“O'zungni shod tutgil, g'am yema dunyo uchun zinhor…”

Atoqli navoiyshunos olim, zukko munaqqid, filologiya fanlari doktori

Ibrohim HAQQUL bilan muloqot

O'zbek adabiyotshunosligida filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul nomi alohida o'rin tutadi. U bir umr Navoiy va Bobur singari ulug' zotlarning asarlarini xalqimizga targ'ib-tashviq qildi, u zotlar yaratgan hikmatlar mag'zini chaqishda keksa-yu yoshga saboq berdi. 

Darhaqiqat, Ibrohim Haqqulchalik sermahsul va ko'p kitob yaratgan adabiyotshunoslar sanoqlidir. Uning “O'zbek adabiyotida ruboiy”, “Zanjirband sher qoshida”, “Tasavvuf va she'riyat”, “Kamol et, kasbkim”, “Uvaysiy she'riyati”, “Badiiy so'z shukuhi”, “Navoiyga qaytish” singari yigirmadan ortiq kitoblari nashr etilgan. Bu asarlar hamisha adabiyot muhiblari tomonidan sevib mutolaa qilinadi.

“Adabiyot o'lmaydi!” deya bong urgan edi mashhur adiblardan biri. Chindan ham haqiqiy ijodkorlar, ular bitgan sermazmun asarlar, shu jumladan, haqiqiy olimlar yozgan kitoblar, aytgan so'zlar ham o'lmaydi. Chunki hamisha tirik, barhayot fikrlar mangulikka daxldor bo'ladi. 

Taniqli jurnalist, adiba Amina Qodirovaning hassos olim Ibrohim Haqqul bilan quyidagi suhbati shu vaqtgacha matbuotda to'laligicha e'lon qilinmagan. Garchi bugun adabiyotshunos olimning o'zi hayot bo'lmasa-da, u kishi tomonidan aytilgan fikrlar juda dolzarb, muhim ahamiyatga molikdir. Shu boisdan ham Ibrohim Haqqul bilan Bobur Mirzo ijodi, uning go'zal, barkamol ta'limoti haqida qilingan muloqotni e'lon qilishni joiz deb bildik.

— Ibrohim aka, Bobur haqidagi bir maqolangizda “Bobur biz uchun eng yorqin, eng mahobatli bir yulduz. Bu yulduz ham juda olis, ham behad yuksak. Uning zavqbaxsh nuri hech qachon so'nmaydi. Ana shu musaffo nur bizu sizning ong va idrokimizning yorishuviga xizmat qiladi. Bundan qariyb besh asr muqaddam shunday bo'lgan. Hozir ham shunday. Keyin ham shunday bo'lib qolaveradi”, deb yozgansiz. Ayting-chi, Boburning buyukligi shohligidami yoki shoirligida?

— Dunyoda Mirzo Boburga o'xshash shoh va saltanat sohiblari ko'p bo'lgan. Lekin ular orasida aynan Boburga o'xshaydiganlari yo'q. Shuningdek, tarixda shoirlik bilan mashg'ul bo'lgan hukmdorlar kam edi deysizmi? Ular orasida didi, saviya, zavq va iste'dod e'tibori ila Boburga tenglashadiganlarini topish qiyindir. Demak, Boburning buyukligi, eng avvalo, betakror va benazir shaxsiyatida. Bilasizki, Olloh insonni faqat baxtsizlik, musibat va qiyinchiliklar bilan emas, iste'dod va baxt berib ham, taxt berib ham sinaydi. Bu sinovlardan omon-eson o'tish, hayotiy va ilohiy imtihonlar chog'ida mardona qad rostlab, haqiqat, to'g'rilik, shijoat yo'lidan adashmaslik, bu – nihoyatda og'ir va qiynoqli ish. Hamma ham bardosh berolmaydi bunga. Barchaning ham kuch va jur'ati yetavermaydi bunga. Shuning uchun birovlar taqdirning ilk zarbasidayoq ishonch-e'tiqodidan yiroqlashadi. Qo'rquv va nochorlik ayrimlarning shaxsini sindirib, parchalab tashlaydi. Kimlardir “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” qabilida ish ko'rib, ikkiyuzlamachilik, riyokorlik bilan “zafar”ga erishish “usuli”ni tanlaydi va hokazo.

