz quvonamiz. Necha yillik mashaqqatli mehnat, shug'ullanishning bunday rag'batlantirilishi sportchini har tomonlama qo'llab-quvvatlaydi; jamiyatda unga o'xshashga intiluvchilar sonini oshiradi; Vatanda irodali, mard, jasoratli insonlar qadr-qimmati yuksakligini ta'kidlab, yosh avlodga namuna sifatida yuksaltiradi. Germaniyadan jahon olimpiadasi chempioni bo'lib qaytgan Rayyona Ibrohimovani Toshkent aeroportida ota-onalari va bir necha tanishlari kutib olishdi. Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova u bilan ko'rishib qutladi, arzimas bo'lsa-da, vazirlikning sovg'asini topshirdi. Bu juda yaxshi. O'zining aytishicha, Andijonga borganidan keyin hovlilariga Andijon shahar hokimi, prokurori kelib tabriklab ketishgan…

O'n olti yashar… o'smirligu balog'at orasida bo'lgan qiz yetti yoshidan boshlab “nina bilan quduq qazish”idan kelgan muvaffaqiyatni tarozining bir pallasiga va ancha-muncha sovg'alar, guldastalar, chiroyli tabrik so'zlarini ikkinchi pallaga qo'yilsa, qaysi palla og'irligini yaxshi anglaydi, deb o'ylaymiz. Faqat… uning misolida yaxshi o'qish, aniq maqsadlar bilan izlanib o'qib o'rganish, har bir o'rgangani toshga yozilgan bitikdek xotirada qoladigan yillarning daqiqalarigacha qadrlab, ota-onayu aziz ustozlarning to'g'ri maslahatlarini yaxshi ko'rib, ixlos bilan darslaru saboqlarni o'zlashtirish, kitoblar olamining hikmatlaridan ibratlanib o'rganishning chiroyli, xayrli oqibatini namoyon qilish jamiyatning, yoshlar ta'lim-tarbiyasiga bevosita mas'ul bo'lgan vazirlik, tashkilotlarning birinchi navbatdagi vazifasi emasmi? Rayyona Ibrohimovani Germaniyaga kuzatishda ham, kutib olishda ham bu tashkilotlardan biror vakil ko'rinmagani… afsus!

Meni jiddiy o'ylantirgan yana bir mulohaza: Rayyonaning muxbir bilan suhbatdagi: “Men qaerdan kelganimni aytganimda, O'zbekis­ton nima, qaer, qanday milliyliklari bor, degan savollar bo'ldi. Biz Britaniyani tanigandek, ular O'zbekistonni tanimaydi. Ayni shuning uchun birinchi o'rinni olishim shart edi…” degan gapi yangilik emasdek. Chunki qaysi soha vakili bo'lmasin, radio-televidenieda chiqish qilganlarning aksariyati kelajakda “O'zbekistonni dunyoga mashhur etish” niyati borligi haqida aytmay qo'ymaydi. Hatto bog'cha bolalari ham o'zi tushunadimi, yo'qmi, “Men katta bo'lib falon kasbni egallab, O'zbekistonni dunyoga tanitaman”, — deyishi oddiy shior bo'lib qolgan.

Bunday fikrlash, menimcha, davlatchilik, ilmu urfon, madaniyatu ma'naviyat sohasida insoniyat tarixining eng ibratli, mazmunli, o'chmas sahifalarini bitgan ajdodlarimiz, xalqimiz haqida biroz o'zimiz noxolis, noto'g'ri gapirishimiz emasmi? Millatchi, bosqinchilik ruhida bo'lgan ayrim xorijiy faylasuflar, tarixchilar, arboblar mamlakatimiz tarixi, hududi, millatimiz haqida ming yillik haqiqatlarni inkor etib, o'zlarini xaloskor, bilimdon, ilmu madaniyat eltuvchi qilib ko'rsatish uchun jonhalak bo'layotgan hozirgi davrda “O'zbekistonni dunyoga tanitish uchun undoq qilaman, bundoq qilaman”, — degan fikrni singdirish bilan bolalarimiz, yoshlarimiz ongiga (tanganing ikkinchi tomoni) “hozir respublikamiz taniqli emas, dunyo uni bilmaydi”, degan “tomizg'i”ni tomizmayapmizmi? Qolaversa, istagan odam istagan davlat, istagan xalqu millatga taalluqli istagan ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali olishi mumkin bo'lgan, xalqu mamlakatlar hayotining turli sohalariga oid dalillar nufuzli tashkilotlar tomonidan o'rganilib, tahlil etilib dunyo ahli e'tiboriga havola etilayotgan hozirgi davrda… uzoqqa bormaylik, “Parij-2024” olimpiadasida yurtdoshlarimiz, boshqa davlatlar sportchilari g'alabaga erishgani ularning nomlari e'lon qilingan daqiqalarda dunyoga ma'lumu mashhur bo'lmoqda.

Ilm, hunar, yaxshilik, xayrli ishlar kimlarnidir hayron qoldirish, ko'z-ko'z qilish, ko'pchilikka namoyish etish uchun emas, avvalo, har kishining insondek yashashi, o'zini topishi, u qon va joni, qalbi bilan bog'lanib ketgan yaqinlari, jamiyati, ota yurtu elini obod, boy, rozi qilishga xizmat etgandagina haqiqiy saodat, ikki dunyo mukofotlarini olib keladi, inshoolloh. Xuddi mana shunday insonlar birinchi navbatda oilasida, o'z qavmu qarindoshlari orasida, shaharu qishlog'ida to'kinlik, obodlik, farovonlik, tinchlik-xotirjamlikka asos soladilar, yuksalishga intilish, yutuqlarni ko'paytirish yo'lida peshqadam, namuna bo'ladilar. Ular qancha ko'p bo'lsa, oilalar shuncha boy, manzillar obod, turmush farovon — Vatan sha'nu shavkati shunday xonadonlardan va ularning iftixorli, baxtiyor insonlari jamiyat bo'lib birlashuvidan boshlanmaydimi?

Rayyonaning “Ikkinchi o'rin hamma tanigan Buyuk Britaniya, uchinchi o'rin hamma bilgan Italiya, birinchi o'rin mana endi hamma bilgan O'zbekiston bo'ldi”, — degan gapini eshitganda… va shu qabildagi iboralar ekranlarda, ommaviy axborot nashrlari sahifalarida ketma-ket yangrab turganda, qalbimdan bir savol ketmay qoldi: “Insoniyat tarixining barcha yutuqlaridan foydalanib bugungi taraqqiyotiga erishgan qay davlatning qay bir fuqarosi ming yillar davomida matematika, fizika, falsafa, astronomiya, tibbiyot, davlatchilik, ma'naviyat, madaniyat sohalarida olamshumul kashfiyotlar qilgan, dunyoviy va ijtimoiy fanlar poydevorini qo'ygan ajdodlarimiz haqida bilmasa, nega biz uyalishimiz kerak? Nima uchun bunday kishilarga boshimizni baland ko'tarib, butun ovoz bilan: “Men matematika bo'yicha buyuk kashfiyotchi Xorazmiy, “Sharq Aristoteli” degan sharafli unvonga sazovor bo'lgan Forobiy, hadis ilmi bobokaloni Buxoriy, tabobat asoschilaridan ibn Sino, ulug' falakiyotshunos Mirzo Ulug'beklarning vatandoshi, avlodi bo'laman!” — qabilida javob bermog'imiz hamda farzandlarimiz ongiga ham shu fikrni singdirmog'imiz to'g'ri va afzal emasmi?!

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =