Qalbi boy, ilki badavlatlar ko'paysin
Oshkoralik, hayotning barcha sohalari shaffof bo'lib borayotganining yana bir dalili: bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali ancha-muncha kattayu kichik oldi-sotdilardan xabardor bo'lishimiz oddiy holatga aylandi. Tunov kuni uylarning narx-navosini bilmoqchi bo'lib, “OLX” degan onlayn bozorga kirdim. Ha-a, keyingi paytlarda uy-joylarning bahosi ancha ko'tarilgani haqida eshitganlarim isboti shu yerda ekan. “Bizlarga bop narxlardagi uylar ham kam emas. Lekin mana bu 300000, 400000, 500000 AQSh dollariga narxlanganlariga yo'l bo'lsin?..” degan xayol bilan kuzatarkanman… “Iya, hovli-joylarning 800000, 900000 AQSh dollariga sotiladiganlari ham bor ekan-ku!”
Sal o'tmay, bu hayratim yangi raqamlarning changida qolib ketdi: AQSh dollarida ko'rsatilgan 1 million, 3 million… hatto 10 million AQSh dollari va undan baland narx qo'yilgan saroysimon hovlilar bir emas, bir nechtalab chiqa boshladi. O'rtada shayton bor-da: “Mustaqillikkacha bo'lgan davrda ham, undan keyin ham bunday dang'illama koshonalar qurib olish uchun qancha maosh olib ishlash kerak bo'lardiykin? Yana bu sotilayotgan joylar egalari ko'chada yashamaydi-ku. U xonadoni ham el qatori bo'lmasa kerak?” degan fikrlarni dilimda aylantira boshladi. “Yo'q, birovning cho'ntagini kovlash yaxshi odat emas. Nima bo'lsa ham, Alloh halolidan bergan bo'lsin. Jamiyatda boylar qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi!” deb o'zimni tergadim.
Haqiqatan ham, jamiyatda boy-badavlatlar qancha ko'p bo'lsa, turmush — farovon, yurt — obod. Hamma o'ziga tinch yashasa-yu, ehtiyojmand bo'lmasa, qanday yaxshi! Shu yaxshilikning mohiyati haqida o'z aqlu idrokim yetganicha mulohaza yurita boshladim. Shunda lop etib Ramazon oyida qo'lidagi boyligi ma'lum nisobga yetgan odamlarning ehtiyojmandlarga zakot berishi farzligi yodimga keldi. Ibn Obiddinning fiqhga bag'ishlangan “Raddul muxtor” kitobida zakot to'lashda kishining o'sib turuvchi yoki foyda keltiruvchi moli 20 dinor oltin yoki 200 dirham kumush miqdoriga yetib, bir yil davomida shunday turgan bo'lishi; bu taxminan 85 gramm tilla yoki 595 gramm kumushga to'g'ri kelishi, ayni miqdorning qirqdan biri zakot sifatida berilishi kerakligi yozilgan. Shuningdek, tilla, kumush va chorva mollaridan boshqasida ham tijorat niyati bilan bo'lsa, zakot beriladi va sharti shuki, aqd qilayotganida tijoratni niyat qilish kerakligi belgilab qo'yilgan bo'lsin. Demak, uy-joy, hovlilarni ham tijorat qilish niyatida qurgan odamlar qurilishga ketgan xarajatlari nisobidan zakot berishlari farzdir. Beixtiyor o'yladim, uy-joy mulkini 4000000 (to'rt million!) AQSh dollariga narxlagan odam beradigan zakotini 10000 yoki 5000 dan taqsimlasa ham, bir nechta ehtiyojmand oila bahramand bo'lishi mumkin ekan (agar bu oilalar o'sha mablag'ni faqat yeb-ichishga sarflamay, qalovini topib tadbirkorlikmi, hunarmandchiliknimi yo'lga qo'ysalar, kambag'alchilikdan chiqib ketishlari ham mumkin). Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek:
Kimki bir ko'ngli
buzug'ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim,
Ka'ba vayron bo'lsa obod aylagay.