“Tangri taoloning inoyati bilan va Hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining beshida sakkiz yuz to'qson to'qqizda Farg'ona viloyatida o'n ikki yoshta podshoh bo'ldum”, – deydi Bobur. O'n ikki yoshda podshoh bo'lishni tasavvur etish mumkin. Lekin omonsiz davr quyunlari o'n ikki yoshli taxt sohibining boshiga yog'ilib kelishi, zamon uning jangu jadallar, qonli kurashlar, xiyonat, jinoyat va mag'lubiyat girdobiga tashlashi, uzluksiz ravishda notinchlik, mehnat-mashaqqat va bir-biridan og'ir, biri ikkinchisidan qaltis xavf-xatarlarga yuzma-yuz etishi – buni xayoldan o'tkazish, qabul qilish qiyin, albatta. Bobur:

Davron meni o'tkardi saru somondin,

Ayirdi bir yo'la meni xonumondin,

Gah boshima toj, gah baloyi ta'na,

Nelarki boshimg'a kelmadi davrondin, –

deganida mutlaqo haq edi. Bobur ulug' aql, metinday mustahkam iroda, nihoyatda o'tkir va munavvar farosat sohibi edi. U tangrining inoyati, hazrat Rasulullohning shafoatiga hamisha ishongan. Ammo dahr va davron uning ruhini ezib, jonini chig'iriqdan o'tkazgan onlarda taxt da'vosidan kechishni, boshni olib biror yoqlarga ketishni, hatto o'limni so'nggi najot deb o'ylagan. Bobur bu xususdagi fikr va tuyg'ularini ham asarlarida ochiq-oydin izhor etadi. Ya'ni tomirlarida jahongirlik qoni gupurgan Mirzo Bobur hech vaqt o'zini yengilmas, mard, jasur qiyofada ko'rsatishga urinmaydi. Doimo borni – bor, yo'qni – yo'q, oqni – oq, qorani – qora deydi. Uning mana bu fikrlariga diqqat qiling:

O'lum uyqusiga borib jahondin bo'ldum osuda,

Meni istasangiz, ey do'stlar, ko'rgaysiz uyquda.

Nekim taqdir bo'lsa ul bo'lur, tahqiq bilgaysiz,

Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.

O'zungni shod tutkil, g'am yema dunyo uchun zinhor,

Ki bir dam g'am yemakka arzimas dunyoyi farsuda…

Albatta, bular jangu jadal, ranju riyozat, g'avg'oyu nadomatdan bezgan va xayoliy bir osudalikka muhtoj ko'ngulning gaplari. Ayni paytda uning o'limni xotirlab, tiriklik quvonchini olqishlashi, dunyo haqidagi orifona hukmiga qoyil qolasiz. Bobur deyarli hech bir masalaga tor qaramaydi. Uni o'zining mayl va manfaatiga moslab hal qilmaydi. Uni axloqiy-diniy, ma'rifiy-huquqiy asoslaridan ajratmaydi.

Xullas, shaxsi fazilatlarga boy, e'tiqodi but, elparvar, hayotsevar va ma'rifatli bir hukmdor bo'lsa, Boburday bo'ladi. Bir qo'lida qilich, bir qo'lda qalam ushlab yovuzlik, razolat, tubanlik, jaholat va xiyonatga qarshi borgan alp bir kurashchi bo'lsa, Bobur qadar bo'lar.

Ko'ngli tilagan murodig'a yetsa kishi,

Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.

Bu ikki ish muyassar o'lmasa olamda,

Boshni olib bir sorig'a ketsa kishi.

— Bu olamda har bir narsa sir-sinoatga to'la. Uni anglab yetmoq uchun insonda aql, tafakkur, bilim bilan birga ko'ngil ko'zi ham ochiq bo'lmog'i kerak. “G'unchadek ko'nglum maning…” deb fig'on chekkan Mirzo Bobur ijodini yoritib turgan shu'la uning dilbar qalbi – ming bor sinsa-da, yana qalqib chiqqan quyoshdek porloq ko'ngli emasmi?

