Yong'in xavfsizligini ta'minlash yo'llari
Xonadonlarda yong'in xavfini keltirib chiqaruvchi omillar juda ko'p. Jumladan, ehtiyotsiz sigareta chekish, nosoz elektr va gaz moslamalaridan foydalanish, bolalarning nazoratsiz qolib, gugurt o'ynashlari kabi holatlar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, uchqun tekkanda yonib ketadigan ayrim buyum va narsalar borki, ularni pechkalar yonida saqlash aslo mumkin emas. Bular sirasiga lak, bo'yoqlar, mebellar, sintetik kiyimlar kiradi. Ko'p qo'llaniladigan kimyoviy moddalar, kauchuk va plastmassadan yasalgan turli buyumlar tez yonishdan tashqari, ko'plab zararli moddalarni ham ajratib chiqarishini e'tiborga olsak, ularning xavfi yanada oshadi.
Yong'in kelib chiqishiga uchta asosiy omil sabab bo'ladi: havo, uchqun, yonuvchi modda.
Agar shu uchta omildan biri bo'lmasa, yong'in sodir bo'lmaydi.
Yuz berayotgan yong'inlarning katta maydonga tarqalib ketishiga xususiy uylar qurilishida tegishli me'yorlarga amal qilinmaslik holatlari ham sabab bo'lmoqda.
Amaldagi tartib-qoidaga ko'ra, ikki qo'shni xonadon oralig'i tomni kesib o'tuvchi 60 santimetr balandlikdagi va qalinligi 12 santimetrdan kam bo'lmagan yong'inga qarshi devorlar bilan ajratilishi, uy tomiga va yog'och panjaralarga olovga bardoshlilikni oshiruvchi suyuqliklar bilan ishlov berilishi, xonalarda isitish pechlari qoidaga muvofiq o'rnatilishi lozim.
Shu sababli har kim uyida xavfsizlikni ta'minlashni niyat qilar ekan, bu borada yong'in xavfsizligini ham e'tibordan chetda qoldirmasligi lozim ekanini eslatib o'tishni joiz, deb bilamiz.
S.SAIDAKBAROV,
Toshkent shahridagi 1-bo'linma
kichik inspektori,
kichik serjant.
