Turizmni yoritishdagi ko'rinmas mas'uliyat

Bugun turizm dunyo iqtisodiyotining eng faol tarmoqlaridan biriga aylangan. Davlatlar o'zini dunyoga tanitish, investitsiya jalb qilish, madaniy ta'sirini kengaytirish uchun turizmga suyanmoqda. Ammo bu jarayonda ko'pincha ko'zdan qochadigan bir omil bor: turizmni kim va qanday tilda, qanday yondashuv bilan dunyoga ko'rsatmoqda? Aynan shu savol meni ilmiy izlanishlarimda turizm jurnalistikasi yo'nalishini tanlashga olib keldi.

Ko'pchilik uchun turizm — bu sayohat, dam olish, chiroyli manzaralar, tarixiy obidalarni ziyorat qilish hisoblanadi. Ommaviy axborot vositalarida ham turizm ko'pincha shunday ko'rinishda namoyon bo'ladi: “eng go'zal joylar”, “albatta borish kerak bo'lgan maskanlar”, “arzon va qulay yo'nalishlar”. Biroq bu yondashuv turizmning asl ijtimoiy, madaniy va siyosiy mazmunini nazarimda toraytirib yuboradi. Aslida, turizm — bu davlatning imiji, millatning o'zini dunyoga qanday tanishtirishi, hududlarning qanday tasvirlanishi, madaniyatning qanday talqin qilinishi demakdir. Shunday ekan, turizm haqidagi axborot oddiy ma'lumot emas, balki axborot siyosati darajasidagi masaladir.

Aynan shu nuqtada turizm jurnalistikasi alohida ilmiy yo'nalish sifatida ahamiyat kasb etadi. Turizm haqida yozish bilan turizm jurnalistikasi o'rtasida farq bor. Birinchisi — axborot mazmunidagi yoki reklama xarakteridagi matn bo'lishi mumkin. Ikkinchisi esa ijtimoiy mas'uliyat, analitika, tanqidiy fikrlash, til madaniyati va etik me'yorlarni o'zida birlashtirgan professional faoliyatdir. Afsuski, hozirgi media maydonida bu ikki tushuncha ko'pincha aralashib ketgan.

Ilmiy manbalarni tahlil qilganda yana bir muhim muammo ko'zga tashlanadi. Turizm bo'yicha nazariy tadqiqotlar bor: ular turizmning iqtisodiy ta'siri, ekologik barqarorlik, madaniy merosni saqlash kabi masalalarni o'rganadi. Boshqa tomonda esa amaliy axborot oqimi mavjud — yangiliklar, reportajlar, bloglar, reklama materiallari. Ammo aynan shu ikki qutbni birlashtiradigan, ya'ni turizmni ilmiy tahlil asosida, jurnalistik uslub va mezonlar bilan yoritishni o'rganuvchi tizimli tadqiqotlar deyarli yo'qligi sabab nazariya bir tomonda, amaliyot bir tomonda qolmoqda.

Bu uzilish bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Turizmni yoritishda reklama va axborot chegarasi yo'qoladi, hududlar soddalashtirilgan obrazlarga aylantiriladi, mahalliy aholi manfaatlari ko'rinmay qoladi, ekologik muammolar e'tibordan chetda qoladi. Natijada OAV real hayotni emas, “chiroyli vitrina”ni ko'rsatadi. Bunday yondashuv qisqa muddatda jozibador ko'rinsa ham, uzoq muddatda ishonch va barqaror rivojlanishga zarar yetkazishi mumkin.

Shu sababli men tanlagan dissertatsiya yo'nalishi — turizm jurnalistikasi — shaxsiy qiziqishdan ko'ra ko'proq ijtimoiy ehtiyoj bilan bog'liqligini tushundim. Bu sohada til me'yorlari, nutq xususiyatlari, turistik obraz yaratish mexanizmlari, ob'yektivlik va milliy manfaat o'rtasidagi muvozanat, etik masalalar kabi ko'plab jihatlar chuqur o'rganilishi kerak. Turizm jurnalistikasi, aslida, mamlakatning dunyoga tutgan axborot ko'zgusidir. Bu ko'zgu qanchalik aniq, mas'uliyatli va ilmiy asoslangan bo'lsa, davlat imiji ham shunchalik mustahkam bo'ladi.

Mazkur mavzuning yana bir muhim jihati — uning istiqbolga yo'naltirilganligidir. Turizm rivojlanmoqda, media texnologiyalari o'zgarib bormoqda, raqamli platformalar turistik axborot tarqatishning asosiy maydoniga aylanmoqda. Bu jarayonlarda turizm jurnalistikasining nazariy modeli, lingvistik va stilistik xususiyatlari, hududiy brendingning media mexanizmlari, etik me'yorlari ishlab chiqilmasa, soha yondashuvlari o'zgarib ketadi. Shu bois kelajakda ilmiy izlanishlarimni doktorlik bosqichida ham aynan shu yo'nalishda davom ettirishni maqsad qilganman. Maqsad — turizm jurnalistikasini “sayohat haqida yozish” darajasidan mustaqil ilmiy va professional yo'nalish darajasiga olib chiqishdir.

Sodda qilib aytsam, turizm jurnalistikasini tanlashim ilmiy bo'shliqni ko'rish, amaliyotdagi muammoni sezish va jurnalistikaning jamiyat oldidagi mas'uliyatini chuqur anglash natijasidir. Bugun biz turizmni qanday yoritayotgan bo'lsak, ertaga dunyo bizni shunday tasavvur qiladi. Shuning uchun turizm jurnalistikasi — nafaqat media sohasi mavzusi, balki milliy o'zlik, madaniy siyosat va axborot mas'uliyati masalasidir.

Darmonjon RUSTAMOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − five =