Bir-biriga chirmashgan muammolar
Bugungi kunda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi eng dolzarb masalalardan sanaladi. Kunda-kunora tabiatga zarar yetkazish holatlari aniqlanmoqda. Daraxtlarni o'rinsiz kesishdek kechirilmas ishlar ortida, ayniqsa, ayrim mas'ullar turgani juda achinarli, albatta. Hozirgi kunda qaysidir tadbirkorga qurilish uchun joy kerak bo'lib qolsa, dastavval u yerdagi daraxtlarni “quritishga” harakat qilayotgani sir bo'lmasa kerak…
Afsuski, asriy chinorlar hammaning ko'z o'ngida kesib ketilayotgan bir paytda qat'iy choralar ko'rilmayotir. Bu borada joylardagi ekologiya sohasi mas'ullarida jur'at yetishmayotgandek, nazarimda. Sohaning rasmiy axborot manbalarida xas-cho'p va xazonlarni yoqqan, chiqindini belgilanmagan joylarga tashlagan eldoshlarimizga jarimalar belgilangani haqidagi xabarlar ko'p uchraydi. Biroq tabiatga jiddiy ziyon yetkazgan birorta amaldor yoki tadbirkorga jazo tayinlangani haqida yetarli ma'lumotlarga ko'zimiz kam tushadi. Bundaylar jazolangan taqdirda ham bu haqdagi axborot yopiqligicha qolayotgani g'alati.
Mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi Ekologiya va iqlim o'zgarishi boshqarmalari va ularning hududiy bo'limlari belgilanmagan joydan tuproq va qum qazib olayotgan kishilar tegishli javobgarlikka tortilgani xususida deyarli har kuni xabar tarqatadi. Go'yoki ekologiya sohasining bundan boshqa jiddiy huquqbuzarliklari yo'qday. Aslida, yirik korxonalar, qurilishlar avjida ketayotgan ob'yektlarda tabiatga, atrof-muhitga qanchalik zarar yetkazilayotgani o'rganilsa, istagancha huquqbuzarliklar, jinoyat ishlari oshkor bo'ladi. Chiqindini belgilanmagan joyga tashlagan va belgilanmagan joydan qum va tuproq qazib olib jarimaga tortilganlar faqat oddiy aholi qatlamiga mansub yurtdoshlarimiz ekani taassuflanarlidir.
Mamlakatimizda har bir shaxs qilgan huquqbuzarligi yoki jinoyati uchun qonun oldida javob berishi lozim. Lekin ana shu salbiy holatlarni keltirib chiqarayotgan asosiy omillar tahlil qilinadimi?
Masalan, chiqindini belgilanmagan joyga tashlab ketish, aslida, ruxsat qilinmagan joydan qum va tuproq qazib olish bilan uzviy bog'liq huquqbuzarlik sanaladi. Har ikkala muammo tartib bilan yo'lga qo'yilsa, oson bartaraf qilingan bo'lar edi.
Agar qishloq joylariga e'tibor berilsa, har yili ariq va zovurlar tegishli idoralar texnikalari vositasida qazilib, tuproq va loylari shundoqqina yoqasiga tashlab ketiladi. Agar bu tuproq yoki loylar o'z vaqtida olinmasa, u yana ariq va zovur ichiga nuraydi. Natijada suv yo'llari kelgusi qazuv ishlariga qadar battar ko'milib, balchiq bo'lib qoladi. Bunday holatda zax suvlar yerning yuza qismiga ko'tarilib ketadi. Bunday holat va toza suvlarning ariqlarda ravon oqmay, sug'orish ishlarining yomonlashuvi esa oqibatda qishloq xo'jaligi tarmog'ining izdan chiqishiga sabab bo'ladi.
Yaqinda Xorazm viloyatida zaxkashning muhofaza zonasini kovlagani uchun katta jarima belgilangani haqidagi xabarga ko'zim tushdi. To'g'ri, rasmiy hujjatlarda roshlar muhofaza zonasi deb belgilangan bo'lishi mumkin. Ammo har yili qazilaverganidan tog'dek uyulib ketish holatidan uning zarracha muhofazaligi ham qolmasdan, mavjud suv yo'llarini ko'mib yuboruvchi manba bo'lib turaveradi. Shu sababdan ham ariq va zovurlar qazilganda paydo bo'ladigan tuproq va qum uyumlarini mahalliy irrigator, qishloq xo'jaligi mas'ullari yoki fermer hamda klasterlar tavsiyasi bilan o'z vaqtida olib foydalanish uchun aholiga ruxsat berish lozim. Aks holda, qishloq xo'jaligi yoxud irrigatsiya tizimi ziyon ko'rib, ahvol sira yaxshilanmay qolaveradi.
Ko'pchilik yaxshi eslaydi, bundan 20 yillar muqaddam qishloq joylarda imorat tiklash uchun jamoa, shirkat hamda fermer xo'jaliklari ball boniteti past yerlardan tuproq qazib olish uchun “xandaqlik” ajratib berardi. Har yili o'nlab odam ana shu “xandaqlik”dan imorat uchun loy va tuproq olgach, dang'illama imoratlar tiklanib, oilalar obod, xurram bir maskanga aylanardi. Bu xurram va baxtiyorlikka asqatgan “xandaqlik” esa yana 10-15 yillar davomida aholi tomonidan chiqindi, go'ng tashlanadigan joyga aylantirilardi. “Xandaqlik” chiqindi bilan to'lib-toshgach esa usti tuproq bilan yaxshilab ko'mib, kompost tayyorlanardi. Bir-ikki yil shunday holatda turgan kompost dalaga mahalliy o'g'it sifatida ishlatilardi.
Bugungi kunda chiqindi poligonlari tobora to'lib-toshib, yangisini yaratish o'ta mushkul bo'lib qolayotgan bir pallada bunday tajribalarni tartibli ravishda qo'llash foyda keltirishi mumkin. Joylardagi muammolarni qishloq joylarga borib, aholi va qishloq xo'jaligi, irrigatsiya xodimlari bilan uchrashib, fikr va mulohazalarini obdan o'rganishga bel bog'lansa, ayni muddao. Shunda bir-biriga chambarchas va uzviy bog'lanib qolgan muammolar o'z-o'zidan yechimini topgan bo'larmidi?
Erpo'lat BAXT,
jurnalist.
