Farg'ona zaminida Do'stlik forumi
Qardoshlarning do'stlik anjumanlarini o'tkazish an'anaga aylangan. O'tgan hafta boshida Farg'ona viloyatida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do'stlik forumi” bo'lib o'tdi.
Bunday forumlardan ko'zlangan asosiy maqsad — xalqlarimiz o'rtasidagi azaliy do'stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Qardosh xalqlarning bu kabi samimiy muloqoti o'zaro hamjihatlikni yaxshilash, madaniy-ma'rifiy sohadagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Albatta, mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro ishonch va samarali hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishda mazkur tadbirlarning ahamiyati beqiyos.
Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjondan tashrif buyurgan mehmonlar Farg'ona xalqaro aeroporti hamda Marg'ilon temir yo'l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Sharqona qadriyatlarga ko'ra, ishtirokchilarga mehmondo'stlik an'analariga xos hurmat-ehtirom ko'rsatildi.
Farg'ona shahridagi Qirguli mavzesida joylashgan “Do'stlik uyi” ro'parasidagi fayzli xiyobonda konsert dasturi tashkil etildi. Unda milliy kuy-qo'shiqlar, estrada ohanglari, qardosh xalqlarning sevimli taronalari jaranglab, barchani shodon davraga chorladi.
Musiqiy dasturda ham bunyodkorlik va yaratuvchanlik, insoniy fazilatlar va ezgu qadriyatlar tarannum etilib, mamlakatlarimizda tinchlik va farovonlik barqaror bo'lishi uchun eng yaxshi tilaklar bildirildi.
O'tgan yilning 31 mart kuni — O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston chegarasida “Do'stlik stelasi” tantanali ravishda ochilgan edi. Tadbir qatnashchilari O'zbekiston tumanida joylashgan qardosh xalqlar ramzi hisoblangan ushbu majmuada bo'lib, uning poyiga gullar qo'yishdi.
“Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do'stlik forumi” doirasida turli mavzularda ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar hamda bayram tantanalari bo'lib o'tdi.
Forum ishtirokchilari uchun Farg'ona shahridagi Qirguli mavzesida joylashgan “Do'stlik uyi” ro'parasidagi xiyobonda teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi. Qardosh xalqlarga xos ezgu qadriyatlar tarannum etilib, millatlararo do'stlik, tinchlik va farovonlik barqaror bo'lishi uchun eng yaxshi tilaklar bildirildi. Tadbir qatnashchilari “Do'stlik uyi”da turli millat va elatlarning hunarmandchilik, milliy taomlar va liboslar ko'rgazmasi hamda xalq amaliy san'ati namunalari bilan tanishdilar.
Ayni paytda bu yerda 8 ta milliy madaniy markaz — tojik, qirg'iz, turk, koreys, nemis, tatar, slavyan va yahudiy markazlari samarali faoliyat ko'rsatmoqda. Yuzma-yuz muloqotda har bir markaz vakillari o'z millatiga xos urf-odatlar va qadimiy an'analarni badiiy chiqishlar orqali namoyish etishdi.
“Do'stlik stelasi” — qardosh mamlakatlar o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo'mitasi raisi Gulruh A'zamova “Do'stlik stelasi” ramzining huquqiy asoslarini yaratish zarurligini ta'kidladi. “O'zbekiston – Ozarbayjon” do'stlik jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinov, Qirg'iziston Respublikasi o'zbek milliy madaniy markazi raisi Baxtiyor Qadirov, “O'zbekiston – Qirg'iziston” do'stlik jamiyati faoli Shahzoda Sadiqovalar so'zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo'shnichilik siyosati tufayli qardosh mamlakatlar o'rtasidagi do'stlik aloqalari misli ko'rilmagan darajada yuksalganligini ta'kidladilar.
— O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tojik xalqining ham faxridir, — dedi Tojikiston Respublikasi So'g'd viloyati o'zbeklar Ma'naviyat-ma'rifat markazi raisi Ilhom Yusupov. — U chegaralardagi ochilmas darvozalarni yopilmas darvozalarga aylantirgan davlat arbobi.
“Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do'stligining yangi davri” mavzusiga bag'ishlangan konferensiyada Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Ozarbayjondan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar. Konferensiya ishtirokchilarini Farg'ona viloyati hokimi, Oliy Majlis senati a'zosi Xayrullo Bozorov tabrikladi.
O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mita raisi Qahramon Sariyev nutq so'zladi.
Tadbir davomida bir guruh faollarga O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mita tomonidan “Xalqlar do'stligi” ko'krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Albatta, bunday e'tibor va rag'bat yangi-yangi ilmiy yutuqlar sari rag'batlantiradi.
Ilmiy-amaliy konferensiya dasturiga ko'ra, turli sohalar bo'yicha professor-o'qituvchilar, olimlarning o'zaro tajriba almashishi, ilm-fan yangiliklari va hamkorlik istiqbollari mavzusidagi qizg'in suhbatlar, alohida-alohida yig'ilishlar ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Muhammad KENJA,
jurnalist.