— She'riyat – boshqa olam, siyosat – boshqa olam. Shoirlik – boshqa bir hunar, shohlik – mutlaqo boshqa bir faoliyat. Saltanat yo'li… aql, tadbir, huquq, qonun, hukmronlik yo'li. She'riyat yo'li – ruh, ko'ngil, taxayyul, nafosat va go'zallik yo'li. She'riyat ong qashshoqligi, qalb dardi, ruhoniy sayozlik, tafakkur ravnaqiga chora axtaradi. Siyosatni esa ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy, huquqiy muammolar ko'proq qiziqtiradi. Siyosatchining tili – aql va mantiq tili, shoirning tili – ko'ngil va tuyg'u, nafosat va go'zallik tili. Shuning uchun shoirning aqli ham, mantiqiy mulohazalari ham estetik mushohada yoki idrokka albatta bo'ysunadi. Aks tarzda obrazli tasvir to'g'risida gap ham bo'lishi mumkin emas. Ana shu sabablarga ko'ra ham shoirlikni shohlik bilan, shohlikni shoirlik bilan birlashtirish juda mushkuldir. To'g'ri, Sharqda she'r yozgan, shoir sifatida tarixda iz qoldirgan podshohlar bisyor bo'lgan. Ammo ularning ko'pchiligida shoirlik maqomi hukmdorlik mavqeidan past turadi. Boburda bunday emas. Boburning shohligi na iste'dodi, na ijodiy qiyofasiga soya tashlolmaydi. Aksincha, hukmdorligini ilmiy-ijodiy, fikriy-ma'rifiy fazilatlar boyitadi. Bobur podshohlik bilan shoirlik rost kelavermasligini yaxshi bilgan. Bobur o'z memuarida zohiriy safar, sarguzasht va kurashlarini bayon etgan. She'rlarida esa u ko'ngil va ruh sayohatiga daxldor ma'no hamda tuyg'ularni tasvirlab beradi. Chindan ham ko'ngil Bobur ma'naviy hayotining eng so'nmas, eng ko'rkam vodiysi erur…

— Tasavvuf go'zal axloq va ruhiy barkamollik ta'limoti. Shu bilan birga qalbni quvvatlantirib, ko'ngilni g'uborlardan tozalab, latiflashtiruvchi tajribadir. Boburning tasavvuf ­dunyosi bilan aloqasi bormi, bo'lsa u qay darajada? Oriflik Bobur she'riyatining jozibasimi yoki tasavvufiy zavq hosilasimi?

— Haqiqatan, tasavvuf go'zal axloq, ruhiy barkamollik ta'limoti. Tasavvufda Olloh va inson munosabati, komillik va ilohiy birlikka erishish muammolari asosan Ishq va Ko'ngil sirlarini ochish yo'li bilan hal qilib beriladi. Bu sirlar shu darajada nafis, jozibali va teranki, befarq qolishning iloji ham, imkoni ham yo'q. Tasavvufiy hayot – ko'ngil hayoti. Bu hayotning zamini ma'rifat, samosi ruhoniyat, quyoshi ishq, mohiyati oshiqlikdir. Oshiqlik, birinchi navbatda, go'zallik tasarrufidagi hol sohibi bo'lish deganidir. Shuning uchun tasavvuf ilmi “ilmi hol” ham deyilgan. Ishqdan tug'ilgan, ma'rifat va haqiqat quchog'ida parvarish topgan, dard va iztirob otashida toblangan hol kamolini bir tasavvur eting! Aniq ishonamanki, dunyoning biror-bir qo'polligi, sayozligi, yovuzlik va chirkinligini qabul qilolmaysiz. Hol zavqi ruhni quvvatlantiradi. Ruh nima qiladi? Ishq va go'zallik, mehr va ezgulikka “mulozim” bo'lishga yaramaydigan barcha his, barcha nafsoniy mayl va ehtiroslardan kechishni talab etadi. Bu haqda o'ylaganda Boburning munojot ohangida bitilgan bir ruboiysi beixtiyor yodga keladi:

Ruhum yaratib eding latofat birla,

Qilding anga tanni hamroh ofat birla,

Ruhumni chu tan eviga kelturding pok,

Mundin bori elitma kasofat birla.

Darhaqiqat, ruhning vujuddagi hamrohi bir ofat bo'lib, u nafsu havodur. Ruh latifligini nafs kasofatidan muhofaza aylashga urinish tasavvufiy hayot tajribasidan bahs yuritishning ayni o'zi hisoblanadi.

Bobur – orif shoir. Uning ma'rifati hammadan avval odamni va odamiyatni tushunishga qaratilgan. Uningcha, odamni anglash – odamning dardi, holi va qadrini anglashdir:

Bedard habib bilmadi dardimni,

Tufroqcha ko'rmadi ruhi zardimni.

Mendin necha ko'nglida g'ubori bo'lg'ay,

Ketdim muna emdi topmagay gardimni.

