Chumchuq so'ysa ham…

yoxud xususiy nashriyotlarda malakali mutaxassislar yo'qligi kimning aybi?

 

Yaqinda nevaralarim uchun afsona va ertak­lardan iborat ikkita kitob xarid qildim. Uyga qaytgach, ularni o'qib ko'rdim. Ertaklar ma'no va mazmuniga ko'ra bolalarbop ekanligidan quvondim. Biroq suyunchim uzoqqa cho'zilmadi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ikki sahifani egallagan zamonaviy ertak matnida o'ndan ortiq imlo va uslubiy xatolarga ko'zim tushdi. Darhol kitobni kitobxonga taqdim etgan nashriyot, kitobning muharriri va musahhihi bilan qiziqdim. Axir, ko'zga tashlanayotgan xato-kamchiliklar uchun ular javobgar-ku!

Nashriyot xususiy ekan, kitobdagi muharrir va musahhihning ilgari ismi-sharifini biror nashrda uchratganimni eslolmadim.. To'g'ri, hozir nashriyotlar soni xususiy yo'nalishdagi ana shunday tashkilotlar hisobiga ko'payib ketgan. Shuning uchun ilgarigidek muharrir va musahhihlarni eslab qolishning iloji yo'q. Ammo gap bunda emas. Muammo shundaki, xususiy nashriyotlarda chop etilayotgan aksariyat kitoblarda imloviy, uslubiy, tinish belgilarga doir jiddiy xatolarga yo'l qo'­yilmoqda.

Birgina poytaxtning o'zida yuzdan ortiq xususiy nashriyotlar bor ekan. Afsuski, ularning barchasida ham malakali, savodli, o'z sohasining bilimdoni bo'lgan muharrir va musahhihlar ishlaydi, deb bo'lmaydi. Shuning uchun hatto oddiy maktab o'quvchisi ko'z tashlab ilg'aydigan kamchiliklar bolalab ketmoqda. Kitoblar kitobxonlar , ayniqsa, bolalar o'rtasida savodsizlikni targ'ib etayotgan vositaga aylanib qolayapti. Axir, xususiy nashriyotlarni malakali muharrir va musahhihlar bilan to'liq ta'minlashning iloji bo'lmasa ham, o'rindoshlik asosida malakali muharrirlarni ishga qabul qilish yoki shartnoma asosida ular mehnatidan foydalanish mumkin-ku! Bu borada nashriyot rahbarining ushbu muammo yechimiga bo'lgan munosabati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Holbuki, nashriyot rahbari o'z tanishlarini   ishga taklif etayotganligi bor gap. U bilmaydiki, qancha ko'p qo'lyozma sifatli va malakali tahrir va tahlil etilib, nashr sifatli chiqsa, tavsiya etiladigan kitoblar soni ham ortaveradi.

Ilgari O'zbekistonda sanoqligina nashriyot bo'lib, ularda ko'zga ko'ringan, tajribali ijodkorlar muharrirlik vazifasini bajarardi. To'g'ri, nashriyotga topshirgan qo'lyozmangiz oylab emas, yillab o'z taqdiri nima bo'lishini kutib yotardi. Biroq hech qachon xom-xatala qo'lyozmalar kitob holida chop etilishiga yo'l qo'yilmas edi. Ko'plab qo'lyozmalar badiiy kengash chig'irig'idan o'tolmasdi, qayta ishlash uchun muallifiga qaytarilardi. Natijada pishiq-puxta, mazmun-mohiyati ko'tarilgan mavzuga mos, bilimli kitobxonga xos kitoblar dunyoga kelardi. Haq gapni aytish kerak, hozir kitob nashr etish ishi bilan layoqati bori ham, yo'g'i ham shug'ullanmoqda. Xoh davlat nashriyoti bo'lsin, xoh xususiy biz avvalgi ish rejimiga qaytishimiz kerak. Axir, xalqimizda “Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin!”, degan naql bejiz aytilmagan.

Sarvara ABDURAHMONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + nine =