Yaxshidan bog' qoladi
“Yashil makon” – mamlakat taqdiriga daxldor milliy harakat
Bugun dunyoning taraqqiyot mezonlari juda tez o'zgarmoqda. Bir vaqtlar har bitta davlat uchun sanoat gigantlari yuksalish uchun asosiy ko'rsatkich bo'lgan bo'lsa, hozir axborotga ega bo'lish, raqamli olamni boshqarishdan tashqari, “yashil” hayotning asosi bo'lgan barqaror rivojlanishga o'tish eng muhim masalalar qatoriga qo'shildi. Xalqimizning ertangi kuni, kelajak hayotimiz qanday bo'lishi bugun ekologik masalalarni qanchalik muhim o'ringa qo'yishimizga bog'liqligini ona tabiatning o'zi bizga yaqqol namoyon etmoqda.
Ma'lumki, o'tgan hafta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'chat ekish tadbirida ishtirok etdi. Davlat rahbarining o'zi namuna bo'lib daraxt ekdi, Milliy dendrologiya bog'ini barpo etishga start berdilar. E'tibor qilsak, oldingi yillarda ham mamlakatimiz rahbarining “Yashil makon” tadbirlarida ishtirok etib, oqsoqollar, yoshlar, umuman, turli soha vakillari bilan uchrashishi, ezgu niyatlar bilan ko'chat ekishi yaxshi an'anaga aylangan.
Bu bejiz emas. Mamlakat hayoti, o'ttiz sakkiz million nafardan ortiq xalq taqdiri uchun yuzlab o'ta muhim masalalar mamlakat rahbari oldida ko'ndalang turgan bir pallada daraxt ekishga vaqt ajratishi – bu kichkina masala emas. Chunki bugungi tabiiy jarayonlar, iqlim o'zgarishlari, qarshimizda turgan ekologik xavf-xatarlarga qarshi harakatni bugun boshlamasak, el-yurt sog'lig'i, musaffo havodan nafas olishi uchun bugun qayg'urmasak, ertaga kechikib qolishimizni yurt rahbari yaxshi bilib turibdi. Demak, “Yashil makon” – bu shunchaki daraxt ekish emas, mamlakatning ertangi taqdiriga daxldor bo'lgan chinakam milliy harakat, katta siyosat.
Ekologik xavf-xatarlar ko'lami naqadar katta va jiddiy ekanini birgina Toshkent shahri atmosferasi bilan bog'liq murakkab vaziyat misolida ko'rmoqdamiz. Nafas olayotgan havomiz zararli ko'rsatkichi bo'yicha bir necha bor xalqaro reytinglarda yuqori o'rinlarda qayd etilgani, ochig'i, hammamizni xavotirlantirib qo'ydi. Toza havoning qadri qanchalik muhim ekaniga qayta-qayta amin bo'lyapmiz.
Biz yashayotgan hudud, iqlim sharoitida, mamlakatimiz katta suv va okeanlardan uzoqda joylashgani uchun ham biz nafas olayotgan havoni tabiiy tozalab beruvchi yagona najotkor ne'mat daraxtlardir.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko'ra, o'rta yoshli bir insonning bir yilda 700-740 kg kislorodga ehtiyoji bor. Hozir atrofimizda o'sib turgan 10-12 metrlik yaproq bargli daraxtlar esa bir yilda o'rtacha 100 kg kislorod ishlab chiqaradi. Demak, sog'lom nafas olishimiz uchun har birimiz uchun 10 metrdan kam bo'lmagan kamida 7-8 ta daraxt kerak bo'ladi. Boshqacha aytganda, bugun 38 million nafardan oshgan aholimiz uchun 260-300 mln tup, Toshkent shahri aholisi uchun esa shaharda 20-28 mln tup 10 metrdan ziyod yaproq bargli daraxtlar mavjud bo'lishi kerak.
