Notinch olamning rangli manzaralari…

Dunyo 2026 yilni bayram mushaklari bilan bir qatorda Karakasdagi portlashlar va Tehrondagi namoyishchilarning hayqirig'i bilan kutib oldi. Yanvar oyining ilk haftasi shuni ko'rsatdiki, Tramp ma'muriyati “yumshoq kuch” siyosatidan butunlay voz kechib, radikal maxsus operatsiyalarga o'tdi. Ekspertlar Venesuela prezidenti Maduroning qo'lga olinishi qanchalik qonuniy ekani haqida bahslashayotgan bir paytda, Pekin sukutga cho'mgan — navbatdagi nuqta Tayvan bo'lishi mumkin…

Venesuela darsi…

3 yanvar tarix darsliklariga AQSh butun dunyoga chegaralar va suverenitet endi mutlaq himoya emasligini ko'rsatgan kun bo'lib kirsa ajab emas. AQSh maxsus kuchlarining aviatsiya ko'magidagi chaqmoq tezligidagi zarbasi natijasida Venesuela prezidenti Karakasdagi qarorgohidan o'g'irlab ketildi.

Nyu-Yorkka olib kelingan Maduroga nisbatan “narkoterrorchilik”, qurol saqlash va Venesuela diplomatik pasportlari savdosi bo'yicha rasmiy ayblovlar qo'yildi. U ilgari AQShda terrorchi deb e'lon qilingan “Cartel de los Soles” jinoiy guruhiga rahbarlik qilganlikda, shuningdek, rafiqasi, o'g'li va safdoshlari bilan birga kokain ishlab chiqarish va tashish bilan shug'ullanuvchi Kolumbiya guruhlari bilan til biriktirganlikda ayblanmoqda.

Venesuelaning sobiq rahbari bu ayblovlarni inkor etib, ularni “mamlakat neft zaxiralariga kirish uchun bahona” deb atagan.

Tramp “Venesuelada adolatli saylovlar o'tmaguncha, AQSh mamlakatni barqarorlashtirish jarayonini boshqaradi”, deb keskin ta'kidladi. Lotin Amerikasi uchun bu Vashingtonning biqinidagi mamlakatlar aksilamerikancha rejimlar davri tugaganidan dalolat beruvchi signal bo'lib yangradi.

Davlat departamenti G'arbiy yarim sharni “bizniki” deb atadi. “Prezident Tramp bizning xavfsizligimizga tahdid solinishiga yo'l qo'ymaydi”.

G'arbiy yarim shar — bu Grinvich meridianidan (0°) g'arbda va 180° meridianidan sharqda joylashgan Yer sharining yarmidir. Soddaroq aytganda, bu atama, asosan, Amerika qit'asini o'z ichiga olgan dunyo qismini anglatadi. Shuningdek, Okeaniya va Antarktidaning bir qismi kiradi. Yevropa va Afrikaning chekka g'arbiy qismlari, ya'ni Islandiya, Irlandiya, Portugaliya, Marokash va Senegalning ayrim hududlari texnik jihatdan g'arbiy yarim sharda joylashgan.

Delsi Rodriges Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti sifatida qasamyod qildi. U taniqli davlat arbobi, uzoq yillar davomida Maduro hukumatining eng ishonchli va qudratli vakillaridan biri bo'lib kelgan. An'anaviy ravishda AQSh siyosatini keskin tanqid qilib kelgan.

Delsi Rodriges 2018 yildan buyon mamlakatning vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan edi. Undan avval Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, mamlakatning eng muhim tarmog'i — neft sanoatiga ham rahbarlik qilgan.

Uning akasi — Xorxe Rodriges, Venesuela Milliy assambleyasi (parlament) spikeri. Ular birgalikda Maduro ma'muriyatining eng nufuzli “oilaviy bloki”ni tashkil etishgan.

“Men vatanimizga qarshi noqonuniy harbiy tajovuz natijasida Venesuela xalqi chekkan iztiroblardan afsusda ekanimni bildirish uchun keldim. Men ikki qahramonning o'g'irlab ketilganidan ham afsusda ekanimni izhor etaman”.

Rodriges yangi lavozimida Karakas “muvozanatli va hurmatga asoslangan xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga, jumladan, AQSh bilan aloqalarga birinchi darajali e'tibor berishini” aytib chiqdi…

Maduroning “o'g'irlab ketilishi” dunyo miqyosida keskin va ziddiyatli munosabatlarga sabab bo'ldi, xalqaro hamjamiyat ikki lagerga bo'lindi, deyish ham mumkin. Ko'plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar bu voqeani suveren davlat mustaqilligining buzilishi va xalqaro huquq normalariga zid harakat deb baholadi. Masalan, Rossiya va Kuba bu harakatni “imperialistik tajovuz” va “noqonuniy o'g'rilik” deb atadi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish vaziyatdan “chuqur xavotirda” ekanini bildirib, bu tarzda qo'lga olinishi xavfli o'rnak yaratishidan ogohlantirdi.

Lotin Amerikasining yirik davlatlaridan Meksika va Kolumbiya AQShning harbiy aralashuvini qoralab, inqirozni diplomatik yo'l bilan hal qilishga chaqirdi.

Ayni paytda, ba'zi doiralar buni “adolat tantanasi” sifatida qabul qilgan. AQSh Respublikachilaridan tashqari, Argentina Maduroning hokimiyatdan chetlatilishi va demokratiya yo'lidagi qadamni olqishladi.

Amerikaning ayrim va dunyoning boshqa shaharlarida yashovchi venesuelaliklar ko'chalarga chiqib, prezidentning qo'lga olinishini xursandchilik bilan nishonlashdi.

Xalqaro ekspertlar ushbu voqeaning global oqibatlaridan xavotir bildirishmoqda. Aksariyati AQShning bu qadamini Lotin Amerikasini yana o'z “hovlisi” deb hisoblashi va istalgan davlat rahbarini kuch bilan almashtirishi mumkinligi haqidagi signal deb hisoblamoqda.

Eron olov ichida…

Venesuela inqirozi bilan parallel ravishda Yaqin Sharqda ham olov avj oldi. 2025 yilning so'nggi kunlarida boshlangan Erondagi namoyishlar 5 yanvarga kelib, 70 dan ziyod viloyatni qamrab olgan to'liq qo'zg'olonga aylandi. Sabab oddiy va dahshatli — milliy valyuta oddiy qog'ozga aylandi (1 dollar uchun 1,45 mln rial), oziq-ovqat narxlarining keskin ko'tarilishi xalqning ko'chaga chiqishiga asosiy sabab bo'ldi.

Eron rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy “keskin choralar” ko'rishga chaqirdi, namoyishchilarni “isyonchilar” deb atadi va ularga nisbatan hech qanday shafqat qilinmasligini ta'kidladi. Sud hokimiyati tartibsizliklarni qat'iy bostirish haqida buyruq berdi. Dunyoning narigi chekkasidagi AQShning qat'iyatidan ilhomlangan namoyishchilar endi qo'rqmayaptilar.

Tramp Eron Islom Respublikasini namoyishchilarni o'ldirmaslikdan ogohlantirib, “biz kuzatyapmiz”, deb bayonot berdi. Agar zo'ravonlik davom etsa, AQSh aralashishi mumkinligiga ishora qildi.

Tehron rasmiylari esa bu tartibsizliklar ortida AQSh va Isroil turganini va ular namoyishchilarni moliyaviy qo'llab-quvvatlayotganini da'vo qilmoqda.

Ekspertlar 2026 yilni Eron islom rejimi uchun eng og'ir sinov yili bo'lishini taxmin qilishmoqda. Ichki iqtisodiy bosim va tashqi siyosiy tahdidlarning bir vaqtga to'g'ri kelishi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Ko'zlar Tayvanga qadaldi…

Pekin Karakasdagi operatsiyani diqqat bilan kuzatdi. Xitoyning ijtimoiy tarmoqlarida Maduroning qo'lga olinishi bosh mavzuga aylandi: foydalanuvchilar piching bilan “bu Tayvanni qaytarish uchun model bo'lmaydimi?” deb so'rashmoqda.

Tramp hozircha vazminlikni saqlamoqda. Orol atrofida Xitoy xalq ozodlik armiyasi o'tkazayotgan keng ko'lamli mashg'ulotlar fonida Szinpin bilan “a'lo darajadagi munosabatlar”ini eslatib, bundan “xavotirda emasligini” aytdi. Tahlilchilar bu xotirjamlik ortida Trampning aprel oyida Pekinga uyushtiriladigan tashrifiga tayyorgarlik yotgani to'g'risida gapirishadi.

Etakchilar kelisha olmasalar, Qo'shma Shtatlar Pekinga 100-200 foizlik bojlar kiritadi, toki chin askarlari orolda borib o'rnashib olmagunlaricha, deb taxmin qilishadi tahlilchilar.

Darvoqe, “Hurriyat” gazetasining o'tgan yil 30 dekabr №52-sonida “2025 yil tahlili va 2026 yil farazi” maqolamdagi yangi taxminlar haqida to'xtalgan edik. Unga yangi voqelik – xalqaro huquq buzilgani, bir suveren mamlakat yetakchisining to'g'ridan-to'g'ri o'g'irlab ketilgani fakti qo'shildi. Demak, dunyo oldindan aytib bo'lmas darajaga yetdi, yangi yilning yanvari — faqat boshlanishi, yana kutilmagan voqealarga boy bo'ladi, deb faraz qilishimizga asos yo'q emas…

Agar 2025 yil tayyorgarlik bosqichi bo'lgan bo'lsa, 2026 yil dunyoning kuch ishlatish yo'li bilan qayta shakllantirilish yiliga aylanmoqda. Eron namoyishlar olovi ichida, Venesuela AQSh nazorati ostida. Endi esa butun dunyoning diqqat-e'tibori Tayvan bo'g'oziga qaratilgan…

Abror XON,

siyosiy sharhlovchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =