Umr nizomi
Sirojiddin SAYYID,
Özbekiston xalq şoiri
Professor
Nizomiddin Mahmudovga
Ilmu zahmatni bir vujudda kördik,
Jismu jon atalmiş hududda kördik.
Olimlar payğambar vorislaridir,
Ilm ahlin bir umr sujudda kördik.
Ajib holotlar bor til va dil aro,
Dilni qon — tilni gar sukutda kördik.
Burgutda kördik gar dil parvozini,
Tilning jilosini hudhudda kördik.
Örxunkeldilardan tingladik kalom,
Mavjlarin Ustyurt ham Surgutda kördik.
Navoiydan oldik Çorkitoblarin,
Çorçinorlarini Urgutda kördik.
Elimning kamtarin olimlari bor,
Umrini sabr ila subutda kördik.
Bibi Ubaydadir asli Buvayda,
Nomlarin allayu surudda kördik.
Igna bilan quduq qazguvçi zotlar,
Mehnatin şu elu, şu yurtda kördik.
Umr yillarining har soniyasin
Ustoz çaqib turgan gurgutda kördik.
Asli ikki asr yetmiş beşdadir,
Maʼnisin bu kungi mavludda kördik.
Ilmning nizomu intizomini
Domla Nizomiddin Mahmudda kördik.
23.01.2026 yil.
