Buyuk tarix bunyodkori

9 aprel — Amir Temur tavallud topgan kun

Buyuk turkiy imperiyalarning bashariyat rivojiga ko'rsatgan ulkan ta'siri cheksiz va beqiyosdir. Turkiy qavmlar umrguzaronlik qilgan hududlarda o'nlab yirik imperiyalarning vujudga kelishi bu xalqlarning yuksak davlatchilik madaniyatidan dalolat beradi. U bir qancha xalqlar va madaniyatlarni birlashtirgan, ulug' meros va an'ana ideallariga suyangan, ijtimoiy-madaniy g'oyalarni yaratgan siyosiy uyushma sifatida vujudga keladi. Binobarin, turkiylar Yevroosiyo xalqlari madaniyati va qadriyatlarini uyg'unlashtirgan mintaqaviy etnik birlikni yuzaga keltiradi. Turon ana shu ideallarning tortishuv maydonini hosil qilgan yetakchi markaz sifatida maydonga chiqadi. U qadimiy Turon davlatchilik madaniyatini, uning falsafiy ta'limotlarini o'zida mujassam etgan qudratli imperiyaning tubdan yangi namunasini vujudga keltiradi.

Xalqimizning atoqli yozuvchisi Pirimqul Qodirovning: “Biz olimu adiblar bu ulkan tarixiy voqealarni har tomonlama tadqiq etish va ularning haqqoniy talqinlarini yaratish yo'lida hali ko'p ish qilishimiz kerak”, degan fikri buyuk dahoning merosini o'rganish, ayniqsa, undan behisob saboqlar olish bilan yuksalish yo'llarini izlashda oldimizda hali-hamon o'z yechimini kutib yotgan katta yumushlar borligidan dalolat beradi. Amir Temur bobomiz davridan uzoqlashgan sayin u qoldirgan merosning buyukligiga tobora iqror bo'lib bormoqdamiz.

Tarixda Amir Temur imperiyasining tashkil topishi, uning rivojlanish asoslari, yuksalish va tanazzul sabablari, aslida, turkiy xalqlarning ko'p asrlik turmush tarzining taqdir-qismati bilan uyg'un keladi. Bu xalq o'z davrida ko'plab imperiyalarning asoschisi sifatida bashariyatning yangi tartibotlarini vujudga keltirishga erishadi.

Amir Temur yaratgan imperiya namunasi qadimiy qadriyatlarga amal qilgan, o'z davri ta'limotlaridan o'tib kelgan yuksak madaniy fenomen sifatida namoyon bo'ldi. Sohibqiron o'z davrining yuksak va betakror tafakkur sohibi sifatida bashariyatning madaniy qiyofasini o'zgartirishga erishdi. Ulkan mintaqa doirasida vujudga kelgan siyosiy va madaniy voqelik mohiyatini anglash va ob'yektiv xulosalar chiqarish bugun ham oson va to'kis kechayotgani yo'q.

