Lojuvard tasma

Qulman OÇIL

Muallif haqida:

Qulman Oçilov 1957 yili Qaşqadaryo viloyatining Çiroqçi (hozirda Kökdala) tumanida tuğilgan. 1983 yili Toşkent davlat universiteti (hozirgi Özbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1999 yili “Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlangan.  Taniqli publitsist, adib, tarjimon.

“Jaydari falsafa”, “Soy sohili”, “Barakali yigit”, “Omonat va matonat”, “Gardan va gardun” kabi önga yaqin nasriy kitoblari çop etilgan. Asarlari qardoş tillarga tarjima qilingan. Ernest Xeminguey, Gabriel Garsia Markes, Ivo Andriç, Ryunoske Akutagava, Simon Karmiggelt singari jahon adiblarining asarlarini özbek tiliga ögirgan.

(Hikoya)

Muhabbat omadu olam digar şud*.

(Mirzo Tursunzoda)

– Ketdik! –  dedi tuşlik mahali zavqu şavqi tanasiga siğmayotgan kuyov.

– Qayoqqa? –  deya hayron bölib uç kunlik kelinçak.

– Inson qadami yetmagan joylarga! Toqqa!..

– Dunyoda şunday joylar qolgan bölsa, boşlang!..

Aytilgan söz – otilgan öq. Eng zarur kiyimlari – ikki jomadonga, şitoblari “apil-tapil” degan ikki sözga jo böldi. Hovli-joyidagi nasiba ahlini xizmatçi nöğoy ayolga, nöğoy ayolni Yaratganning panohiga topşirib, yölga tuşdilar. Şunday qilib, oşiq-maʼşuqlar fursat ötib özlarini saratongaça qor arimaydigan toğ oğuşida kördilar. Eng baland tepalikdagi eng mahobatli hovlining temir darvozasi sassiz kötarildi.

– Bu qörğonning tarhiniyam öziz çizib, birinçi ğiştiniyam öziz qöyganmisiz, Rauf aka? – deya söradi hayratini yaşirolmayotgan Gulbeka.

– Xuddi şunday!

Qörğon töridagi ikki qavatli issiqqina uyga qadam qöyişlari  bilan yoş dillarni bayramona ruh butkul çulğab oldi. Çulğamasinmi! Bir-biriga  talpinib turgan ikki taşna qalbning tanho qoladigan kuni ham bor ekan-ku!

– Közlarimga işongim kelmayapti! – dedi Rauf. – Nahotki şu ofatijon sen bölsang, Gulim? Ayt, özingmisan?

Bunday damlarda qaysi ayol işva bilan şirin jilmayişdan özini tiya oladi.

– Vah-ey! – dedi erkalanib. – Ha, men, özimman!

– Senliging rost bölsa, kel! – dedi yigit qöllarini çözib. – Birgina bağrimga bosay! Soğinib ketdim axir!

Tördagi haybati baland qizil şkafni oçayotgan ayol eri tomon ikki qadam qöydi.

– Nega turib qolding?

– Heç bölmasa plaşimni yeçay…

– Plaşingni özim yeçaman!.. – Ehtiros ötidan yuragi xapriqib ketayotgan yigit nofarmon astarli kurtkasini yeçib oromkursiga otdi. Otdi-yu, qayoqdan ham kallasiga bir gap keldi: – Ilgariyam toqqa çiqqanmisan özi?

– Çiqqandik. – Şunday dediyu tilini tişladi ayol. Söng aybdorona jilmaydi.

Yigitning qöllari yoniga şalvirab tuşdi. Kimdir eşikni jurʼatsizgina taqillatdi.

– Da-a!.. – dedi er zarda bilan.

– Çemodanlarni opkeluvdim, xöjayin.

– Eşik oldiga qöyib ketaver! – norozi tönğilladi xöjayin. – Özimiz kiritib olamiz!..

Ayol duvva qizarib boşini egdi. Nimadir demoqçi bölganday yutindi-yu, ayvon eşigini oçayotgan eriga qaragança serrayib qoldi.

«Ikkimiz ham yarador quşga öxşaymiz», – degan edi u endi tanişganlarida.

«Quş emas, yarador böriga, de!..» – töğrilagan edi Rauf.

* * *

Kino saroyi yoniga haşamatli maşina kelib töxtaganida premyera boşlanişiga ön daqiqa qolgan edi. Maşinadan tuşgan qaddi raso yigit tomoşaxona sari ildam odimladi. Taklifnomada körsatilgan joy – ikkinçi qatordagi uçinçi örindiqqa borib ötirdi.

