“Maysaga ag'anab o'qimoq kerak”
Open book on green grass in a field with daisys background concept for reading, relaxing and recreation
Bundan uch yilcha avval kursdoshim, taniqli shoira Kavsar Turdiyevaning ijodiy kechasi munosabati bilan bo'lgan uchrashuv kuni O'zbekiston xalq shoiri Xurshid Davrondan: “Aka, odamlarning tom-tom kitoblari chiqyapti, sizning asarlaringizdan darak yo'q”, deb so'ragandim, javob juda qisqa bo'ldi:
— Topshirib qo'yganman. Chiqib qolar…
Xayriyat, o'sha kun keldi. Qo'limda Xurshid akaning O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan “Tanlangan asarlar” to'plami. So'zboshiga qiziqdim: O'zbekning katta olimi, professor Qozoqboy Yo'ldosh va qizlari, taniqli olima Muhayyoxon Yo'ldoshevalarning so'zboshisini o'qigan kitobxon Xurshid Davronday shoirning “shiddatli, jo'shqin, ichki kuch va tuyg'uga boy” asarlari bilan tanishishga, avval o'qigan bo'lsa-da, qaytadan qo'liga olmoqqa shoshilib qolishi tayin. Kitob ko'targan odamni ko'rsa, ajablanadigan zamonga ham yetib kelgan bir paytda shoshilib qoladigan o'qirmanlar borligidan xursand bo'lib ketishingiz aniq. Buning sababi bitta: ota-bola olimlar ta'kidlaganidek, bu yerda “erk va g'urur kuychisi” bo'lmish Xurshid Davronning kuchi bor.
To'g'risi, avvaliga bir o'quvchi sifatida Xurshid Davronday zabardast adib ijodi haqida fikr bildirishga menga yo'l bo'lsin, degan o'y-xayollarga bordim. Buning ustiga, adabiyotimizning haqiqiy jonkuyarlari, o'ta bilimdoni, Qozoqboy akadek olimlari o'z bahosini berib, “Tanlangan asarlar” haqida atroflicha yozib qo'ygan bo'lsalar. Lekin bir holat dalda berdi. 1990 yili radioda “Oqshom to'lqinlarida” axborot-musiqiy eshittirishi orqali aslo cho'chimasdan fikr bildirib yuborganim va o'sha efirda gapirganlarimga akaning samimiy munosabati, har gal uchrashganimizda aytadigan gaplari, qolaversa, “Tanlangan asarlar”ni o'qiganimdan keyingi hayajon yozishga undadi.
So'zboshi bahonasida aytilgan gaplarni aslo chetlab o'tib bo'lmaydi:
“…Uzoq kelajagini tasavvur qilmagan, uning bugundan ko'ra shonliroq bo'lishi uchun kurashmagan millat baxtga munosib emas. Kechagi kunini unutib yuborgan yoki eslagisi kelmagan kimsalar uchun ertangi kun ham bo'lmaydi. Ular xuddi jonliqlar kabi faqat hozir bilan tirikchilik qiladilar”.
Bu satrlarni o'qigach, o'ylanib qolasan kishi. O'z-o'zidan juda ko'p savollar paydo bo'ladi. Quyilib kelaveradi. Baxtga munosib bo'lmagan millat… Oramizda kechagi kunini unutib yuborgan va eslagisi kelmaydiganlar shunchalar ko'pmi? Jonliqlar kabi yashaydiganlar-chi? Bu yorug' dunyoga kelgan har bir inson baxtli yashashga haqli, degan gaplarni eshitganmiz, kitoblarda o'qiganmiz. Lekin baxtli inson, baxtli millat…
Xurshid Davronning “Oybek” degan juda mashhur she'ri bor. Qozoqboy Yo'ldosh va Muhayyoxon bu noyob asarga munosib baho berib, o'z aytar so'zlarini aytib qo'yibdi. O'qidim qayta-qayta. Eslamayin, takror bo'lgani sabab o'qirmanga eslatmayin, degandim, bo'lmadi.
Oybekning she'rini dalaga chiqib,
Maysaga ag'anab o'qimoq kerak.
Va sokin shivirni-ohangni uqib,
“Oybekmi? Maysami?” — deb tolsin yurak.
Oybekning she'rini bedazor aro,
Soy sasi aralash tinglamoq zarur,
Bilmay qolsin yurak suv uzrami yo
Oybekning she'rida o'ynaydi bu nur?
Nazarimda, bu she'r Xurshid Davronning buyuk Oybek domlaga bo'lgan yuksak ehtiromi, uning ijodiga mehri, munosabatigina emas, balki o'lmas ijodning musavvir Xurshid Davron tomonidan chizilgan, davrlar, yillar o'tsa-da, aslo o'chmaydigan, aksincha, odamlarni hayratlantiradigan, o'ziga tortib rom qiladigan noyob asar-surati deyish mumkin. Bu she'rni o'qigach, she'riyatni sal-pal tushunadigan bugungi kun o'quvchisi ham Oybek domla asarlari jamlangan kitobni qo'ltig'iga qistirib, dalaga chiqib ketgisi kelib qoladi. Beixtiyor egat boshiga borib yonboshlaganida, shudring tarqamagan maysadagi nam ta'siri beliga o'tganini ham sezmay, o'qirmanga aylanishi hech gap emas.
Ko'zlarimdan ayrilib ko'rdim butun dunyoni…
Abu Abdulloh Rudakiyning asaridagi satrlar epigraf qilib olingan ajoyib bir she'r bor.
— Dunyo go'zal, — dedi,
qari shoirning
o'yilgan ko'zlari menga boqardi.
— Dunyo go'zal, — dedi
bo'sh qaboqlarning
qa'ridan sitilib qonlar oqardi.
Dunyo go'zal… Haq gap. Lekin biz ko'zi ochiqlar, hammamiz ham shu go'zallikni so'qircha bo'lmay, his qilmay yashamayapmizmi? Bu yorug' dunyoning go'zalligini bilmaydiganlar qancha? Shu go'zallikni toptaydiganlar, xo'rlaydiganlar, kunpayakun qilayotganlar-chi? Tog' bag'riga boring, bog' oralang, kimsasiz cho'lu biyobonga boqing: go'zallik bor. Faqat uni ko'ra bilish kerak.
O'tgan asrda Toshkentda O'rol Tansiqboyev degan bir musavvir yashagan. O'sha rassom poezdda qorni ochganini ham esdan chiqarib, qozoq cho'llariga mahliyo bo'lib ketayotganida, hamrohlaridan biri: “Og'a, tushlikka yuring, tomosha qiladigan nima bor bu yaydoq cho'lda?” degan gapni aytadi. Shu zahotiyoq bu hamrohlar rassom uchun begonaga aylanadi. Tabiatni jondan yaxshi ko'rgan buyuk musavvir ular bilan gaplashmay qo'yadi. Mana go'zallikni ko'rgan-u ko'rmaydiganlar orasidagi farq. Go'zallikni ko'rmaslar harakati oqibatida insoniyat boshiga ne tashvishlar tushayotganini ko'pchilik bilib, ko'rib turibdi. Ertaga nima bo'ladi? Dunyo go'zalligini ko'rish uchun ko'zlar ochiq bo'lishining o'zi yetmaskan. Shoir Xurshid Davron nidosi:
— Dunyo go'zal, — dedi, — boqma ko'zimga,
Bu go'zal dunyoda ming rang, ming ohang.
Hali ishonasan mening so'zimga
Sen ham ko'zlaringdan bir kun ayrilsang.
Yaqinda buyuk allomaning hayoti aks etgan “Alixonto'ra Sog'uniy haqida xotiralar” deb nomlangan kitobni o'qib qoldim. Marshal buvaning nabirasi Bahmanyor Shokir yozgan bu kichik kitobda katta gaplar aytilgan ekan. Undan o'rin olgan “Bog'i Eram” deb nomlangan lavhadan bir parcha:
“Bobom nihoyatda yuksak didli, ta'bi nazm sohibi edilar. Esimda, bir kuni endigina quyosh ko'tarilgan tong mahali — subhidamda bog'da yurgan edilar. Bir mahal ularning: “Bahmanyor o'g'lim, tez keling, mana buni ko'ring!” deganlarini eshitdim. Yugurib yonlariga borsam, bobom sal engashib, atirgul bargidagi shudring tomchisiga zavq bilan tikilib turibdilar.
“Qarang, o'g'lim, buning go'zalligini ko'ring, — dedilar bobom, — dunyoning butun ranglari shu qatrada mujassam! Mo''jiza-ku bu, subhonolloh, subhonolloh!”
Ana, butun hayotini erk va ozodlik yo'liga tikkan buyuk inson, marshal boboning go'zallikka munosabati! Sog'uniy hazratlari talaygina she'rlar yozgani ham bejiz emas. Xurshid Davron she'riyati bilan tanishgan o'qirman shoirning tabiatga bo'lgan ajib muhabbatini ko'rishi aniq. Go'zallikni ko'ra olish, undan zavqlanish shoir Xurshid Davron she'riyatida yarq etib ko'zga tashlanadi. Bunda Sog'uniy bobo bilan Xurshid aka o'rtasida qandaydir yaqinlik borday ko'rindi menga.
Shoir borki, Vatan haqida she'r yozadi. She'r nimaligini tushunib yetmagan qizaloq ham Vatan haqida she'r yozishga harakat qiladi. Lekin shunday she'rlar borki, Vatan haqida sen aytmoqchi bo'lgan gapni oldindan aytib qo'yadi, yumilgan ko'zlarni ochadi, tasavvuringizni uyg'otib yuboradi. Buni haqiqiy she'riyat deydilar.
Shoir yuragidan otilib chiqqan satrlar dilingizga yaqinligi uchun she'rda o'zingizni ko'rasiz. Uni o'qib, ko'zingizni yumgach, tasavvuringizda ostona, tug'ilib o'sgan qishlog'ingiz — Vatanning bir bo'lagi paydo bo'ladi. Tanish manzaraga duch kelasiz. Musofirlik nimaligini anglab yetganlarning ko'pchiligidan: “Qishloqqa borsam, yayrab ketaman”, degan gaplarni eshitganman.
“Iya-iya, qachon kelding? Bormisan bu
dunyoda o'zi?” —
deya meni kutib olar qishloqqa qaytsam,
yo'l chetida o'sgan giyohlar…
Ortga qaytsam:
“Sen kimsan?” — deb tanimas shahar.
Yo'l chetida o'sgan giyohlarning ham kutib olishi… Vatanning ulug'ligini ko'rsatish uchun balandparvoz gaplarning keragi yo'q. Xurshid Davron she'rini o'qib, bunga yana bir bor tan berasiz. O'zingiz o'qimasangiz, nabirangizga o'qitib, tinglang. Aslida, bu she'r qishloqdan kelib, shaharda qo'nim topganlarning qo'shig'i. Qo'shiq bo'lgandayam hayotning o'zi.
“O'zbek tili — Davlat tili” deb karillaymiz. Har yili 21 oktyabrda bir kun bayram ham qilamiz. Ommaviy axborot vositalari borki, hammasi tilga kiradi. Lekin bu tilni davlat tili qilamiz, deb kuyib yonganlarning dardi ichida. Nega? Hafsalasi pir bo'lganmi?
Mahallada yashayman. Ba'zan kechqurun ko'cha aylansam, “prodayotsya dom” degan e'lon-yozuvlariga ko'zim tushadi. O'ris yasharmikan, deb bir-ikki uyga xaridor sifatida kirib ham ko'rganman. Yo'q, hammasi o'zbeklar. “Baraka topgur, sening uyingni boshqa millat olmaydi, olsa ham o'z tilingni ham uyingga qo'shib sotma”, degim keladi. Yana befoyda ekanligini bilaman. Shuning uchun indamayman.