Albatta, tarixda mavhum hodisalar va tushunchalar bo'lmaydi. Masala unga qay manfaatlar nuqtai nazari bilan qarashga bog'liq. Tarix mantiqan ham, tabiatan ham kon­kretlik vositasida idrok etiladi va u aniq voqelik orqali o'z mazmunini, falsafasini, boshqacha qilib aytganda, hukmini ko'rsatadi. Ana shu jihatdan ham nimaiki mavhum bo'lsa yoki shu nuqtai nazardan voqea-hodisalarga yondashsak, u tarix haqiqatiga ziddir. Demak, biz konkret voqealar, hodisalar orqali ularning kelib chiqish sharoiti, sabablari va mohiyati xususida fikr yuritishimiz mumkin. Ana shunday yondashuv orqaligina konkret voqelik zamirida yotgan tafakkur, falsafa, manfaat va munosabatni to'g'ri anglab olamiz. Binobarin, Amir Temur fenomenini to'la-to'kis tushunish va anglab yetish uchun faqat aniq tarixiy dalillarni sanab o'tish kifoya qilmaydi. “Tarixiy fakt”lar deb ataluvchi narsalar, aslida, oddiy, ayni paytda faqat mavjud voqelikning tashqi ko'rinishini ifoda qiladi, xolos. Tarixiy voqeliklar davrning mavjud holati va jahon siyosatining rivojlanish tendensiyalari bilan bog'liq bo'lgan muayyan xalq mentaliteti yoki ijtimoiy tuzilmalarning o'zaro ta'siri in'ikosidan hosil bo'ladi. Lekin tarixiy hodisalarni u yoki bu darajada harakatga keltiruvchi kuch inson — shaxsiyatni o'z davri fonida, intilgan manfaatlari doirasida tahlil qilishga undaydi. Ana shunda uning o'z davri va bashariyat da'vatiga daxldorligi namoyon bo'ladi. Aniqroq qilib aytganda, Yevroosiyo hududini yaxlit bir makon sifatida ko'rgan Amir Temur merosini turli mafkuraviy yondashuvlardan yoxud ilohiylashtirishdan xoli bo'lgan ilmiy jihatdan o'rganish samarali natijalarni beradi.

Ibn Xaldun ta'limotiga ko'ra, ilmiy haqiqatga amal qilmaslik oqibatida tarafkashlik va muayyan narsaga mayl ko'rsatish basirat ko'ziga parda tutib, tanqidiy baholash imkoniyatini zaiflashtiradi va izlanishga xalaqit beradi. Natijada yolg'on ma'lumotlar qabul qilinadi va tarqatiladi. Afsuski, turli izmlar va davrlarda bobomiz merosi ana shunday qaltis sinovlardan o'tib keldi va biz buning guvohi bo'ldik. Boz ustiga, voqealarning asl maqsadlarini bilmaslik, ko'pincha xabar yetkazuvchilar ko'rgan yoki eshitgan narsalarning asl mohiyatini tushunmaslik, o'zlariga xos taxminlar asosida ularni yetkazish natijasida yolg'on ma'lumotlar paydo bo'ladi.

Ma'lumotlarning haqiqat ekaniga asossiz ishonish xabar yetkazuvchiga nisbatan ishonch sababli yuzaga chiqadi. Xabarga qandaydir chalkashlik yoki sun'iylik aralashgan bo'lsa ham, xabar yetkazuvchi voqealarni qanday ko'rgan bo'lsa, shundayligicha yetkazaveradi. Bu xabarning o'zi sun'iylik aralashgani sababidan, tabiiyki, asl haqiqatni aks ettirmaydi. Aksariyat muarrixlar o'z davrida martabali va hurmatli shaxslarga yaqinlashishga intilib, ularni maqtashlari va ularga oid voqealarni bo'rttirishlari natijasida ilmiy haqiqatga ziyon yetkazishgan.

Inchunin, Sohibqiron shaxsiga va uni shakllantirgan xalqning milliy, diniy qadriyatlariga, odamlarning orzu-umidlariga, ijtimoiy vaziyat, sharoit va hukmdorni siyosiy sahnaga olib kelgan omillarga, jasorat va bunyodkorlik bilan yo'g'rilgan ma'naviy ruhiyatiga, milliy davlatchilik rivojining yuksalish va tanazzul sabablarini ochuvchi turkiy xalqlar falsafiy olamiga kira olganimizcha yo'q. Bu tufayli uzoq va yaqin o'tmish tariximizda salbiy ta'sir ko'rsatgan tashqi va ichki omillar bo'lsa, boshqa tarafdan, milliy tarixni o'rganishning falsafasi va uning uslubiy tamoyillari hamon eskicha saqlanib qolganligida. Holbuki, bugun milliy yuksalishning birdan-bir omili sifatida davlatchilik tariximiz bilan bog'liq bo'lgan merosimizni, uning achchiq va fojiali qismatini hamdu sanolardan xoli bir butun yaxlitlikda o'rganish hamda undan saboq chiqarish ehtiyoji kun tartibida turibdi.