Bunday samimiy, tabiiy va hikmatli misralar o'quvchini kitobiy, sun'iy, yaltiroq va balandparvoz so'zlardan to'qilgan she'rlarga qayrilib ham qaramaslikka o'rgatadi. Bu ham juda muhim, albatta.

— Bobur ruboiylari bilan adabiyotimizda yangi sahifa ochdi. Oybek “Bobur ruboiylari shoir poeziyasining cho'qqisidir”, deganda nimani nazarda tutgandi? Umuman, Bobur ruboiyotidagi g'oyaviy-badiiy o'ziga xoslik nimalarda yaqqol ko'zga tashlanadi?

— Dunyo-ku na g'am, na e'zozga arzimas ekan, arzirlisi nima? Boburning dilbar she'riyatidagi g'azal va ruboiylarning har biri go'yo mana shu savolga bir javobdir. U ahli jahondan yaxshilik kutmaydi. Zamondan yaxshilik chiqmasligini biladi. Biroq yaxshilikning sharofati va istiqboliga ishonchdan chekinmaydi, chekinmaslik zarurligini ham ta'kidlaydi:

Bori elga yaxshilig' qilg'ilkim, mundin yaxshi yo'q,

Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig'.

Bobur Sharq she'riyatining qadimiy janri bo'lmish ruboiyning ma'no olami, ruhi va ohanglarini yangilay olgan edi. U ruboiy shaklining imkoniyat va talablariga asoslanib o'zbek ruboiyotini yangi taqdir, yangi fikr-qarash, yangi-yangi obrazli tasvir va badiiy bo'yoqlar bilan boyitdi. Boburning ruboiylari – uning dil izhori, dard, hasrat va armonlarining ochiq bayoni, yurt hijroni, davr, zamon va inson tolei haqidagi ishqiy, falsafiy, mushohadalarining haqqoniy ifodasidir. Shu ma'noda Bobur ruboiylarini qancha yuqori baholasa ham arziydi. Bobur ruboiylari sevilib o'qiladi. Ular to'g'ridan-to'g'ri yurakka kirib boradi. Aql-idrokni nurlantiradi. O'zingni tanish, mavjud ahvolingni bilishda adashmaslikka o'rgatadi. Ma'naviy-ruhiy quvvat qaynoqlarini ochadi. Aql-hushi, fahm-farosati joyida bo'lgan har bir o'zbek mana shu uchun ham shukrona aytishga burchlidir. Albatta, Bobur ruboiylarini o'qiganda buyuk bir armon va sog'inch hissi dilni o'rtaydi. O'z maydaliging, bechoraligingdan qayonga qochishni bilmay qolasan. Shunda seni o'ylatadigan, suyaydigan qadrdon so'zlar xotiraga keladi:

Ne chora qilay, netayki, tengri go'yo,

Mehnatni menga yor etti, mehnatqa meni…

— Tarix inson uchun ruhiy quvvat bo'lishi bilan birga katta saboq maktabi hamdir. Ayting-chi, biz “Boburnoma”ni faqat moziyda bo'lib o'tgan voqea-hodisalardan saboq chiqarish uchun o'rganishimiz kerakmi yoki uning boshqa muhim sabablari ham bormi?

— “Boburnoma” – boshdan-oxir hayot kitobi, real hayotda kechgan, lekin ma'no-mazmuni behad xilma-xil voqea-hodisalar tasvirlangan qomusiy kitobdir. Uning qomusiy xarakteri muallifining qomusiy iqtidori va salohiyatidan yuzaga chiqqan. Ayni paytda, “Boburnoma” Shaxsning tarixdagi roli, o'ziga xos xizmati, kurash yo'li, maslak va matonatini ko'rsatuvchi ibratli asar hisoblanadi. Undagi markaziy qahramon, albatta, Mirzo Bobur. Shuning uchun o'n ikki yoshida Farg'ona taxtiga chiqqan o'spirin shahzodaning shaxs sifatidagi shakllanishi, mustaqil va mustahkam bir davlat bunyod etish maqsadidagi amallari va podshohlik taqdirini o'quvchi qiziqish bilan kuzatib, yanada kuchliroq qiziqish ila bilib, mushohadadan o'tkazib boradi. U kuzatgan, bilgan, yoqlagan yoki inkor aylagan voqea-hodisa va ma'lumotlarning aytarli barchasi, eng avvalo, Boburning kimligi, insoniy mohiyatining tub asoslanganini chuqur anglashga xizmat qiladi. Bunda Bobur xarakteridagi ochiqlik, xolislik, to'g'rilik va javonmardlikning joziba quvvatini esga olmaslikning iloji yo'q. Muddao yanada ravshanlashishi uchun bir misol keltirmoqchiman. Abdulla Qodiriy “O'tkan kunlar” romanida Otabekning “Boburnoma”ni o'qishi haqida so'zlaydi. Nega boshqa bir asar emas, aynan “Boburnoma” tanlangan? Birinchidan, qay bir zaylda Bobur va Otabek qismatdosh. Bobur toju taxt uchun jangu jadal qilsa, Otabek baxt uchun olishadi. Boburga qarshi siyosiy adovat va dushmanlik qilich ko'targan bo'lsa, Otabek ig'vo, fitna, hasad bandalarining pichog'iga ko'ksini qalqon qilgan va hokazo. Otabek fitna, adovat bois o'limga hukm etilganda ham tahlikaga tushmaydi, qo'rqib-qaqshamasdan xon huzurida “Haqsiz jazo” deya e'tiroz bildiradi. Endi ayting, Otabekning siyratida qo'rqoqlik, nomardlik mudrab yotganida yoki “aybdor” sifatida xon qarshisida titrab-qaqshab o'zgacha ahvolga tushganida, uning “Boburnoma”ni o'qishi oqlarmidi o'zini? Mutlaqo oqlamasdi. Demoqchimanki, kechmish tarixni, adabiyot, ilm-fan, madaniyatimizni bilish uchun “Boburnoma”ni o'qib-o'rganish zarur. Lekin borlig'imizni bir-biridan uvoq, bir-biridan o'tkinchi mayllar ta'qib etib tursa, hurlik va rostlikni sharaflab, yolg'on va mutelikdan xijolat chekmasak, ichimizda nomardlik, sotqinlik, xashakilik tuyg'ulari yashnab tursa-yu, Boburning jasorat va javonmardligini madh aylasak – bunday holatda “Boburnoma”dagi bosh mohiyat, bosh haqiqat, ma'naviy-ruhiy qudrat sir-asrorini kashf etolmay, chaynashdan nari borolmaymiz. “Boburnoma”ga o'xshash kitoblarni mutolaa qilganda, “Qanday o'qish kerak?” degan savolga asoslanish kamlik qiladi. Bunga “Kim bo'lib va nimani ko'zlab o'qish kerak?” degan savol ham qo'shilmog'i lozim, albatta.

— Bobur qalbida armonlarga qorishiq Vatan yashagan. Shu bois uning qayg'usida kishi o'z qayg'usini, uning qalbida o'z qalbini ko'radi. Boburni o'qiganing sayin Vatan – O'zbekiston mehri yuragingni isitadi. Shoirning tajriba-yu saboqlari yo'lingni yoritadi. Oddiy bir giyoh haqida yozganda ham Vatan siyrati va surati aks etadi. Uning asarlarida shaklni mazmundan ajratib bo'lmaydi. Adabiyotshunos olim sifatida Bobur ijodini o'rganish bo'yicha olib borilayotgan ishlardan ko'nglingiz to'ladimi?

— Fanimizda navoiyshunoslik singari boburshunoslik degan mustaqil tarmoq bor. Bu bir-ikki kishining mehnati bilan yuzaga kelgan bir ilm tarmog'i emas. Unga juda ko'p olimlarimiz o'zlarining munosib hissalarini qo'shishgan. Bu o'rinda barcha boburshunoslarimizning ism-shariflari va tadqiqotlarini nomma-nom sanashning imkoni yo'q. Lekin Boburning hayoti va ijodiyotiga bag'ishlangan tadqiqotlarning aksariyatini men qadrlayman. Ma'lumki, sho'ro zamonida Bobur haqida hamma gapni bemalol ochiq-oydin aytish va yozishning iloji yo'q edi. Hozir siyosiy to'siq va nazoratlar barham topdi. Demak, ilm maydoni erkin. Shuning uchun yuksak saviya, fidoyilik bilan yangi-yangi tadqiqotlarga qo'l urish zarur. Chunki Boburning ilmiy va adabiy merosi madaniyatimiz, ma'naviyatimiz, ma'rifatimizning bebaho xazinasi erur.

Suhbatdosh:

Amina QODIROVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − thirteen =