Yana boshqa bir manzara. Bu sahna ko'rinishi emas, haqiqat. Ko'chada ikki qiz gaplashyapti. Birovning gapiga quloq solish odobsizlik. Nachora, avtobus to'xtash joyi torroq. Bir-biri bilan “ulug'lar tili”da gurung qilgan o'zbeklarning so'zlashuvini eshitishga majbursiz. Ular or qilsa kerak ona tilida gaplashishga. Uyida ingliz va boshqa tilda tili chiqqan bolasidan xursand ota-onaning quvonchi cheksizligini ko'rish odatiy holga aylanyapti. Aslida, til bilganning nimasi yomon? Bir emas, o'n tilni bilsin. Undaylar bilan faxrlanaylik. Lekin o'z ona tilini bilmaslik, unutish, shu tilda gaplashishga or qilish darajasiga yetishni nima deyish kerak? Qanday baholamoq lozim?
Shunday paytda ham millat oydinlari jim turaverishlari kerakmi? Millat shoiri qanday orom olib uxlaydi? Badaniga tikanlar kirmaydimi? Xayriyat, bu millatning Xurshid Davronlari bor, haqiqiy shoirlari bor. Shuning uchun shoirning qop-qora sochlari oqarib ketgan. “Qani u tim qora jingalak sochlar?” deging keladi. Dard ko'p. Shoir nima qilsin? Alamini satrlarga to'kadi-da. Mana hayqiriq, mana nido:
O'z tilini unutgan xalqning
bog'larida o'sgan gullarni
chirmab uxlar zaharli ilon.
O'z tilini unutgan xalqning
osmonida porlamas quyosh —
nur o'rnida to'kiladi tosh.
O'z tilini unutgan xalqning
uyqusida aslo orom yo'q —
tegib turar kuragiga o'q.
O'z tilini unutgan xalqning
mozorida ajdodlar qabri
uzra qo'yar bolalar tikan.
O'zga tilga mehr qo'yib, o'z tilini unutganlar bu satrlarni tushunmasliklari mumkin. Shoirning hayqirig'ini sezmasliklari ham tayin. Nima qilish kerak? Hech bo'lmasa, ko'p joylarga yozib, shiorday osib qo'ysa bo'ladi-ku! Bir-ikkita bemaza reklamaning o'rnini egallasa, nima bo'pti? O'zga millat tilida gapirib, o'z tilini unutganlar bu qanday she'r bo'ldi, deb so'rasalar, o'zbek tilini biladiganlar o'qib berishsa, g'aflat uyqusidan uyg'onib ketar balki? Ha, aslida, bu asar maktablarda, bolalar bog'chalarida devorlarga osilgan shiorlar qatoridan joy oladigan she'r. G'ururi bor adabiyot muallimi o'quvchilariga bu she'rni yodlatadi.
Shoirning “Do'stim Shavkat Rahmonga” degan she'ri shunday misralar bilan boshlanadi:
Hamdard izlagan chog'im
To'satdan seni eslab
Zirqiradi yuragim.
Shu satrlarning o'zi bu ikki ijodkorni biladiganlar, haqiqiy she'r o'qirmanlar uchun yetarliday. Hamdard izlash… Bugun ko'plar uchun og'ir, azobli, oson bo'lmaydigan ish. Dard ko'p-u, hamdard yo'q, deganday.
She'r davom etadi:
Dardlarimni aytay deb
Seni izlab borgandim —
Derazang qop-qorong'u.
Umid bilan izlab borganda qop-qorong'i deraza kutib olsa. Bu holatni bilmoq, tushunmoq uchun ikki shoir Xurshid Davron va Shavkat Rahmon dunyosiga kirmoq kerak. Ammo bu dunyoga kirish oson emas. Boshqacha olam. Buni hamdardlar dunyosi deydilar. Axir hamma ham hamdard bo'lavermaydi…
To'plamda Xurshid Davronning yana “Shahidlar shohi” deb nomlangan ajoyib bir asari bor. Bu asarni katta yozuvchining uyqusiz tunlari, mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan, o'zbek adabiyotini boyitgan shoh asarlardan biri deyish bilan cheklanganim ma'qul.