Xalqning umumiy ma'naviy darajasiga, aql-idroki va tafakkur ko'lamiga qarab milliy taraqqiyotning yoxud tanazzulning mazmun-mohiyati ochiladi. Tarix esa ana shu o'ta murakkab, ziddiyatli, ayni paytda nihoyatda qudratli faoliyat orqali xotiraga va kelajak poydevoriga aylanadi. Millat tarixi ko'pdan-ko'p ijtimoiy-siyosiy va madaniy omillarni hisobga olgan holda tadqiq etilsagina xolis natijalarni olish mumkin bo'ladi.

Amir Temurning bir yuz ellik yillik turk-mo'g'ul hukmronligi ko'chmanchi va o'troq madaniyatlar o'rtasidagi tafovutni yo'q qildi, dasht va uning atrofidagi o'troq hudud o'rtasidagi farq qisqardi. Shunday bo'lsa-da, ikkala tomon ham o'ziga xosligini saqlab qolishi asnosida ziddiyatlar va kurashlar bo'ldi, ammo umumiy an'analar va tajribalarni baham ko'rish va bir-birlarining faoliyatini boyitish, ya'ni ikki madaniyatning uyg'unlashuvida tubdan yangi ijtimoiy munosabatlar shakllanganiga guvoh bo'lamiz. Amerikalik olim B.Mans fikriga ko'ra, uning paytida ko'chmanchilar va o'troq odamlar bir-biriga har qachongidan ham yaqinroq va tengroq edilar va har biri o'z shaxsiyatini va makonini saqlab qolishga, shu bilan birga, boshqasining an'analarini qisman tan olishga qarab keladilar. Aynan shu dunyoni Amir Temur zabt etadi va yangi bosqichga olib chiqadi.

Amir Temur qadimiy turkiy madaniy merosni hukmdor shaxs axloqi orqali jamiyat manfaatlarini ta'minlovchi va birlashtiruvchi omil sifatida ko'rdi va davlatning uyg'un tartibotlarini vujudga keltirdi. Davlat va xalq birligiga asoslangan mafkura bunyodkoriga aylandi. Uning Turon davlati g'oyasi “Temur tuzuklari”da yetakchi mafkura darajasiga ko'tariladi. Uning asosiy tamoyillari quyidagicha ifodalanadi: “Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o'zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm-shafqat bilan, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlarning ko'nglidan joy oldim. Siyosat va insof bilan sipohlarimni, raiyatni umid va qo'rqinch orasida tutib turdim. Fuqaro va qo'l ostimdagilarga rahmdillik qildim, askarlarimga in'omlar ulashdim. Zolimdan mazlumning haqqini oldim. Zolim yetkazgan moddiy va jismoniy zararlarni isbotlaganimdan keyin uni shariatga muvofiq ikkisi o'rtasida muhokama qildim va bir gunohkorning o'rniga boshqasiga jabr-zulm yetkazmadim”. Mazkur qarashlar qadriyatlar sifatida davlat hokimiyati falsafasiga, adolatli davlat boshqaruvi konsepsiyasiga aylanadi.

Sohibqiron tuzgan davlatning imperiya shakli hokimiyat, harbiy xizmat, sud-huquq, soliq, moliya, boj va boshqa barcha boshqaruv tizimlari tartib-tamoyillari asosida yagona shaxs irodasiga bo'ysundiriladi. Boshqaruv sohalarining o'zaro bog'liq jihatlari “Temur tuzuklari”da yagona siyosiy ta'limot sifatida shakllanadi. U markaziy va mahalliy boshqaruv idoralarining o'zaro aloqadorligini, muvozanatini, nazorat mexanizmlarini ta'minlashga qaratilgan bir butun yaxlit tizimni vujudga keltirishga erishadi. Imperiyada mansab va unvonlarning taqsimoti, rag'bat va jazolash tartiblarini tashkil etish mexanizmlari, qat'iy tartib-intizom davlat tuzilmasining izchil va samarali omillari shu tizimga mos ravishda tashkil etiladi.