Yon-atrofiga razm solar ekan, liq töla tolorning narigi çekkasida bir ayol öziga qattiq tikilib turganini kördi. Tanişday tuyuldi: “Gulbekami?” Ajablandi.

Daqiqa ötib-ötmay öşa juvon uning yoniga kelib tortinibroq salom berdi, yigitning hayrati oşdi. Odob yuzasidan örnidan turdi.

– Voy, sizmisiz? – dedi Gulbeka. Yigitning ismini bilmas ekanmi yo şu tobda eslay olmadimi, işqilib, aytmadi.

– Yaxşi yuribsizmi, singil? – dedi u ham haqi ketadiganday ayolning nomini tilga olmay.

– Şukr!

Tamom. Bor gap-söz – şu. Balki uning örnida boşqa tilli-jağliroq  erkak bölganida darhol gapni ilib ketardiyu “singlisi”ga yonidan joy berardi. Ba rasmi iltifot! Aybi – ayol kişining qarşisida tili öz-özidan tanglayiga yopişadi-qoladi. Hurliqo esa aqlni şoşirgulik! Çiroylidan çiroyli! Maʼyuslik sezilar-sezilmas soya solib turgan timqora közlari nedir darddan ogoh etayotganday. Pardoz upasi tegmagan tiniq yuzi, moviy harir şarf taşlab olgan nozik böyni, kamzuli köz-köz qilib turgan durkun siynalari, navniholdek xipça beli yigitning xayolini öğirladi-qöydi. Unga mahliyo bölib qolgan faqat yigitimiz emasdi. Juvonni ayni toqu ravoq ostiga yiğilgan yuzlab köz – erkagu ayol havaslanib, suqlanib, balki yutinib tomoşa qilardi. Aslida, yuzlab nima, Gulbeka televizorda köriniş berib qolsa, millionlab tomoşabin ekrandan közini uzişi muşkul! Nima qilsa, nima desa, nima kiysa yaraşadigan tengi-timsoli kam ayol!

Juvon qanday kelgan bölsa, şunday – odob bilan iziga burildi. Turmaklangan oltinrang soçiga boğlangan nilgun jiyagini ikki yoniga silkitganiça uzoqlaşar ekan, yigit tomon sölğin nazar taşlab qöydi. Ajabo, közlarida yoş ğiltillardi!

Tepa soçi siyraklaşib, boşining yonğoqday joyi yaltirab qolgan yigitning xayoli qoçdi. Bu juvon nega uning oldiga keldi-yu, nega darrov iziga qaytdi? Nima demoqçi böldi? Nega közlarida ğilt-ğilt yoş? Har qança öylamasin, tomoşa tugaguniça ayni savollarning birortasiga jöyali javob topolmadi. Topgani: közlari çölpon farişta behuda kelmadi qoşingga!

* * *

Maşinasi muyulişdagi keng köçaga burilganida yana öşa ayolga közi tuşdi. Manzilidan adaşgan zabun kampir misoli boşini quyi solgança beton yölkani bir-bir bosib borayotir. Yigit ulovidan tuşib, orqa eşikni oçdi:

– Yölimiz birga öxşaydi, Gulbekaxonim. Keling, birga ketamiz.

Juvon çöçib tuşdi.

– Yö-yö!.. – dedi şoşa-pişa. – Men, sal nariga, Anhor böyiga boraman… Yetib qoldim… Rahmat!..

Boya körişganlaridan beri ikki-uç soat emas, göyo ikki-uç yil ötgan.  Behad toliqqan ayol bu dunyodan köngli qolgandek qattiq iztirobda körinardi.

– Unda, sizni kuzatib qöysam maylimi? – deb söradi yigit yalinganday.

Ayol parişon xörsindi. Avvalgisidan-da astoydil va samimiy eşitilgan bu taklifning pastu balandini xayolida çamalab körayotganday biroz öylanib turdi-da, moviy durraça öragan boşini yengil tebratdi.

– Mayli, – dedi böşaşibroq. – Faqat Anhorgaça.

– Xöp!

Jimgina yölga tuşdilar. Yigit nimadir degisi kelardi-yu, ösalroq gap aytib, şusiz ham köngli xufton hamrohini ranjitib qöyişdan çöçirdi. Oxiri tavakkal qildi:

– Qalay? Film sizga yoqdimi?

