Sukut orzusi
Sadoqat HAMRAYEVA
Muallif haqida:
Sadoqat HAMRAYEVA 1990 yil Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanida tug'ilgan.
Badiiy ijod bilan muntazam shug'ullanadi. Asarlari respublika nashrlarida e'lon qilingan.
2018 yili “Ko'ngil ko'zgusi” nomli ilk she'riy to'plami chop etilgan. She'rlari turk va ozar tillariga tarjima qilingan.
Baland tog'ning olis cho'qqisidagi hujra yonida o'tirib, senga dovur shovqini yetib kelmaydigan olis manzillarga tikilsang. Ufqqa dovur cho'zilgan kengliklarda nigohingni o'z mayliga qo'yib, o'ylaringni o'z olamingda mehmon qilsang. Shu asno atrofingda, ruhingda hukmronlik qilayotgan jimlik aro qalbing ovozini — sukunat hayqirig'ini eshitsang! Ruhingga ko'chgan, tafakkuringda akslanayotgan bu hayqiriqqa erk bermoq vaqti yetganda, tashqi borliqni unutib, mo''jazgina hujradan qo'nim topsang.
Hujra ichidagi ish stoli yonida borligi sezilmaydigan darajada qulay o'rindiq bo'lsa, ish stoli ustida achchiqqina hovurli qahva yoki ko'k choyga to'latilgan finjon bo'lsa, doim quvvati to'liq kompyuter xizmatingga shay tursa. Hujraning oftobro'ya derazasidan ilohiy ilhom yanglig' oqib kirayotgan nur shuuringga, ko'nglingga singib ketsa.
Shunday jimjitlik bo'lsaki, ilhomdan gupurayotgan yuragingga hamohang tarzda barmoqlaring klaviatura tugmachalari ustida yugursa. Tugmachalar shiqirlashi qalbing torlarini ayamay chertsa, oqibatda junbishga kelgan fikrlar, o'ylar, hislar ta'sirida vaqt o'z ahamiyatini yo'qotsa!
Yozaversang, yozaversang, yozaversang, sukunat qa'ridan otilib chiqayotgan yuraging hayqirig'ini so'zga singdirib yuborsang. Xayoling suratini chizib bersang, og'riqlaring po'rtanasini chizgilaringga, aytimlaringga singdirib yuborsang! Simyog'ochga birrov qo'ngan qaldirg'ochlarday betoqat o'ylaring yozib ulgurmasingdan xotiringdan o'chmasa. Ilhom bilan vaqt, ko'ngling bilan aqling bir butun bo'lib, faqat o'zing bilan qolsang.
Afsuski, o'zing bilan yuzlashtiradigan tog'dagi olis hujraga har doim ham qadaming yetmaydi. Undagi osuda muhitni jamoat joyida ham yaratib olish mumkin; tashqi ta'sirni to'sadigan romlar bugungi kunda yangilik emas. Ammo shunday ta'sir kuchi borki, undan qochib qutulib bo'lmaydi. Zirhli romlar, qalin devorlar, minglab kilometrlarga cho'zilgan yolg'izlik chegaralari ham uni qaytara olmaydi. Bu ichingdan keladigan shovqin, bu turmushning aks-sadosi. Shunday qilib, hech poyoni yo'q shovqin tashqaridan emas, insonning ehtiyojlaridan sizib kiradi. Ming mashaqqat bilan yaratgan osuda olaming yo'qqa chiqsa, nur misoli shuuringga singayotgan ilhom ham parchalanadi. Ana shunda ichingdagi yozuvchi turmush tashvishlariga g'arq bo'lib, oddiy insonga aylanadi.
Tanang borligini sezdirmasa, ichingda sukunat bo'lsa, tafakkuring erkin bo'ladi. Ana shundagina ichingdagi ijodkor o'zi bilan o'zi qoladi. Axir inson eng rost gapini yolg'iz qolganidagina baralla ayta oladi. Qalb hayqirig'i yuzaga chiqadigan sukunat onlari shunchalar ozki, buning aksi o'laroq, yozuvchining jimlikka bo'lgan ehtiyoji chegarasi yo'q. Taassufki, ba'zi ehtiyojlarni to'la qondirib bo'lmaydi, ba'zi orzular batamom amalga oshmaydi. Shunday ushalmas orzular ham bo'ladiki, insonni orziqib yashashga undaydi, undayveradi…
Yashashing kerak. Yashamog'ing shart. Uni Yaratgan in'om etgan. Bu haqiqatni anglash uncha qiyin emas. Anglab yetdingmi, demak, sen borsan. Yashayapsan…
