Gujum
Muallif haqida:
Nazira MATYaQUBOVA 1968 yili Qoraqalpog'iston Respublikasi To'rtko'l tumanida tug'ilgan.
1991 yilda ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. 2003-2004 yillarda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi (hozirgi Davlat siyosati va boshqaruvi) akademiyasida tahsil olgan.
Ijodkorning “Ko'zlari shahloginam”, “Ardoqli oqsoqol” (publitsistika), “Qalbim to'la salomdir”, “Kim ushundir kerekpen” (qoraqalpoq tilida), “Tog'lar ishqi”, “Onajonginam”, “Yonimdagi yaxshilar”, “Janыmdag'ы jaqsыlar” (qoraqalpoq tilida) kitoblari nashr qilingan.
Nazira Matyaqubova 2020 yilda “Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist”, 2022 yilda “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvonlari va “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.
(voqeiy hikoya)
Ko'zimni ochib, esimni tanibmanki, qancha yillarning issiq-sovug'ini, qancha kuz-u bahorlar shamolini ko'rgan, osmonsimon boshi uzra qancha qorlar sochilgan, qarich yetmas shoxlari, quchoq yetmas tanasini qancha yomg'irlar yuvgan shu purviqor gujum uyimiz ortida yana bir ko'rkam uy kabi turardi. Ko'rkam uy kabi deyishimning boisi bor. U nafaqat ko'kka, balki eniga ham tarvaqaylab ketgan, quyuq va qalin shox-barglaridan o'tib, ostidagi supa ustiga hatto quyoshning zarra nuri-yu yomg'ir tomchisi tushishi dargumon edi. Tabiat yaratgan o'tov desayam bo'lardi. Agar balanddan qaralsa, yashil gumbazga, undan-da balanddan esa bobomning cho'girmasiga o'xshab ko'rinsa kerak, deb tasavvur qilardim o'zimcha.
To erta bahordan kech kuzgacha gujum ostidagi salqingina supa bir etak bolaning kichkina vatani, bir oilani yozning jaziramasidan himoya qiladigan qo'rg'on edi. Kunduzlari o'yin-kulgimiz, shovqin-suronimizdan gujumning barglarigacha yayrar, tungi osudaligimizdan butun vujudi orom olardi go'yo. Onam bizni o'sha gujumga ishonardi. Gujum tagida chug'urlashib o'ynab o'tirsak, bizga ora-chora qarab qo'yib, ko'ngli xotirjam, ishlarini qilib yuraverardi.
Oilamizning yaqinlari, do'st-yorlari shu gujum soyasida bir piyola choy ichgani kelishar, oddiygina supa ustida kamtarona, lekin fayzli dasturxonlar yozilib, dildan suhbatlar qurilardi. Ayniqsa, keksayib qolgan bobom gujumning shoxlari chayqalib, barglari ulashayotgan yengil shabadadan orom olar, “Ne'matingdan aylanay, Ollohim”, deya shukrona keltirardi.
Bobomning bir tengqur ammavachchasi bo'lar, uning uyida ham xuddi shunday barvasta, sersoya gujum, ostida shinam supa bo'lsayam, yoz kunlarida deyarli kun bo'yi ichkari xonadan chiqmas, derazalarini tashqarisidan bo'z, ichkaridan parda bilan yopib, eshiklarini zichlab, qop-qorong'ilikda dam olardi. Bobom ba'zida ataylab uning yoniga yo'l olar, “Bir kuni kirasan shu qorong'i dunyoga, chiq tashqariga!” deb yosh bolaning qulog'idan cho'zganday olib chiqib, gujum ostidagi supasiga o'tirg'izib qaytardi. U payt deyarli har bir xonadonda, dalalarda, suv bo'ylarida, hattoki yo'l bo'ylarida bir necha yillik, asrlik gujumlar barq urib turar, ularning soyasi-yu salqin havosidan barcha bahramand bo'lardi.
Bobomning bolalik xotiralari ham shu gujum bilan bog'liq edi. Ildiziga suv quyib, qo'y-qo'zilardan himoya qilib yurgan kezlarini eslab, “O'shanda bo'ylarimiz ham teng edi”, deb qo'yardi. Bobom yetmishlarga borib olamdan o'tdi.
Oradan sakkiz-o'n yillarcha o'tib, gujumlarga kasallik tegdi. Ko'pga kelgan to'y biznikini ham chetlab o'tmadi. Barglari, shoxlari ilma-teshik bo'la boshladi.
