Kino va seriallar saviyasi haqida qayg'uradigan vaqt kelmadimi?

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yilning 22 dekabrida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashida bo'lib o'tgan kengaytirilgan yig'ilishda tilga olingan 9 ta muhim tashabbuslardan biri kino haqida bo'ldi.

Darhaqiqat, bugun oltin fondga kiritilgan kino javonidagi bebaho asarlarni tilga olmasak, kinoning ma'naviy asosini tahlil qilishga arziydigan filmlarni sanasak, barmog'imiz ortib qoladi.

O'zbekiston uchun “Ipak yo'li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini o'tkazish yaxshi an'anaga aylandi. Bu tadbir qayta tiklanganidan buyon butun dunyo kinoijodkorlarini birlashtirmoqda. Yildan-yilga kinoijodkorlar ishtiroki safi bilan tadbir ko'lami ham kengaymoqda. Yurtimizning yirik shaharlarida bo'lib o'tayotgan kinofestivallar jarayo­­ni kino olamining sir-sinoatlari bilan tobora jilolanib bormoqda.

O'tgan yili sentyabrning oxiri — oktyabrning boshida poytaxtimizda bo'lib o'tgan mazkur kinofestival jarayonida yapon kinoijodkorlari bilan bo'lib o'tgan uchrashuv esa yanada esda qolarli bo'ldi. “O'zbek kinofilmlaridan qaysi biri sizlarga yoqadi?” deya berilgan savolga yapon ijodkorlari tomonidan berilgan javob men kabi ko'pchilikni hayratlantirgan bo'lsa, ajab emas.

“O'tkan kunlar”, “Shum bola”, “Mehrobdan chayon”, “Mahallada duv-duv gap” kabi ko'plab durdona asarlarning qiymatini hamma biladi. Biroq “Abdullajon” degan javob yangraganidan keyin ko'pchilik qatori menda ham “Nima uchun?” degan savol tug'ildi.

“Abdullajon” 1991 yilda Zulfiqor Musoqov tomonidan suratga olingan birinchi o'zbek ilmiy-fantastik komediyalaridan biri. Ushbu janr bizning kinosanoatimizda deyarli rivojlanmagan. “Nima uchun?” degan savol shu nuqtai nazardan tug'ilganligi tabiiy. Biroq ushbu savolning javobi masalaga oydinlik kiritadi. Yapon kinoijodkorlari filmning o'zaro insoniy oqibatlar yoritilgan jihatlariga yuqori baho berishganini e'tirof etishdi.

Darvoqe, keling, filmdan lavhalar eslaylik: o'zga sayyoralik bolakay halokat tufayli oddiy o'zbek oilasiga tushib qoladi. “Inson” atamasini o'ziga o'rnatilgan qurilma orqali anglaydigan bolakayga juda qisqa fursatda odamiylik, ota-bola, aka-ukachilik o'rtasidagi o'zaro oqibat tushunchalari fantastika janridan chiqmagan holda oila qad­riyatlari orqali shunaqa chiroyli singdiriladiki, oilaning kuchi “gapirilmasdan” ko'rsatib qo'yiladi.

Ko'plab Sharq davlatlarida oilaviy qadriyatlarning bahosi yuksak, biroq kelajakni, jumladan, oila qurishni va farzandlarni voyaga yetkazishni alohida dasturlarga asosan rejalashtiradigan rivojlangan davlatlar qatoridagi Yaponiya uchun oila, farzand tarbiyasi juda muhim masala hisoblanadi. Ana shu masalada film­­da qisqa muddatda bola tarbiyasiga samarali ta'sir ko'rsatish, uning “ong qutisi”ga oilaviy qadriyatlarni, insoniy fazilatlarni, mahalla-ko'y, qo'ni-qo'shnichilik qadriyatlarini singdirish yapon kinoijodkorlari va xalqi tomonidan dolzarb jihat sifatida iliq kutib olingani shubhasiz.

Ushbu mavzudagi mulohazalarimni bildirish uchun yaqinda filmni yana bir bor tomosha qildim. Filmning nomi — “Abdullajon” bosh qahramon bo'lgan o'smir bolaning ismi. Uning imkoniyatlari cheksiz. Istasa, “aka”sini bir soniyada olis masofadan uyga keltirib qo'yadi. Istasa, pul yasay oladi. Oiladagi “ota-onasi”ning orzularini ro'yobga chiqara oladigan bola. Ammo u “oila” atalmish qo'rg'onning qadriyatlariga ega bo'lmagan sayyorada yashaydi.

Darhaqiqat, oilaga, xalqqa xos insoniylik, bag'rikenglik fazilatlarini ochib berish uchun o'zga sayyoralik bolakay aynan bizning sarhadimizga tushib qolishi fantastika bo'lsa, uning o'z sayyorasiga ketayotgandagi holati fantastikadan haqiqatga ko'chadi.

Muhtaram Prezidentimiz kino sanoatida mesenatlik, ya'ni yaxshi kinoasarlar yaratish yo'lida kinoijodkorlar oldida turgan qator moddiy muammolarni o'zgalar, masalan, homiylar yordamiga tayanib hal etish masalasini ilgari surdi.

Bugungi kunda yoshlarning, bolalarning axloq-odobini, tarbiyasini buzadigan lavhalar to'lib yotgan filmlar, seriallarning yomg'irdan keyingi qo'ziqorindek ko'payib ketayotgani, ayniqsa, ota-onalarni, qolaversa, bugun yurtimizning ertangi kuni uchun o'zini mas'ul deb biladigan barcha yurtdosh­larimizni chuqur o'ylantirib qo'ydi.

Taqlidga nihoyatda moyil bo'lgan yoshlarimizning tarbiyasiz, ma'naviy axloqi ancha sayoz qahramonlarga ergashayotgani ayanchli hol, albatta.

Biz ana shunday saviyasiz filmlar va seriallardan voz kechishimiz uchun ularning o'rnini to'ldiruvchi turli janrlardagi baquvvat asarlarni yaratishimiz kerak.

Zabardast rejissyorlarimiz nafaqat moddiy, balki ma'naviy jihatdan ham ularni qo'llab-quvvatlovchi homiylarga muhtoj.

Ba'zan festivallarda yuqori o'rinni olgan filmlarni ko'rib, ularni tushunishim uchun yo rejissyor yoki ssenarist, jilla qursa, aktyor bo'lishim kerakmi, deb o'ylab qolaman. Ularga sarflangan mablag' ham kichkina emas.

Jahon standartlariga mos keladigan filmlar dunyoda ko'p. Kreativ yondashuv ham kerak, ammo bunday yondoshuv asl maqsaddan uzoqlashib ketmasligi to'g'riroq bo'ladi.

Turli tanlovlar, festivallar uchun emas, xalq uchun, farzandlarimiz tarbiyasi uchun, ma'naviy ozuqa olishimiz uchun ijod qilishimiz kerak.

Ochig'i, mulohazalarimni oq qog'ozga tushirayotganimda, aksariyat fikrlarimni “yumshatish”ga uringanimni sezib qoldim. Negaki, birovlarga qattiq gapirish, xalq ta'biri bilan ayt­ganda, “tosh otish” tarbiyamizga to'g'ri kelmaydi. Ammo bugun biz bolalarimiz tarbiyasi haqida qayg'urayotgan ekanmiz, mamlakatimizning kelajagi bevosita yosh avlod ta'lim-tarbiyasi bilan chambarchas bog'liq ekan, bolalarimiz ongiga, axloq-odobiga to'g'ridan-to'g'ri salbiy ta'sir ko'rsatayotgan filmlarni g'alvirdan o'tkazadigan paytimiz allaqachon kelgan. Bugun bir-birimizga “otadigan” tanqid tosh­larimiz ertaga o'z mevasini beradi, degan umiddaman.

Katta ekranlarga uzatiladigan filmlar “sizu biz”lik, korrupsiya changalidagi g'alvirda qolib ketmasligi uchun, avvalo, ularni ota-onalar muhokamasiga qo'yishimiz ayni muddao bo'ladi. Shunday qilsak, o'zlari farzand o'stirayotgan ayrim kinoijodkorlarimizga ham o'zlarining birlamchi — ota-onalik burchlarini yodga olishlariga ko'maklashgan bo'lamiz. Qolaversa, katta ekranga uzatiladigan barcha ijod namunalari ham mutasaddi tashkilotlar ekspertlari xulosalarini olgan holda namoyish etilsa, xalqning noroziligiga uchrayotgan ko'plab mavzulardagi ijodiy asarlarning ma'naviy sayoz lavhalarini oldindan kesib tashlashga muvaffaq bo'lamiz.

Yosh rejissyorlar ustoz san'atkorlardan iborat o'zlarining tahrir hay'atlarini shakllantirishlari ham maqsadga muvofiq bo'ladi.

Mulohazalarim so'ngida “Ijtimoiy tarmoqlarda charx urayotgan bemaza xorijiy filmlar (ulardan rang olgan o'z filmlarimiz)-chi?”, — deya istehzo bilan beradigan o'rinli savolingizga tafakkurim doirasida javob berishga harakat qilaman:

Rivoyat qilishlaricha, bir donishmand botqoqlikka kitoblarini tashlab, o'sha yerga “Bu yerga bor boylik­larim — kitoblarimni ko'mdim” degan yozuv osib ketibdi. Yillar o'tibdi hamki, o'tgan-ketgan botqoqdan kitoblarni qidirish haqida o'ylamabdi. Hatto yo'lovchilardan kimda-kim yozuv­ni o'qish uchun to'xtasa, uning ustidan masxara qilib kuladiganlar ham topilarkan. Ammo vaqt o'tib, hayotda yutuqlarga erishish uchun o'zini turli sohalarda sinab ko'rib, omadi chopmagan bir yigitning e'tiborini shu yozuv tortibdi. U “Donishmand nima sababdan o'z kitoblarini botqoqlikka tashladi-yu, yana bu haqda yozib ketdi?”, — deya qiziqish bilan botqoqlikka tushib, kitoblarni qidira boshlabdi. Kitoblar botqoqlik chetida, chuqurga botmaydigan tarzda ko'milgan ekan. Qisqa vaqt ichida yigit kitoblarni botqoqlikdan olib chiqibdi. Ular orasida bir kitob bo'lib, unda quyidagi gaplar yozilgan ekan:

“Umrim davomida yiqqan boyligim falon daraxtning ostiga ko'milgan. Ushbu kitoblarni o'qigan insonga boyliklarimni sarflash halol bo'lsin”.

Gap shundaki, biz bugun farzandlarimiz, yoshlarimiz orasida shiddat bilan ommalashayotgan ma'naviy buz­g'unchilik g'oyalariga boy filmlarni cheklash o'rniga, ularga taqlid qilib film va seriallar yaratayotganimiz botqoq chetidagi yozuvni o'qib, bir bor urinib ko'rmagan, urinmoqchi bo'lganlarning ham ustidan kulib, masxara qilayotgan, o'z jonini saqlab qolishni eng muhim masala deb biladigan yo'lovchilarga o'xshaymiz.

Kinoijodkorlarni kino ustasi deb qaraydigan bo'lsak, ustaning bir marotaba taqlid qilishi minglab shogirdlariga taqlidni san'at deb qarashni o'rgatishi mumkin. Salkam janrga aylanayozgan “bachkanalik” va san'at darajasiga ko'tarilgan “ko'chirmakashlik”dan voz kechmasdan turib, o'zimizning asarimizni yarata olmaymiz.

Kinochiligimizda milliy kinoasar yaratishda milliylikdan uzoqlashmaslik kreativlikmasmi, aslida?..

Xalqimizda “Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin” degan ajoyib hikmat bor. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda uzatilayotgan filmlar, behayo sahnalarga boy seriallarni kuzatib, og'riqli nuqtalarimiz haqida nomutaxassis insonlar jar solayotgan bo'lsa, demak, ular jamiyatimizning haqli a'zolari. Yo ota, yo ona, yo opa, yo singil. Yosh avlod tarbiyasiga loqayd bo'lmagan hamyurtlarimiz. Ularning qayg'urishlari bejizmas.

Kinodagi muammolar va og'riqli nuqtalar haqida kino ustalari gapirmasdan jim turishlarini ham yo loqaydlikka, yo hafsalasi pir bo'lganlikka, yoki “bir-biriga tosh otmaslik”ka yo'yish mumkin. Qachongacha?..

Ziyoda AKBARQULOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 1 =