Dabdaba va isrofgarchilik qachongacha davom etadi?

“To'y – namoyish emas, balki huquqiy-axloqiy kelishuvdir”

 sarlavhali davra suhbatini o'qib…

(“Hurriyat”, 2026 yil 14 yanvar, 2-son. Muallif: Sharifa Salimova)

Hayot, umr… Har ikkisi benazir ne'matdir. U insonga Alloh tomonidan beriladi. Lekin hayotning ham, umrning ham o'ziga xos va mos zalvori bor. Bu yukni oila deb atalmish mustahkam qo'rg'on ko'taradi. Ana shu qo'rg'onni qurish uchun, umr bekatlarida quvonchli sanalarni do'stu yorlar bilan birga baham ko'rish maqsadida  to'y-tomoshalar qilinadi.

To'y haqida so'z aytganda odamzoddagi orzu-havas tuyg'usini ko'z oldimizga keltirish joiz. Xalqimizda “Bolani beshikka sol, sepini sandiqqa sol” degan naql bor. Bejiz aytilmagan. Chunki go'dak bilan birga ota-ona ko'nglida ne-ne  orzu-havaslar uyg'onishi ham sir emas.

Ayniqsa, buvijonlar niyati doim ezgu bo'ladi. Har nabira ko'rganda ko'ngli zavqqa to'ladi. Allohga shukr qilib, “Zora to'yingni ko'rsam” deya shirin niyat qiladilar.

Bu shirin niyatga yetganlar bor, yetmaganlar ham bor. Avvalo, ushbu niyatdan hech kim bebahra bo'lmasin deymiz. Har bir to'y shakli-shamoyili o'sha davr muhitidan kelib chiqadi. Bir paytlar ota-bobolarimiz davrida bitta sandiq, ikkita ko'rpa va ikkita ko'rpacha kelinga sep hisoblangan. Bu haqda onajonlarimizdan ko'p eshitganmiz. U paytlar kelin moli bilan emas, iymoni, odobi, iffati bilan baholangan. Lekin oilalar baxtli yashashgan. Ajrimlar deyarli bo'lmagan. Hozir-chi?

Davr o'zgardi. Odamlar dunyoqarashi ham shunga monand o'zgarib bormoqda. Tarix taraqqiyot sari ildamlamoqda. Insonlar o'rtasidagi mehr-oqibat, sadoqat va xiyonat, shodlik va qayg'u, havas va hasad, yana, ehhe, qancha tuyg'ularni yelkasiga ortgan ona zamin yuguryapti, chopyapti. Vaqtning barakasi ketgan, deymiz. Shunday shoshqin davrning to'ylari esa aql bovar qilmaydigan darajada dabdaba, isrofgarchilik bilan o'tyapti. Kelinlar endi odobi bilan emas, balki ota-onasining mansabi, davlati, unga ajratilgan xonalar qanday bezatilishi, sepiga qarab baholanyapti.

Keyingi paytda to'ylar yana avjiga chiqyapti. Yana o'sha puldorlar, zamonamiz boylari qilishyapti buni. Ulardan qolishmaslikka harakat qilayotganlar qarzga botib bo'lsa ham dabdabaga urinyapti. Afsuski, ko'p hollarda davlat boshqaruvidagi amaldorlarning, tadbirkorlarning farzandlari to'qlikka sho'xlik qilishmoqda. O'rtahol kambag'alning bolasi esa to'y qilish uchun olgan qarzini to'lash imkoni yo'qligidan janjal chiqib, ajrashib ketishayotgan hollar ham yo'q emas.

Shunday ekan, to'y marosimlarini ixchamlashtirib, hamma uchun bir xil shakl va tartibga soluvchi Nizom, tartib  ishlab chiqilib joriy qilinsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Aslida, to'y jamiyatni tashkil qiluvchi oila poydevoridir. Oila jamiyat ichidagi jamiyat hisoblanadi. Shu ma'noda to'yga oylab tayyorgarlik ko'rish, intiqlik bilan kutish jarayonida yuklatilayotgan mas'uliyatni ham unutmaslik darkor.

To'yga zavqlanish, maroqli dam olish, to'y egalari quvonchiga sherik bo'lish uchun boramiz. Lekin san'atkorlar ham buni to'g'ri tushunishsa, koshki edi. Ba'zan dabdabali va quruq shovqinli to'ydan keksalarning boshi og'rib, qon bosimi ko'tarilib qaytish holati yuz bermoqda. Ochig'ini aytadigan bo'lsak, hech bo'lmasa, to'yda jonli ijro qilishsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Fonogrammani qo'yib davrani aldab, go'yo xonish qilishadi. Ovoz kuchaytirgichning gumburlashidan qo'shiq so'zini anglab bo'lmaydi, faqat shovqin eshitiladi. Yoshlar uchun buning ahamiyati yo'qdir, lekin to'yda o'rta yoshlilar va keksalar ham bo'ladi. Shu bois dasturga maqom qo'shiqlarni ham kiritish zarur. Shu yo'l bilan yoshlarda san'atning toji bo'lmish maqomga mehr uyg'onsa, ko'ngildagidek bo'ladi.

To'y — bu yigit va qizning orzusi ushalgan kun,

Qadamlari ostiga poyandoz to'shalgan kun.

Baxt tilaydi ularga dil-dildan yoru do'stlar,

Ezgu niyatin aytib, qalbini bo'shatgan kun.

Afsuski, o'zini ko'rsatib, maqtanchoqlik bilan to'y qilayotgan o'sha odamning uyida bir dona kitob topilmaydi. Ularning ayrimlari farzandlari kamolini o'ylashmaydi. Ilmli, bilimli qilib, yurt koriga yarashiqli bo'lishini orzulashmaydi. Hunar egallab, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishini, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishini o'ylashmaydi. Ko'proq to'yni dabdabali o'tkazib, maqtanishni bilishadi. Ularning nazarida to'y hayotdagi asosiy udum. Bil'aks, ajrimlarning ko'pi shularga daxldor.

Keyingi paytlarda isrofga yo'l qo'yiladigan boshqacha to'yni ham o'ylab topishdi odamlar. Haj va Umra ziyoratidan qaytgach, osh berib, ziyofat qilish urfga kirdi. Lekin diniy kitoblarda bu haqda hech qanday ma'lumot yo'q. Din ulamolari ham buni inkor etishadi. Yuqori tabaqadagi kishilar (bu so'zni aytishdan cho'chimayman) yig'ilganlarning har biriga sovg'a-salom ulashishini aytmaysizmi? Xullas, nazarimda, do'ppini boshdan olib, o'ylab ko'radigan davr keldi.

Kamxarj, ixcham to'ylar bizga yarashadi. Oshib-toshib ketayotganlar esa muhtojlarga yordam berib, saxovatpeshalik qilsalar, el orasida mehr-oqibat kuchayar edi.

To'y orqali oila bunyod etiladi. Prezidentimizning “Oila — mehr va baxt qo'rg'oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne'mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma'naviyat bor. Oilaviy baxt bu — eng ulug' saodatdir”, degan so'zlari har qanday qalbni junbishga keltiradi. Oilaning boshlang'ich qadami — to'y. Shunday ekan, uni har tomonlama maromiga keltirishimiz, mazmunan boyitib, esda qoladigan ixcham yo'llarini topishimiz lozim. Shunday o'tkazishimiz kerakki, kelin-kuyovning ko'ngli bir-biriga chambarchas bog'lansin, toki ular orasiga raxna tushishiga o'rin qolmasin. Bu borada mahallalar ham faollashishi zarur. Ayniqsa, keksa otaxon-onaxonlarning mahallalarda to'y haqidagi suhbatlarini bardavom uyushtirish yaxshi natija berishiga ishonaman.

Muqaddas ABDUSAMATOVA,

 O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

mehnat faxriysi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =