Ota
“Rahmat” so'zini ko'p ishlataman. Ammo hayotimdagi eng katta “rahmat”ni aytishim kerak bo'lgan inson bu — otam.
Dunyodagi eng ulug' inson u — farzandlari uchun yashaydigan ota. Bizni hech qachon “qiz bola” yoki “o'g'il bola” deb ajratmaydi. Har birimizning o'qishimiz, orzu qilgan kasbimizga ega bo'lishimiz, hech kimdan kam bo'lmay yashashimiz uchun kurashadi. Biz nima xohlasak, imkon qadar bajarishga harakat qiladi. Ba'zan imkoni yetmagan paytlarida ham buni sezdirmaslik uchun yanada ko'proq mehnat qiladi!
Otalar o'zini o'ylamas ekan. Otam oilamiz uchun, biz farzandlarining kelajagi uchun bugun musofir yurtda ishlab kelmoqda. Begona yurtda yashash, og'ir mehnat, sog'inch bilan kun o'tkazish oson emas. Ammo otam ana shu qiyin yo'lni tanladi. Chunki ularning birgina orzusi bor: “Bolalarim o'qisin, yaxshi yashasin”.
Men otamning “charchadim” deganini eshitmaganman. Dam olayotganlarini ham ko'rmaganman. Faqat ishlaganlari, shoshganlari, ba'zan esa o'ylanib o'tirganlarini ko'rganman. Bolaligimda buni oddiy hol deb o'ylardim. Bugun esa tushunyapmanki, bu fidoyilik, qahramonlik ekan.
Biz dars qilayotgan paytimizda, og'ir mehnat bilan band. Biz issiq uyda o'tirganimizda, otam sovuqda ishlaydi. Bizning daftarimiz, kitobimiz, kiyimimiz ortida ularning zahmati, sabri va sukuti, matonati mujassam.
Otalar ko'p gapirmaydi. Ehtimol, “Seni yaxshi ko'raman” demas. Lekin ularning har kuni qilgan mehnati — eng baland aytilgan mehru muhabbat, yaxshi ko'rishdir! Mening otam ham mehrini so'z bilan emas, umrini biz farzandlariga bag'ishlashi bilan ifodalamoqda.
Bugun biz, farzandlari o'qiyotgan bo'lsak, tinmay yorug' kelajak haqida orzu qilayotgan bo'lsak, bu — ota-onamizning mehnatlari natijasi.
Otajon, balki, men bu so'zlarni o'zingizga ayta olmasman. Ammo yuragimdagi eng katta minnatdorchilik Sizga bo'lsin! Ming bora tashakkur, bizni hech narsadan kam qilmay, o'ksitmay boshimizni silaganingiz uchun, ota!
Agar hayotimda biror yaxshi ish qilsam, muvaffaqiyatga erishsam, bilingki, bu Siz va onajonim chekkan zahmatlar va tarbiyaning mevasidir.
Darmonjon RUSTAMOVA,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.