“Bosqinchilik qahramonlik bo'ladimi?”
Sarlavhaning o'zi ko'p narsani aytib turibdi. “Zvezda Vostoka” oynomasining o'sha vaqtdagi bosh muharriri S.Taturga yozilgan bu ochiq xatni millat farzandining jasorati deyish mumkin.
Ochiq xat mazmuniga o'tishdan oldin bir voqeani eslashga to'g'ri keldi. O'tgan asrning o'rtalarida Sohibqiron Amir Temur nomini tilga olishdan odamlar cho'chib yurgan kunlari o'zbekning bir allomasi, akademik Ibrohim Mo'minov katta olimlarni to'plab, buyuk bobomiz haqida asar yozish taklifini o'rtaga tashlaydi. Hamma jim. Nihoyat, domlaning o'zlari yozadi. Shunday qilib, “Amir Temurning tarixdagi o'rni va roli” deb nomlangan kichik risola paydo bo'ladi. Undan keyin domlaga qilingan hujumlarning qay darajada bo'lganligini ko'pchilik biladi. Lekin bir haqiqat bor. O'shanda akademik Mo'minov tarixiy jasorat ko'rsatgandi.
Xurshid Davron ham o'zining bu ochiq xati bilan haqiqiy jasorat ko'rsatdi. O'shanda oynomaning 3-sonida Mixail Popovning “Ak-pasha — belыy general” deb nomlangan maqolasi bosiladi. Xurshid aka ham ayrimlarga o'xshab “bitta o'ris bola aljirasa aljirabdi-da”, deb qo'ya qolsa bo'lardi. Yo'q! U jim o'tirib tomoshabin bo'ladiganlardan emas. Ochiq xat boshlanishida millatimizning boshiga og'ir kunlar tushganda himoyachilaridan biri bo'lgan buyuk adib Chingiz Aytmatovning “Bosqinchi qahramon bo'lolmaydi” degan so'zlari o'rin olgan. Shundan so'ng yozuvchi Xurshid Davron bosqinchining qahramon bo'la olmasligini isbotlagan. Xurshid Davron Aytmatovning bu so'zlari orqali bugungi kunda ham bosqinchilarga nisbatan qarashlari o'zgarmagan kimsalarga javob berib qo'ya qolgan. Popovning maqolasi to'qson to'qqiz foiz yolg'ondan iborat ekanligini bildirib, birma-bir aniq javob qaytargan. Xurshid aka bundan avval ham Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati haqida bir nechta maqola yozgan. Lekin bunisi boshqacha bo'lgandi. Maqolani o'sha kuniyoq to'lig'icha respublika radiosining o'z paytida tinglovchilar nazariga tushgan “Oqshom to'lqinlarida” axborot-musiqiy eshittirish orqali o'qib bergandim. Sal cho'chibroq bo'lsayam, munosabatimni bildirib yuborganman. “Qo'sh-qo'sh unvonlari bor tarixchi olimlar, qaydasiz? Sizlarning ishingizni millatning zo'r shoiri bajarib qo'yganligini tan olsangiz kerak”, degan gaplarni ham aytgandim. Ertasiga olimlardan javob kutganman. Jimjitlik… Biz shundaymiz!
Xurshid Davron yozadi:
“A.Aminov, B.Boboxo'jayev kabi sovet tarixchilari mahalliy xalq rus bosqinchilariga deyarli qarshilik ko'rsatmaydilar, deb uyalmay-netmay yozganlarida, o'z ona yurtlari Turkistonni dushmanlardan himoya qilib halok bo'lgan qahramonlar xotirasini toptaganlarini o'ylab ko'rganmilar? Ilmiy haqiqatga xiyonat qilgan tarixchilar Toshkent shahrining zabt etilishiga hissa qo'shgan Abdurahmonbek Shodmonbekov, Qo'qon xonligida kechgan milliy ozodlik kurashini bostirishda fon Kaufmandan maslahatlarini ayamagan Mirza Hakim parvonachi, Samarqandning botir o'g'loni Bobonbek Aliboy o'g'lini ruslarga tutib bergan Saidxon Karimxonovga o'xshagan sotqinlar bilan teng turadilar”.