Bugun ko'p aholi yashaydigan shaharlardagi mavjud daraxtlar nechtaligi (qanchalik kamligi)ni hisobga olsak, vaziyat jiddiy va og'ir ekani ayon bo'ladi. Chunki O'zbekiston kam o'rmonli mamlakatlar sirasiga kiradi. Mavjud o'rmonlarning ham 14 foizi tog'da, 85 foizi cho'lda joylashgan. Shuning uchun ham aynan shaharlar atrofida “yashil belbog'lar” yaratish masalasi juda muhim va dolzarb hisoblanadi. Bunda har bitta daraxt shahar havosini tabiiy ravishda filtrlash, uning mo''tadilligini ta'minlash bilan bir qatorda, odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, turmush tarziga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Toza havo ortidan o'nlab xastaliklar barham topadi, davolanish muddatlari qisqaradi. Va o'z-o'zidan davlat uchun ijtimoiy yuk yengillashadi, odamlardagi sog'lom turmush tarzi farovonlik sari yangi-yangi imkoniyatlar yaratadi. Birgina daraxtni ko'paytirish shunday katta jarayonlar izga tushishiga turtki beradi.
Toshkent shahri yaqinida barpo etilishi boshlangan Milliy dendrologiya bog'ini olaylik. Umumiy maydoni 108 gektarga yetadigan bog'da 50 mingta daraxt, 100 mingta turli buta ko'chatlarini ekish boshlangan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko'ra, yaqin yillarda bu bog'ning har bir gektari yiliga o'rtacha 28 tonna changni, PM10, PM2.5 zarralarini yutuvchi ulkan tabiiy filtrga aylanadi.
Mana shuning o'zi “Yashil makon” harakati nafaqat mamlakatimiz hayoti, balki har birimizning ertangi kunimiz uchun naqadar ahamiyatli ekanidan dalolat bermaydimi?!
Esimda, bundan besh yil ilgari ushbu loyihaga start berilishi arafasida Prezidentimiz kuyunchaklik bilan bir fikrni alohida ta'kidlagan edi: “Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda “Birni kessang, o'nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan.
Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo'qolib ketdi.
Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog'liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas.
Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o'ylab ish tutmasak, ko'zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz”.
Darhaqiqat, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ayniqsa, daraxt ekishga qaratilgan umummilliy loyihani amalga oshirish masalasi davlat siyosati darajasida kun tartibiga qo'yilgani – ona tabiatning, ekologik vaziyatning talabi. Aytish joizki, butun dunyoda ekologik muammolarga mana shunday tizimli va samara beruvchi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. Ekologik masalalarga bu qadar katta ahamiyat qaratilib, mana shunday umummilliy loyiha o'tkazilishi esa O'zbekiston tajribasida shu paytga qadar kuzatilmagan. Shu jihatdan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi O'zbekiston sharoitida shu paytgacha ekologiya sohasida amalga oshirilgan ishlardan o'rinli xulosa chiqargan holda, masalaning barcha taraflarini atroflicha inobatga olib, kelajakni ko'zlab ishlab chiqilgan noyob tajriba sifatida xalqaro darajada e'tirof etilyapti.
Eng muhimi, bu xayrli ishlar faqat Toshkent shahri va uning atrofi bilan cheklanib qolayotgani yo'q. Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrlik “yashil devor” barpo etish ishlari ham boshlandi. Qoraqalpog'istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho'l hududida yangi o'rmonzorlar yaratiladi. Prezidentimiz boshchiligida daraxt ekish aksiyasi boshlangan kunning o'zida 21 mingga yaqin yurtdoshimiz 164 gektar maydonda 88 ming tup ko'chat o'tqazdi.
So'nggi yillarda qurigan Orol dengizi o'rnini yashil maskanga aylantirish borasida qilingan beqiyos ishlarni olaylik. Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 2018-2021 yillarda jami 1,6 mln gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Mutaxassislarning aytishicha, ekilganiga 3 yil bo'lgan o'simliklarning bo'yi 2 metrdan oshgan hamda chang va qumning havoga ko'tarilishini to'xtatishni boshlagan. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida esa 2026 yil yakuniga qadar yashil qoplamalarning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Orolqumdan ko'tarilgan qum va tuz zarralari butun mintaqaga fojiali ta'sir ko'rsatayotgan bir pallada mana shunday katta hajmdagi ishlarning boshlanishi, bunday ekologik bo'hronlarga yechim ham tabiat bilan tillashish, yashillikni ko'paytirish orqali erishilayotgani eng munosib ish bo'ldi. Yana bir quvonarli jihati, Orolqumda o'simliklarni ekish yangi o'rmon ekotizimlarini yaratmoqda. Hozir bo'y cho'zib qolgan yashil qoplamalar, butazorlar orasida quyonlar, tulkilar, qirg'ovullar paydo bo'lgan. Demak, bu yerda asta-sekinlik bilan tabiat muvozanati tiklanmoqda.
Mana shunday keng qamrovli ishlar ona tabiat muvozanatini tiklash, yurtning ertangi kuniga befarq bo'lmaslik yo'lida boshlangan katta qadam emasmi?!
Daraxt ekish – xayrli ishning boshlanishi sari ilk odim bo'lsa, uni parvarishlab ko'kartirish, o'zini tutib ketguniga qadar suvi-yu ozuqasidan xabar olish eng katta mas'uliyatli ishdir. Bir vaqtlar nomiga daraxt ekilib, har mavsum oxirida ulardan qurigan cho'p qolishi holatlarini ham ko'rganmiz. Asosan, hisobotlarni to'ldirish uchun o'sha vaqtda ekilgan ko'chatlarning yarmi daraxt bo'lib ketganida ham hozir o'rmonlar ichida yashayotgan bo'larmidik… Eng achinarlisi, nafaqat ko'chat ekib, uni parvarishlashga, balki ota-bobolarimiz ekib ketgan katta-katta daraxtlar taqdiriga befarq bo'lganimiz, ularni asray olmaganimiz uchun ham tabiatning ketma-ket achchiq sinovlariga duch kelayotgan bo'lsak, ajab emas.
Davlatimiz rahbarining “Hammaning ham qo'lidan iqtisod kelmaydi, hammaniyam qo'lidan investitsiya olib kelish kelmaydi. Lekin ekologik vaziyatga, o'zimizning tumanimiz, o'zimizning mahallamizga e'tibor bersak bo'ladi-ku. Oldin ko'chatimiz ham yo'q edi, hozir ko'chatimiz ham bor”, degan so'zlari har birimizning yurak-yuragimizda o'tib turishi, bitta bo'lsa ham ko'chat ekib parvarishlashga da'vat etib turishi kerak, nazarimda.
Bugun “Yashil makon” doirasida ekilayotgan har bir ko'chat parvarishi uchun mas'ul biriktirilgan, har bitta daraxt voyaga yetguniga qadar g'amxo'rlik qiluvchi egasi tayin. Lekin shu bilan birga, yozning jaziramasida suvsizlikdan qovjirash arafasida turgan ko'chatga yarim chelak suv quyib qo'yishga o'zimizni burchli deb bilsak, har bitta daraxtga butun xalqning, jamiyatning mulki, tabiatning aziz ne'mati sifatida qarasak, hammasi butunlay boshqacha tus olishi aniq. Bizning shu birgina harakatimiz bilan tabiatning oltin muvozanati tiklanishi sezilarli tarzda tezlashadi. Kelajak avlodlar oldida yuzimiz yorug' bo'ladi.
Xalqimizda “Yaxshidan bog' qoladi”, “Bir ko'chat eksang – ming baraka”, “Farzand ko'rsang, to'y qilsang, daraxt ek” degan teran ma'noli hikmatlar bejiz aytilmagan. Bu asrlar davomida ajdodlarimizning hayot tutumidir.
Ota-bobolarimizdan bizga qoldirilgan millionlab daraxtlar misolida ham ana shu teran falsafaning hayotiy ifodasini ko'rishimiz mumkin. Endi esa navbat bizga. Bir dona bo'lsa ham ko'chat ekib, shu oltin silsilani davom ettiramizmi yoki ertangi kunga og'ir ekologik muammolarni meros qilib qoldiramizmi – hammasi o'zimizning qo'limizda.
“Yashil makon” yaratish insoniy burch va kelajak oldidagi mas'uliyatdir. Umummilliy harakat esa ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda, xayrli ishlar sari bizni chorlamoqda.
Husniddin BERDIYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
a'zosi.
