Singil
Ma'mura ZOHIDOVA
Muallif haqida:
Ma'mura ZOHIDOVA 1973 yili Namangan viloyati Chust tumanida tug'ilgan. Namangan davlat universitetida tahsil olgan. Ta'lim sohasida, Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat olib borgan. Hozirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi.
“Aytilmay qolgan gaplar”, “Hikoyalar”, “Najot kuyi”, “Manglaydagi yoziq” kitoblari chop etilgan. Qissa va hikoyalari ingliz, rus va turk tillariga tarjima qilingan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
(hikoya)
— Salamat opami?
— O'sha.
— Nima ko'tarvogan? Oq narsaykanmi?
— Bilmasam. So'rab ko'raymi?
— Og'ir, shekilli. Hozir kelsin-chi. Orqasidan ikkita it tushibdi, qara.
— Bittasi — ajinasi o'ris kuchuk. Sashkaniki. Shuniyam qorni bor-da, tirikchilik g'amida.
— Ko'tarisharmiz.
Ayol tomoq qirib-qirib yaqinlashdi-yu, ortidagi itlarga sal egilib yerdan tosh oladigan siyoq qildi. “Tur”, dedi, haydadi. Ikki uy naridagi past ko'chaga qayrilib ketdi.
— Go'sht, shekilli-da. Xudoyi qiladigan edi.
— Nimaga unda uyiga yurmadi?
— Zinnatbi xolasinikida yerto'lasi yopiq-ku. O'shatga qo'yarmikan dedim.
— Ha-a. Opaning o'g'li tuzalib ketdi, a? Shu bolani endi o'rnidan turolmas ekan deyishuvdi. Xudo shifo beraman desa, hech gapmas.
— Ha, opaga qoyil lekin. Er qartaboz, doim ko'chada. O'zi tuzatvoldi-ey.
— Ertaga osh ekan-da.
— Nima ekan?
— Osh, shekilli, deyman.
…Kun botsa, ovoz yaxshi yuradi — ayol hammasini eshitdi. “Xudoyi qilish kerak, to'g'ri, keyinroq bo'la qolsin”, dedi pichirlab.
U muzdek havoda labini mahkam tishlab, qo'lidagini goh tikka, goh qo'ltiqlab ko'tarib borardi. Sirg'alib ketgan ro'molining o'ng uchi etagiga tegyapti.
Shaharning ulovini atay akasining ko'chasi boshidan qaytardi. Bu tojik yigit “Kim yashaydi bu uyda, bu xotin nimaga bunaqa narsani o'zi ko'tarib yuribdi?” deb birovdan surishtiradigandek.
Xayolida ko'cha tuyqusdan yorishdi, ro'parasidan velosiped mingan akasi o'qishdan qaytayotibdi. To'qqizinchida o'qiydi. “Ber sumkangni”, deydi hozir, qayriladi, maktabga tashlab keladi.
Ilgari bolaligida shu ko'chadan har kuni o'n martalab qatnardi, borardi-kelardi. Maktabga, akasining yoymasiga, sigirni tashlab, qaytarib olib kelishga. Bir xil yo'ldan qatnayverishni yomon ko'rardi. Onasigayam “oyog'im og'riyapti, bormayman” deb bahona to'qirdi. “Ko'zimni yumsam-u, boradigan joyimda bo'p qolsam”, derdi. Ko'p ishga akasini g'izillattirgan.
Ayol oyoqlari uchiga qaradi. Bir-ikki to'y-izdihomda muzlab uvishib qolganiga qancha tepinibdi. “Hamma bir yaxshi o'tiribdi, bu o'lgurga nima jin tekkan, qurib ketsin!”.
U yana oh tortdi. Ko'zyoshi yuzini muzlatib yubordi. Yanayam qovog'i tagini kuydirib issiq-issiq yangilanib turibdi yoshlari. Oxirgi marta o'g'lini do'xtirxonadan umidsiz olib chiqqan kuni yig'lagan. O'g'li mototsikldan uchib, olti aylanib yerga tushgandi. Keyin ming tavba qildi. “Xudoyim, noshukur bo'lmayman, endi hech yig'lamayman, — dedi. — Shundayam tirik opqolasan-u, men yig'layinmi?” Erta-kech iltijo qildi. O'shanda akasi hassa tayanib necha bor ko'rgani kelgandi. Yotib qolgan jiyanidan ko'ra singlisiga achingan. U yoqqa o'tsa, u yoqqa qaraydi, bu yoqqa o'tsa, bu yoqqa. Yerga botib yotgan o'spirin jiyani bilan ishi yo'qday.
Akasi qandoq zabardast edi. Pensiyaga yetmay turib o'qituvchilik ishidan bo'shadi. Qand deganiyam birdan chiqarkan-da. Nechta seminar darslari o'tgan biologiya xonasini bir kunda bo'shatib chiqib ketgan. O, u xona naq tomoshaxona edi. Hamma jihozini o'zi olib kelgandi.
“Mo'miyo ichir, mushalni to'xtamay yedir, chaqong'ichdan chuchvara qilib ber, oyoq-qo'liga chaqong'ichda savala”, degandi Siddig'ali jiyanining yonida oyog'ini uzatib o'tirgancha. Ertasiga quritgan giyohlaridan berdirib yuborgan. Hammasini qildi. Chaqong'ich degani — qichitqio't, chaqsa etiga narsa toshadigan Salomat uni bog'ma-bog' oshib, to sarg'ayguncha har kuni terib keldi. Qishda qurug'ini yedirdi, oyog'i tagiga, qo'liga, yelkasiga ho'llab bog'ladi. O'g'li eng avval qo'rqitib, “Oyi!” deb qichqirgan, kirganida esa ko'zi yashnab, o'ng qo'l barmog'i bilan o'ng oyoq boshmaldog'ini qimirlatib ko'rsatgan. U yana akasi, boshqa xotinlar aytganlarni yedirib-ichirishni to'xtatmadi.
Ko'z yoshi bu gal jilg'adek quyilib ketdi.
Kech kiribdi.
Tolibning shaharda tura turgani yaxshi bo'ldi. Yurib ketgani bilan hali juda avvalgidek emas. Siqilmasin. Boshida do'xtirlar “Endi to'shakda yotadi, opa. Yanayam Xudo biladi”, deganida, uyga olib kelib, “Xudoyim, mening oyoq-qo'limni olib shu bolamga ber”, deb ko'p so'ragan. Akasiyam ichida bir nima deganmidi ekan?
Ayol endi kengroq ko'chaga qayrildi. Ana, jiyanining uyi. Akasining qizi o'tiradi bu uyda. Kuyovi hozir To'xtar qorovul bilan turpoqboshida.
Bugun g'ira-shira saharda shu temir eshikni kelib taqillatgandi, chaqirgandi. Ichkarida kuyov avval tomoq qirdi, to'n yopinib chiqib keldi.
— Kim ekan? — dedi eshik ortida turib. — Ii, ha, Salamat opa?
— Shaharga tushib ketyapman. Bugun aparastaga oladi. Sakkizda.
— Boraylikmi? Engilimni kiyay?
— Yo'q, kechga kelaman. Kun yoyilganda To'xtar qorovulga boring. Gaplashib qo'yganman. Opamning uyi tepasidagi joydan yonma-yon uy qiladi. O'zi aytdi, rosmana qilib qazib qo'yaverarkan. Qarashib turing. Qish kuni deb og'rinmasin, ul-bul tugun berib rozi qilamiz. Lobarga akam yotganini indamay qo'yovramizmi? Yangi bo'shangan narsa. Ertalarga sekin tushuntirsak, ko'rgani borar.
— Xo'p.
Shu ketganicha, mana, endi qaytdi. O'n yarimdayoq do'xtir hammayog'i qizil qon bo'lib chiqdi. “Qutuldilar akangiz”, dedi. Undan keyin nima so'rashgan bo'lsa, akasining Kozimbek shogirdiga aytdi, pulini berdi, yetkazib keldi. Yaxshiyam shu bor ekan shaharda, ikki kun ortida tik turdi. Akaning o'g'li Rossiyada. Hozir shundoq kirib, bu omonatni joyiga qo'yadi-yu, tag'in iziga qaytadi. Xirurgiyaga kiradigan tarafida biror uyni ijaralab yotar. Sahar akaginasining yoniga kiradi. Bu omonatni biryoqli qilsin.
Bu omonat…
“Iching uzilib, og'rinib ketyapsanmi? Og'rinma. Senga rahmat, to shu kungacha egangga esh bo'lding, oshnangdan ajralmading. Tutqa bo'lding. Ikkingga tayanib, akam meni hech yakka tashlamadi. Senlarni boshlab, yugurib og'ir-engilimga yetib bordi. Esingdami, Tolibning dadasi ichib kelib hammayoqni to's-to'polon qilganda, sen sheriging bilan chopib kelgan kuning? O'z erim menga pichoq o'qtalib turganda o'sha qo'liga o'xshatib tepganing, qo'lidagini uchirvorganing. Esingdami? Qaytib pichoq ko'tarmadi. Sendan o'zim aylanay, akamning o'ng oyog'i”.
Mozorot ichi tashdan ko'ra qorong'i ko'rinadi. Eshik dolonida to'rtburchak fonar ko'tarib uch yigit chiqishayotgan ekan. Biri yugurib keldi.
— Ie, kepqoldingizmi? O'zingizmi, opa? Tolib qani, Tolib? Bering menga!
— Yo'q, o'zim oboraman oxirigacha. Sizlar hali bizni yelkalaysizlar.
— Opa?
— Qo'y, bunga gapim bor.
Yigitlar ketidan yurishdi.
“Tag'in “nimaga oldin keldim?” demagin. Rosa xizmat qilding. Ko'p yo'l bosding. Nima qilasan endi? Egangdan ko'ra sening umring ancha qisqa ekan. Hozir chin uyingga kirgizamiz. Tinchigin. Senga so'roq-savol qandoq bo'ladi, bilmadim. Lekin hech-hech sherigingni chaqirmagin, esingdan chiqar, tuzukmi? Odam tanasidayam har joyning umri har turli bo'larkan-da. Men bo'lsa hali akamga ko'p gapimni aytmadim, kosa-kosa ovqat tashimadim. Hamisha kamimni, dard-hasratimni tashidim. Meniyam tushungin-da. Akam kelmaydimas, keladi. Unga ancha bor, bildingmi, anchalar bor. Akamning o'ziga qolsa, sendan sira kecharmidi? Bu qand degani oyoqqa xushtor ekan-da. Oyoq yeb tinchirkan-da. Bildingmi?”
To'xtar qorovul rosmana qabr ichiga tushdi.
— Opa, nariroq turing, bo'ldi.
— O'zimiz ko'maylik. Qoching! Xotin kishi, bekor keldingiz.
— Xo'p, ko'maveringlar, shu yerda turaman.
Ketmon shiqirladi.
“Esingdami, senlar futbol tepsang, menam qo'shilib ketardim. Meni ayayman deb akam bir marta o'yinda ariqqa yiqilgan. Suyagingni sindirib olgan. Esingdami? Kichkina bo'lganman-da. Aqlim yo'q edi. Haliyam kirmadi aqlim. Meni chin-chinog'ich kechirib, keyin kirgin go'ringga. Akam tinchidi, uxladi! Senam tinchi, uxla! Bizdan rozi bo'l!”
Fonarni yoqib, qabrlar oralab eshikka kelishdi.
— Endi yigitlar, bir gap aytay, maylimi?
— Ha, opa?
— Mehnatinglarga rozi bo'linglar.
— Xo'p, xo'p.
— Opa, o'zingizga qarang. Akam sog' bo'lsinlar endi.
— Gapimni aytay. Siddig'ali akangiz birortanglardan oyog'ining go'rini so'rasa, “kichkina, torgina edi, qaerdaligi esda yo'q”, denglar, xo'pmi? Aylanay o'zim.
— Opa…
— Rozi bo'linglar. Uduminiyam qilaylik. Birovdan bir shippak qarzi yo'q, o'zim kafilman… Akamning oyog'i… qanday oyoq edi?
Yigitlar jimib qolishdi.
Ayol yig'lamsirab kuldi, titroq ovozda dedi:
— Yaxshi oyoq edi…

