Axborot makonidagi “Troya otlari”
yoxud ma'naviy qo'rg'onimiz darvozalari mustahkammi?
Tarixda mustahkam Troya devorlarini 10 yillik urush yenga olmagan edi, ammo birgina “jozibali sovg'a” — Troya oti shaharni ichkaridan vayron qildi. Bugungi kunning “Troya oti” — aynan buzg'unchi (destruktiv) g'oyalardir. Ular bizga ochiq dushman sifatida emas, balki “zamonaviy madaniyat”, “erkinlik” yoki “yangicha qarash” niqobi ostida kirib kelmoqda. Biz bu “joziba”ni qabul qilib, o'z ma'naviy qo'rg'onimiz darvozalarini o'z qo'limiz bilan ochib bermayapmizmi?
Bugungi geosiyosiy jarayonlar shuni ko'rsatmoqdaki, axborot makoni — bu shunchaki yangiliklar lentasi emas, balki strategik maydondir.
Aslida, buzg'unchi (destruktiv) axborot — XXI asr ixtirosi emas. Insoniyat paydo bo'libdiki, axborot hukmronlik quroli bo'lib kelgan. Tarixchilarning yozishicha, hatto Chingizxon qo'shinlari hujumdan oldin shaharlarga savdogar qiyofasidagi josuslarini yuborib, “Mo'g'ul armiyasi son-sanoqsiz va shafqatsiz” degan vahimali mish-mishlarni (qadimgi “feyk”larni) tarqatishgan.
Bugun esa bu jarayon texnologik va ilmiy tus oldi. Amerikalik sotsiolog Jozef Overton nazariyasiga ko'ra, jamiyat uchun mutlaqo yot va jirkanch g'oyani ham sekin-asta “norma”ga aylantirish mumkin. Buzg'unchi kontent yaratuvchilar aynan shu texnologiyadan foydalanadilar: avval taqiqni buzish, keyin muhokama qilish, so'ngra ko'nikish hosil qilish. Insoniyat “Axborot ortiqchaligi” kasalligiga uchradi, natijada haqiqatni yolg'ondan ajrata olmay, ruhiy himoya qobig'i sindi.
Xo'sh, bu nazariyalar hayotimizda qanday aks etyapti? Avvallari buzg'unchi g'oyalar yashirin yig'inlar orqali tarqalgan bo'lsa, bugun mexanizm tubdan o'zgardi. Ijtimoiy tarmoqlar algoritmi foydalanuvchiga faqat unga yoqadigan narsani ko'rsatishga moslashgan. Kuzatuvchi tomosha qilgan video yoki, umuman, shunga o'xshash kontentni tizim unga yana “tiqishtira boshlaydi” va uni o'sha “botqoq”qa tortib ketadi.
Keling, uzoqqa bormaylik, oddiygina “trend”ga chiqqan qaltis hazil (“prank”) videolarni tahlil qilaylik. Ko'rinishi — kulgili, maqsadi — “layk” yig'ish (monetizatsiya). Ammo uning ichida dahshatli “viruslar” yashiringan:
Birinchidan, qadriyatlarning yemirilishi. Ko'chada keksa odamni qo'rqitish yoki o'qituvchini mazax qilib videoga olish — sharqona hurmat va andisha tushunchalarini ildizi bilan qo'porib tashlaydi.
Ikkinchidan, oila muqaddasligiga tajovuz. Ijtimoiy tarmoqlarda er-xotinlik munosabatlari, hatto yotoqxona sirlariga oid mavzularni “hazil” niqobi ostida olib chiqish “urf”ga kirmoqda. Ayolning o'z turmush o'rtog'ini masxara qilishi yoki erning o'z ayolini qo'rqitib, ustidan kulishi — bu shunchaki hazil emas. Oiladagi pardaning ko'tarilishi va hurmatning sinishidir. Oila – shaxsiy makondan har qanday masalasini ommaga muhokama qildiradigan “aylanma stol”ga aylandi.
