Mehr-oqibatli inson edi
Ubaydulla Uvatov oliy o'quv dargohiga kirgan yilida men bu yorug' dunyoga kelgan ekanman. Aslida, insonlar yoshidagi o'nlab yillar farq do'stlashish, birodarlashish uchun biroz to'sqinlik ham qiladi. Ustoz Ubaydulla aka bilan yosh nuqtai nazaridan olib qaralganda, oramizdagi 20 yilga yaqin farq ham shunday to'siq bo'lishi mumkin edi, aslida. Men endi faoliyat boshlaganimda, Ubaydulla Uvatov o'zbek xalqining katta olimlaridan biri, nafaqat yurtimiz ziyolilari, balki olam sharqshunoslari orasida tan olingan yirik olim, kattagina lavozimli shaxs edi. Xullas, oramizdagi umrguzaronlik davri va faoliyat yutuqlari farqi yer bilan osmoncha. Ammo taqdir shuni ravo ko'rdiki, shuncha moneliklarga qaramay, biz Ubaydulla aka bilan yaqin birodar, ustozu shogird, davradosh maqomida bo'ldik. Bunga, asosan, ustoz Ubaydulla akaning bag'ri kengligi yo'l ochgan, albatta.
Bir uzoq ko'rishmagan do'stim o'zining baxtli onlaridan gapirib, “Allohga shukrki, Ubaydulla Uvatovdek insonlar bilan qo'l berib so'rashgan insonmiz”, deya o'ziga o'zi baho berib qoldi. Ichimdagini yuzimga chiqarmasdan unsiz dedim: “Ubaydulla Uvatov bilan bir marta qo'l berib ko'rishgan inson bunchalik faxr tuyg'usiga to'lsa, biz, ya'ni u inson bilan kunora ko'rishib, uylarimizda mehmon bo'lishib, xullas, hech bir tadbirimiz nari tursin, oddiy gurungimiz bir-birimizsiz o'tmaganlar nechog'liq omadli ekanmiz?”
Ubaydulla akaning erishgan maqomlarini sanamayman, chunki bu ko'pchilikka ma'lum. Qizig'i shundaki, bu mavqeni kezi kelganda o'zlari esidan chiqarib qo'yardi, nazarimda. Ustoz o'zidagi na ilmiy darajasi bilan, na mansab tomondan, na bir taqdirlanishlari ortidan birovdan ajralib turuvchi holat yasamasdi. Aksincha, biz yetib bormagan tumandoshlar tadbirida hammadan oldin borib, qo'l qovushtirib, mehmonlarni kutib turardi. Biron-bir davradan “ishim bor edi”, deya yakunidan avval turib ketish hollarini deyarli eslayolmayman. Aksincha, davraga kechikib kelganlarni yo biron-bir yumushni vaj qilib, davradan vaqtliroq turib ketadiganlarni xush ko'rmayroq turardilar.
Ammo u kishi qanchalik kamtarin bo'lmasin (Ubaydulla aka kamtarinlikni o'zida yasamas edi, tabiatan shunday edi va shunday bo'lishni o'zi xush ko'rardi) bu mavqelarga yarasha xalq, Vatan izzat-ikromi u bilan yonma-yon yurardi.
Ubaydulla Uvatov taxminan 60 yoshlarga yetganda o'zining doktorlik ilmiy ishini himoya qilgandi. Shunda butun jamoatchilik, ilm ahli, ziyolilar orasida katta mavqega ega bo'lgan, hatto o'nlab xalqaro tadbirlarda, xorijiy yurtlarda bo'ladigan eng nufuzli tadbirlarda ma'ruzalar qilib yurgan Ubaydulla aka haligacha doktor emasmidi, deb hayron bo'lishgandi.