Sohibqironning shaxsiy axloqiy fazilatlari, o'z hokimiyatini xalq hokimiyatiga aylantirish irodasi uning yuksak ma'naviy olamini ifoda etadi. Zotan, davlat, jamiyat, shaxs manfaatlari uyg'unligi faqat milliy-ma'naviy qadriyatlarning siyosiy ustuvorligida ta'minlanadi. Zero, faqat siyosat va uning huquqiy amallari qadriyatlarning ijtimoiy ahamiyatini ustuvor qilishga qodir kuchdir. Bunday uyg'unlik yo'q ekan, kuchli davlat hokimiyatini ifoda etuvchi mafkura ham, xalq manfaatlari yaxlitligini ta'minlovchi g'oyalar ham vujudga kelmaydi. Axloq bor joyda qonunga itoatkorlik ham, hurmat ham, pirovardida esa huquqiy madaniyatni shakllantirish uchun sharoitlar ham yuzaga keladi. Chunki huquq va axloq o'zaro uzviy bog'liq hodisalardir. Tarixan esa axloq huquqning ibtidosidir. Boshqacha aytganda, axloq va huquq inson vujudi va ruhiyatining uyg'unligi demakdir. Qudratli davlat va shavkatli hukmdor timsoli axloqiy qadriyatlarning ustuvorligi bilan yuzaga keladi.

Insoniyatning ezgulik va yovuzlik o'rtasidagi axloqiy tanlovi shu siyosatni tashkil etuvchi hukmdorning axloqiga bog'liq keladi. O'z davrida Husayn Voiz Koshifiy “Xalqning fe'li podshohning fe'l-atvori va odatiga tobedir” (“An-nasu ala dini mulukihim”), ya'ni “Odamlar o'z podshohining dinida” bo'ladi. Demak, podshoh har vaqt toat va ibodatga moyil bo'lsa, xalq ham o'sha ishga moyil bo'ladi, xalq ibodatining barakoti podshohning davlatiga davlat qo'shadi. Mamlakatlarni zabt etuvchi podshohlar va jahonga oro beruvchi shahanshohlar adabga rioya qilsalar, xalq ham ularning izidan yurib, odob yo'lidan chiqmaydi, deydi. Aynan shu kabi qiyosiy tahlil ko'zgusida Amir Temurning yuksak ma'naviy olami namoyon bo'ladi va yangi avlod o'rganishi lozim bo'lgan saboqlar ham shu merosda mujassamdir.

Sohibqiron Amir Temur faoliyatini o'rgangan olimlar adolatli davlat siyosatining mohiyatini, uning yuksalish va tanazzuli bilan bog'liq voqeliklarni tarixiy, huquqiy va badiiy manbalar asosida izohlab berishgan. Bugun shubha qilmay aytishimiz mumkinki, bu borada salmoqli manba va adabiyotlarga egamiz. Bunda tarixchi va adiblarimizning xizmatlari katta. Buyuk bobokalonga yuksak hurmatni o'z vaqtida I.Mo'minov qatorida yirik olimlar A.Sog'uniy, U.Uvatov, B.Ahmedov, A.Ahmedov, A.O'rinboyev, P.Qodirov, Muhammad Ali kabi ustozlar ham namoyon qilishgan. Aslida, Amir Temur butkul qoralangan sovet mafkurasi hukmron jamiyatda bu ulug' zot to'g'risida o'zbek tilida birinchi chuqur ilmiy tadqiqot olib borilgan, birlamchi manbalar o'zbek tiliga tarjima etilgan. Tajriba qilinib, taqdim etilgan birlamchi manbalar bugun barcha olimu adiblar, tarixchi, siyosatchi, faylasuflar uchun ulug' Shaxs tarixini va davrini yoritishga xizmat qilib kelmoqda.

