Tekin pishloq

Erta bahorning iliq nafasi shahar ko'chalarini asta erkalab turgan bir oqshom edi. Osmonda shom pardasi yoyilib, havoda namxush tuproq va yangi uyg'ongan gullar hidi sezilar, tabiat ham go'yo bir lahza tin olib, xayol surishga chorlardi. Men esa yozuv-chizuvlarim bilan mashg'ul, ijtimoiy tarmoq sahifalari orasida sarson izlanar, fikrlarimni tartibga solish bilan ovora edim.

To'satdan ekranda noma'lum “admin”dan xabar paydo bo'ldi. “Assalomu alaykum! Aksiya guruhimizda qatnashib qoldingiz. Sizga aksiyadorlik jamiyatimiz tomonidan 5 million 170 ming so'm pul mukofoti ajratildi. Plastik kartangizni tashlasangiz, o'tkazib berar edik”.

Kutilmagan “baxt” eshigimni qoqqandek bo'ldi. Bir lahzaga inson qalbidagi tabiiy qiziqish uyg'onadi: “Rostmikan?” Ammo shubha ham soyadek ergashadi. Hali ikkilanib ulgurmasimdan, ovozli xabar kelib tushdi: “Tezroq harakat qilsangiz, tasdiqlab yuborar edik…”

Shoshqaloqlik — firibgarning eng ishonchli quroli. Ular insonni o'ylashga qo'ymasdan, hissiyot tugmalarini bosishga urinadi. Lekin bu holat men uchun yangilik emas edi. Axir “mening xakergina bolam” shoxida yursa, men bargida yuraman. Ya'ni zamon qadam tashlasa, biz ham hushyor yurishni o'rganishimiz shart.

Ichki ishlar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining ijtimoiy tarmoqlarda bong urib, aholini kiberhujumlardan ogohlantirayotgani bejiz emas. Har kuni kimningdir ishonuvchanligi, kimningdir soddaligi qimmatga tushmoqda. “Tekin pishloq faqat qopqonda bo'ladi”, degan naql zamonaviy tus olgan — endi qopqon temir emas, raqamli ekran ortida pinhona. Shuning uchun bu mavzuni tezgina notanish adminga spam berish orqali tugatib qo'ya qoldim. Shu o'rinda mashhur o'zbek yozuvchisi G'afur G'ulomning bir hikoyasi yodimga keldi. Va bu vaziyat haqida xayolimda paydo bo'lgan fikrlarimni bayon etishni, oq qog'ozni qoralashni xohlab qoldim.

Atoqli o'zbek adibi, tarjimon va jamoat arbobi, akademik shoir G'afur G'ulom qalamiga mansub mashhur “Mening o'g'rigina bolam” hikoyasida bir kechalik suhbat orqali butun bir zamonning dardi ochiladi. Tomga chiqqan o'g'ri bilan yetimlarning buvijoni “qora buvi” Roqiyabibi o'rtasidagi muloqot jinoyat haqida emas, balki tirikchilik haqidagi suhbatdir. O'sha davr o'g'risi devor oshardi. Bugungisi esa devorsiz dunyoda yashaydi.

O'g'rigina — tug'ma jinoyatchi emas. U kosibning bolasi. Zamon teskari aylangan, urush, qashshoqlik, ishsizlik uni tomga chiqargan. U boynikiga tusholmaydi: himoya kuchli, ularning paxsasi sakkiz qavat, eshiklari temirdan, har bittasining qo'rasida eshakday-eshakday ikkita-uchtadan itlari bor. Boshqasinikida miltiq ushlagan gorodovoy turadi. Shuning uchun ham kambag'alnikiga tushadi, chunki devor past, himoyasi yo'q.

Bugun devorlar paxsadan emas, paroldan. Qulflar temirdan emas, shifrdan.

Hozirgi zamonaviy o'g'ri bu — xaker. U uyingiz tomiga emas, “Wi-Fi” tarmog'ingizga chiqadi, qozoningizni emas, bank kartangizni oladi, qopni emas, ma'lumotni ko'taradi, itlardan emas, antivirusdan qochadi. Kechagi o'g'ri bolta olib yurgan bo'lsa, bugungisi noutbuk ko'taradi. Lekin savol o'sha-o'sha: uni tomga kim chiqardi?

Hikoyada “Qora buvijon” aytadi: “Zamon qattiq, o'g'rigina bolam”. Bugun ham ko'p yoshlar ilmsizlikdan, bekorchilikdan, tez boyish vasvasasidan, internetdagi soxta “oson pul” reklamasidan, ijtimoiy tengsizlikdan yo'ldan adashadi.

Kechagi o'g'ri qorni uchun yo'qchilikdan tavakkal qilgan. Bugungisi esa to'qchilikdan ba'zan hirs uchun, ba'zan qiziqish uchun, ba'zan e'tirof uchun qilyapti bu qing'ir ishni.

O'g'rigina bola yetimlarning qozonini olmay ketadi. To'g'ri, u o'g'ri, ammo qalbi butunlay o'lmagan o'g'ri. Bugungi kiberjinoyatchilar esa pensionerlarning jamg'armasini, talabalarning kontrakt pulini, bemorlarning davolanish mablag'ini ham tortib olishdan toymaydi. Bu yerda muammo inson yoki zamonda emas, aksincha, muhit, tarbiya masalasi o'rtaga chiqadi.

Kechagi buvijon o'g'rini duo qiladi. Uni qarg'amaydi. Chunki u inson edi. Hozir-chi, hozirgi “o'g'ri”ning yuzi yo'q. U ekran ortida. Ismi soxta, surati soxta, ovozi ham, ehtimol, sun'iy. U sizning ko'zingizga qarab turmaydi, uyalmaydi, andisha qilmaydi. Uning qo'li eshik tutqichini emas, qalbingiz ishonchini buraydi. Ilgari o'g'ri uyingizga kirgan bo'lsa, bugun u telefoningizga kiradi. Ilgari qulfni sindirgan bo'lsa, bugun ishonchlarni sindiradi.

“Qora buvi” o'g'rini duo qiladi, chunki qarshisida odam turgan. Insonni insoniylik bilan yengish mumkin edi. Hozir esa ko'pincha tugmalar, algoritmlar, niqoblar ortidagi nafs bilan yuzma-yuzmiz. Bu yerda duo ham, qarg'ish ham ekranga urilib qaytib keladi.

Ammo baribir savol ochiq: insoniylik qaerga ketdi?

Balki, u yo'qolmagan, faqat yashirinib qolgandir. Balki, bugun bizga buvijonning duosidan ham ko'ra hushyorligi kerakdir. Chunki mehr saqlansin, lekin ishonch sinalsin. Rahmdillik qolsin, lekin soddalik emas.

Bugun bizga faqat qattiq jazo emas, balki to'g'ri ta'lim, kibermadaniyat, axloqiy tarbiya, adolatli iqtisod kerak.

Chunki devorlar qancha baland bo'lmasin, agar zamon qattiq bo'lsa, kimdir baribir tomga chiqadi. Shunday ekan, masala tomni mustahkamlashda emas, balki insonni mustahkamlashda. Uni o'qitishda, ilmli qilishda!

Fotima RO'ZIYEVA,

Qashqadaryo viloyati G'uzor tumani

axborot kutubxona markazi

abonement va foydalanuvchilarga

xizmat ko'rsatish xizmati rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =