“Checha” meni elga tanitdi

“O'zbekning chechasi” deyilganda, ko'z oldimizga “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, O'zbekiston xalq artisti, iste'dodli aktrisa Aziza Begmatova gavdalanadi. Umrining oltmish yilini teatr va kino san'atiga bag'ishlagan ustoz san'atkor Aziza Begmatova hamon o'z ijodiy faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Aziza Begmatova milliy sahna madaniyati rivojiga katta hissa qo'shgan aktrisalardan biridir. U 1943 yil 7 sentyabrda Surxondaryo viloyatida dunyoga kelgan. Aktrisaning bolaligi urush yillariga to'g'ri kelib, taqdir taqozosiga ko'ra, bolalar uyida tarbiyalandi. Maktabni tamomlagach, u san'atga qiziqishi sababli, Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutida tahsil oldi. Bo'lg'usi aktrisa bu yerda  o'zbek teatr va kino san'atiga oid bilim, malakasini oshirib, o'z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratdi. U ijro etgan va gavdalantirayotgan  obrazlar qancha? Har biri ta'sirli, esda qolarli, tomoshabinga “nimadir” beradi, estetik zavq uyg'otadi. Aslida, aktyorning rol yaratishidan ko'zlangan  maqsadi ham shu: har bir obraz tomoshabinni “uyg'otsin”,  o'zini taftish qilishga o'rgatsin!

 — Kino va teatr san'atida yuzdan ortiq betakror rollarni ijro etgansiz. Lekin sizni bitta nuqtada umumlashtirib turgan yagona obraz bor – siz o'zbekning chechasisiz. “Checha” spektaklidagi bu timsolni o'zingizda  mujassamlashtirish oson kechmagandir?

— Checha – o'zbek xalqi hayotida bor bo'lgan, yashab kelayotgan ayol. Uning “yanga”, “kelinoyi” degan muqobil atamalari ham bor. To'g'risi, bu  atama keyingi paytlarda biroz iste'moldan chiqib ketmoqda. Bu obrazni gavdalantirishdan ko'zlangan maqsad “checha” so'zining nutqimizdagi o'rnini tiklashdan iborat ham bo'ldi, to'g'risi. “Checha” menga juda katta obro'-e'tibor keltirdi, shuning orqasidan muxlislar e'tiboriga tushdim, elga tanildim.  Nafaqat O'zbekistonda, balki Qirg'iziston, Tojikiston, Qozog'iston gastrol safarlarida ham  meni “Checha” deb kutib olishadi. Ba'zilar haqiqiy ismimni ham bilishmay, “Checha” deb chaqirishadi. Xalq senga qaysidir obrazing orqali  hurmat-e'tibor bilan qarayaptimi, bu sening san'atdagi  eng katta ma'naviy boyliging bo'lib qolar ekan. Hatto sahnada rol o'ynayotsam, tomoshabinning “Voy, ana, Checha chiqdi!” degan gapi qulog'imga chalinadi. Bu qanday baxt, qanday sharaf! Aktyorni mashhur roli bilan e'tirof etish — eng katta mukofot!

Teatr repertuarida “Checha” spektakli bo'lmasa ham, tadbirlarda faqat shu  obrazga xos xatti-harakatlarni  ijro etib beraman. Aktyor Jumadilla Rametov betob bo'lib qolgach, bu spektakl sahnaga qo'yilmayapti. Ochig'i, spektakl tez-tez namoyish etilsa, yaxshi bo'lardi. Chunki “Checha” boshdan-oyoq milliy qadriyatlarni esga soladi, ahamiyatini oshiradi, demak, tarbiyaviy  ruhi bo'lgan spektakllar sahnadan tushib qolmasligi kerak! Ba'zilar spektakl rusiyzabon rejissyor Bahodir Yo'ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan, deb go'yoki nuqson topgandek bo'ladi. Ular aslida rustabiatroq bo'lsa ham, sahnalashtirgan har bir asarida milliylikni ustun qo'yardi.

— Inson o'z hayot yo'li, kasbiy faoliyati jamiyat hayotida iz qoldirishi mumkinligini anglab yashashi aslida buyuk bir hikmat.  San'atda o'z yo'lingiz borligini qachon anglagansiz?

— Men O'zbekiston davlat drama teatrida 1966 yildan buyon faoliyat yuritib kelaman. O'sha paytda teatr va rassomlik instituti deb atalgan oliy ta'lim dargohining musiqali drama bo'limini tamomlaganman. Besh yil davomida iqtidorli, talabchan ustozlar qo'lida tahsil oldim. Ayniqsa, ustozim Toshxo'ja Xo'jayevning menga nisbatan e'tibori, mehribonligi hali-hanuz yodimda. Ular meni xuddi o'z qizidek ko'rar, san'atning naqadar buyuk va mas'uliyatli soha ekanini uqtirar edilar. Besh yil ichida qancha-qancha sinovlarda toblandim, kasbning  sirtidan “ichiga”  kirdim. Diplom spektakllarida rol ijro etganman, yig'laganman, kulganman, nafratlanganman, ustozlarim ko'zida yosh ham ko'rganman. Demak, yaxshi o'ynabman-da.  Ular biz talabalarga doimo shuni uqtirishardi: halol ishlang, mehnatdan qochmang! Agar qaysidir o'rinda xato qilsam, institutga bormas edim, uyalgan bo'lsam kerak-da. Bu pand-nasihatlar umrbod qulog'imiz tagida qoldi va ustozlar ishonchini oqlashimiz kerak, degan tamoyil bilan yashab, ijod qilib kelyapmiz. Alloh kam  qilgani yo'q!

Institutni bitirgach, ustozim meni Hamza nomidagi akademik drama teatriga ishga taklif qilib, “Qo'limda ishlaysan”, dedilar. Ammo shaxsiy hayotimdagi ba'zi sabablarga ko'ra, u yerda qololmadim. Yosh tomoshabinlar teatrida bir yilcha ishladim. Ko'p o'tmay, yangi “Yosh gvardiya” teatri tashkil etiladigan bo'ldi. Bir guruh  ijodkorlar — Shirin Azizova, To'g'on Rejametov,  Isamat Ergashev,  Ergash Masofayevlar bilan birga shu teatrni ochish jarayoniga jalb etildik. Broshyura tarqatdik, yoshlarni chorladik, repertuarni shakllantirish haqida o'yladik, xullas, teatrga tamal toshini qo'ydik.

— Aziza Begmatovaning el sevgan artist degan nomga sazovor bo'lishi ortida qanchadan-qancha mehnat yotadi. Hayotda o'zingiz aytib o'tganingizdek, ko'p qiyinchilik ko'rgansiz, toblangansiz. Har bir mashaqqat ortida rohat bor, deganlaridek, xalqning e'tiboriga, e'tirofiga erishdingiz.

— Xalq sevgan artist bo'lish san'atkor uchun ulkan baxt, katta marra! Ha, hayotim silliq, oson kechmadi. Turli rahbarlar bilan ishlab, murosai madora  qilishimga  to'g'ri keldi. Biri eski aktyorlarni chetlatishga urinsa, yana biri teatr san'atiga to'g'ri kelmaydigan talablarni qo'yib, asabga tegdi. Tishimizni tishimizga qo'ydik, sabr qildik.

Bir yili yangi tayinlangan direktor katta yoshli aktyorlarni teatrdan chetlashtirib, hali malakasi shakllanmagan yosh kadrlarni ishga olmoqchi bo'ldi. Umrimda ilk bor o'zimda jasorat topib, rahbar xonasiga kirdim. “Teatrdan men ketmayman, sen ketasan”, debman-a qo'rqmasdan.  “Sababi — bu teatrning ilk aktyorlaridanman. Yoshligim shu dargohda o'tdi, bor kuch-quvvatimni teatr san'ati uchun sarfladim. Uyim yo'q, teatrda yotib ijod qildim, bu maskanni tark etolmayman!” dedim.

Haqiqatan ham, o'sha vaqtda boshpanam yo'q edi. Davlat tomonidan berilgan uy  menga nasib etmagan. Ikki yarim yoshimda bolalar uyiga qabul qilinganman. Hayotda o'zimni o'zim oyoqqa turg'izganimni aytsam, ko'pchilik ishonmaydi. Talabalik kezlarimda oldimga qo'ygan maqsadim shu edi: to'g'ri yo'ldan yuraman, mehnat qilaman, hech kimdan yordam so'ramayman. Allohga shukr, tanlagan hayotiy shiorim menga obro'-e'tibor keltirdi. Teatrimni butun vujudim bilan sevaman, har tong shu go'shaga  intilaman! O'zimni uning tashkilotchilaridan biri, deb bilaman.  “Sen bu yerdan ketma, bu sening teatring”, degan ichki bir  ovoz aks-sado berib turadi.

— Armoningiz bormi?

— Ha, bor, “ota-ona” degan so'zni aytmaganim. Onamni “enajon” deb chaqira olmadim. Ona mehriga zor bo'lib voyaga yetdim. Ota-ona daldasiga ehtiyoj sezdim! Kimga suyanishni bilmadim! Bolaligimni ba'zan eslashga qo'rqaman. Faqat birgina yupanch meni ushlab turadi — xalqim meni ardoqlayapti! Shuning o'zi  men uchun baxt emasmi? “Mehr” bu shunchaki so'z emas, u inson qalbining eng nozik va eng pok tuyg'usidir. Uni so'zsiz ham anglash mumkin, ko'zda aks etadi, amalda namoyon! Mehr bormi, qalb yaqinlashadi, dunyo keng va yorug'roq tuyuladi. U insonga rag'bat beradi, suyanchiq bo'ladi, qorong'ilik uzra umid shu'lasini yoqadi. Biz san'at ahli mehr tuyg'usini qadrlaymiz, rollarimizda targ'ib-tashviq etamiz! Bu tuyg'u abadiy yashasin! Barchaning qalbida nish ursin! Dunyo uzra mehr-muhabbat  tantana qilsin!

— Sizni taniganlar u juda samimiy, kamtarin ayol, deb ta'riflashadi. Ba'zida shu samimiylik  sizga pand berib qo'ymaganmi?

— Kamtarlik, samimiylik — doimiy shiorim! Hech qachon bu fazilatlarning menga zarari tegmagan. Bu foniy  dunyoda hamma narsa o'tkinchi, lekin insoniy xislatlar boqiy! Oddiy bo'lib yashadim! Muxlislar mashhur san'atkorlarga yaqinlashib bo'lmasligini ta'kidlashadi. Xafa bo'lib ketaman bu gapni eshitsam, axir uni shon-shuhrat cho'qqisiga kim olib chiqdi, muxlislarmi? Demak, u muxlisni ranjitishga haqqi yo'q.  Men muxlislarim davrasida yayrab-yashnab ketaman. “Nega siz boshqachasiz?” deb so'rashadi. Men esa: “Bizning mashhurligimiz siz orqali”, deyman. Aslida ham, shunaqa-ku! Rahmatli taniqli va mashhur rejissyor Bahodir Yo'ldoshev: “Yerdan oyog'ingiz uzilmasin”, deb ko'p ta'kidlar edilar. Haqqoniy, inkor etib bo'lmaydigan gap, ammo bunga  rioya qilsakkina bizni el ardoqlaydi, butun xalq e'zozlaydi.

— Ba'zan qo'shiq kliplarida ham sizni ko'rib qolamiz. Epizodik rollar sizga nima beradi?  Rol tanlamaysizmi?

— Yo'q, rol tanlamayman.  Imkon qadar kattami, kichikmi rolni maromiga yetkazib ijro etishga harakat qilaman. Yaqinda chet el kino ijodkorlari suratga olayotgan filmga  taklif qilishdi. Kastingda anchagina aktyorlar sinovdan o'tkazilgan ekan, buni qarangki, mening “probam” qahramon ruhiyatiga mos tushdi, shekilli, o'sha filmga jalb qilishdi.

Kinoga har doim ham taklif qilaverishmaydi. “Yaxshiyam teatrim bor”, deyman shukr qilib. Kino vaqtinchalik, teatr esa doimiy faoliyatim. Esimda, teatrimizga rejissyor Bahodir Yo'ldoshev kelganida, sahna gullab-yashnagan. Bu inson teatrimizda o'z maktabini yaratib ketdi. Bahodir Yo'ldoshev har bir aktyorni o'ylab asar sahnalashtirar, yoqtirmaydigan jamoadoshi yo'q edi. Rejissyor hamma aktyorni birdek ko'radigan bo'lishi kerak. Odam tanlash fazilat emas. Men shu inson tufayli “Checha” bo'lib tanildim. Alloh u kishining oxiratini obod qilsin, ilohim!

— Teatr va kinosiz hayotingizni  tasavvur qila olasizmi?

— Teatr — hayotim, taqdirim, uni hamma narsadan ustun, afzal bilaman. To'g'ri, bu dunyoda hech narsa abadiy emas. Lekin aktyor sahna uchun yaralganidek, sahna ham bu kasb egasining muqaddas, ulug' makoni bo'lib mangu yashaydi. Buni muqaddas bilgan aktyor har kuni mashq qilishi kerak.

Fransiyaga gastrolga borganimizda, barcha aktyorlarning milliy libosda tomoshabinlar uchun bino oldida rol o'ynaganiga guvoh bo'lganmiz. Men ham jamoam bilan “Checha” kiyimida maydonga chiqdim. Chanqovuz chala boshlagan edim, fransuzlar mo''jizaga duch kelgandek olqishlashdi, hayrat bilan tinglashdi. O'zbek chanqovuzi Fransiya uchun  yangilik bo'ldi! Ular chanqovuz chalishimni yana  talab qilishdi. Yana ikki-uch bor soz ohangi taraldi, ketidan gulduros qarsaklar! Eng qizig'i, fransuzlar qo'limdagi chanqovuzni olib, zanglab ketgan mittigina asbobdan shunaqa ohang taraladimi, deb ajablanishdi.

— Qoyil, qoyil! Chanqovuz chalib, fransuzlarni hayratlantirdim deng! Ijodingizga ko'z tegmasin! Muxlislaringizga tilaklaringizni yo'llasangiz!

— Ota-bobolarimiz duoga qo'l ochganlarida, eng avvalo, Allohdan tinchlik, tan sihatligi va xotirjamlikni so'rashgan. Bundan a'lo duo ham, tilak ham bo'lmasa kerak. Uch birlik umumlashsa, nafaqat  aktyor, aktrisa, balki boshqa  kasb egalari ham osoyishta yashab, baxtu saodatga erishadi. Yangi O'zbekistonda bayramlar ko'p bo'lsin, teatrga, kinoga tashrif buyuruvchilarning keti uzilmasin! Teatr san'ati dunyoning rivojlangan davlatlari darajasiga yetib, xalqimizni  bahramand etaversin!

— Samimiy suhbat uchun tashakkur! Doimo sog' bo'ling.

Suhbatdosh: Shahribonu IMOMOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,

“Shuhrat” medali sohibasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 1 =