Yoshlarni ishli va daromadli qilish, tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash doimiy e'tiborda

Ko'ksaroy qarorgohida 24 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yig'ilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini ta'kidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o'rgatish, sportga jalb etish, g'oya, loyiha hamda startaplariga ko'mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo'yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni e'tiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030 yilga borib, bu ko'rsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga o'z imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini ko'rsatib o'tdi.

O'tgan yili yoshlar bandligini ta'minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yo'naltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh o'z tadbirkorligini yo'lga qo'yib, 50 ming kishini ish bilan ta'minlagani ta'kidlandi.

Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash uchun qo'shimcha 200 million dollar ajratilishi e'lon qilindi.

Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: o'zini o'zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million so'mdan 300 million so'mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard so'mgacha kredit ajratish mumkin bo'ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o'rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yo'lga qo'yiladi. Xususan, o'zini o'zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so'mgacha, tadbirkorlik ko'nikmasiga ega bo'lib biznes boshlayotganlarga 300 million so'mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo'lganlarga 2 milliard so'mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so'mgacha kredit berilishi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko'nikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o'qitish, g'oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo'yicha kompleks xizmat ko'rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.

Nufuzli xorijiy oliygohlar ilg'or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o'qitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga o'rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so'mgacha 7 foizli ssuda beriladi.

Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o'tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamg'armasidan 1 milliard so'mgacha mablag' ajratiladi.

Joriy yil 1 martidan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog'liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg'armasi hisobidan qoplab beriladi.

Ijtimoiy tashabbuslar bo'yicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda o'tkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.

“O'sish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo'nalishlarida ham tanlov o'tkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard so'm ajratiladi.

Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, o'quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so'mgacha ajratiladi.

Joriy yildan texnikum o'quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qo'shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yo'lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.

Xususiy o'quv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo'llab-quvvatlanib, uyushma a'zosi bo'lgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig'ini to'lashdan ozod etiladi. Bunday markazlar o'qituvchilarini ilg'or ta'lim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yo'lga qo'yiladi.

“Ko'mak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til o'quv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so'mgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi o'quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, o'qituvchilar daromad solig'ini 7,5 foiz miqdorida to'laydi (hozir 12 foiz).

Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o'qitadigan o'quv markazlariga qo'shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk solig'idan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, o'qituvchilarga to'langan daromad solig'i va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.

Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo'yicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo'llab-quvvatlash” jamg'armasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamg'armaga har yili byudjetdan 20 milliard so'm, qo'shimcha ravishda mahalliy byudjetlardan 3 milliard so'mdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million so'mgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.

Yig'ilishda yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham ko'tarildi.

Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi byudjetdan qoplab berilishi aytildi.

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg'armasi orqali eng iste'dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million so'mdan haq to'lash, eng sara xorijiy adabiyotlarni o'zbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.

Yangi o'quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to'plamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon o'quvchilarni 10 million so'mdan mukofotlash vazifasi qo'yildi.

Kutubxona, “book cafe” va kitob do'koni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yo'lga qo'ygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard so'mgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi ma'lum qilindi. Unga ko'ra 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga o'qitish orqali daromadli ishga ega bo'lishiga shart-sharoit yaratiladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.

Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko'ksaroy qarorgohida bo'lib o'tgan yoshlar bilan muloqot doirasida “Raqamli texnologiyalar yo'nalishida eng yaxshi startap” — “President Tech Award” loyihasi g'oliblarining taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko'magida 2023 yildan boshlab o'tkazib kelinmoqda. Uning umumiy mukofot jamg'armasi 1 million dollarni tashkil etadi.

Tanlovda sun'iy intellekt, ijtimoiy texnologiyalar, “MicroSaaS” va “AdTech”, moliyaviy texnologiyalar va tadbirkorlik, o'yin dasturlari hamda maxsus yo'nalish — xakaton bo'yicha eng namunali loyihalar tanlab olinadi.

Ilk tashkil etilgan tanlovda to'rt mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan bo'lsa, 2025 yilga kelib, ishtirokchilarning soni olti mingga yaqinlashdi. Jamoalarning soni esa 444 tadan 862 taga yetdi.

Davlatimiz rahbariga tanlov g'oliblari o'zlarining startap loyihalari, ularning afzalliklari va amaliy samarasi xususida so'zlab berdi.

— Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni ko'rsatish lozim, — dedi Prezident.

Yoshlarning qiziqishlarini qo'llab-quvvatlash orqali kelajak kasblariga zamin yaratilayotgani, dunyo davlatlari ham yoshlarning startap loyihalariga alohida qiziqish bildirayotgani ta'kidlandi.

Prezidentimiz startap loyihalarni qo'llab-quvvatlashga mablag'lar yanada ko'paytirilishini aytib, yoshlar o'zlarining yangicha qarashlari va g'oyalari bilan yana qaysi soha va yo'nalishlarda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini berdi.

O'zA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × five =