AQSh immigratsiya vizasini berishni to'xtatdi…

21 yanvar kunidan e'tiboran Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Yevropaning 75 ta davlati fuqarolariga AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi vizalarni berish vaqtincha to'xtatiladi. Ushbu davlatlar qatoriga Sobiq ittifoqning to'qqizta mamlakati, shu jumladan, Qozog'iston, Qirg'iziston ham kiradi.

Oq uy buni immigrantlar tufayli AQSh zimmasiga tushayotgan “ijtimoiy ta'minot yukini” yengillashtirish zaruriyati bilan izohlamoqda. Hujjatda bu siyosat “yuqori xavf guruhidagi ushbu mamlakatlardan kelgan immigrantlar Qo'shma Shtatlarda ijtimoiy nafaqalardan foydalanmasligi va jamiyat uchun yuk bo'lmasligiga” qaratilgani qayd etilgan.

Zikr etilgan mamlakatlar fuqarolariga avvalroq berilgan va amalda bo'lgan vizalar o'z kuchida qoladi.

Davlat departamentining ta'kidlashicha, yagona istisno — “agar shaxs ikki fuqarolikka ega bo'lsa va ro'yxatda bo'lmagan davlatning amaldagi pasporti bilan ariza topshirsa”, unga viza berilishi mumkin.

Viza berishga qo'yilgan moratoriy qancha davom etishi noma'lum va uning muddatsiz bo'lib qolishidan xavotirlar bor.

Nima uchun viza berish to'xtatildi? Aslida, AQShda davlat yordamiga qaram bo'lib qolishi mumkin bo'lgan immigrantlarga kirishni rad etish mexanizmlari allaqachon mavjud. Bu me'yor immigratsiya xizmatlari tomonidan individual tartibda ko'rib chiqiladi.

2025 yil noyabr oyida AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi qoidalarga yana o'zgartirish kiritishni taklif qildi va ehtimol, yanvar oyi oxirigacha 2022 yilgi “davlat uchun yuk” haqidagi yumshoqroq qoidalarni bekor qiladi.

Trampning ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi yili immigratsiya siyosatining keskin kuchayishi bilan boshlandi: iyun oyida: 12 davlat fuqarolari uchun kirish to'liq taqiqlandi, dekabr oyida bu ro'yxat 39 ta davlatgacha kengaydi.

Qochoqlar kvotasi eng past darajaga — 7 500 kishiga tushirildi (Bayden davrida 125 000 edi). Kvota — bu davlat qabul qilishga majbur bo'lgan son emas, balki ruxsat etilgan maksimal chegaradir. Belgilangan kvotadan ortiq qochoq qabul qilinmaydi.

2025 yilda AQShdan 605 ming kishi deportatsiya qilingan, yana 1,9 million kishi mamlakatni o'z xohishi bilan tark etgan.

Yangi qaror shu yozda AQShda bo'lib o'tadigan 2026 yilgi Jahon chempionatiga kelmoqchi bo'lgan futbol ishqibozlariga bevosita ta'sir qilmasligi kerak. Shuningdek, u sayyohlik vizasi bilan qisqa muddatga keluvchilarga ham taalluqli emas.

Biroq turnirga yo'llanma olgan Gaiti va Eron muxlislari o'yinlar tomoshasiga kela olmaydilar, chunki bu davlatlarga kirish to'liq taqiqlangan. Senegal va kot-d’ivuarlik muxlislar esa qisman taqiq tufayli jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Abror XON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 4 =