Yoshligimda keksalardan “Iskobilga bordik”, “Iskobilning chinorlari ko'p”, degan gaplarni ko'p eshitganman. To'g'risi, o'shanda bu Iskobil degani qanday joy ekanligini bilmaganman. Ular bugungi Farg'onani Iskobil degan ekanlar. Skobelev kabi qonxo'r bosqinchilar nomi bilan atalgan yana bir qancha joylar yaqin-yaqingacha bo'lganligini ko'pchilik, ayniqsa, keksalar yaxshi bilishadi.
Xurshid Davronning bu ochiq xatini romanlarga tenglashadigan asar degim keladi. Bu asarda Chor hukumatining bosqinchilik siyosati aniq ma'lumotlar orqali fosh qilib tashlangan. Tarixiy haqiqat isbotlangan. “General Skobelev kim?” degan savolga javob berilgan.
“General M.D.Skobelev tashabbusi bilan qo'zg'olonchi qipchoqlarga qarshi “Ikki suv orasi” deb nomlangan urush harakatnomasi ishlab chiqiladi. Bu harakatnoma, asosan, qo'zg'olonchilarga qarshi qaratilgan bo'lib, yana bir marta urush uyushtirish, qo'zg'olonchilarning asosiy kuchlarini tor-mor etish ko'zlangan edi.
Qonxo'r general bu niyatini amalga oshirish maqsadida yo'lida uchragan barcha qishloqlarni kultepaga aylantirib, 1876 yilning 8 yanvarida Andijon ostonasiga yetadi. O'rtada dahshatli jang boshlanadi. Andijonliklardan 20 ming odam o'ldiriladi…
— Xalq qonini daryo qilib oqizgan, yo'lida uchragan barcha qishloqlar kulini ko'kka sovurgan, tirik jonni, bola demay, ayol, qari demay, tig'dan o'tkazgan general Skobelev esa 1876 yilning 19 fevralida podshoh hukmi bilan tashkil etilgan Farg'ona oblastining harbiy gubernatori deb e'lon qilindi”.
Bu asarda Chor bosqinchilarining o'lkamizda amalga oshirgan yovuz ishlari to'g'risida juda ko'plab voqealar keltiriladi. Asosli tarixiy haqiqat Popovning yolg'onlarini chilparchin qiladi. Yolg'on aralashmagan haqiqat kuchli ekani ko'rsatiladi.
O'zbek farzandlari Chor Rossiyasi bosqini davri haqida bilishi shart bo'lgan ma'lumotlar borligi bilan ham bu asar maktablarda darslik sifatida o'qilishi kerak, degan xulosaga kelishga asos bo'la oladi. Xurshid aka o'zining bu asarini alohida kitobcha qilib chop ettirsa, yaxshi bo'lardi. Chunki bu kitob orqali “bosqinchi kim?” degan savolga javob ham topiladi. Ota-bobolarining ayanchli qismatidan xabardor avlod uchun hozirda ham tez-tez otilib turgan toshlarga javob berishda bunday asar kuchi, salmog'i katta bo'ladi. Xurshid Davron o'zining bu asari orqali bir ijodkor sifatida o'z millati oldidagi vazifasini, burchini bajarib qo'ygan:
Bu dunyoda bosqinchidek g'ar,
Bosqinchidek zolim yo'q, xalqim!
Bu millat shoirining, haqiqiy farzandining hayqirig'i! Uni eshitmoq uchun sof qalb, toza yurak zarur! Bu “Tanlangan asarlar”ni ham buyuk Oybekning she'rlari qatori “Maysaga ag'anab o'qimoq kerak”. Uqmoq kerak!
Anvar Abduvaliyev,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist.