Ulug' faylasuf, shoir, davlat arbobi bu da'vatlariga, avvalo, o'zlari ibratu o'rnak bilan “Labbay” deganlar. Tarix kitoblari dalolat qilishicha, o'sha davrning eng boy odamlaridan bo'lgan Alisher Navoiyning juda ko'p bog'-rog'lari, uzumzor yerlari, bozorlar rastalarida qator do'konlari bo'lgan. Bulardan keladigan daromaddan yuzlab odamlarga osh-non, kiyimlar, ehsonlar qilishlari kundalik an'anaga aylangan; madrasa talabalari xotirjam ilm olishlari, mudarrislari hayot tashvishlariga chalg'imay astoydil ilm berishlari uchun ularni iqtisodiy jihatdan ta'minlaganlar. Madrasalar, yuzlab ko'priklar, rabotlar, yuzlab xayriya-ehson uylari qurdirdilar… Ehhe, Navoiy saxovati bayoni sahifalarga sig'maydi. Chunki Alisherbek Sabzavor shahriga hokim bo'lgan otasi G'iyosiddin kichkinadan qolgan merosni, o'zi topgan mablag'ni, hukmdor Husayn Boyqaro in'om etgan yer-suvni tadbirkorlik bilan bog'u rog'lar yaratishga, undan keladigan daromadni madaniy-maishiy inshootlar qurishga, qishloqlarni bog'larga aylantirishga, xayriya ishlariga, ilmu ma'rifat rivojiga sarf etgani uchun davlatiga davlat qo'shildi, mulkidan baraka arimadi. U zoti bobarakot bir necha marta tayyorgarlik ko'rgan bo'lsalar-da, davlat va xalq ishlaridan ortib Haj ibodatiga borolmadilar, Ka'bai mukarramani ko'rishga zor bo'lib o'tdilar. Ammo yuzlab buzug' ko'ngillarni shod etish barobarida yuzlab Ka'bani obod etmoqning savobiga musharraf bo'lgan esalar, inshoolloh!
Jamiyatda boylar qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi ekanining xayrli oqibat-fazilatlaridan biri shu bo'lsa kerak-da!
O'zimdan o'zim qalbimni rag'batlantiruvchi xayollar bilan “hisob-kitob”ga berilganim sayin (yoshligimda “faqat matematik bo'laman”, derdim), negadir dilimning bir burchagida “Pul, davlat jigardan bo'lgan” degan xalqona gap o'taverdi. “Har kim o'z ixtiyoridagi shaxsiy mulkini o'zi tasarruf qiladi. Nima haqing bor aralashishga?” degan andisha chimirilib ta'qib qilib turibdi. Lekin yana bir boqiy hikmat mening tarafimda — bu yorug' olamda insonning molu davlati borligiyam, yo'qligiyam sinovdir. Albatta, har ikki toifa vakillari ham yorug' yuz bilan yashashni, hurmat-e'tibor qozonishni, oxir-oqibat yaxshi nom qoldirib, savoblari mo'l bo'lishini xohlaydilar. Bu maqsad yo'lida qo'llari yupun odamlar boriga shukur etib, ozni ko'p o'rnida ko'radilar, umrning har lahzasidan tortib rizqning mayda ushog'igacha qadrlashga harakat qiladilar. Boy-badavlatlar aksariyati esa… to'kin-sochin yashashdan yuz o'girmaydilar, iloji boricha o'nni o'n bir, yigirma, yuz qilish payida bo'ladilar; atrofdagi o'rtaholu kambag'allarning ko'pchiligi ularning hayotiga havas qiladi-yu, lekin ular yon-atrofidagi maoshni maoshga ulab kun ko'radiganlarning ahvolini his etadilarmi?.. Har doim ham ularga yordam berishga qalblarida rag'bat topiladimi?.. Xullas, bu toifa odamlarning kundalik turmushidagi to'kin-sochinlik, may-chaylar zimmasidagi sinov mas'uliyatiga parda tortib qo'ymadimikin?.. Bu yerda masala boy odamning boyligini asrash, ko'paytirish, har xil qarz so'rovchilaru tamagirlar bilan muomala-munosabat, o'z jigarlarining talab-iltimoslari kabi tashvishu bosh og'riqlar haqida emas. Gap shundaki… fikrimni izohdan, hayotiy misollardan davom ettirmoqchiman:
VIII asrda yashagan tobein, faqih olim, hadisshunos Abdulloh ibn Muborakning nasabi oddiy, otasi Muborak halolligi, saxovatpeshaligi bilan hurmat qozongan bog' qorovuli bo'lgan. Har doim maoshining uchdan birini ehson qilgan. Bu fazilat ilmda yuksak darajalarga erishgan, shu bilan birga tijorat tufayli behisob boyliklar orttirgan farzandi Abdullohga eng katta ibrat bo'lgan. Tarixchilarning yozishicha, bir yili Abdulloh ibn Muborak boshchiligida Haj safariga ketayotgan odamlar Kufa shahriga kirib kelishganda, u yerda ochlik hukmron edi. Ibn Muborak bir qizcha axlat titib, undan qarg'aning o'ligini olib ketganini ko'rib qoladi. Surishtiruvdan ma'lum bo'ladiki, qizchaning oilasida hech vaqo yo'q, o'limtikni yemoq uchun olib ketgan ekan. Shunda Abdulloh ibn Muborak o'zi bosh bo'lgan hamrohlariga: “Bu yil Hajga ajratgan mablag', yemishlarimizni Kufa ahliga berib, o'zimiz orqaga qaytamiz”, — degan va shunday qilishgan ekan. Abdulloh ibn Muborak ilm ahli, toliblarni moddiy qo'llab-quvvatlar, masalan, birgina mashhur faqih olim Sufyon Savriy boshqa tashvishlarga chalg'imay, ilmu urfon bilan mashg'ul bo'lishi uchun har yili 10 000 dirhamdan berib turar ekan. Ibn Muborakning o'zi hatto jazirama issiq kunlarda ham ro'zador bo'lar, muhtoj odamlarni eng yaxshi taomi bilan boqar ekan. Hech qachon bir o'zi ovqatlanmay, taomini, albatta, biror mehmon bilan baham ko'rgan. Yana u: “Och kishiga berilgan bir burda luqma (non, taom), mening nazarimda, masjid qurganimdan ham afzaldir, garchand u masjidni bir o'zim quradigan bo'lsam ham”, — der edi.
Yodingizda bo'lsa, Hotami Toyi: “Garchi men unga qirq mingta qo'y sovg'a qilgan bo'lsam-da, meni mehmon sifatida siylash uchun qaramog'idagi besh-oltita qo'yining hammasini so'ygan odam mendan saxovatliroqdir. Chunki u bisotidagi barcha boyligini, men esa boyligimdan bir tomchisini berdim, xolos”, — degan ekan. Bu gap ehtiyojmand insonlarga ko'mak berishga ozmi-ko'pmi qurbi-imkoni bo'lgan barchamizga taalluqli. Lekin… hatto uch-to'rttalab shaxsiy mashinalari bor yurtdoshlarimizdan ayrimlari qo'li yupqa qo'shni, qarindoshi bir amallab ko'targan imoratining tomini yopib olishi uchun ozgina moddiy ko'mak berish nari tursin, uning hashariga borishniyam o'zlariga munosib ko'rmaydilar. Hamisha ibodatda, elga xizmatda bo'lgan ulamolar, kamtaru kamsuqum kishilar umrlarining oxirigacha “Mendan Alloh rozi bo'larmikin? Odamlarning menda haqi qolmadimi?” degan tashvishda tinmay xayrli amallar qilib o'tdilar. Bugun Haj ibodatiga borib kelgan ba'zi yurtdoshlarimizning xonadonlarida bir katta to'ydek ziyofatu dabdabalar bilan kutib olinishlari va “hoji”larning bunga rag'batlari; yurish-turishlarida e'tibortalablik, to'rtta odam yig'ilsa, albatta, to'rida o'tirishga intilib turishlari, o'zlarini boshqalardan o'zgacharoq tutishlari… Allohning dargohida ibodati qabul bo'lishini so'rash o'rniga ismlariga “hoji ota”, “hoji aka” qo'shib aytilmasa, ochiq-oshkor jahl qilib yuradiganlar ham bor. Hurmatli Prezidentimiz o'tgan yilning 22 dekabr kuni bo'lgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishidagi ma'ruzasida Haj, Umra safariga borib kelganlar ham mamlakatimizda ma'naviyat, ma'rifat tarqatuvchi targ'ibotchilar safida bo'lishi kerakligini ta'kidladilar. Xalqimiz Ka'batullohda bo'lib, ibodatlar qilib kelgan odamlarni shundoq ham boshqacha siylaydi, hurmatlaydi, havas qiladi — shunga munosib bo'lmagan kishilar esa, afsuski, ma'naviyatni yuksaltirishga emas, yuksak e'tiqodlar darz ketishiga sababchi bo'ladilar.
