Tarozining ikki pallasi

yoxud cho'pon qasoskormi, xaloskor?

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida Surxondaryo viloyati Uzun tumanida sodir bo'lgan “Cho'pon va bo'ri” voqeasi haqida shov-shuvli xabar tarqaldi. Xabarning “xamirturushi” ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan videotasvirlar bo'lsa, uning “zuvala”si Surxondaryo viloyat ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan pishitilgan. Endi xabarning ichiga kirib boramiz.

Uning ibtidosida: “U qo'ylarini o'tlatib yurganida bo'ri hujum qilgan. Shundan so'ng yirtqich jonivorni ta'qib qilib, o'ldirgan. Holat bo'yicha unga nisbatan 8,2 million so'm miqdorida jarima qo'llandi”, deya e'tiborni tortuvchi jumlalar bor. Shu yerda “lirik chekinish”li bir mulohaza.

Cho'pon tayog'ini sudrab, “Cho'li iroq”ni xirgoyi qilib, qirlar bag'rida chorvasini sarxush o'tlatib yurar edi. Birdan qiyalikdan ko'zlari qonga to'lgan yirtqich qo'ylar podasiga hujum qildi. Dovyurak cho'pon o'z chorvasini yo'q qilmoqqa uringan bo'ridan jasorat bilan himoyalandi. U mardlarcha tajovuzkor dushman ortidan borib, uni yo'q qildi. Ta'kidlash joizki, bunga o'xshash syujetlar badiiy adabiyotlar va kinolarda ham to'lib-toshib yotibdi.

Cho'pon M.I.ning tushuntirish xatida ham shunga monand jumlalar bor. Xususan, “O'rganish jarayonida aniqlanishicha, holat 2025 yil 10 dekabr kuni Uzun tumani “Beshkapa” mahallasi hududida sodir bo'lgan. Fuqaro M.I. o'ziga tegishli bo'lgan qo'ylarni adirlik hududida o'tlatib yurgan vaqtida bo'ri hujumiga uchragan. Fuqaro chorva mollarining bir qismini himoya qilish, asrab qolish maqsadida bo'rini ta'qib qilganini, oqibatda bo'ri nobud bo'lganini yozma tushuntirish xatida bayon etgan”.

Endi bu yog'ini eshiting: fuqaro M.I.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 90-moddasi (ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 1-qismi asosida BHMning 20 baravari — 8 million 240 ming so'm miqdorida ma'muriy jarima qo'llangan (qaysi sud yoki idora tomonidan ekanligi noma'lum).

Chamamda, bayon etilgan modda ham aybdorga taqalganda qaeridir yopishmaganga o'xshayapti. Chunonchi, “Ov qilish va baliq ovlash qoidalari…” Cho'pon miltiq ko'tarib yoki qarmoq tutib ovga chiqqanmi? Shuningdek, bo'rini o'ldirib, terisini shilib, charmgarga, tishlarini to'kib, ko'cha-ko'yda it tishini bo'ri tishi deb laqma odamlarni chuv tushirib yuradigan firibgarlarga sotib, foyda ko'rishni ko'zlaganmi, shunisi mavhum. Shu nuqtada yana bir gap:

Bordi-yu, bo'ri uning bir-ikki bosh qo'yini bo'g'izlab, o'ldirib ketganida, bechora cho'pon qo'ylar xunini kim tomonidan va qay tarzda undirgan bo'lar edi? Bundan ham dahshatlisi, bo'ri (yirtqich) cho'ponni burdalab tashlaganda, oqibati yanada ayanchli bo'lishini tasavvur qiling-chi! Bilmadim-u, ekologlar (balki, boshqalar) “marhum bo'rivoy”ni yuvib-tarab, tantanali ko'mishdan avval u quturish yoki biron-bir xavfli kasallik bilan og'riganmi-yo'qmi, aniqlashganmi? Bunisi ham noma'lum.

Yoshi ulug'lar yaxshi bilishadi. O'tgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida podalarga bo'rilar hujum qilib, natijada ular cho'ponlar tomonidan o'ldirilganda, voqea sababchisi turlicha tarzda rag'batlantirilar edi. Chunki aksariyat hujum qilgan bo'rilarda u yoki bu xavfli kasallik borligi ma'lum bo'lardi. Voqeaga quyidagicha yondashsak-chi? Aytaylik, cho'ponning bo'ridan asrab qolgan bitta qo'yining taxminiy bozor bahosi 2 million so'm. Agar bo'ri bitta qo'yni nobud qilganida cho'pon shuncha zarar ko'rardi. U oltinrang bo'rini o'ldirib, 4 barobarning nari-berisida ziyon ko'ryapti. Ayrim manbalarda keltirilishicha, bitta qo'y 10 yilda 1024 taga aylanar ekan. Shuncha davrda qancha bo'rivachcha tug'ilishi haqida esa ma'lumot topa olmadim.

Xudo ko'rsatmasin-u, o'sha cho'ponning o'rnida voqeani bilib-bilmay ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan, shu xususda bayonnoma rasmiylashtirgan, jarima hukmini chiqargan shaxslarning o'zi yoki biron-bir yaqin kishisi bo'lganida vaziyat qanday kechardi? Savol to'g'rimi? “Pichoqni avval o'zingga ur, og'rimasa birovga” degan maqolni xalqimiz nega o'ylab topganini jindek mulohaza qilishimiz kerak emasmi? Albatta, hayvonot dunyosiga rahm-shafqatda bo'lish shart. Bu muqaddas kitoblarimizda, ibratli rivoyatlarda ham bayon etilgan. Lekin o'sha manbalarda yirtqich hayvonlardan himoyalanish, insonga yetkazilgan ziyon-zahmat mezonlari ham bayon etilgan. Aniqrog'i, hayvonotning insonga yetkazgan zarariga nisbatan xuni ham ta'kidlab o'tilgan. Har ne bo'lganda ham, inson zoti aziz va mukarramdir. Nazarimizda, uzunlik cho'ponga, ta'bir joiz bo'lsa, “ura-urachilik sadosi” ostida chiqarilgan jarima jazosi “uzuq-yuluq”qa o'xshab tuyulyapti. Qolaversa, halizamon yozganlarimiz xususida tarozining bir pallasiga marhum bo'rining oqlovchilari, ikkinchi pallasiga Yaratganning buyuk ne'mati — insonni ulug'lovchilar ham chiqib kelishadi. Bunga shubha yo'q.

Xullas, bizningcha “cho'pon va bo'ri” voqeasi qayta ko'rib chiqilmog'i, jazo chorasi adolatli bo'lishi kerak!

Sayidolim HAYDAROV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − ten =