– Durust, – dedi Gulbeka loqaydroq. – Boya rosa boşingizni qotirib qöydim-a, Rauf aka? Kallam gangib siz tomonga borib qolganimni aytaman!..

– Boşim qotişiga bahona izlab yurgandi özi. Töğri qildingiz!..

Yigit unga qaramayotgan bölsa-da, sezdi: juvonning yuziga nim kulgi yoyildi. Hamrohining: «Sizga-çi? Film sizga yoqdimi?» deyişini kutdi. Demasa-da, qovuşmayotgan suhbat uzilib qolişidan qörqib:

– Ammo ssenariysi zör ekan! – dedi.

– A-a?! – rosmana ajablangan Gulbeka taqqa töxtadi va dadil ovozda xitob qildi: – Buyuk asfalt qiroli yaxşigina kinoşunos ham ekanlar-da?

– Ana xolos! Qirol ham böldikmi hali?

– Bölsangiz-çi! Nimasi yomon?

– Yomoni yöğ-u, lekin qiroliçasiz qirollik ham tatimaydi-da!..

Özining ilmoqli gapidan özi izza bölib, xijolatdan çiqişga şoşildi:

– Kultur baqanliginda bir arkadaşim var, – dedi şirin talaffuzda turkçalab.

– “Kultur baqanligin”da deysizmi?

– Ha, madaniyat vazirligida. Ilgari kinoda kattaroq odam bölgan öşa oşnam.

– Ha-a, gap bu yoqda deng?

– Innankeyin şirkatimiz filmlarga homiylik ham qilib turadi.

Anhor sohilidagi kulrang imoratlar ular tomon bostirib kelayotganday tobora yaqinlaşmoqda edi. Yigitimiz avval bulutli osmonga, söng bilagidagi soatga qaradi: çorak kam sakkiz. Böladigan gapni tikka aytişdan boşqa çora yöq:

– Şu yaqin-örtadagi birorta kafega kirib, bafurja gapxona qilsak, nima deysiz?

Juvonga Raufning qatʼiyati yoqa boşladi, şekilli, közlarida birdan quvonç uçqunlari yiltiraganday böldi. Röy-rost jilmaydi.

Mehmon orqa örindiqdan, mezbon haydovçi yonidan joy oldi.

– Oxrana oldinda ötiradi! – dedi Rauf öktam ovozda. – “Tongotar!”

– Xöp böladi! – dedi şofyor va kimnidir öşa zahoti telefonda ogohlantirdi. – Yöldamiza. A?.. Ikki-uç minutda.

– «Tongotar» dedizmi? – deya xavotirlandi juvon.

– Ha, «Tongotar». Narigi köçada möʼjazgina bir restorança bor, nomi şunday – “Tongotar”. Begona emas. Tarhini özim çizib, birinçi ğiştiniyam özim qöyganman.

Közdan panaroq orqa eşikdan kirib, ikkinçi qavatga çiqdilar.

– Xilvatgina joy ekan!

Restoran xöjayini şu gapni kutib turganday darhol javob qildi:

– Xilvatligi – zörligi! Mijozlarimiz unçalik köp emas… Taniş-biliş deganday. Faqiringizdan sörasangiz: harom-hariş köçasiga kirişdan hazar qilaman!

Möʼjaz xonadagi odmilik va uluğvorlikdan lol qolgan ayol ohista çapak çalib qöydi:

– Ofarin!

Gulbeka oradan bir oyça ötgaç iqrorini yigitga şunday aytadi:

– Öşa oqşom yonimdan eʼtibor bermay ötib ketsangiz nima bölardi, bilasizmi? Uyga borardim-da, ertalabgaça dori kapalab çiqardim. Keçalari yuragim tars yorilay derdi. Xonanişin kunlardan şunçalar bezganmanki!..

Restorandan tun yarimlab qolganida uyga qaytgan Rauf karavotiga çözilar ekan, tong ottirişi oson keçmasligini angladi. Gulbekaning ham köziga uyqu ilinmay, tölğonib çiqsa kerak deya taxmin qildi. Taxmini  töğri edi. Öylab qarasa, ikkalasi bir-biriga munosib: böy-basti kelişgan, mehnatda közi pişib, aççiq-çuçukdan tajriba orttirgan. Juvon – öttizni, yigit qirqni qoralab qolgan. Ayoldir, erkakdir, bu yoşga yetganida yengil-yelpi hoyu-havaslardan ança foriğlanib, sipo tortişi tabiiy. Gulbeka – nufuzli agentlikda matbuot kotibi, Rauf – yöl qurilişi böyiça nomdor şirkat xöjayini. Ayon böldiki, ikkisi ham kitobga, sanʼatga, mehnatga öç, hayotda nimagaki erişgan bölsalar, hammasini şu öçlikdan deb bilişar ekan.