Ba'zilar uchun Hotami Toyi kabi tarixiy shaxslar afsona-ertak qahramonidek tuyulishi mumkin. Bunday saxovatpeshalar hamma zamonlarda bo'lgan, bo'ladi. Keling, bugungi kunimizga qaytaylik. Amerikalik Ilon Mask hozirgi davrda dunyoning eng boy odamlaridan biri sanaladi. O'nlab kompaniyalari, ilmiy markazlari bor; uning tasarrufidagi yeldek uchadigan eng zamonaviy avtoulovlar nafaqat yerda, balki xohish va imkoni borlarni oygacha sayohat qildirib kelishi mumkin. Ibratli jihati: bu boyliklarga Ilon Mask “egalik qiladi” degandan ko'ra “uning tasarrufida” deyish to'g'ri bo'lar. Chunki u orttirilgan mulkini shaxsiy orzu havaslari, qimmatbaho taomlaru kiyimlar, sayru sayohatlar, ayshu farog'atga emas, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotiga, yangi kashfiyotlarning amaliyotiga (hatto uning shaxsiy uyi ham yo'q, deyishadi. Mehmonxonalarda, o'rni kelsa, ilmiy laboratoriyalarida ham yotib qolaverar ekan) sarflaydi, o'rni kelganda, yordamga muhtoj odamlarni, sohalarni qo'llab-quvvatlaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda avstraliyalik Ali Banat ismli bir yigit haqida juda ko'p postlar qo'yilgan. Ularda hikoya qilinishicha, asli kelib chiqishi falastinlik bo'lgan bu multimilliarder yigit 29 yoshga chiqqanda, yo'l-yo'lakay boshida qattiq og'riq sezadi. O'tkinchi dard deb o'ylab shifokorga… undan yana ham tajribaliroq, mashhurroq shifokorlarga boradi. Birinchi oddiy do'xtir qo'ygan tashxisni sohaning nomdor mutaxassislari ham tasdiqlashadi, ya'ni dardi bedavo — saratonga uchragan, kasallik butun vujudiga ildiz otib, davolab bo'lmaydigan darajaga yetgan ekan… Uning boyliklari, umumlashtirib aytganda, hozirgi yoshlar havas qiladigan barcha narsalarning eng saralari, qimmatbaholaridan bo'lgan. Ali Banatni boyliklar bilan sinab ko'rish barobarida uning qalbini bandalik mas'uliyati, odamlarga nisbatan beqiyos mehr-shafqatu ulug' farosat bilan ziynatlab (bandalarini ayni ne'matlardan bebahra etmasin!), chin badavlatlik martabasiga ko'targan Parvardigori olamga hamdlar bo'lsin! Shifokorlarning “uzog'i bilan yetti oylarcha umring qoldi”, degan gaplarini eshitgan lahzalardan Ali Banat endi xatu hujjatlardagi ko'chmas mulklari, mablag'larining bori nima-yu, yo'g'i nima ekanini tan oladi. Agar nasib etsa, bu yorug' olamda sanoqli oylargina uning haqiqiy bebaho boyligi, insoniylikning ulug' martabasiga yetishi, Alloh va bandalarining roziligini olish uchun shu muddat g'animat imkoniyati bo'lib qolganini anglaydi. O'z so'zi bilan aytganda, behisob boyliklar ichida “Dunyoga nima uchun kelganini unutib qo'ygan” Ali og'ir kasallikni chin odamiylikka qaytish, uni ado etish uchun o'ziga nasib etgan sovg'a-mukofot deb biladi. O'sha kundan boshlab ixtiyorida bo'lgan hamma mol-mulkini xayrli, ezgu ishlarga sarflashga ahd qiladi: Afrikaning eng qashshoq mamlakatlaridagi och-yupun bolalarni to'ydirishga, kiyintirishga, o'qib bilim olishlari uchun sharoit yaratib berishga, kasalliklarini davolatishga yordam beradi. Suvsiz joylarda yuzlab quduqlar qazdiradi, 600 nafar ota-onasiz qolgan yetimlar yashab, o'qib, hunar o'rganishiga sharoitlari bo'lgan maxsus uy qurdiradi. 