Mardona yashab o'tdi

Taniqli jurnalist Qurbon Eshmatov bilan deyarli tengdosh edik. Bir-birimizga “sen”lab murojaat qilardik. U bilan ilk tanishuvimiz ham qiziq kechgan.

O'tgan asr 80-yillarining o'rtasi edi. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti kunduzgi bo'limida tahsil olayotgan kezlarim farzandli bo'ldim. O'g'lim Humoyun tug'ilgandi. O'sha paytda rafiqam aspirant, men esa talaba edim. O'qishdan ajralmagan holda ishlab, ro'zg'or tebratishga majbur bo'lganligim sababli tahsilni kechki bo'limda davom ettiradigan bo'ldim.

Dastlabki ish faoliyatimni qaysi tahririyatdan boshlashni bilmay, boshim qotdi. Maslahat olish uchun ustozimiz — O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning oldiga yugurdim. O'sha paytlar Abdulla aka “Gulxan” jurnali bosh muharriri edi. Shoiri kalon bir necha tahririyatlarga sim qoqdi. Xullas, chet ellarda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz uchun nashr etiladigan “Oydin” gazetasi tahririyatidan ish topildi. Poytaxtning qoq markazida joylashgan o'n olti qavatli bino (hozirgi O'zA binosi)ning to'qqizinchi qavatiga chiqib, bir necha tillarni yaxshi biladigan, fidoyi inson, tahririyat bosh muharriri Miad Hakimovning qabuliga kirdim. Salom-alikdan so'ng yuz-ko'zidan nur yog'ilib turgan Miad aka: “Eski o'zbek yozuvini bilasanmi? Lotin grammatikasini-chi?” — deya savol berdi. Bilmasligimni aytdim. “Unda uzr”, deyishdi. Meni ishga olishmadi. Bor gapni ustozga yetkazgandim, Abdulla aka telefon go'shagiga yana qo'l cho'zdi. “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”)gazetasining bosh muharririga sim qoqdi. Xayriyat, yoshlar tahririyatining xatlar bo'limida muxbirlik ish o'rni bor ekan. Gazeta rahbariga uchradim. Bosh muharrir ustozni juda hurmat qilar ekan, shu kuniyoq ishga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqardi.

Xullas, ustoz Abdulla Oripov tavsiyasiga ko'ra, 1985 yilda respublikamizning eng nufuzli nashrlaridan biri sanalgan “Yosh leninchi” gazetasi tahririyatining xatlar bo'limida ish boshladim. Hozirgi Matbuotchilar uyining 5-qavatida joylashgan yoshlar nashrida ustoz jurnalist Abduhamid Fozilov boshqargan xatlar bo'limida (u kishi keyinchalik ko'p yillar “Qibray sadosi” gazetasida bosh muharrir lavozimida xizmat qilgan, bugungi kunda pensiyada) ishga tushib, bu qutlug' dargoh naqadar tabarruk ekaniga chin dildan amin bo'ldim. Rahmatli ustozlarim, hamkasb og'alarim — bosh muharrir o'rinbosari Abdurahim Abdullayev, mas'ul kotib Farrux Rahimov, o'sha vaqtda bo'lim mudirlari va muxbirlar bo'lib ishlagan Safar Ostonov, Ziyovuddin Ortiqxo'jayev, Mahkam Rahmonov, Karim Rahimov, Turg'un Nazarov, Suvonqul Rustam, Zayniddin Mamadaliyev hamda musahhih Qurbon Eshmatovdek ajoyib insonlar bilan hamkoru hamqadam bo'lib ishlaganimdan doimo faxrlanib yuraman. Yoshlar tahririyatining ijodiy jamoasi: O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimlari — taniqli shoira va publitsistlar Muqaddas Abdusamatova (adabiyot va san'at bo'limi mudiri), Umida Abduazimova, zukko shoir va mutarjim, mashhur “Avesto” kitobining tarjimoni Asqar Mahkam, shoir va jurnalist Shavkat Turob, iste'dodli publitsistlar Zayniddin Rixsiyev, Islom Usmonov, Lola Soatova, Gulnora Mirzahoshimova, fotomuxbirlar Muhammad Amin (Alimurod Mamadaminov), Erkin Botirov singari taniqli ijodkorlar gazetaning nufuzini yanada oshirish uchun zahmat chekib ishlar edilar.

