Katta qalb sohibi

Avvalgi maqolalarimizdan birida rahmatli Muhiddin qiziq Darveshovning: “Yaxshi odamlar ko'p-a!” degan jumlasini qo'llagan edik. Darhaqiqat, jamiyatimizda yaxshi, insofli va diyonatli insonlar ko'pligiga quyidagi voqea ham misol bo'la oladi.

O'zbekiston xalq artisti Ergash Karimov va ustozim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Tohir Mirhodiyev (ularni Alloh rahmat qilgan bo'lsin) yoshlikdan qalin do'st, ulg'ayishganida ham bir-biriga juda suyanib qolgan edilar. Ko'p bora ularning dilkash suhbatidan bahramand bo'lganman. Kunlardan bir kuni ustozim: “Ergash akangiz uyiga bir piyola choyga taklif qilyapti, vaqt masalasi qanday?” deb qoldi. “Topamiz”, dedim.

Ishdan keyin xiyol qorong'ilatib, Ergash Karimovning xonadoniga kirib bordik. Ular poytaxtning qadimiy “Janggoh” mahallasidagi baland qavatli uylarda qo'shni turishar edi. Ergash aka bizni xursand kutib oldi. U ustozimga qarata: “Hazrati oliyalari Rozaxonim mehmonga ketdilar, bu oqshom qaytmaydilar. Tohir do'stim, bugun iyakni iyakka tirab bir otamlashamiz”, dedi.

Suhbati jonon qizigandan-qizidi. Bir payt Ergash aka: “Shu degin, Tohir do'stim, bir masala anchadan buyon menga hech tinchlik bermayapti. Shu borada sening maslahating kerak”, dedi. Bu gapga Tohir aka: “Qani ayt-chi, aqlim yetgancha maslahat beraman-da”, deya unga qaradi. Ergash Karimov choydan ho'plab, asta gap boshladi.

— Yaqinda katta bir yig'in davomida Prezidentimiz Islom Karimov bilan qisqacha suhbatlashib qoldik. U gap orasida menga: “Bundoq biz taraflarga o'tmaysiz ham. Yoki biz tomondan biror-bir xafagarchilik sodir bo'ldimi?” — deya gina qilganday bo'ldi. Men unga: “Siz axir kechayu kunduz davlat ishlari, xalq tashvishi bilan band bo'lsangiz. Shu bois qimmatli vaqtingizni olmayin, deyman-da”, dedim. Islom aka bu gapimga: “Albatta, ish ko'p, lekin eskidan qadrdon sifatida sizni, Rozaxon opamni sog'inaman”, dedi. Men esa: “Siz kabi sog'ingan insonlar uchun ham tez-tez televizorda chiqib turamiz-da”, dedim. Shunda Prezidentimiz: “Televizorda ko'rgan boshqa, lekin yuzma-yuz diydorlashishga ne yetsin! Vaqt topib bir o'ting”, deya tayinladi.

Bu gapga Tohir aka: “O'ting, degan bo'lsa, bor-da, davlat rahbari hammani ham shaxsan taklif qilavermaydi axir. Qadimda ham podshohlar fuqarosini o'z huzuriga chorlaganda “quruq qo'l” bilan qaytarmagan. Hartugul, borsang, biror nimali bo'larmiding!” deya ilmoqli gap qildi. Bu gapga Ergash aka o'rnidan turdi-da, xuddi biror asarda rol ijro etayotgandek obrazga kirishib ketdi:

— Ey do'stim-a, go'yoki mening xarakterimni bilmaydigan odamday gapirishingni qara. Men uchun eng katta mukofot — bu xalqimning e'tirofi. Shukr, bu borada ozmi-ko'pmi maqsadimga erishdim. Bilasan, rahmatli Muhiddin qiziq xalqimizga uzoq yillar sidqidildan xizmat qildi. Uning ichakuzdi hangomalaridan toza tanamiz yayrab, ruhimiz quvvat olgan. Hajvchiligimiz piri komili Said Ahmad aka ham Muhiddin qiziqning iqtidoriga: “Basharti u hajvchi-yozuvchi bo'lib qolganida, biz kabilarga umuman non qolmasdi”, deya tan bergandi.

Ha, tom ma'noda rahmatli Muhiddin qiziq “Xalq qiziqchisi” edi. Afsuski, avval sho'rolar davrida, keyinchalik mustaqillik yillarida ham uning mehnatlari qadrlanmadi, loaqal biror “znachokka” ham munosib ko'rilmadi. U haqiqiy talant edi. Senga aytsam, Islom akaning qabuliga kira olsam, unga shu haqda aytib, garchi vafotidan keyin bo'lsa ham birorta davlat mukofotiga loyiq ko'rishlarini iltimos qilaman”, deya joyiga cho'kdi.

Ergash akaning gaplariga mahliyo bo'lib o'tirgan Tohir aka o'rnidan turib, uni qattiq quchib olgancha: “Ajoyib beg'ubor qalbing bor-da, do'stim, do'stginam. Shuning uchun seni sog'inaman-da!” deya qadrdonidan faxrlanardi. Oradagi biroz jimlikdan so'ng Tohir aka: “Xo'p, bording ham, gaplaringni aytding ham deylik, lekin yuqoridagilar: “Afsus, u kishi vafot etib ketgan ekan, bu iltimosingizni bajara olmaymiz deyishlari ham mumkin-ku”, dedi do'stiga maslahat bergan bo'lib. “Gapingda jon bor, ehtimol, tartib-qoida shunaqadir. Lekin men ichimdagilarni aytib olsam, vijdonim oldida o'zimni aybdor his qilishdan qutulaman. Muhiddin qiziqqa biror nima berishadimi, yo'qmi, ularning ishi. Umuman, o'lib ketgan kishi uchun unvonu martabaning foydasi kam. Basharti narigi dunyoda insonning hayotlik davrida qilgan ezgu amallari borasida kechadigan savol-javoblarda marhumning savob ishlariga tariqdek qo'shilsa, Xudoning bergani shu. Ammo bilganim, garchi xalqqa xizmat qilgan odam hechdan ko'ra kech deganlaridek, vafotidan keyin bo'lsa ham biror-bir mukofotga loyiq ko'rilsa, bu xalq qalbida hukumatga bo'lgan ishonchni orttiradi. Ya'ni, “Mana, bir umr u xalqqa xizmat qilgan edi. Ertami-kechmi, baribir xalqqa xizmat qilganlar e'tirof etilar ekan-da”, deya yurtning kattalariga ularning hurmati yanada oshadi. Qolaversa, bu bilan marhumning yaqinlari, shogirdlari, ming-minglab muxlislarining ko'ngli taskin topadi”.

Afsuski, Ergash Karimov turli sabablar bilan birinchi Prezidentimiz qabulida bo'lolmadi. Lekin masalaning muhim jihati shundaki, elimiz suyib ardoqlagan atoqli san'atkor Ergash Karimovning naqadar yuksak qalb sohibi ekanligi menda hali-hanuz yorqin taassurot uyg'otadi. Shuningdek, ayrim toifadagi unvon, amal kursisi ishtiyoqida yoqa yirtib, ayyuhannos solib, hatto o'ta pastkashlikdan qaytmaydigan kimsalar uchrab turadigan bir vaqtda Ergash Karimov singari qalbi daryo insonlar bo'lgani ko'ngilga ikki karra taskin beradi.

Saidolim HAYDAROV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + ten =