Taqdirlari şörişu ğavğosining öxşaşligi-çi? Gulbekaning zavjini,  Raufning zavjasini dunyoga yopirilgan ofat – “tojdor virus” olib ketgan. Har ikkalasi boşiga tuşgan musibatning oğir yukidan endi-endi xalos bölib, öziga kela boşlagan çoqlar. Kino saroyida Gulbeka uning oldiga dovdirab kelib qolganining sababi ham öşa musibat asorati. Raufning nedir kelbati marhum erini eslatib yuborganday bölibdiyu hardamxayol ayol örnidan turib ketganini özi sezmay qolibdi. Ofat hammani esankiratib  ketdi.

Demak, uning bojxonaçi-amaldor eri ham Raufday xuşsurat yigit bölgan. Boşida – kepka, egnida – sviter, yengil kurtka, yayrab yurişni yoqtirgan. Ikki yigit töy-maʼraka, tennis öyini, majlis-pajlislarda baqamti kelgan bölişlari ham mumkin.

– Telbadan farqim qolmagan! – deb közyoşi qildi Gulbeka öşa oqşom restoranda ötirganlarida. – Qolgan bölsa, sadaqa sörab yurgan gadoyday oldingizga bostirib borarmidim?.. Özim otasiz ösganim yetmaganday öğlimning ham peşonasi şör ekan!..

Ayol qizil ğilofli qöl telefonini oçib, uç-tört yoşlardagi gödak suratini körsatdi. Öksinib, munçoq közlari javdirab qolgan bolakay.

Juvon mijjalarini artar ekan, qayta-qayta uzr sörardi. Yigit uning ikki qölini kaftlari orasiga oldi. Oroyiş berilgan muloyim qöllardan vujudiga yoyilgan taft, yoş ayoldan taralayotgan muattar böy uning sovib yotgan qonini qaynatib, ehtirosini junbişga keltirib yubordi. Buni sezgan Gulbeka közini olib qoçdi.

Rauf şunday nazokatli ayolga termilib, suhbatidan zavqlanib ötirişni bir umr  orzu qilganini angladi.

Şu-şu ularni halovat tark etdi. Tez-tez qönğiroqlaşib, körişib turişni odat qildilar. Körişganlarida yoş boşlariga tuşgan judolikni eslamaslikka, eslasalar-da, marhumlari xotirasini çetlab ötişga urinar edilar. Ammo uringaning uddasidan çiqding degani emas. Bunday damlarda egnidagi motamsaro libosini haligaça yeçmagan Gulbekaning hölqasi tölib ketsa, yigitning halqumiga toş tiqilganday bölardi.

Dardi bedavo avjiga çiqqan kunlari şifoxonada özi bilan özi bölib, erining holidan xabar ololmagan Gulbeka hali-hanuz afsus-nadomat çekadi. Soppa-soğ, öynab-kulib yurgan odam. Falon joyda işlaydi, şifokorlarga gapi ötadi, deb köngli töq bölgan-da. Baʼdaz bilsa, “Kovid-2019” markaziga tuşgan eri şörlik uç kun ötib jon bergan. Öpkasining sakson beş foizini virus işdan çiqarib taşlagan ekan. Jonlantiriş bölimida ölim bilan olişib yotgan juvonga bunday körgulikni qanday aytişsin?

Bemorman deganning dimoğiga kislorod apparati ulangan. Qayişqoq niqobni yuzingizdan sal kötarsangiz, nafasingiz tiqilib, böğila boşlaysiz. Na telefon bor, na televizor…

Gulbeka ikki haftadan keyin yalinib-yolvorib, qöl telefonini olgan. Ayol zotining gapi içiga yiğilib qolgani – ölgani. Palatadagi tört ojiza portlab ketmaganiga haligaça ajablanadi.