Nazarimda, Eng ko'p va mashaqqatli yumush men xizmat qiladigan xatlar bo'limida edi. Tasavvur qiling, tahririyatga har kuni qop-qop xat kelib tushar, biz ularni saralab, maxsus daftarga qayd etib, so'ng tegishli bo'limlarga tarqatib chiqar edik. Odamlarni o'ylantirayotgan tashvish va muammolarni dadil yoritgani, ko'p sonli gazetxonlarning e'tiboriga tushib, ularning ko'ngliga yo'l topgani uchun aksariyat xatlar bizning tahririyatga kelib tushardi. O'sha vaqtlar “Yosh leninchi” gazetasi nafaqat yoshlar, balki katta avlod vakillarining ham ishonchli minbariga aylanib ulgurgandi.

Quyida gap Qurbon Eshmat haqida kechar ekan, yoshlar tahririyatidagi ish faoliyatim mobaynida Qurbon Eshmat bilan oramizda bo'lib o'tgan qiziq bir hazilomuz voqeani hanuz eslab yuraman.

Ishlayotganimga hali bir hafta bo'lmay, xatlar bo'limiga gazetaning musahhihlari sardori — tahririyat “komsorgi” Qurbon kirib keldi (u anchadan beri ishlar, shungami, jamoada o'ziga yarasha o'rni, hurmati bor edi) va menga qarab, dabdurustdan: “Hoy bola, kimning erkatoyisan, to'g'ridan-to'g'ri bo'limda ish boshlayapsan? Ko'zimning nurini to'kib hozirgacha sahifa o'qiyapman (o'sha vaqtda gazeta haftada 5 marta chiqar, adadi ham yarim milliondan ortiq edi)”, dedi jiddiy qiyofada.

Qurbon Eshmatov meni “ta'qib” qilishda davom eta boshladi. “Hoy bola, komsomolmisan? Nega znachogingni taqmaysan, hozirgi siyosat shunaqa, komsomolga sodiq bo'lmaganlar hisobdan chiqarib tashlanadi. Tezda “uchyot”ingni Kirov rayoni (Yunusobod tumani)dan olib, Lenin rayoni (hozirgi Mirobod tumani)ga qo'yasan, yo'qsa, komsomoldan o'chiraman! Ishga besh minut kechiksang, bas, seni bu yerdan…”

To'g'risi, har kungi bunday dag'dag'alar jonga tegdi. “O'chirsang, o'chir, bir yo'la qutulay sendanam, komsomolingdanam!” — deyishimni bilaman, “Qamalib ketasan, komsomolskiy nakazaniya olib!” — desa bo'ladimi! Azbaroyi qo'rqqanimdan, ishga kechikmasdan kela boshladim. Shu zayl bir hafta qatnadim. Qurbon yana bizning xonaga kirib keldi. Bundan keyin o'n minuti kam to'qqizda ishxonada bo'lishim kerakligini uqtirib ketdi. Nima emish, “komsomolskiy zadanie?!” Shundan so'ng hayron bo'lib, xatlar bo'limining mudiri Abduhamid Fozilovdan: “Bu “o'pkasi katta” kim bo'lib ishlaydi o'zi?” — deb so'radim. “U gazetamizda ham korrektor, ham komsorg”, dedi. “Shu bolaning popugini pasaytirib qo'ysak. Siz ham tahririyatning profsoyuz raisisiz-ku, — dedim Abduhamid akaga qarab. — O'zingiz guvohsiz, har kuni vaqtida kelib-ketsam, tahririyatga kelgan xatlarni bekamu ko'st ishlasam. Meni bu “azroil”dan himoya qiling, jon aka”, dedim yalingansimon.

Abduhamid aka miyig'ida kuldi-da: “Xo'p, sizni o'zim “podderjka” qilaman”, deb qo'ydi. Ertasi kuni ishga kelib, o'n daqiqalar ishlagan edimki, “komsomol vojagi” Qurbon Eshmatov vahima bilan, he yo'q, be yo'q, salom-aliksiz xonamizga bostirib kirdi. Kecha bo'lim boshlig'imizni bu “xavf”dan ogoh etganim uchunmi, unchalik hayiqmasdan bamaylixotir o'tiraverdim. Afsuski, xotirjamlikka erta berilgan ekanman. Qurbon hammamizga (shoira Umida Abduazimova va Vazira Solihova degan qiz ham bizning bo'limda ishlar edi) qarab chiqdi-da, bo'lim mudirimizga qarab: “Abduhamid aka, turing o'rningizdan!” — deyishi bilan mudirimiz xuddi soldatlarday shaxt bilan o'rnidan turdi. “Bu xodimingizni (meni ko'rsatib) “kontrol” qiling! Yo'qsa, sizning ham masalangizni o'rtaga qo'yamiz”, deya chiqib ketdi. Mudirimiz “xo'p-xo'p” degancha qo'lini ko'ksiga qo'yib qolaverdi (keyin ma'lum bo'lishicha, Qurbon Eshmatov Abduhamid akaga: “Shunday qilsangiz, bir eriyman”, degan ekan). Shundan so'ng muharrir muovini Abdurahim Abdullayev (rahmatli ajoyib yigit edi)ning xonasiga kirdim. Bo'lim mudiri Safar Ostonov bilan gaplashib turgan ekan. Bo'lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytdim. Gap orasida ariza yozib ketishimni ham qistirib o'tdim.

Oradan hech qancha o'tmay, Qurbonga maoshi ko'proq, yumushi kamroq ish topganimni aytib: “Mening o'rnimga o'tib ishlayvering”, dedim. U esa: “Shu yerda ishlayver, jo'ra, ketsang xafa bo'laman, “prosto” sen bilan hazillashgandim”, — dedi.

Keyinchalik bu tabarruk dargohda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalistlar Qulman Ochil, Ahror Ahmad, Norqobil Jalil, Qo'chqor Norqobil, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi-publitsist To'lqin Hayit, shoir va jurnalist Amirqul Karim, jurnalist-huquqshunos, shoir Sirojiddin Rauf, xorazmlik yoshulli, iste'dodli qalamkash, “Do'stlik” ordeni sohibi Ro'zimboy Hasan, shular qatorida Muyassar Isroilova, Gulchehra Aliboyeva, Mehribon Qurbonniyozova singari sinchkov, qalami o'tkir, tajribali jurnalist singillarimiz samarali faoliyat olib borishdi. Bu ijodkorlarning har biri o'zgacha bir dunyo edi.

Qurbon Eshmat ko'p o'tmay, bo'limga o'tdi. Qalami ancha o'tkirlashdi, katta-katta maqolalar yozib, elga tanila bordi. Ayniqsa, huquqiy mavzuda yozgan maqolalari gazetxonlarning e'tiboriga tushib, unga arzi hol qiluvchilar soni kundan-kunga orta boshladi. Huquq mavzusida dadil yoza oladigan kam sonli jurnalistlar qatoridan joy oldi. “O'zbekiston ovozi”, “Xalq so'zi” gazetalariga o'tib ishlaganida, muxlislari soni yanada ortib bordi. Ishlari shu darajada ko'paydiki, uni xizmat xonasidan topish amrimahol bo'lib qoldi. Ko'p hollarda sudma-sud, prokuraturama-prokuratura yurardi. Qancha-qancha odamlar tahririyat binosi tagida uni kunlab kutib o'tirishardi. Bilganlar “Eshmatovning odamlari” deb qo'yishardi kulib.

Uning ishi juda tig'izligini ko'pchilik yaxshi bilardi. O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid “Qurbon Eshmat kelmadi” she'rini bejiz yozmagandi-da!

U chindan ham qattiq ishladi, halovatidan kechib ishladi. Unga havas qilganlar ko'p bo'ldi, hasad qilganlar ham topilardi. Biroq jo'ramiz haq yo'ldan qaytmadi. O'nlab, yuzlab aybsizlar huquqini himoya qilib, matbuotda bong urdi. Kezi kelganda, prokuroru sudyalar bilan qattiq tortishdi. Oddiy fuqaroni xuddi qarindoshini himoya qilganday yelib-yugurdi. Aksariyat sudlarda yutib chiqqanidan ham xabarim bor. Qurbon Eshmat umrining oxirigacha ana shu ezgu yo'ldan bordi. Uning huquqiy mavzudagi so'nggi maqolalaridan biri “Jamiyat” gazetasida “Na oqlandi, na qamaldi” sarlavhasi ostida e'lon qilingandi. Unda militsiya xodimining nohaq ishdan olingani, bugungi kunda vaziyat o'zgargani, haliyam uni ishga tiklash kerakligi haqida kuyunib yozgandi.

Qurbon Eshmat jasoratli jurnalist edi. U 1999 yil poytaxtimizda ro'y bergan fevral voqealari xususida “Xalq so'zi” gazetasida turkum maqolalar e'lon qildi. Kezi kelganda, ijtimoiy-siyosiy mavzularda ham qalam tebratdi. Bu mehnatlari besamar ketmadi. O'zbekiston mustaqilligining 8 yilligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko'ra, “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. O'shandan beri boshqa biror jurnalist bu e'tirofga sazovor bo'lmadi (A.S.).

U qo'li ochiq inson bo'lib, do'stlikni g'oyat qadrlar, gap-gashtaklarning, katta-kichik davralarning guli edi. Qurbon oqibatli do'st, sadoqatli inson edi. Tengqurlar birgalashib qolsak, kun qanday o'tgani bilinmas edi. Hamkasbimiz Suvonqul Rustamov bevaqt vafot etganida ko'p kuyingan edi…

Hamkasblarimizning hazil-mutoyibasiga ko'ra, Qurbon Eshmatov bilan bog'liq qiziq voqealar bir dunyo. Qurbon harbiy xizmatga yangi borganda qismdagi millati ukrain bo'lgan askarlar sardori hammani bir safga tizib qo'yib, familiyasini birma-bir so'rab, keyin do'pposlar ekan. Familiyasi ukrain millatiga mansub bo'lgan askarlarga indamasdan o'tib ketisharmish. Navbat Qurbonga kelganda, u o'zini “Eshmatenko”, deb tanishtirib, kaltakdan qutulib qolgan ekan…

Ha, Qurbon ishtirok etgan davra nurga to'lardi, fayziyob bo'lardi. Uning ajoyib xislati, savt-sumbati o'zgacha edi. Xokisor inson, vafodor do'st, yaxshi hamsuhbat bo'lganligi sabab har sohada oshna-og'aynilari bisyor edi. Hamkasblar orasida saxiylik, tantilik bobida unga teng keladigani yo'q edi, desam, mubolag'a bo'lmas. Birovning orqasidan gapirmasdi, g'iybat unga yot edi, xusumatni yoqtirmasdi, odam ajratmasdi. Hammaga bir xil munosabatda bo'lardi. “Do'st safarda bilinadi”, — deydilar. U bilan yo'lda hamroh bo'lgan odam umuman zerikmasdi. Yengil mashinamda Qurbon bilan Shahrisabzga tez-tez birga borib kelardim. Gurungga chechan, kezi kelganda, hazil-mutoyiba, hangomani ham qotirardi.

Bir gal taniqli jurnalist Ismat Xushevning mashinasida Qashqadaryoda safarda bo'ldik. Ishlarimiz bitgach, Taxtaqoracha dovoni orqali poytaxt tomon yo'lga tushdik. Gurung qizigandan-qizidi. Shu orada Ismat bilan gapimiz qochib, tortishib qoldik, tortishuvimiz dahanaki jangga aylandi. Ismat jahl ustida dovonda mashinasini to'xtatgach, zudlik bilan “Neksiya”dan tushib qoldim. Yo'lovchi mashinalarga qo'l ko'taraverib, charchadim. Hech bir haydovchi dovonda to'xtashni istamasdi. Oradan yarim soat vaqt o'tmay, ulkan xarsangtoshning orqasidan kimdir bir quchoq gul ko'tarib kelyapti. Qarasam, Qurbon ekan. “Azamat jo'ra, xafa bo'lma, men uni ko'ndirdim. Toshkentga birga ketamiz”, — deb mashinaga o'tqazdi. Qo'lidagi gulni menga berib: “Xotiningga sovg'a qilasan”, dedi.

Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Qaysidir yili tahririyat yaqinidagi yemakxonalarning biriga kirib o'tirgandik. Bizdan ikki stol narida qaysidir tahririyatning ikki xodimi ham mastava ichib o'tirgan ekan. Ular ovqatlanib ketmasidan oldin Qurbon ofitsiantni imlab chaqirib, “schyot”ni so'rab oldi-da: “Ular kamxarjroq, oylik maoshi past, ijarada yashaydi”, — deb pulini yonidan to'lab qo'ydi.

Bir kuni Qurbon ishxonasiga ketayotib, Matbuotchilar uyi yonida shoira Kavsar Turdiyevani uchratib qoladi. Shoira bilan so'rashib, qo'ltig'idagi ikki to'plam qog'ozdan birini sovg'a qiladi va “Kavsarxon, har she'r yozganingizda meni eslab turasiz”, — deb liftga kirib ketadi. Qurbonning ana shunday saxovatpesha inson ekanligini barcha do'stu birodarlari yaxshi xotiralar bilan eslashadi.

“O'zbek tiliga davlat tili maqomi berish bo'yicha rosa tortishuvlar ketayotgan paytlar kursdoshim Qurbon Eshmatov: “Shu o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilsa, bitta qo'chqorning bahridan o'taman!” — dedi mardona turib. Vaqt o'tib, o'zbek tilimizga davlat tili maqomi berilgach, Eshmatov janoblari Ommag'ondan katta qo'chqorni yetaklab keldi. Pechorskiy (hozirgi Moylisoy) ko'chasidagi pastqamgina hovlida jamoa ishtirokida qo'chqor so'yilib, taomlar tayyorlandi. Qurbon jo'ramiz o'zining buyuk tilini o'zgacha ardoqlaydigan jo'mard inson edi”, deya eslaydi hamkasbi Muhammad Amin.

U birovga va'da berdimi, so'zining ustidan chiqish uchun jon-jahdi bilan kirishardi, ishlar qanchalik chigal bo'lmasin, uni oxiriga yetkazmasdan qo'ymasdi. “O'zgalarning quvonchiga sherik bo'lishdan yaxshi narsa yo'q”, derdi rahmatli. Haqtalab qahramonining muammosi ijobiy hal bo'lmagunicha ko'ngli joyiga tushmasdi.

Qurbon do'stimizning g'oyat ochiqko'ngilligini bilgan qarindoshimi yoki begona qo'noqmi, to'g'ridan-to'g'ri uning xonadoniga kirib kelaverardi, uch-to'rt kunlab qolib ketgan holatlar ham bo'lgan. Qurbon ham, rafiqasi Mavludaxon ham keti uzilmaydigan bunday keldi-ketdilarga ko'nikib ketgan, ular uchun oddiy holga aylangan edi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, katta noshir va publitsist Ahror Ahmedov do'sti haqida shunday eslaydi: “Biz, domla Eshmatov (men u kishini ba'zan shunday deya lutf qilardim, bu unga juda yoqardi, miyig'ida kulib, ko'zoynagini xiyol ko'tarib qo'yardi), Abduvaliyev oqsoqol (Anvar aka) — erta-kech birga edik. Bir kun-yarim kun ko'rishmasak, sog'inishib qolardik. Avval uy-hol, bola-chaqa, keyin ish-idoradan so'roqlashardik, xotirjam bo'lib olgach, domla menga qarab: “Ahmidov (Ahmedov emas), bo'ladigan gapdan gaplashaylik”, deb dasturxonga ishora qiladi. Go'zal suhbat, shirin xotiralardan gaplashardik. Ne hasrat, ne tongki, bugun jonajon birodarimiz o'zi ham xotiraga aylandi…”

Yuqorida aytganimizdek, huquqiy mavzuda qalam tebratadigan jurnalistlar respublikamizda sanoqli. Bu, shubhasiz, jurnalistdan nafaqat huquqiy mahorat, kuchli mas'uliyat ham talab etadi. Qurbon Eshmat huquqiy mavzularda qalam tebratadigan taniqli ustoz jurnalistlar — Safar Ostonov, Habibulla Olimjonov, Shohruh Akbarovlarning safidan munosib joy oldi. U o'z faoliyati davomida ana shu zalvarli mavzuning mas'uliyatini chuqur his etgan holda barakali ijod qildi.