Ayniqsa, mustaqillik yillarida Amir Temur faoliyati va milliy davlatchiligimiz rivoji bilan bog'liq ko'plab asarlar yaratildi, qudratli davlatning tarixi, unga asos solgan ulug' bir siymo hayotining murakkab va sharafli ziddiyatlari ochib berildi. Amir Temurning g'olibona yurishlari va sarkardalik mahorati to'g'risida ob'yektiv xulosalar chiqarish imkoni yaratildi. Ammo ta'kidlash lozimki, bu mavzuda e'lon qilinayotgan ayrim adabiyotlarda ko'proq xronologik bayonchilik, mavjud ma'lumotlarni takrorlash, tarixiy manbalarni biryoqlama talqin etish, sayoz va beo'xshov olqishlar, ba'zida rivoyatlarni “haqiqat”ga aylantirishga urinishlar ham uchraydi. Bundan tashqari, ayrim g'arb va rus olimlari asarlarida hamon saqlanib kelayotgan malomatlar va kamsitishlar ham davom etib kelmoqda. Shunga qaramay, L.Langlening “Ba'zi mayda mualliflarning qora, yolg'on daftarlari biz uchun ahamiyatsiz, uning nomi millati nomiga o'chmas harflar bilan bitilgan. U o'z avlodiga saltanat bilan birga uni boshqarish san'atini ham qoldirdi”, degan fikrlari tarixiy haqiqatni yopib bo'lmasligini tasdiqlaydi. Uning fikri Amir Temurning jahon siyosiy tarixida o'chmas iz qoldirgani, u mayda malomat-bo'htonlardan ancha ustun tarixiy shaxs ekanligini tasdiqlab turibdi.

Amir Temur bobomiz merosini o'rganishning dastlabki bosqichlari tarixiy haqiqatni anglash davri bo'ldi. Inchunin, ulug' imperiyaning vujudga kelish omillari va undan so'nggi davlatchilikning tanazzul davri bosqichlari, murosasiz kechgan o'zaro siyosiy ixtiloflar, mustamlakachilik domiga tortilgan, so'ngra qullikka ko'nikkan milliy ruhiyatni o'rganishdan iborat bo'ldi. Chunonchi, 150 yil mo'g'ul istilosi tarixiy bosqichlari qiyosan taqqoslanganda 130 yil (Rusiya bosqinchiligi) mustamlakachilik asoratida qolgan xalqning qismatida fojiali sabab va oqibatlarning o'xshash va takror kelgan ko'rinishlariga guvoh bo'lamiz. Bunda tarixiy jarayonlarda o'tmish asoratlari yangi zamonga ko'chib o'tishi va yashovchanligining davom etishi muayyan qonuniyatlarga ega ekanligini hisobga olsak, yaxlit va bir butunlikda o'rganish uslubiyatini tatbiq etish muhim ekanligi oydinlashadi. Bu qonuniyatlar ijtimoiy jarayonlarning ikki xil tabiatini ochib beradi. Tarix o'tmishning barcha barhayot qadriyatlarini, xoh u salbiy yoxud ijobiy bo'lsin, saqlab, hozirgi va kelajak zamonga ko'chirib o'tkazadi. Faqat o'tmish bilan vorisiylikni saqlash, tarixiy haqiqat haqida gapirish orqali rivojlanish va yangilikni yaratish mumkin bo'ladi. Shuning uchun har qanday ijtimoiy-falsafiy yoki g'oyaviy-siyosiy konstruksiya shu qonuniyatlarga suyansa, ijtimoiy ob'yektiv sharoitni ifoda etsa, ilmiy haqiqatga xizmat qiladi. Mana shundagina noxolis uydirmalarga xizmat qiladigan eskicha qarashlarga zarba berilgan bo'ladi, deydi Muhammad Ali.

