Salomatlik istakdan ustun bo'lsin
Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV), orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) hamon inson salomatligi uchun jiddiy tahdid bo'lib qolmoqda. Kasallikni davolash borasida erishilayotgan yutuqlar bo'lishiga qaramasdan muammo muammoligicha qolmoqda. Chunki bu dard o'ta xavfli va hozircha davosi topilmagan. Afsuski, hali-hanuz oramizda ushbu dardga chalingan va ularning tashuvchilariga aylanayotganlar ko'p.
OIV uch xil yo'l bilan yuqadi. Himoyalanmagan intim aloqa orqali. Qon orqali — OIV bilan yashaydigan odamning qonini quyish, giyohvand moddalarni in'yeksiya orqali umumiy shprislar orqali qabul qilish yoki teri butunligi buziladigan tibbiy va notibbiy muolajalarda nosteril buyumlardan foydalanganda, ya'ni dezinfeksiya va sterilizatsiya talablariga rioya etmaganda. Onadan bolaga — homiladorlik, tug'uruq yoki ko'krak suti bilan emizish orqali.
OIVning kech bosqichlaridagina alohida klinik belgilar namoyon bo'ladi. Bular: sababsiz haftalab, hatto oylab ich ketishi — diareya, haftalab tana haroratining ko'tarilishi, og'iz bo'shlig'i va jinsiy a'zolar atrofida turli zamburug'li va gerpetik toshmalar paydo bo'lishi, o'pkada sil va pnevmotsist pnevmoniya rivojlanishi — OIVning kech bosqichlarida immun tizim zaiflashishi va erta bosqichda OIVga qon namunasi topshirmaslik hisobiga rivojlanadi.
Mamlakatimizda OIVga namuna testini respublika va viloyat OITSga qarshi kurashish markazlarida, markazlardagi do'stona xonalarda, respublika bo'ylab barcha ishonch xonalarida bepul va anonim tarzda hamda tuman tibbiyot birlashmalarida bepul tarzda namuna (analiz) topshirish mumkin.
Xususan, bizning Samarqand viloyat markazimiz laboratoriyasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va tahlillar sifatli o'tkazilishi uchun test tizimlari bilan to'liq ta'minlangan. Laboratoriya umumiy klinik biokimyo diagnostika bo'limida bemorlarning CD-4 hujayrasi miqdorini aniqlash tahlili ham o'tkaziladi. Bu tahlil nospetsifik tekshirish usuliga kirib, bemorlarning salomatligini baholash uchun juda muhim ahamiyatga egadir.
CD-4 hujayrasi bu immun tizimi hisoblanib, organizmni turli xil infeksiyalardan himoya qiladi. OIV (odam immuniteti tanqisligi virusi) aynan CD-4 hujayrasiga hujum qilib, ularning sonini kamaytiradi. Natijada immunitetning zaiflashishiga olib keladi. Sog'lom odamlarda 500-1500 mkl gacha bo'ladi. OIV infeksiyasi bilan kasallanganlarda bu ko'rsatkich birmuncha pasaygan bo'ladi.
Shifokorlar ko'rsatmasi bilan yangi nazoratga olingan bemorlardan har 6 oyda, nazoratda turgan bemorlardan esa yiliga 1 marta, klinik ko'rsatmalar bilan CD-4 miqdori 250-300 mkl dan past bo'lgan bemorlarda har 3 oyda CD-4 hujayrasi miqdorini aniqlash uchun qon namunalari olinadi. Tahlil natijalari olingandan so'ng bemorlarga ARVT (Antiretrovirusga qarshi terapiya) tavsiya etishga asos bo'la oladi. CD-4 hujayrasi miqdorini aniqlashning ahamiyati shundaki, bemorlarga virusga qarshi dorilarning ta'sirini bilishdan iborat. ARVT preparatlarni o'z vaqtida qabul qilgan bemorlarda immunitet tiklanadi, ya'ni CD-4 miqdori ko'payadi, virus yuklamasi ham kamayadi. Bemorlarning hayot tarzi yaxshilanadi va umri uzayadi. OIV infeksiyasi yuqish xavfi kamayadi.
Qisqa qilib aytganda, salomatlik har kimning o'z qo'lida. Uni turli hoyu havas yo'lida qurbon qilmaylik.
Saida JUMAYEVA,
Samarqand viloyat OITSga
qarshi kurash markazi vrach
yordamchisi.