U: “Odamgarchilik degan qonunga amal qilmayapsizlar”, deb sudyalar bilan tortishib qolardi. Sudyalar uning jonkuyarligi, ko'ngli tozaligi, halolligini bilib, ba'zida u bilan do'stlashib ham qolishardi. Huquqiy mavzuda ijod qilish nafaqat huquqiy savodxonlikni, balki yurisprudensiya sohasidan ham boxabar bo'lishni talab etadi. Qurbonning bu sohada malakasi, tajribasi yetarli edi…

Uzoq yillar bosh muharrir sifatida yoshlar tahririyatini boshqargan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Jabbor Razzoqov shogirdi Qurbon Eshmatov haqida shunday xotirlaydi:

— Respublika yoshlar gazetasida ishlab, shu vaqtgacha ko'pchilik eshitmagan, o'z kindik qoni to'kilgan Ommag'on qishlog'i nomini elga tanitdi. O'zi ham ko'p o'tmay jurnalist degan nomni ardoqlab, keng jamoatchilikka tanildi.

U gazetada oddiy musahhihlikka ishga joylashib, o'zining tug'ma iste'dodi, bilimi, intilishi, mehnatsevarligi, fidoyiligi va haqiqatgo'yligi tufayli ijod cho'qqilari sari ildamlab ketdi. Undagi ijodiy salohiyatdan tashqari, hamkasblariga bo'lgan chin insoniy mehr-oqibat o'ta kuchli edi. U chin do'st uchun o'zini qurbon qila oladigan darajada sadoqatli edi.

U tahririyat rejalarini, bosh muharrirning eng tezkor, qaltis topshiriqlarini o'z vaqtida puxta bajarardi. Tesha tegmagan, ko'pchilikning xayoliga kelmagan mavzularni topib, yozib, yozganda ham qoyilmaqom qilib ijodiy jamoaning tiliga tushardi…

Ijodda ancha chiniqib, o'ziga xos tajriba orttirgan Qurbon Eshmat yoshlar gazetasidan so'ng ko'p yillar respublikamizning nufuzli nashrlari — “O'zbekiston ovozi”, “Xalq so'zi” gazetalarida muxbir, bo'lim boshlig'i vazifalarida ishladi. Undan keyin umrining oxirigacha “Fermer” jurnali bosh muharririning birinchi o'rinbosari lavozimida samarali faoliyat ko'rsatib kelayotgan edi. Bir-birini quvib o'tgan bu yillar Qurbon Eshmat uchun g'oyat sinovli davrlar bo'ldi…

Qurbon Eshmatov xonadoni serfarzand oila edi. Qurbon kelinimiz Mavludaxon bilan 6 nafar — 4 qiz, 2 o'g'ilni tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar safiga qo'shdi. Er-xotin juda ahil-inoq bo'lib, bir-birini hurmat qilar, hatto Mavludaxon uni “o'rtoq Eshmatov”, deb chaqirsa, Qurbon rafiqasiga “labbay, Murodova”, deya javob berardi.

Qurbon Eshmatning to'ng'ich o'g'li Masrurbek padari buzrukvorining metin irodasi, matonati haqida shunday dedi:

— Allohning irodasi ekan, 2012 yili singlim Arofat kutilmaganda bu dunyoni tark etdi. Biz hammamiz og'ir qayg'uda, nima qilarimizni bilmaymiz, faqat yig'laymiz. Shunda dadam o'zlarini qo'lga oldilar, kuyovimiz bilan maslahatlashib, Toshkentdagi “Ilonli ota” qabristoniga dafn qilishga kelishishdi. Uch kun davomida dadam matonat bilan tik turdilar. Onamga va bizlarga dalda berib turdilar. O'zlarining yig'laganlarini bizga bildirmadilar. Lekin ichlaridan to'kilib bo'lgandilar.