Yonidagi karavotda maşhur akademikning ayoli yotgan edi. Biram yaxşi, biram dono, biram bardoşli ekanki, “oh” degan ovozi çiqmadi. Gulbeka bir tong telefoniga qarasa, şörlik opaning eriga rafiqasi olamdan ötgani uçun hamdardlik bildirilgan şumxabar tarqalgan. “Yöq, opa tirik!” deb hayqirib yubormasinmi! Qarasa, örnida rostdan ham boşqa kampir ihrab yotardi…

Gulbeka bemorxonadan uyiga gandiraklab kelsa, hammayoq huvullagan. Eri yöq! Farzand doği quritgan qaynona-qaynotasi kötaram bölib qolgan! Beçora juvon öğilçasining ham peşonasidan öpolmaydi. Mumkin emas: virus yuqadi! Butun oilaning kiyim-boşi olovga taşlagan. Gulbeka qaysi şkafni oçsa – tebranib turgan böş kiyimosgiçga közi tuşadi. Misoli eşafotda mahkumni kutayotgan dor deysiz!

Vodariğ! Hali heç qança vaqt ötgani yöğ-u, Rauf maʼşuqasi bilan andarmon bölib, öz marhumasini qariyb unutay debdi. Uylanguniça, uylanganidan keyin ham xotini ikkovining örtasida öldim-kuydim, oh-vohlar bölmagan. Onasi mahallama-mahalla yurib, sörab-suriştirib topgan qiz edi-da, rahmatli Mastura. Ikki-uç marta uçraşib, kino-pinoga tuşişgan. Guldastalar hadya qilingan, çoği. Kelin-kuyov risoladagiday yaşagan. Er – pul topib kelgan, xotin – rözğorga qarab, qaynonaning duosini olib ötirgan. Şu ötirişni bahuzur baxt deb bilgan.

Rözğorlari avval-boşdan kam-köstsiz edi. Masturaning pul desa – puli, obrö desa obröyi bölgan. Kimsan asfalt-beton zavodlari gurillab, şaharni yölu köprik bilan taʼminlab turgan Rauf Usmonovning xotini! Çatoği şuki, ayoli tösatdan tölişa boşladi. Bir semirib olsangiz, bas, qança parhez, qança dori-darmon qilmang, fitnes-mitnesga qança qatnamang, ozişingiz muşkul. Semizligi ortidan intizor kutilgan öğilga homilador ham bölolmadi. Buning ustiga, eri taşlab ketişidan xavotiri oşaverdi. Qattiq taşvişdanmi yo asli özi mijozida moyillik bor ekanmi, işqilib, qandga çalindiyu ğamboda köngli battar çökdi. Tana-töşi qurib, tomoğining osti dami çiqqan pufakday şalvirab qoldi. Masturani boqiy dunyoga erta olib ketgan ham aslida şu – diabet.

– Ikkovimiz ham yarador quşga öxşaymiz, – degan edi Gulbeka öşa kunlari.

– Quş emas, yarador böriga, de!.. – töğrilagan edi Rauf.

Gulbeka bilan qalinlaşib ketdilar. Endi kunda-kunora uçraşgilari, dardlaşgilari, yuraklarda silqib turgan jarohatga tezroq malham topgilari kelardi. Na köçalarni töldirib oqayotgan avtomobillar şovqini, na bahor yomğirlari, na turmuş taşvişlari bu iştiyoqqa monelik qila olardi. Xilvat göşalarda şoşilmay sayr qilardilar, xayrlaşiş fursati kelganida esa endi baloğatga yetgan ösmirlardek tillari tutilar, ayrilgilari kelmas edi. Qöltiqlaşib yurişganining özi hamma gapni aytib, körsatib, anglatib turardi göyo. Şunday ilohiy lahzalarni jön, siyqa bir söz bilan buzib qöyişdan çöçirdilar. Rauf maʼşuqasining gaplarini tinglab, ovozini soğinib töymas edi. Gulbekaning aqlli ayollarga xos latif feʼli, zarofati, ayniqsa, vazminligi butkul rom qilib qöygan edi. Bir yigitning baxti bundan ortiq bölmas!

Bordi-keldilari quyuqlaşgani sari işqiy sarguzaştlarini pinhon tutişlari qiyinlaşib qoldi. Nikoh öqitilib, kamtarona dasturxon yozildi va eng yaqin köngil yetarlar yangilikdan voqif qilindi. Gulbeka köp ikkilanib ötirmay öğli Sanjar bilan erining uyiga köçib keldi.

* * *

Er-xotin örtasidan gap qoçsa, kim nima qiladi, nima deydi? Balki ikkisi ham lovullab ketar? Xayoli çuvalgan Rauf özini ayvonga oldi.  Birdan tamaki xumori tutdi. Çekişni taşlaganiga beş yildan oşgan. Şunday xumor qildiki, şofyoridan şartta bitta papiros olib, bosib-bosib tortgisi keldi. Özini arang uşladi. Arang! Heç joyda heç gap yöq, nega bexosdan quloğigaça lovullab ketganini angladi. Umrida birinçi marta könglida raşk öti dadil boş kötargan, xotinini marhum eridan qizğanmoqda edi!..

Gulbekani hayratga soliş niyatida nimadan gap oçsa, nedir iş qilsa, nuqul bir xil sözga borib taqalaveradi: körgandik, borgandik, öqigandik, çiqqandik!.. “Dik-dik-dik!..” Şu qabilidagi javobni eşitişi bilan göyo yigitning köksidagi öt sönadi-qoladi. Demak, bu xotin marhum eri bilan toqqayam çiqqan ekan!

Ilgari, töygaça, içidan qançalik qirindi ötmasin, “dik-dik”ni eşitsa, özini bosardi. Gulbekaning sölğin qiyofasini körganida içi yonib ketgan kunlari köp bölgan: “Keçasi yana Öşani qömsab çiqqan!”

Turib-turib Raufga alam qilib ketardi: “Bokiraligi nega menga emas, Unga nasib qilgan? Munosib emasmidim?”

Ğussa töla mavhum sukunat. U namozgarning harir qoronğisida şavqi sönib, söppayib turar, qilgan işi endi özini xarsangtoşdek ezmoqda edi. Bu oğir sukunatni qay yöl bilan buzsin? Xotinidan qaysi yuzi bilan uzr sörasin?

Xudo senga şunday oqila ayolni, şunday muhtaşam makonni, şunday gözal dunyoni ravo körib turganida, arazlagan gödakday teskari ögirilib olganingni qara! Bu nima qiliq? Qanday noşukurlik?  Kimdan, nimadan norozisanki, tumşuğingni bunça osiltirasan, ey ojiz banda? Ölgan odamdanmi? Gulbekadanmi? Uyal-ey! Öşa bojxonaçi emas, özing ölib ketganingda nima qilarding, nodon?!

Oyoq şarpasi eşitildi. «Yaxşilik alomati,» deb öyladi u. Lekin  şarpani sezmaganga oldi. Gulbeka kelib, uning yelkasiga boş qöydi. Öng qölini olib, silar ekan, barmoqlarini barmoqlari orasiga qovuştirdi. Qorli çöqqilar ortidan çiqib kelayotgan oy, pastda yastanib yotgan zangori vodiy, ungurlarda qorayib körinayotgan arçalar, ilonizi söqmoqlarga unsiz qarab turardilar. Qiya oçiq derazadan kirgan salqin şabada juvon soçining iforini yigitning dimoğiga tutdi. Ilohiy taft va ifor şuurini işğol qilmoqqa tuşgan Rauf közlarini yumdi: qani endi  şu sehrli lahzalar bitmasa, şu muattar böy, şu xuşboda dimoğidan aslo arimasa… Gulbeka birdan özini yerga taşladiyu erining ikki tizzasidan mahkam quçoqlab oldi:

– Ötinaman! – dedi yolvorib tanglayi quriganday xirillagan ovozda. – Bizni taşlab ketmang!..

– Bu nima qilganing, Guli? Kim taşlab ketaman deyapti?!

Ayolini bilagidan uşlab turğizdi:

– Yiği senga yaraşmaydi, boşingni kötar!

– Qörqaman, Rauf aka, ölguday qörqaman!  Sizdan ham ayrilib qolişdan qörqaman!..

Rauf uni mehr bilan quçdi. Oğuşida entikib turgan şu farişta – xasmi haloli bir vaqtlar marhum erini yaxşi körganini fahmladi. Har qadamda, har lahzada, har işda özini uni bilan taqqoslayotganiga va taqqoslaşdan qutula olmayotganga aqli yetib turardi. Naçoraki, bandasining ojizligi, balki buyukligi şunda – ötmişi bilan azoblar içida xayrlaşişidadir!

U Gulbekaning soçidagi qora hoşiyali lojuvard tasmani avaylab yeçib, taşqariga uloqtirdi-da, derazani şartta yopdi.

– Böldi, – dedi, – motamni bas qilaylik!..

Qöllari ayolining baxmalday muloyim yuzini, lablari qovjiragan lablarini topdi. Xijolat tortgan ön tört kunlik oy şoşa-pişa oq bulutlar ortiga yaşirindi.

 

* Muhabbat şavqidin özgardi dunyo. (toj).

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan