Ikki dunyo saodatini topgan zot

“Boburnoma”. Mirzo Bobur kemalari.

“Boburnoma”. Chandir qal'asining ishg'ol etilishi.

Xalqimiz orasida hamyurtimiz Zahiriddin Muhammad Boburni “shoh va sarkarda”, “yor va diyor kuychisi”, “zukko tarixchi”, “hassos shoir” deb atash rusumga kirgan. Bizningcha, bu sifatlashlar buyuk Boburga kamdek tuyuladi. U, bir tomondan olib qaraganimizda, Andijon ahli ichida tez-tez uchrab turadigan chapani, chayir, hech qachon tinim bilmaydigan, kunduzlari oftob kabi bag'ri issiq, o'z mehrini atrofdagilardan aslo ayamaydigan, tunlari mohtob singari sergak, nurli, orom bilmas insondek tuyuladi. Ikkinchi tomondan, unda Yaratgan egam bisyor ato etgan va kamdan-kam insonda topiladigan ilohiy kuch-qudrat, o'tkir fahm-farosat, kuzatuvchanlik, tengsiz yetakchilik mujassam edi.

Bobur haqida zamondoshlari, yaqinlari, ilm ahli juda “ko'p va xo'b yozgan”. Jumladan, “O'n oltinchi asr bunyodkori” asari muallifi, ingliz adibi Uilyam Rashbruk shunday deb yozgan edi: “Shaxsiyati va axloqida turkiy madaniyatning eng go'zal qirralari uyg'unlashgan, adolatli hukmdor va go'zal xulq-atvor sohibi hamdir. Sinchkovligi, kuzatuvchanligi, mavjud vaziyatdan olgan taassurotlari, atrofidagi odamlar haqidagi mulohazalari kishini hayratga soladi”.

Boburning buyukligi va xalqimizga suyukligi nimada? Gap shundaki, u ham boshqalar qatori oddiy inson bo'lgan, lekin taqdir sinovlariga tan berib, qo'l qovushtirib o'tirmagan. Yuqorida aytganimizdek, yuksak darajadagi aql-idroki, tafakkuri, sabr-toqati, matonati bilan qisqa, lekin o'ta mashaqqatli, sermazmun hayot yo'lini bosib o'tgan. Taassufki, unga o'zi tug'ilib voyaga yetgan Movarounnahr tuprog'ida o'z orzularini amalga oshirish, Samarqand taxtida davru davron surish nasib etmadi. Uning ruboiylari ichida shunday bir namuna bor:

 

Ko'ngli tilagan murodig'a yetsa kishi,

Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.

Bu ikkisi muyassar bo'lmasa olamda,

Boshini olib bir sorig'a ketsa kishi.

 

Bu satrlarda go'yo Boburning dil ohlari, yuragining tub-tubidagi orzu-umidlari, armonlari yashirinib yotgandek tuyuladi. Ana shu armonlarining natijasi o'laroq afsonaviy Hind yerida buyuk Boburiylar saltanatiga asos soldi.

Uning hayotiga chuqurroq nazar solsak, shunga ishonch hosil qilamizki, u nafaqat davlatni boshqarish va harb ishida, balki har sohada zamondoshlarining eng oldindagisi, ildami bo'ldi. Hamisha adolatni tug' qilib, islomning muborak yalovini qo'lida malollanmay ko'tarib yurdi, oddiy muammolardan tortib eng og'ir masalalarni hal etishda haqiqatga tayandi, ro'yirost so'zladi. Garchi taqdir Boburni o'z yurtidan olis-olislarga olib ketgan bo'lsa-da, u hamisha ona diyor, Vatan sog'inchi bilan yashadi.

 

Beqaydmen-u xarobi siym ermasmen,

Ham mol yig'ishtirur laim ermasmen.

Kobulda iqomat qildi Bobur, dersiz,

Andoq demangizlarki, muqim ermasmen, —

 

degan satrlar uning xarakteridagi biz bilmagan yana bir muhim jihatlarni ochishga xizmat qiladi.

Bobur ota-bobolarimizdan meros bo'lib avloddan-avlodga o'tib kelayotgan adolat, haqiqat, rahm-shafqat, saxovat kabi chinakam insoniy tuyg'ulardan bebahra bo'lmagan, balki ularni o'zining qalb go'zalligi, aql-zakovati bilan uyg'unlashgan holda yuzaga chiqara olgan chinakam insonlardan biridir.

Uning ijodi vatanparvarlik, yurtparvarlik, xalqparvarlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik g'oyalari bilan chuqur sug'orilgan. Bugungi shiddatli, tahlikali zamonda uning ijodida yosh avlodga ibrat bo'lgudek jihatlar istagancha topiladi. Bular unga bolalik chog'laridayoq singdirilgan fazilatlar edi.

Bolalikdan janggohlarda umri o'tganiga qaramasdan, “Devon” yaratdi, “Harb ishi”, “Mufassal”, “Mubayyin”, “Musiqa ilmi” kabi asarlarini yozdi, “Xatti Boburiy”ni kashf qildi, Xoja Ahror Valiyning “Volidiya” asarini turkiyga tarjima qildi. U hind, afg'on yerlariga qurol ko'tarib, ularni talash, parokanda qilish, dahshat solish, boylik orttirish uchun emas, Yaratganning izmi bilan ularni birlashtirish, jipslashtirish, tarqoq qabilalarni yagona davlat bayrog'i ostiga to'plash maqsadida bordi. Garchi o'sha davr taqozosi bilan ona yurtini tashlab chiqib ketgan bo'lsa-da, umr bo'yi unga intilib yashadi, Vatanidan uzoqqa ketishni “yuzi qoralik” deb bildi, o'zga yurtda shoh bo'lsa ham, o'zini benavo, miskin, g'ariblar qatoriga qo'shdi. Uning barcha asarlarida bu ruh ustunlik qiladi. Bobur ruboiylarining birida shunday deb yozadi:

 

Ko'pdin berikim, yoru diyorim yo'qtur,

Bir lahzayu bir nafas qarorim yo'qtur.

Keldim bu sori o'z ixtiyorim birla,

Lekin borurimda ixtiyorim yo'qtur.

 

Bunday haroratli, o'tli, ko'ngil isyoni ufurib turgan misralarni bitish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Bu kabi Vatan, ona diyor sog'inchi, ushalmas orzu-armonlar shoirning “G'urbat ichra, ey ko'ngil, eldin vafo istarni qo'y, Chun vafosin ko'rmading hargiz diyoru yorning”, “Dema Boburga netarsen, bosh olib ketmak ne? Tengrining xosti mundoq esa, men netgaymen?”, “Yuz javru sitam ko'rgan, ming mehnatu g'am ko'rgan, Osoyishe kam ko'rgan mendek yana bir bormu?” ko'rinishidagi satrlarida bor bo'y-basti bilan namoyon bo'ladi.

Ayniqsa, bu holat adibning “Boburnoma” asarida katta mahorat bilan qalamga olingan. Bobur Movarounnahrdagi shaharlarni, ulardagi nabotot va hayvonot olamini, tarixiy shaxslarning xarakterlarini tasvirlaganda, ularga cheksiz mehr-muhabbat bilan, farzandlik tavozesi bilan yondashadi. Xususan, Andijon haqida: “Oshlig'i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo'lur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm ermas. Andijonning noshpotisidan yaxshiroq noshpoti bo'lmas. Eli turkdur. Shahr va bozorasida turki bilmas kishi yo'qtur. Elining lafzi qalam birla rosttur”; Samarqand haqida: “Bu rub'i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Uzumi va olmasi va qovuni va anori, balki jami' mevasi xo'b bo'lur. Xo'b nonvoliqlari va oshpazliqlari bordur. Olamda yaxshi qog'oz Samarqanddin chiqar”; Marg'ilon haqida: “Pur ne'mat; anori va o'rugi asru xo'b bo'lur. Bir jins anor bo'lur, “dona kalon” derlar, chuchukligida zardolu mayxushligidin andak choshni bor”; Axsi haqida: “Qovuni yaxshi bo'lur. Bir nav' qovundurkim, “Mir Temuriy” derlar, andoq qovun ma'lum emaskim olamda bo'lg'ay” singari haqqoniy so'zlarni yozish, xolis baho berish uchun shu yurtni sevish, uning har bir qarich yerini, bu yerlarning xossalarini mukammal bilish zarur edi. Hazrat Boburda bu fazilatlarning barchasi mujassam bo'lgan.

Ikkinchidan, Bobur xarakterida unga temuriylardan meros bo'lib o'tgan to'g'rilik, rostlik, har bir ishga adolatpeshalik bilan qarash fikri kuchli edi. Amir Temurning “Kuch adolatdadir” degan shiori unga ham o'tgan bo'lib, har bir hodisaga yondashganda, bu shior unga madad bo'ldi. Bu haqda Bobur “Boburnoma”da otasi Umarshayx Mirzodan ibrat bo'lib qolgan bir voqeani qalamga oladi: “Adolati bu martabada ediki, Xitoy karvoni keladurganda, Andijonning sharqiy tarafidag'i tog'larning tubida ming o'yluk karvonni andog' qor bosdikim, ikki kishi qutuldi. Xabar topib muhassillar yiborib, karvonning jami' jihotini zabt qildi. Har chandikim vorisi hozir yo'q erdi, bovujudki ehtiyot saxlab, bir-ikki yildin so'ngra Samarqand va Xurosondin vorislarini tilab kelturub, mollarini solim topshurdi”. Otasidan o'tgan bu fazilatga Bobur taxtda o'tirganida ham, qo'lida qilich tutib jangga kirganida ham, g'amli kunlarida ham, shodon onlarida ham sodiq bo'lib qoldi.

Masalan, Qorabog' yaqinidagi Oqsaroy degan joyda “Seydim Ali darbonning bir o'bdon navkari birovning bir ko'za yog'ini tortib olg'an uchun eshikka kelturib, tayoqlattim, tayoq ostida-o'q joni chiqdi”, deb yozadi. Qalot degan joyda Hindistondan kelgan savdogarlarni “Aksar barin bo'ldilarkim, mundoq yog'iylik mahalda yog'iy viloyatig'a keladurganni talamoq kerak, men rizo bo'lmadim. Dedimkim, savdogarning ne gunohi bor?” — deya ularga ozor yetkazishlariga yo'l qo'ymaydi.

Ayniqsa, Boburning halolligi, pok e'tiqodliligi, to'g'ri so'zligi temuriy shohlarga, shahzodalarga, sarkardalarga, ularning ulamolariyu umarolariga bergan ta'rifu tavsiflarida yaqqol namoyon bo'ladi. Bu borada Bobur o'z otasidan tortib tog'alarigacha, amakilariyu yaqinlarigacha — barchasining yaxshi-yomon tomonlarini birma-bir tasvirlab o'tadi. Bu narsa biz — bugungi avlodga, ayniqsa, sabr-toqat, qunt, hafsala borasida biroz shoshqaloqlik qilayotgan, ilm-hunar o'rganish borasida o'z ustida tinimsiz ishlashi lozim bo'lgan yoshlarga har tomonlama o'rnak bo'lishi darkor. Masalan, Bobur otasining yaqinlaridan Ali Mazidbek qavchinning “munofiq va fosiq va haromnamak va yaramas kishi” ekanini tasvirlaydi. Hasan Yoqubbekning “kichik ko'ngullik, yaxshi ta'blik, chust va chasponlik, mardona” ekanligini aytib, shu bilan birga “ichi tor va kam hafsala va xudpisand va qattiq so'zluk va sovuq yuzluk kishi edi”, — deb baho beradi. Bundan tegishli xulosalar chiqarishimiz kerak.

Uchinchidan, Bobur o'z zamonasining ilg'or fikrli, ma'rifatli kishilaridan biri sifatida yaratish, yangi binolarni, bog'u rog'larni, saroylarni qurish bilan mashg'ul bo'ldi. O'z yurti Andijonu Samarqandda qura olmagan binolarni Afg'onistonda, Hindistonda barpo etishga harakat qildi. Uning bu boradagi sa'y-harakatlarini e'tirof etgan ingliz adibi Vilyam Rashbruk Boburni “O'n oltinchi asr bunyodkori” nomi bilan ulug'lab, u to'g'risida asar yaratgan. “Boburnoma”da uning bunyodkorligini, yaratuvchanligini tasdiqlovchi satrlarga juda ko'p duch kelamiz. Masalan, “Odinapur qo'rg'onining olida, janubiy tarafida, bir balandida tarixi to'qqiz yuz o'n to'rtta bir chahorbog' soldim”; “Istalifcha kent ma'lum emaskim xeyli yerlarda bo'lg'ay. Ulug' rud kentning ichidin oqar. Bu kentta Bog'i Kalon otlig' Ulug'bek mirzoning bir mag'sub bog'i bor erdi. Men egalariga baho berib oldim. Bog'ning o'rtasidin bir tegirmon suyi hamisha joriydir. Bu ariq yoqasida chinorlar va daraxtlardur, burun ariq egri-bukri va besiyoq erdi. Men buyurdimkim, bu ariqni reja va siyoq bila qildular. Bisyor yaxshi yer bo'ldi”, — deya o'zining bunyodkorlik borasidagi ishlarini e'tirof etadi. Xuddi shunday ulug' ishlarni G'azni, Kobul, Agra, Piro'zpur, Dulpur degan joylarda amalga oshirdi, joylar tanlab, bog'lar barpo etdi, atrofini obod qildi.

Boburning yaratuvchanligi uning Farg'onadan mevali daraxt ko'chatlarini afg'on, hind yerlariga olib borib ektirishida ham ko'rinadi. Bu haqda uning o'zi shunday deb yozadi: “Kobul va kentlarida sardseriy mevalardin uzum va anor va o'ruk va olma va bihi va amrud va shaftolu va olu va sanjid va bodom va yang'oq ko'ptur. Men olu-bolu niholi keturib ekturubmen, yaxshi olu-bolular bo'ldi va hanuz taraqqiyda edi”. Bunday holat ilm-fanda iqlimlashtirish deb ataladi.

To'rtinchidan, Bobur yashagan davr jangu jadallarga, to's-to'polonlarga to'la, shiddatli bir davr edi. Har bir yigit kishi chavandozlik, qilichbozlik, kamonbozlikdan boxabar bo'lishi talab etilardi. Bobur saroy tarbiyasini ko'rgan shaxs sifatida bularning barchasidan nafaqat xabardor bo'lgan, balki u o'sha davrning mard va qo'rqmas, matonatli, shijoatli jasur jangchilardan, sarkardalardan, urush taktikasini mukammal egallagan sara lashkarboshilardan biri edi. Ot minishda, qilichbozlikda, suzishda, kamon otishda unga teng keladigan navkarlar kam bo'lgan. Bobur janglarda toblangan, purtajriba, harb ishining hadisini olgan hukmdorlardan sanalardi.

“Boburnoma”dan olingan “Mahkam zarb sovuq edi. Ul martabada sovuq edikim, ushul ikki-uch kunda ikki-uch kishi bu orada sovuqning shiddatidin o'lub edi. Bir ariq suyidakim yoqalari qalin muz to'ngub edi, o'rtasi suvning tezligi jihatidin yax bog'lamaydur edi, bu suvg'a kirib g'usl qildum. O'n olti qatla suvg'a cho'mdum. Suvning sovuqlig'i xeyli ta'sir qildi”, — degan satrlar Boburning jismoniy jihatdan toblanganini, baquvvatligini ko'rsatib turibdi. U janglarda yuz, balki ming bor yog'iy bilan yuzma-yuz kelgan, ammo qo'rqib ortiga chekinmagan, har vaqt dushmaniga tik boqib, ularga qarshi mardonavor kurashgan. “Yog'iyni ko'chadin qochirub tuzg'a chiqorib, qilich tegurur mahalda otimning oyog'iga o'qladilar. Otim bukilib, yog'iyning o'rtasig'a meni yerga urdi”; “Ahmad Yusufbek iztiroblar qilib, har zamon aytadurkim: — Yalong'och mundoq kirib borasiz, ikki-uch o'qni ko'rdumkim, boshingizdin o'tti. Men dedimkim: — Siz mardona bo'lung, mening boshimdan bundoqlar xeyli o'tubtur”; “O'zum bila andisha qildim. Dedimkim, kishi agar yuz, agar ming yashasa oxir o'lmak kerak”; Har necha dedilarkim, havolga boring, bormadim. Ko'ngulga kechdikim, borcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda va va istirohat bila munda borcha ulus tashvish bila mashaqqatta, men munda uyqu bila rohatta. Muruvvattin yiroq va hamjihatlikdin qiroq ishdur. Men ham har tashvish va mashaqqat bo'lsa ko'rayin, har nechuk el toqat qilib tursa turayin, bir forsi masal bor: “Marg bo yoron surast” (Do'stlar bilan birgalikdagi o'lim to'ydir).

Umuman olganda, biz — bugungi avlod Zahiriddin Muhammad Boburdan har tomonlama o'rnak olsak arziydigan jihatlar bisyor. Undagi insonparvarlik, vatanparvarlik, keng mulohazalilik, mardlik va jasurlik bizga haqiqiy ibrat maktabidir.

Abdulhay SOBIROV,

filologiya fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − nine =