Amir Temur faoliyatini u yashagan davr muhiti orqali idrok etish va vujudga kelgan ijtimoiy omillarni jahonda yuz bergan siyosiy vaziyatlar bilan omuxta holda, qiyosan o'rganishga qaratilgan tadqiqotlarni taqozo etadi. Faqat birgina Turon tarixi doirasida yoxud uning harbiy yurishlari tafsilotlari bilan buyuk sarkarda va davlat arbobining siyosat falsafasini ochib bo'lmaydi. Boz ustiga, Amir Temur yurishlarini davrlashtirish va qandaydir bosqichlarga bo'lib tasniflash oqilona yondashuv emas, deb hisoblaymiz. U hech qachon qaysidir davlatni atayin bosib olishni, hukmronlik qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ymagan. Doimo sulh va muzokaralar uning siyosiy vositalari bo'lgan. Shu sababli deyarli barcha mahv etilgan davlatlarni o'zlariga tashlab qaytgan. Agar “Sohibqiron qanday vaziyat va sharoitda siyosiy maydonga kirib keldi?”, “Uni mislsiz va beshafqat urushlar girdobiga tortgan ichki va xalqaro munosabatlarning manzarasi qanday edi?” degan savollarga javob topsak, uning Yevroosiyo mintaqasida olib borgan geosiyosati xaloskorlik missiyasidan iborat bo'lganligiga shubha qolmaydi.

Akademik Akmal Saidov “Amir Temur va temuriylar davri umumbashariyat tarixi nuqtai nazaridan tadqiq qilinmog'i lozim. Faqat shundagina bu ulug' zotning insoniyat tarixida tytran o'rnini ko'rsatib berish mumkin bo'ladi”, deb bildirgan fikrlari asoslidir. Modomiki shunday ekan, milliy tariximizni o'rganish metodologiyasini o'zgartirish va tadqiqot ob'yektini kengaytirish lozim. Tarixiy manbalar faqat ma'lumot va axborot sifatida emas, balki fanlararo uslublarning taftishidan o'tkazish orqali xulosalar chiqarishni talab etadi.

Tarixiy jarayonlar tafsilotini o'rganishda erkin tafakkur mushohadasiga chorlaydigan fan tarix falsafasidir. Tarixiy falsafaning millati va manfaati bo'lmaydi. U erkin fikr va mushohada bilan insoniyat tafakkuriga murojaat etadi. U har qanday qoliplardan va chegaralangan mafkuralardan ustun keladi.

Milliy davlatchilik tarixi davri bosqichlarini, siyosiy-ijtimoiy jarayonlarning tadrijiy rivojini tahlil etishga, an'anaviylik va zamonaviylik tamoyillarini uyg'unlashtirishga qaratilgan tarix falsafasi, siyosiy falsafa, siyosiy sotsiologiya, siyosiy psixologiya, siyosiy menejment, tizimli tahlil kabi qator fanlarning mutanosib dasturlarini ishlab chiqishni taqozo etadi.

Buyuk Turon imperiyasining tarixi milliy tafakkur falsafasining ifodasidir. Unda parvozlar qanchalik yuksak bo'lgan bo'lsa, ayanchli qulashlar ham shunchalik og'ir kechgan. Bugun biz bobomiz yaratgan milliy davlatchilik merosini o'rganish va saboq olish asnosida yuksak parvozlarga intilayotgan ruhimizga malham topamiz, jasorat va mardlik tuyg'ularimizni uyg'otishga intilamiz, o'zligimizni anglash irodasiga, haqiqat va adolatni izlash ishtiyoqiga ega bo'lib boramiz.

To'lqin ALIMARDONOV,

siyosiy fanlar doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 8 =