Ha, Ubaydulla akaning shiori katta ishga shoshmaslik edi. Ilmiy ish yoqlash kunida jarayonni boshqargan, shu vaqtda Bosh vazir o'rinbosari bo'lgan Hamidulla Karomatov hazil aralash bu holatga izoh bergandi: “Bilib turibman, hammangizning xayolingizda Ubaydulla aka haligacha doktorlik ishini yoqlamaganmidilar, degan savol o'tayapti. Ha, Ubaydulla aka shu paytgacha o'nlab doktorlikka teng ishlar, jumladan, ilmiy-amaliy ishlar bilan band bo'lib, “doktor” degan unvonni shu zalda yoqlab hujjatlashtirishga vaqt topmaganlar, xolos. Shaxsan men ham bu insonni allaqachon “doktor” deb hisoblab yurganman”. H.Karomatov yana qo'shib qo'ygandi: “Kim eslaydi qaysidir ilmiy ish yoqlanishida shu zal odamga to'lganini? Mana, kirib kelishimda ko'rdim, qancha odam zalga sig'may, hovlida o'tiribdi”.
Bu-ku, ilmiy daraja olish ekan, Ubaydulla akaning har bir kitobi taqdimoti katta auditoriyalarda liq to'la odamlar ishtirokida o'tardi. Bu, shubhasiz, Ubaydulla akaning ilmi ham, amaliyoti ham o'ta hayotiy va hayotbaxshligidan, albatta.
Ustozning eng katta va afsuslar bo'lsinki, oxirgi tadbiri uning 80 yoshligi munosabati bilan o'tkazilgandi. Shu paytlari yubileylarga judayam xayrixohlik bo'lmagan bir paytda Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasining katta zaliga yana odam sig'madi. Shu paytda Prezidentning davlat maslahatchisi bo'lgan marhum Rustam Qosimov tadbirni boshqarar ekan, so'zga chiqish istagidagi odamlar ro'yxatini ko'rsatdi va buning aslo iloji yo'qligini aytib, ulardan uzr so'radi.
Ustoz Ubaydulla Uvatov bilan taxminan 40 yilcha do'stu birodar, ustozu shogird bo'lib yurdik. U kishi bizlarga o'ta oqibatli inson edi. Ko'rinmay qolsak, men kimmanu u kim, demasdan qo'ng'iroq qilar yo indamay ishxonamizga kirib kelaverardi. Har bir ko'rishuvimiz uzoq suhbat bilan va bir piyola choy ustida yakun topardi.
Ko'pchilikni sinagan dard — “kovid” degan balo ustoz va meni bir vaqtda sinadi. “Hukumat bemorxonasi” jonlantirish bo'limida bir oyga yaqin qolib ketdim. Shu yerda kasallik bilan kislorod ballonida nafas olib yotganimda, Ubaydulla akaning ham bu dard bilan kurashayotganini eshitdim. Ammo dardlariga dard qo'shmayin, deb hatto telefon ham qilmadim.
Shunday kunlarda ustoz va mening yaqin birodarim Husniddin aka Nuriddinov bilan telefonda bir amallab gaplashib qoldim. U kishi bilan kamgina vaqtli suhbatimizda Ubaydulla aka haqida menga gapirib qoldi. Ubaydulla aka: “Nega hech bo'lmasa telefon ham qilmayapti?” deb meni so'rabdilar. Shunda sir ochishdan boshqa chora qolmay, bemorligimni aytibdi. Menimcha, mening holatim jiddiyroq ekanligini bildirmagan, shekilli: “Telefonda gaplashsa bo'ladi-ku!” debdilar. Rosa alam qildi gaplasha olmasligim: nafasim juda siqiq, ayanchli edi. Shunday ahvolimda keyingi kunlarda sal yaxshilanish sezilayotganligidan umid qilib, biron hafta ichida, har holda, telefon qila olarman, deb umid qildim. Ammo bu umidimga hayot vafo qilmadi. U kishidan hol-ahvol so'rash ham qiyomatga qoldi…
Ubaydulla Uvatov katta umrni o'tadi. Kattaligi shundaki, bir inson yashashi kerak bo'lgan umrni o'ta samarali o'tkazdi. Ustozning jamiyatga, do'stu birodar va yaqinlariga qilgan xayrli ishlari bu dunyodagi umrining bezagi bo'ldi. O'zlaridan qanchadan-qancha kitoblar, risolalar, yuzlab e'lon qilingan ma'rifiy maqolalar qoldi. Ustoz yuzlab, yo'q minglab shogirdlarga saboqlar berdi. Ilohim, bu bezak ikki dunyo saodatini belgilagan bo'lsin.
Chori LATIPOV,
“Qishloq hayoti” gazetasi
bosh muharriri,
O'zbekistonda xizmat
ko'rsatgan jurnalist.
