Dadam haqida
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatri balet raqqosi Hamidulla G'afurovni bilasizmi?
Yoshim saksonni qoraladi. Buning uchun Yaratgan Allohimga beadad shukrlar qilaman. Ko'zim ochiqligida bir hayotiy haqiqatni bayon etishni ko'pdan buyon ko'nglimga tugib keldim. Bu haqiqatni nafaqat mening otamning nomi bilan, balki o'zbek balet san'atining tarixi bilan ham bog'liq bo'lgani sababli uni gazetxonlar bilan baham ko'rmoqchiman.
Dadam rahmatli Hamidulla G'afurov 25 yil mobaynida Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida balet raqqosi sifatida mehnat qilgan. 1950 yili meni qo'limdan yetaklab teatrga olib borgani, muhtasham binoning goh u-goh bu tomonidan tomosha qilganlarimiz, favvoraning lojuvard suvidan zavqlanib ko'z uzolmaganlarimiz hamda favvora yonida birga suratga tushganimiz yodimda. So'ng ichkariga kirdik. Devordagi suratlar, chiroqlar, marmar zinalarni ko'rib, bamisoli afsonaviy qasrga kirib qolgandek edim. Tomosha zalini aytmaysizmi?! Ikkinchi, uchinchi qavatlardagi loja va balkonlar, tilla rang bo'yoqlar bilan jilolangan devorlar, sahna pardalari, orkestr uchun sahnaning quyi qismidagi chuqurlik. Asta-sekin o'chib borayotgan chiroq, g'ira-shirada dirijyorning ingichka cho'pi ko'tarilgan hamon butun zalga suv quygandek jimjitlik cho'kkani, diqqatlar sahnaga qaratilganidan tug'ilgan tasvirlab bo'lmas hayajonlar.
Mening dadam ana shu sahnada necha-necha obrazlar yaratdi: “Bog'chasaroy favvorasi”da Vorslav, “Don Kixot”da masxaraboz, afsonaviy kompozitor P.Chaykovskiyning “Oq qush ko'li”da Zigfrid qiyofasida dadam – Hamidulla G'afurov chiqqan! “Doktor Aybolit”da qizil xo'roz obrazida ishtirok etganini o'zim bir necha bor ko'rganman.
Balet – dunyo san'ati qiroli hisoblanadi. Ochig'ini aytganda, bu san'at turi bizda u qadar ommalashganicha yo'q. Buning sababi ko'p, albatta. Men dadamning ijodiy faoliyati, yaratgan obrazlari yuzasidan mutaxassis sifatida fikr-mulohaza bildiradigan, baholay oladigan san'atshunos topilishini juda-juda istadim. Afsuski, milliy balet san'ati tarixi va bosib o'tgan yo'li bilan shug'ullanuvchi tadqiqotchi, izlanuvchi yo'qligidan hayratga tushdim. Nahotki bu boradagi kemtiklik soha fidoyilari e'tiboridan chetda qolsa?! Nahotki yosh mutaxassislar bu sohani tadqiq etmasalar, xotiralar yaratmasalar?..
Shaxsan o'zim dadam orqali Tamaraxonim, Mukarrama Turg'unboyeva, Halima Nosirova, Galiya Izmaylova, Bernora Qoriyeva, Ivan Protsenko, shuningdek, Moskva balet maktabining bir necha mashhur namoyandalarini tanidim. Dadam garchi balet raqqosi bo'lsalar-da, umuman, badiiy ijod dunyosi kengliklarini juda yaxshi bilar edi. To'xtasin Jalilovning “Gulsara”, Muxtor Ashrafiyning “Dilorom”, Manas Leviyevning “Maysaraning ishi” operalari, shuningdek, Chaykovskiyning “Oq qush ko'li”, Verdining “Traviata”, Adanning “Jizel”, Glinkaning “Knyaz Igor” asarlari haqida soatlab qaynab-jo'shib hikoyalar qilishdan charchamas, endi sira ikkilanmay aytamanki, o'sha hikoyalar chinakam san'at, go'zallik va nafosat saboqlari edi.
Dadam o'zi yashagan Toshkentdagi “Nishabariq” (sobiq Abdulxay Tojiyev nomidagi) mahallasi faollaridan edi. Mahalla ahlining yaxshi va og'ir kunlarida chetda qolmasdi.
– Hamidulla aka G'afurov tug'ma san'atkor edi, – deb xotirlaydi O'zbekiston xalq rassomi, akademik Alisher Mirzo, – kattayu kichikka g'oyatda mehribon, g'amxo'r. Ayniqsa, mahallamizdagi to'y-hashamlarda beminnat xizmatdan qochmas, ancha yoshga borgan esalar-da, o'z raqslari bilan davralarni qizdirib yuborar edilar.
Taniqli adib Shodmon Otabek dadam haqida maqola yozgandi. “Bolaligimda, – degan so'zlari keltirilgan edi dadam haqidagi o'sha maqolada, – G'ulom Zafariyning “Halima” spektaklini ko'rdim-u, shu-shu xayolimni teatr bilan bog'ladim. Oldiniga teatrda oddiy ishchi-xizmatchi edim. Toshkent teatr texnikumining balet studiyasida o'qidim. Navoiy teatrida raqqos bo'ldim. Proskurin, Obuxova kabi mashhur san'atkorlar bilan ijodiy hamkorlik qildim. Teatrda yetakchi rollarni ijro eta boshladim”.
Dadam 1999 yilda 83 yoshda dunyodan ko'z yumdilar. Yillar o'taveradi, avlodlar o'taveradi, ammo o'tganlar yodi o'chmasligi kerak deb o'ylayman. Xususan, dadam singari milliy san'atimiz tarixida qoldirgan iz o'chib ketmasligi uchun ham biz tiriklar sa'y-harakat ko'rsatib qolmog'imiz burchimiz, majburiyatimiz deb o'ylayman. Zero, balet san'ati taraqqiyoti yo'lida hukumatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan hozirgi paytdagi g'amxo'rlik to'lqinida soha tarixi ham unutilmasligi kerak.
Mavluda G'ULOMOVA,
Toshkent shahri.
