“Yashil makon”ni yaratish vijdoniy ishga aylansa…

Finger touch with environment Icons over the Network connection on nature background, Technology ecology concept.

“Yashil energiya”, “yashil iqtisodiyot”, “yashil vodorod”, “yashil makon”. Dunyo hamjamiyati barcha sohalarda yuqoridagi manbalarga ega bo'lish, ularni yaratish ustida bosh qotirmoqda. Negaki, bugungi ekologik buhron va global zamonda bu omillar har jihatdan davlatlar hamda jamiyatlarning xavfsizligi, barqarorligini ta'minlash, iqtisodiy taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Har sohaga ilmiy yondashuv shartligi ushbu holatlarda yaqqol namoyon bo'ladi. O'z navbatida bu jamiyat fuqarolarining ma'naviy saviyasini ham belgilab beradi. Shu boisdan ham Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekistonda ham “Yashil makon” lo­yihasi asosida juda katta ishlarni amalga oshirish bo'yicha vazifalar qo'yilayotgani bejiz emas. Xo'sh, yurtimizda yuqoridagi masalalarning eng oddiy, oson, sodda, qulay bo'lgan turi “Yashil makon”ni yaratish qay ahvolda? Yoshlar bog'i, Nuroniylar bog'i, Talabalar bog'i, Olimlar bog'i, Sportchilar bog'i…

Ma'lumotlarga ko'ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o'tgan yillar mobaynida necha yuz millionlab tup daraxt va buta ko'chatlari ekilgan. Demak, yuqoridagi kabi ko'plab bog'lar yaratilgan, yaratilmoqda. Gullab yashnashi vaqt, mablag' va mehnat talab qiladigan har bir bog' manzarali va mevali daraxtlardan kamida 5-10 ming tupini bir joyga jamlaydi.

Har yilning bahor va kuz oylarida joriy yilning 29 martida bo'lgani kabi Yurtboshimiz tashabbus ko'rsatib, “baraka topkurlar, ko'chatlar ekaylik, bog'lar yarataylik” degandan so'nggina harakatga tushamiz. Yana ham qizig'i, avvalgi yillarda yaratilgan bog'larga yana qaytadan mevali, manzarali ko'chatlar o'tqazamiz. Yana shov-shuv, biz buncha ming tup mevali va manzarali ko'chatlar ekdik; Yashil makon loyihasi avjida, platformaga kiritildi va hokazo.

Shu o'rinda bir mulohaza. Biz ekilgan daraxt ko'chatlari va butalarning hisobini yurityapmiz. Aslida, ko'karganini hisobga olsak maqsadga muvofiq bo'lardi. Bunda bahor mavsumida ekilgan ko'chatlarni kuzda, kuzda ekilganlarini esa bahorda ro'yxatga olsak, shunda aniq bo'ladi, ekilgan daraxt ko'chatlarining qanchasi ko'kardi, qanchasi yo'q.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 yil 2 noyabr kuni o'tkazilgan aholini uy-joy bilan ta'minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risidagi videoselektor yig'ilishida “Shuncha yillarda “qog'ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O'zbekistonda bo'sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo'lmagani uchun ekilganining ham ko'pi qurib ketdi.

Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko'tarayapmiz. “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko'rib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sug'orish tizimi bilan amalga oshirish kerak”, – deya ta'kidlab o'tgan edilar.

Lekin “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borayotgan ishlarimiz qoniqarli emas. Yurtboshimiz kuyunib aytgan vazifalar to'laqonli bajarilmayapti. Biz ko'pgina holatda bog'larning nomini yaratayapmiz, xolos. Uning parvarishiga esa hech kimning vaqti yo'q. Ayrim yaratilgan bog'larga har kuz va bahor mavsumida qayta-qayta yangi nihollar ekayapmiz. Yana har mavsumda bir xil gapni takrorlaymiz. Bu safar ilmiy yondashdik, o'zimizning tuprog'imiz ball boniteti holatidan kelib chiqib, iqlimimiz sharoitiga mos ko'chatlarni ekdik, deymiz. Vaholanki, o'zi shunday qilish shartligini muhtaram Yurtboshimiz avval boshdanoq aytgandilar. Biz esa har safar ekyapmiz, ekyapmiz, ekyapmiz. Biroq daraxtzorlarimiz, bog'larimiz ko'payish o'rniga tobora kamayib bormoqda. Nega?

Birinchidan, ekayotgan daraxtlarimiz qarov bo'lmagani va to'g'ri tanlanmagani tufayli to'lig'icha ko'karmayapti.

Ikkinchidan, inson omili tufayli sodir bo'layotgan “xunrezlik”lar natijasida “yashil olam”ga ziyon-zahmat yetmoqda. Bunga misol: 2023 yilda yurtimiz bo'ylab 50 mingga yaqin daraxtlarga qiron keltirilgan. Shundan 10 mingga yaqini noyob daraxtlar hisoblanadi. Bular hali aniqlanganlari.

Umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirayotgan ishlarimiz to'la ijobiy samara berishi uchun masalaga quyidagicha yondashish maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Aytaylik, birgina Sirdaryo viloyatida bugungi kunda 915 000 nafardan ortiq fuqarolar istiqomat qiladi. Ularning 455 000 nafardan ortig'i ayollar, 460 000 nafardan ortig'i erkaklardir. 70 000 nafardan ortiq nuroniylar, 400 000 nafardan ortiq yoshlar, 19 000 nafarga yaqin professional sportchilar, 55 000 nafardan ortiq havaskor sportchilar bor. Bundan tashqari, 314 ta umumta'lim maktablari, 1000 ga yaqin maktabgacha ta'lim tashkilotlari, yana bir necha 100 dan ortiq tashkilotlar va muassasalar faoliyat yuritadi.

Viloyatda yashovchi bir fuqaro ham yoshlar tarkibida, ham muayyan soha vakili, ham sportchi, ham erkak va yo ayollar tarkibida bo'lishi mumkin. Mana shu jihatlarni “Yashil makon” umummilliy loyihasini o'z vaqtida, sifatli amalga oshirishda qo'llashimiz lozim. Har bir fuqaro kamida 4 ta toifaga mansub bo'lar ekan, u kamida 4 dona ko'chat ekishi maqsadga muvofiq. Biroq biz boshqa sohalarda bo'lgani kabi har birimiz tashabbus ko'rsatib, 4 donadan emas, 8 donadan ko'chat eksak. Ya'ni, o'zimiz mansub har bir 4 ta toifa uchun 2 donadan. Sirdaryo viloyati aholisining 700 000 nafarini ko'chat ekishga layoqatli deb hisoblasak, uni 8 karraga ko'paytirsak, kamida 5 500 000 daraxt nihollari ekilar ekan. Buni endi har yili bahor va kuz mavsumlarida bo'ladigan ko'chat ekish mavsumiga ko'paytirsak, ekilgan har mavsumdagi ko'chatlar 50 foiz ko'kargan taqdirda ham biz quyuq va musaffo tabiat qo'ynida, daraxtzorlar bag'rida qolar edik. Shunda “Biz bir bo'lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz”  tamoyili “Yashil makon” loyihasi doirasida ham amal qilardi. Ortiqcha ovoragarchiliklarga hojat qolmas edi, nazarimda.

Bu ko'rsatkichlarni respublikamiz miqyosida yoki boshqa viloyatlar misolida qo'shib, ko'paytirib, hisobini keltirib, izohlash shart emas, nazarimizda. Har birimiz bugungi ekologik buhronni his qilgan holda yondashishimiz lozim. Shundagina havomiz musaffo, tabiatimiz yanada go'zal bo'ladi.

Joriy yilning 29 mart kuni bo'lib o'tgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish hamda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligiga joylarda 444 ta yashil bog' va 160 ta jamoat parklari tashkil qilish, “Mening bog'im” loyihasini ishga tushirish vazifasi yuklatildi. O'z navbatida Prezidentimiz: “Yashil makon” topshiriq emas, buyruq emas, u vijdonimiz, bo'lajak hayotimiz, kelajak farzandlarimiz oldidagi mas'uliyatimiz, vijdonimiz amri bo'lishi lozim. “Yashil makon”ga hissa qo'shmagan odamlar — ertangi kunga befarq odamlar deb qabul qilgan bo'lar edim”, deya ta'kidlab o'tdi.

Ushbu da'vatdan har bir vatandoshimiz o'ziga tegishli xulosa qilib, bugunimiz va kelajagimizga daxldor bo'lgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda vijdonan hissasini qo'shgan taqdirdagina ko'zlangan maqsadga erishamiz. Aks holda…

Bahrom BOYMURODOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − eight =