Oradan bir yarim yildan ortiq vaqt o'tdi, kuyovimiz Asomiddin rahmatli singlim Arofatdan yodgorlik bo'lib qolgan bitta qizi Gavhar bilan ovora bo'lib, o'zini ovutib yurdi. Bir kuni dadam uni uyga chaqirdi va: “Bunday yurish yaxshi emas, endi sen ham uylangin, — dedilar. — Baribir oila qurishing kerak, biron ko'z ostingga olgan qiz bo'lsa aytgin, o'zimiz sovchilikka boramiz”, dedilar. Kuyovimiz ham mardlarcha: “Uylanadigan bo'lsam, faqatgina siz aytgan qizga uylanaman”, deb turib oldi. Kuyovimizning otasi ham ancha yillar oldin dunyodan o'tib ketgan edi. Axiyri, o'ylab-o'ylab, xolamizning qizini olib beradigan bo'ldik. To'y kuni belgilandi. O'sha kuni dadam tik turib, butun to'yxonaga kelgan mehmonlarni o'zlari kutib olib, kuzatib qo'ydilar. Orada dadam sekingina bildirmasdan, chekkaroq joyga borib, qaytib kelar edilar, ko'zlarida esa ko'z yoshlari yaltirab turar edi. To'yga juda ko'p do'stlari qadam ranjida qildi. Ayrim do'stlari dadamga qarab: “Senga tan berdim, hech kim sen qilgan ishni qilolmaydi”, deb ko'zlarida yosh bilan quchoqlab charchamas edi. Ha, dadam haqiqiy mard odam edilar. Buning uchun odamda qanchalik qat'iy iroda va kuch bo'lishi kerak, bilmadim…

Afsuski, mudhish koronavirus balosi ko'p yaxshi insonlar qatori Qurbon Eshmatni ham oramizdan olib ketdi. Pandemiya sharoiti bo'lsa-da, Qurbonning xudoyisiga juda ko'p insonlar kelib, duoi fotiha qilib ketishdi. Ma'rakada Ahmadjon Meliboyev: “Qurbon o'ladigan yigit emasdi, bunday bo'lishi hech kimning xayoliga kelmagandi”, — dedi ko'ziga yosh olib. Haqiqatan ham, Qurbonning vafotini hech kim kutmagandi. Nachora, o'lim haq…

Do'stimizni xotirlashimiz bilan uning o'ktam ovozi, ko'rkam qiyofasi ko'z o'ngimizda gavdalanaveradi. Hayot shunaqa murakkab, sirli-sinovli.

Yaxshi insonlar bu dunyoni tark etsalar ham, tiriklik chog'ida qilgan ezgu ishlari, fazilatli yumushlari hech qachon unutilmas ekan. Qurbon Eshmat o'ziga o'xshagan dilkash, jo'mard, sadoqatli do'st-oshnalar orttirdi, umri faqat yaxshilik bilan o'tdi. Undan bir umr yodda qolarli xush esdaliklar, dolzarb maqolalar, turli yillar xotiralari jamlangan “Qadrdon qayrag'och” nomli kattagina kitob (afsuski, uni ko'rish muallifga nasib etmadi) qoldi.

Ha, saodatmand kishilarni faqat go'zal xotiralar bilan tez-tez eslaymiz. Qurbonning g'oyat samimiyligi, odamoxunligidan bo'lsa kerak, yor-do'stlari ham shunga yarasha bisyor edi.

Yaqinda u haqda bosmadan chiqqan, “Jurnalist Qurbon Eshmatov haqida yodnomalar” deb nomlangan salkam ikki yuz betlik yodnomalar jamlangan kitobdan ham bilsa bo'ladiki, uning sadoqatli birodarlari qanchalik ko'pligini, qanday insonligini va hayotda u munosib iz qoldirganini.

Ko'p takrorlanadigan shunday gap bor: Inson umri uning qancha yashagani bilan emas, u qanday yashagani bilan o'lchanadi. Rost gap shu! Qurbon Eshmat endi rohat-farog'atda, farzandlari, nabiralarining baxti-kamolini ko'rib yashashi kerak bo'lgan yoshda bu olamni tark etdi. Ammo mardona yashab o'tdi. Haqiqiy insoniylik fazilatlarini namoyon etib yashadi. Eng muhimi, o'zidan yaxshi nom qoldirdi.

Azamat SUYuNOV,

O'zbekiston Yozuvchilar va

Jurnalistlar uyushmalari

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − one =