Kimningdir gujumi butunlay qurib qolibdi, desa, hammadan ko'p onam xavotirga tushar, o'zimiznikini asrab qolish uchun nimalarnidir qilgan bo'lar, hatto uning ado bo'lib borayotgan bo'y-bastiga termilib yig'lab ham olardi. Men talaba edim, yozgi ta'tilda uyga kelgandim o'shanda. Bir kuni onamning qo'shni ayolga gapirayotganini eshitib qoldim.
— Bobomdan qolgan, otamni, onamni ko'rgan, soyasida bolalarim ulg'aygan gujum bu. Nima qilishni bilmayapman.
— Aytishlaricha, gujumlarga allaqanday qurt tushganmish. Foydasi yo'q deyishyapti. Kecha falonchi agronom gujumini kesib tashlabdi-yu, boshqalar nima qila olardi? — deya dalda berardi qo'shni ayol.
Chindan ham gujumning shoxlaridan mayda qurtlar to'kila boshladi. Onam endi kichkina ukalarimni “gujumning tagiga bormanglar, ustlaringizga qurt tushadi” deb qayta-qayta ogohlantirar, ammo o'zi uning atrofini tark eta olmasdi.
Gujumlarning dardi odamlar dardiga aylangan shunday bir paytda qishloqda ularni kesib, yog'ochlarini sotib oladigan yoki yaroqsizligini pesh qilib shunchaki olib ketadigan uddaburon odamlar paydo bo'ldi.
Aslida, gujumning tanasi juda qattiq bo'ladi. Qadimda ota-bobolarimiz undan aravalar, g'ildiraklar yasashgan. Xivadagi ark va madrasalarning naqshinkor darvozalari, eshiklari ham gujum daraxtidan ishlangan. Shuning uchun yillar davomida o'z qiyofasini yo'qotmagan. Bu gaplarni qishloqdagilar ana shu uddaburonlar aylanishib qolganidan keyin bir-biriga aytishardi.
Bir kuni ulardan uch-to'rttasi biznikiga ham keldi. Onam tog'amlarnikiga ketgan, uyda otam bilan qolgan edik. Otam uzoq tortishdi. Oxiri ko'ndirishdi, shekilli, ishga kirishib ketishdi. Lekin ularning olib kelgan arralari daraxt tanasida sinar, shoxlarini qayirishga otgan arqonlari uzilar, boltasi uchib ketib, o'zlarining boshidan aylanardi. Xullas, birining beli, birining qo'li shikastlandi, yana birining peshanasida yoriq paydo bo'ldi. Ukalarim bilan sal nariroqda uzun-qisqa bo'lib, tizilishib kuzatar ekanmiz, bundan bolalarcha xursand bo'lardik. “Battar bo'linglar”, “to'nkaning tagida qolib ketinglar” deya birimiz qarg'asak, birimiz koyinardik. Gujumimiz ketmaslik uchun kurashyapti, deb o'ylardik. Yarim kunlik “jangu jadal”dan keyin ular baribir shunday ulkan daraxtni tag-tugi bilan kesib, qulatib, aravaga ortib olib ketishdi.
Onam esa bu voqeaning ertasiga qaytdi. Uning olisdan gujumning yo'qligini ko'rib yig'laganicha chopib kelayotgani, kela solib: “Nega bunday qildingiz? Bir chorasini topardik-ku!” deb otam bilan urisha ketgani, otamning yupatishiga qaramasdan, bir necha kun arazlab, o'ziga kelolmay yurgani hech esimdan chiqmaydi. Onamga qo'shilib, soyasiz supa ustida o'tirib, biz ham yig'laganmiz.
Yozgi ta'tilni tugatib, Toshkentga ketadigan chog'im keldi. Mashinaning orqa o'rindig'ida o'tirib borayotib, orqamga qarar ekanman, uyimiz g'arib bo'lib qolganday ko'ringan edi.
Keyinchalik onam aynan o'sha joyga bir necha bor gujum ko'chatini o'tqazdi. Ammo ular unib-o'smadi.
Hozir ham ota uyimga borsam, ana shu bitta nuqtaga uzoq tikilaman.
…Serviqor gujum, uning baland shoxlarida qushlarning, ostidagi supa ustida bolalarning chug'urlashayotgani, o'yin-kulgilari, sal nariroqda yumush bilan band, lekin ora-orada dilbandlariga qarab qo'yayotgan onam ko'z o'ngimda gavdalanadi…
“Yaxshiyamki, xotiralarni hech kim daraxtlar kabi qo'porib tashlay olmaydi”, deyman o'zimga o'zim.

