2025 yil tahlili va 2026 yil farazi…

Nazarimda, 2025 yil zamonaviy tarixning eng shiddatli va siyosiy ziddiyatlarga boy yillaridan biri bo'ldi.

Xalq tilida aytganda, dunyo “opoqdadasi” rolini o'ynagan Donald Tramp 20 yanvarda rasman Oq uyga qaytdi va dunyo siyosatini ostin-ustun qilib yubordi. Xitoyga 60 foiz, boshqa hamkorlarga esa 10-20 foizlik bojlar joriy etish orqali “Amerika birinchi” siyosatini kuchaytirdi. Bu global savdo zanjirlarini qayta ko'rib chiqishga majbur qildi.

O'z chiqishlarida urushlarni to'xtatgani yoki oldini olganini ta'kidladi, ammo Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo'lolmadi.

Avvalambor, Ukraina urushini “24 soat ichida” to'xtatishga va'da berganini eslatish kerak. Amalda savashni to'xtatish faqat AQShning xohishiga emas, balki Moskva va Kiyevning murosasiz pozitsiyalariga bog'liq bo'lib chiqdi. Ta'kidlash lozimki, u qo'lini qovushtirib o'tirmadi, bu maqsadda harakatlar qildi, 28 bandlik tinchlik rejasi shular jumlasidan.

Suriyada Asad rejimining qulashi va Eron bilan munosabatlarning keskinlashuvi mintaqada beqarorlikni oshirdi. Nobel mukofoti qo'mitasi bunday holatlarni “tinchlikka qo'shilgan hissa” deb emas, balki geosiyosiy xaosning kuchayishi, deb baholagan bo'lishi mumkin.

AQSh yana bir bor Parij iqlim kelishuvidan chiqdi. Tramp “suyuq oltin” — neft va gaz qazib olishni keskin oshirib, energetik mustaqillikka urg'u berdi.

2025 yil Isroil uchun “katta urush yili” bo'lib tarixga kirsa, ajab emas. XAMASni to'liq yo'q qilish maqsadiga erisholmadi, muzokaralar asirlar ro'yxati va o't ochishni to'xtatish shartlari sababli to'xtab qolmoqda.

O'tayotgan yilning o'rtasidagi Isroil va Eron o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri harbiy to'qnashuv vaziyatni global inqiroz darajasiga olib chiqdi. Oq uy Tehronga nisbatan “maksimal bosim” siyosatini qaytardi.

Eng katta geosiyosiy shov-shuv Suriyada yuz berdi. Uzoq yillik urushdan so'ng Rossiya Federatsiyasi va Eronning e'tibori Ukraina hamda Isroilga chalg'iganidan foydalangan muxolif “Hay'at Tahrir ash-Shom” Damashqni egallab oldi. Bu voqea rusning Yaqin Sharqdagi ta'sirini keskin kamaytirdi va mintaqada yangi kuchlar muvozanatini yuzaga keltirdi.

Bu sanani yana “ko'p qutbli dunyoning yangi tartibsizligi” yili deb atash mumkin. Eski ittifoqlar kuchini yo'qotmoqda, o'rta bo'g'in davlatlari — Turkiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston esa mustaqil o'yinchi sifatida maydonga chiqmoqda. Bu yigirma birinchi asrning uchinchi o'n yilligidagi eng muhim geosiyosiy o'zgarishni ifodalaydi. Ilgari dunyo yo ikki qutbli (AQSh va Sovet Ittifoqi) yoki bir qutbli (faqat Amerika) edi. Endi esa vaziyat butunlay o'zgardi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan BMT, NATO, YeI tizimlari o'zgarishga uchradi. Tramp Yevropadan mudofaa uchun ko'proq pul talab qilmoqda, Yevropa esa AQShga to'liq ishonib bo'lmasligini tushunib, o'z armiyasini yanada kuchaytirishni o'ylayapti.

Ukraina, G'azo yoki Suriyadagi nizolarni to'xtatishda BMT Xavfsizlik Kengashi falaj holatga kelib qoldi. Veto huquqi tizimni ishlatmayapti.

“O'rta bo'g'in davlatlari” AQSh, XXR singari na “superkuch”, na kichik davlatlardir. Ular o'z mintaqasida so'zini o'tkaza oladigan va global o'yinda o'z manfaatini har narsadan ustun qo'yadigan kuch bo'lib maydonga chiqmoqda.

Masalan, Turkiya ham NATO a'zosi, ham RF ittifoqdoshi, u hech qaysi blokka “qul” emas, faqat o'z manfaati uchun o'ynaydi.

Saudiya Arabistoni endi faqat AQShning neft ombori emas, BRIKSga intiladi, XXR bilan yirik shartnomalar imzolaydi va Yaqin Sharqning iqtisodiy markaziga aylanishga harakat qilmoqda.

Hindiston G'arb bilan demokratiya borasida hamkor, lekin Rossiyadan arzon neft sotib olishni to'xtatmaydi. Hindiston — “Global Janub”ning yetakchisi bo'lishga da'vogar.

Ilgari dunyoda “o'yin qoidalari” bo'lg'uchi edi. Hozir esa hech kim qoidalarga amal qilmayapti. Ilgari savdo tinchlik garovi edi, endi esa “sanksiyalar” va “bojlar” asosiy qurolga aylandi.

Dunyo endi “oq” va “qora”ga — G'arb va Sharqqa bo'linmaydi. Endi dunyo — har kim o'z foydasini ko'zlab harakat qiladigan “ko'p rangli” va boshqarib bo'lmas maydonga aylanib bormoqda.

Ortda qolayotgan yilda BRIKS miqdordan sifatga o'tdi, ya'ni hammani a'zolikka qabul qilavermasdan, davlatlarni avval “hamkor” sifatida sinab ko'rish va ichki iqtisodiy mexanizmlarni, masalan, umumiy to'lov tizimini o'rganishga e'tibor qaratdi.

2024 yildagi katta to'lqindan keyin — Misr, Eron, BAA, Efiopiya tashkilot a'zoligiga qabul qilingach, bu sanada BRIKS uchun kengayishning yangi bosqichi bo'ldi. Indoneziya — yangi to'laqonli a'zo bo'ldi, bu Janubi-Sharqiy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti BRIKSga kirganini anglatadi.

13 davlat “hamkor davlatlar” maqomiga erishdi, ular orasida O'zbekiston, Qozog'iston va boshqa davlatlar bor.

BRIKSga qo'shilgan yangi davlatlarning jahon iqtisodiyotidagi ulushi ortishi bilan birga dollardan voz kechish harakatlari yangi bosqichga chiqdi. Trampning sanksiyalar siyosatiga javoban davlatlarning o'z milliy valyutalarida savdo qilishga o'tishi boshlandi.

Insoniyat tarixida og'riqli, bahsli nuqtalardan biri sun'iy intellekt (SI)ning shunchaki qiziqish emas, balki strategik qurolga, ya'ni global kuch va kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan yil bo'lib qoldi. Davlatlarning qudrati endi nafaqat tanklar yoki yadro quroli, balki hisoblash quvvatlari bilan o'lchana boshladi. AQSh va XXR o'rtasidagi eng ilg'or yarimo'tkazgichlar va boshqalar uchun kurash avjiga chiqdi. Kimda kuchliroq SI modeli bo'lsa, o'sha davlat iqtisodiy va harbiy ustunlikka ega bo'ldi, SI-mudofaa tizimlari o'rtasida “ko'rinmas urush” davom etdi.

Agar avvalgi robotlar qo'l mehnatini almashtirgan bo'lsa, 2025 yilda SI aqliy mehnatni “egallash”ni boshladi. SI yaratgan video va audiokontent shu qadar mukammallashdiki, inson ko'zi bilan haqiqatni soxtadan ajratish deyarli imkonsiz bo'lib qoldi.

2026 yil rejasida nimalar bor? Yangi sanada insoniyat uchun nafaqat siyosiy ziddiyatlarning davomi, balki yirik sport bayramlari va texnologik yangilanishlar yili bo'lishi kutilmoqda.

Noyabrda AQSh Kongressiga saylovlar bo'lib o'tadi. Agar Trampning respublikachilar partiyasi nazoratni yo'qotsa, uning siyosati — impichment xavfi yoki qonunchilikdagi to'siqlar bilan keskin qiyinlashishi mumkin.

AQSh va RF o'rtasidagi yadroviy qurollarni cheklash shartnomasi muddati tugaydi. Agar yangi kelishuv imzolanmasa, dunyo yadroviy qurollanish poygasining yangi bosqichiga kirishi mumkin.

NASAning “Artemis III” missiyasi doirasida insonlarni Oyga qayta qo'ndirish bo'yicha tayyorgarlik eng yuqori nuqtasiga chiqadi.

SIning ikkinchi to'lqini, ya'ni endi shunchaki matn yozish emas, balki iqtisodiyotning real sektorlarini — tibbiyot, qurilish, transportni boshqarish boshlanadi.

Sport ixlosmandlari uchun rekord darajadagi yil bo'ladi. AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o'tadigan futbol bo'yicha Jahon chempionatida ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi.

Agar 2025 yil “katta o'zgarishlar va kutilmagan zarbalar” yili bo'lgan bo'lsa, 2026 yil yangi tizimning qanchalik chidamli ekanini ko'rsatadigan “barqarorlashuv yoki yangi inqiroz” yili bo'lishini faraz qilish mumkin…

Abror XON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 2 =