Uchinchidan, vahima va shafqatsizlik. Axborot makonidagi buzg'unchilikning yana bir cho'qqisi — bu insonning rahm-shafqat tuyg'usi bilan o'ynashishdir. Masalan, qo'lidagi “go'dak”ni (aslida, qo'g'irchoq) ko'prikdan tashlab yuborish sahnasi aks etgan “prank” videolar. Bu yerda bloger insonlarning hayotni saqlab qolish instinktini ekspluatatsiya qilmoqda. Oqibatda nima bo'ladi? Odamlarda befarqlik uyg'onadi. Ertaga haqiqiy bola yordamga muhtoj bo'lganida, odamlar “bu yana navbatdagi prank bo'lsa kerak” deb ikkilanib qolishadi. Bu millatning ijtimoiy ishonch poydevorini yemiradi.
“Verter effekti” va ijtimoiy taqlid
Ushbu fenomenning kelib chiqishi XVIII asr nemis adabiyotiga borib taqaladi. 1774 yilda buyuk nemis yozuvchisi Iogann Volfgang fon Gyote o'zining “Yosh Verterning iztiroblari” romanini nashr ettiradi. Asar syujeti javobsiz muhabbat tufayli chuqur iztirobga tushgan va yakunda o'z joniga qasd qilgan yigit — Verter hayotiga bag'ishlangan edi. Roman nashr etilgandan so'ng Yevropada kutilmagan ijtimoiy rezonans kuzatildi. Asar yoshlar orasida shu qadar mashhurlashdiki, u nafaqat kiyinish uslubiga (ko'plab yoshlar Verter kabi sariq nimcha va ko'k frak kiya boshladilar), balki ularning xulq-atvoriga ham halokatli ta'sir ko'rsatdi. Germaniya, Fransiya va Daniyada roman qahramoniga taqlid qilgan holda o'z joniga qasd qilish holatlari to'lqinsimon tarzda ko'payib ketdi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, Leypsig, Kopengagen va Milanda hukumat ushbu kitob tarqalishini taqiqlashga majbur bo'ldi. Bu — axborot mahsulotining destruktiv potensiali namoyon bo'lgan tarixdagi ilk yirik hodisalardan biri edi.
Oradan ikki asr o'tib, 1974 yilda amerikalik sotsiolog Devid Fillips ushbu tarixiy voqelikni ilmiy asoslab berdi va unga “Verter effekti” terminini qo'lladi. Fillips o'z tadqiqotlarida ommaviy axborot vositalarida o'z joniga qasd qilish holatlari qanchalik keng va sensatsion ruhda yoritilsa, jamiyatda shunga o'xshash harakatlar soni statistik jihatdan ortishini isbotladi.
Bugungi raqamli davrda “Verter effekti” o'zining klassik shaklidan o'tib, yangi — “Raqamli Verter effekti” ko'rinishini oldi. Agar XVIII asrda yoshlarga badiiy asar ta'sir o'tkazgan bo'lsa, hozirgi kunda internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlardagi (“TikTok”, “YouTube”, “Instagram”) “prank”lar, xavfli chellenjlar va trendlar xuddi shunday taqlidiy zanjir reaksiyasini keltirib chiqarmoqda. Statistikaga e'tibor bering: agar ijtimoiy tarmoqda bitta “original” buzg'unchi video (masalan, o'qituvchini mazax qilish) trendga chiqsa, keyingi 24 soat ichida uning 10 mingdan ortiq nusxalari (klonlari) paydo bo'ladi. Nega? Yoshlar ongidagi oddiy arifmetika: demak, video bir million marta ko'rilgan bo'lsa, ular o'sha zahotiyoq o'zlarini ham xuddi shunday tutib, videoga olib tarqata boshlaydilar.
Xuddi virusning tarqalishidek. Birgina “bemor” (bloger niqobidagi badkirdor) bir kunda necha yuz ming, ehtimol, millionlab ongni zararlashi mumkin. Natijada kechagina uyat sanalgan harakat bugun minglab odamlar takrorlaydigan oddiy holatga — normaga aylanadi.
Raqamlar va diqqat
“Microsoft” kompaniyasi o'tkazgan tadqiqotlarga ko'ra, 2000 yilda insonning diqqatini bir joyda ushlab turish vaqti o'rtacha 12 soniya bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda bu ko'rsatkich 8 soniyaga tushib qoldi (taqqoslash uchun: tilla baliqchaning xotirasi 9 soniya). Buzg'unchi kontent “ijodkor”lari buni juda yaxshi bilishadi. Ular videoning dastlabki 3 soniyasidayoq vahima, qichqiriq yoki agressiya bilan kuzatuvchining diqqatini “qarmoq”qa ilintiradi.
Yana bir og'riqli fakt. Tahlillarga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlardagi ko'ngilochar va “fast-fud” kontent (engil hazil) ta'lim va tarbiyaviy kontentga qaraganda o'rtacha 6 barobar tezroq tarqaladi va 10 barobar ko'proq izoh yig'adi. Bu shuni anglatadiki, bizning ma'rifiy kitob yoki maqolamiz bir qadam tashlaguncha, buzg'unchi video allaqachon dunyoni aylanib chiqishga ulgurmoqda.
“1-9-90 qonuni”ga qarshi kurash
Mintaqamizdagi eng qadimiy ta'limotlardan biri bo'lgan zardushtiylikda buzg'unchi g'oya ilk bor tizimlashtirilgan tushuncha sifatida Ahriman obrazida keladi. Demak, ajdodlarimiz bundan 3000 yil oldin ham yovuzlik, avvalo, insonning ongidan boshlanishini anglaganlar.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy esa “Mahbub ul-qulub” asarida bugungi “destruktiv kontent” — yolg'on va ig'voni qattiq qoralab, shunday deydi: “Yolg'on — barcha balolarning boshidir… Yolg'onchi kishi — elning ofati, uning so'zi — zaharli ilonning nishidir”. Navoiy so'zning (axborotning) qudratini ta'riflab:
So'z o'qidur, onga poyon yo'q,
Etti falak jismi nishon, jon yo'q, —
deya ogohlantiradi. Ya'ni noto'g'ri so'z yetti qavat osmonni ham teshib o'tishga qodir vayronkor kuchdir.
Xo'sh, nima qilish kerak? Taqiq — yechim emas. “Internetni yopish kerak” degan fikrlar globallashgan dunyoda o'zini oqlamaydi. Fizikada oddiy qonun bor: tabiat bo'shliqni yoqtirmaydi. Muammoning ildizi va yechimi ham aynan shu bo'shliqda.
Tabiat qonuniga ko'ra, begona o'tlar o'sib chiqishi uchun mehnat qilish shart emas, ular o'z-o'zidan ko'payaveradi. Ammo gul o'stirish uchun mashaqqatli mehnat va doimiy parvarish kerak. Bugungi buzg'unchi g'oyalar — ana shu parvarishsiz qolgan ongimizda o'sayotgan “yovvoyi o'tlar”dir.
Daniyalik olim Yakob Nilsen (“Participation Inequality” — ishtirok etish tengsizligi nazariyasini ishlab chiqqan)ning “1-9-90 qonuni”ga ko'ra (1 foizi yaratuvchilar, 9 foiz izoh yozuvchi, qolgan 90 foizi jim kuzatuvchilardir), internet foydalanuvchilarining atigi bir foizi kontent yaratadi. Qolgan to'qson to'qqiz foiz odam iste'molchi. Fojia shundaki, bugun o'sha faol bir foizni ziyolilar emas, “prank”chilar egallab oldi.
Internetdagi bo'shliqni o'zimizning milliy, sifatli va jozibador kontentimiz bilan to'ldirishimiz, “1 foiz”dagi “prank”chilarga qarshi “100 foiz” ziyoli kurashchilar bo'lishimiz shart. Toki yoshlarimizning ma'naviy darajasi shunday kuchli bo'lsinki, ular taklif qilingan “zaharli ilon nishi”ni o'zlari ajrata olsinlar. Zotan, zulmatni haydashning yagona yo'li — u bilan olishish emas, balki chiroq yoqishdir.
Sh.Yunusaliyeva,
jurnalist.