200 nafar boshpanasiz qolgan ayollar-onalarni uy bilan ta'minlaydi. Ali Banat keng miqyosdagi bu ishlarga nafaqat molu mulkini, kundan kunga zaiflashib borayotgan tanu jonini ham bag'ishlaydi. Agar siz ham kuzatgan bo'lsangiz, u xalqi qashshoq hududlardagi bolalar uchun oshpazlarga qo'shilib taomlar pishiradi, tayyor taomni suzib beradi, kiyimlar, o'quv qurollari ulasharkan, bu saxovatdan ko'zlari chaqnagan bolajonlardan ham o'zini baxtliroq his etgani yuzlarida aks etib turadi. Uni endi biznes olamidagi ma'lum davradagilar emas, ming-minglab bolajonlar, ularning ota-onalari, o'qituvchilari, ezguliktalab millionlab odamlar yaxshi ko'radilar, sog'ayib ketishini tilab duo qiladilar. Ali Banat bu dard bilan shifokorlar aytganidek yetti oy emas, uch yil yashadi. Hayotining so'nggi kunlarigacha Hotami Toyining biz ko'rib-bilib turgan safdoshi bo'ldi. Shamdek o'chayotgan umrining oxirgi kunlarida ozib, rangi ro'yi oqarib ketgan esa-da, Ali Banatning yuz-ko'zlarida nur balqib turardi.
Qimmatbaho mashinalarda har biri falon ming dollarlarga xarid qilingan kiyimlar kiyib, afsonaviy qasrlarga monand uy-joylarda ziyofatlarga botib yashashdan ko'ra “bir buzug' ko'ngilning xotirin shod etmoq” nechog'li rohatbaxsh, qalbga taskin, ko'zu ko'ngilga quvonchligini qay darajada his etamiz?! Nodirabegim:
Maqsad na edi jahona kelding,
Kayfiyatingni bayon etib ket, —
deganlaridek, chin insoniylik sharafiga munosib bo'lmoq yo'liga yuz tutib qadam bosmoq uchun, albatta, boshing toshga, devorga urilishi yoki sharting ketib parting qolishi shartmi?! Molu davlating, kuchu quvvating barqu jo'sh urib turgan kunlar, oylar, yillar ayni ezgulik, saxovat, mardonalik, savob va roziliklar olish fasli emasmi?!
Qalb ko'zlarini katta ochib tasavvur qilib ko'raylik: omad deymizmi, uddaburonlikmi, bilimdonlik, tadbirkorlik, chaqqonlikmi, zamon zaylini boshqalardan ko'ra tezroq anglab olish xislatimi… ishqilib, bir sabab bilan xonadonimizga boylik oqib keldi. Uni yeb, ichib, ustma-ust qimmatbaho kiyimlar, antiqa mashinalaru dabdabali hovlilar sotib olib, to'y-to'ylab, sayru sayohatlab va yana qandaydir ko'ngil ko'chasi mayllariga sovurib topilgan “rohat-farog'at”ning qadr-qimmati bir kun kelib qishu yozlarini dalada og'ir mehnat bilan elga rizq-ro'z yetishtirishga, kiyintirishga sarflayotgan (ularning mehnati ham boshqalarnikidan kam, yengil, oson emas!) qora qozonli yurtdoshimizning bolasi oliy ta'lim olishi uchun bergan ko'magimizning mohiyatu oqibati qadar yuzimizni yorug', dilimizni ravshan, umrimizni mazmunli qilarmikin?
Yomon xayollarga borging kelmaydi. Lekin ko'rib-bilib turganlaringdan ham ko'z yumolmaysan: katta mol-davlatni qo'lga kiritish uchun tug'ishgan jigarlar bir-biri bilan yoqalashgan, sudlashgan; kimlar o'zi huquq posboni bo'la turib otning kallasiday poralar olgan; odamlar tinch-xotirjam yashashi kerak bo'lgan uylarni qurayotganda kimlardir toshu temirdan o'margani uchun bino yil o'tmay qiyshayib-qulagan; bolalar, ayollar bevaqt hayotdan ko'z yumishiga sabab bo'lgan dorilarni noqonuniy yo'llar bilan olib kirib, pullab kimlardir boyigan; aldov, bosqinchilik, zo'ravonlik ko'chasiga kirganlarning dardi ham — pul, mulk. Bunday yo'llar bilan topilgan boylik eldan yashirilishi, yaxshilikka xizmat qilmasligi oddiy haqiqat.
Aziz yurtdosh, yuqoridagi gaplar yangilik emas. Juda jonkuyar ko'rinish yoki ko'pchilikka ma'lum bo'lgan bu dardlarni aytib qalbingizni tirnash niyatim ham yo'q. Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida xalqni kambag'alchilikdan chiqarish, ijtimoiy-siyosiy sohada esa ma'naviy-ma'rifiy yetuk insonlarni tarbiyalab jamiyatning ma'naviyatini yuksaltirish bosh vazifa qilib qo'yildi. Bu ikki muhim ishning bajaruvchilari ijobiy natijalar sari har qancha urinmasin, toki ikki toifa, aniqrog'i, boy-badavlatlar iqtisodiy jihatdan imkoniyati cheklanganlarga yuzlanmas ekan, ularni xuddi o'zlari kabi hayotdan ko'ngli to'lib bag'ri butun yashashga haqli vatandosh-millatdosh sifatida hurmatlab munosabatda bo'lmas ekan, moddiy tomondan qo'llab-quvvatlamas ekan, yuqorida qo'yilgan maqsadga yetish mushkulgina emas, hatto mumkin emas. Tasavvur qiling: ona O'zbekistonning barcha boyliklari misoli ulkan dasturxonga qo'yilgan ne'matlar, bu dasturxon atrofida barchamiz bormiz. Faqat… egallagan mavqei, imkoniyatlari, tabiatidagi uddaburonligi yoki tortinchoqligiga qarab kimdir bu ne'matlarga yaqinroq o'tirgani uchun tezroq (boshqasi sekinroq) qo'l uzatadi, kimdir tajribaliligi, yo'lini bilgani uchun ko'proq (boshqasi oz yoki ozroq) ulush oladi. Respublikamizda sanoat, qishloq xo'jaligi, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish yil sayin o'sib boryapti va bu taraqqiyot samaralaridan ham imkoniyati va “qo'li uzun”lar birinchi navbatda bahramand bo'ladilar. Uy-joyi, mashinalari, kiyim-kechagi, yeb-ichishi, yurib-turishi, dam olishi, to'yu ma'rakasi yurt omborlarini nozu ne'matlarga to'ldirib, elni kiyintirib, shaharu qishloqlarni obod etayotgan xalq hayotidan yeru osmon kabi farq qiladiganlar oz emas. To'kinliklarga, chiroyli hayotga o'zlarini boshqalardan ko'ra ko'proq munosib deb biladiganlarni, o'zlarining farzandlarini eng katta martabalarga loyiq hisoblab, cho'ponning bolasi cho'pon bo'lishi oddiy hol deb xulosa chiqaradiganlarni, boy bo'lgani uchun to'y-ma'rakalarda doim o'z “teng”ilar bilan o'tiradiganlarni, yiqqan-terganini asosan o'zi va oilasining orzu-havaslariga to'kib-sochib, mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga o'zi qancha hissa qo'shyapti-yu, ishchi, dehqon, o'qituvchi, shifokor, xizmatchilar qancha hissa qo'shayotgani haqida mushohada qilishgayam noqobillarni ma'naviyatli odamlar deb bo'ladimi? Adolat tarozisining bir pallasiga insonlarning ma'naviyati, ikkinchi pallasiga kishi oyog'ini yerdan uzishga-da qodir darajadagi boylik qo'yilsa, qaysi tomon yer-u qaysi tomon osmon bo'larkin? Qaysi pallaning jonajon Vatanimiz istiqboliga hissasi ko'p — qalbi uyg'oq odamlar uchun bu savol javobi sodda, yorqin, juda ahamiyatli.
…Ko'z o'ngimda hamon “OLX” onlayn bozorida sotuvga qo'yilgan, narxi oddiy mehnat kishisining tasavvuriga ham sig'maydigan o'nlab, yuzlab uy-joylar qatorlashib turibdi. Bu faqat uy-joy bozorida ko'rganlarim. Ayni kunlarda, muborak Ramazon arafasida bu ma'lumotlardan xabardor bo'lganim ham xayrli bo'lsa, ajabmas.
Rivoyat qilinishicha, hazrat Jabroyil alayhissalomning “Imon, islom nima?” degan savollariga Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam imon Allohning yolg'izligini tan olish, namoz o'qish, zakot berish, ro'za tutish, Haj ibodatini bajarish, deb javob qaytargan ekanlar. Ulamolar ta'lim beradilarki, barcha amallar kabi, zakot berish garchi boshqalarga ehson, yaxshilik qilishday tuyulsa-da, bu amalning eng katta savobi, ajru mukofoti zakot bergan kishining o'ziga buyuradi — bu Allohning va'dasidir. Imonning bir rukni bo'lgan zakot berish orqali poklanish, molu davlatimiz yana ziyoda va fayz-barakali bo'lishi imkoniyatini qo'ldan chiqarmaylik. Zakot berishi vojib bo'lgan insonlar qachon zakotini bersa, boyliklari poklanadi, bo'lmasa yo'q. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko'payadi, o'sadi.
“Beva hamda miskinga infoq qilish uchun sa'y qilgan kishi, Alloh yo'lida jihod qilgan, tuni bilan namoz o'qigan va kuni bo'yi ro'zador yurgan kishi kabidir”, deb marhamat qilganlar (Muttafaqun alayh).
Allohga shukur, respublikamizning barcha shahar, qishloqlarida boy-badavlat kishilar oz emas. Ularning ichida davlatmandlikni katta sinov deb bilganlar, buning mas'uliyatini anglab elu yurtga oshkor va pinhon ehson, hadyalar qilib, savobu ehtirom topayotganlar oz emas. Keyingi paytlarda viloyatlarda boshpanaga yoki uylarini ta'mirlashga muhtoj bo'lib qolganlarga yashash joyi qurib berib, uy-joylarini ta'mirlab berib, o'zlarining kimligini pinhon tutayotgan saxovatpeshalar ortib borayotgani qalbingni to'lqinlantiradi, shukurlar bo'lsin. Ana shunday qalbiyu ilki boy-badavlat o'zbekistonliklar ko'paysin. Bunday oliyhimmatlar safi yanada kengayib, diniy ulamolarning maslahat, yo'riqlari bilan zakot ibodatini ado etsalar, ehtiyojmandlarning haqini egalariga topshirsalar… Agar shu yo'lda muqim bo'lsak, Siz qanday o'ylaysiz, bilmayman, lekin mening nazarimda yurtimizda ikki-uch yilda kambag'allik degan kemtiklik, ijtimoiy muammo yo'qolib, juda bo'lmaganda sezilarli darajada kamayib ketadigandek.
Muhtarama ULUG'OVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.