Jurnalistlar ekkan daraxtlar

Bir qarashda oddiy tuyulgan hodisaning hosilasi naqadar ulug'vorligini biroz fursat o'tgandan keyingina his qilamiz.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta'minlash sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli yumushlar xususida ham xuddi shunday mulohaza yuritish mumkin. Yurtboshimiz tashabbusi bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy e'lon qilish bilan “start” olgan ishlar bugun umummilliy harakatga aylandi. Yoshu qari, amaldoru xodim, tadbirkoru sarmoyachi kim bo'lishidan qat'i nazar tabiatdan ayro yashash imkonsizligini idrok etayotir.

Bularning barchasi atrof-muhitni aslicha asrash, hayvonot va o'simlik dunyosini muhofaza qilish, suv va yer resusrlaridan oqilona foydalanish masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilgani sharofatidir. Davlatimiz rahbari saylovoldi uchrashuvlarida ham ushbu yo'nalishning umumiqtisodiy taraqqiyot va farovon hayot bilan naqadar chambarchas bog'liqligini butun xalqimizga sodda tilda tushuntirib berdilar.

Shulardan kelib chiqib, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag'ishlangan Prezidentimizning videoselektor yig'ilishida 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo'yicha yurtimiz bo'ylab “Dolzarb 40 kunlik” e'lon qilindi.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ham bu jarayonda soha vakillarining munosib hissa qo'shishini ta'minlash maqsadida ko'chat ekish tadbirini o'tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining bir guruh o'qituvchi va talabalari bu tashabbusni qo'llab-quvvatlab, “Dolzarb 40 kunlik” aksiyasi doirasida Toshkent shahri Bog'ishamol ko'chasida   o'tkazilgan ko'chat ekish tadbirida faol ishtirok etishdi.

– Bizning bunday tashabbus bilan chiqqanimizni Toshkent shahar hokimligi ham mamnuniyat bilan qabul qilib, yangi daraxtlar ekilishi zarur bo'lib qolgan joyni ko'rsatishdi – dedi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov. – Xalqimiz suygan, taniqli jurnalist hamkasblarimiz bilan birgalikda poytaxtimizning “Botanika” bog'i oldiga 500 tupdan oshiq turli manzarali daraxtlar ekdik. Bu jarayonda hamma o'zgacha ishtiyoq, hamda bir olam zavq bilan qatnashdi. Gazeta va jurnallar, televidenie, radio hamda internet nashrlari vakillari o'zlari ekkan ko'chatlariga o'z nashrlari nomi yozilgan taxtachalarni osib qo'yish bilan bu ko'chatlarning o'sib, katta daraxtga aylangunga qadar parvarish qilish majburiyatini oldilar. Nasib etsa, bahor oylarida bu daraxtlar ilk bor gullaganda, yana bir marta shu yerga kelib, obodonlashtirish ishlarini ham tashkil etishni maqsad qildik.

Chindan ham mazkur tadbirda kattayu-kichikning g'ayrat bilan ko'chat o'tqazishga kirishib ketganini ko'rib, hech kimning chetda turgisi kelmadi. Barchaning chehrasida savob ishga hissa qo'shayotganidan mamnunlik kayfiyati yaqqol sezilib turdi.

– Ko'chat ekish uchun ham yaxshi joy tanlangan: Toshkentning eng so'lim bog'i atrofi, Bog'ishamol ko'chasi deydi, – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshqarma boshlig'i Ma'murjon Parpiyev. – Bu ko'chaga deyarli ko'pchilikning yo'li tushadi, odamlar madaniy dam olish uchun ataylab kelishadi. Vaqti kelib, biz ekkan manzarali daraxtlar bo'y cho'zib, odamlarga xushkayfiyat bag'ish­laydi. Umuman olganda, bugun biz hamkasblarimiz bilan nafaqat ko'chat ekdik, balki soha faoliyatiga oid yutuq va muammolar yuzasidan fikr almashdik. Shunga o'xshash tashabbuslar kerak ekan. Anchadan beri ko'rishmagan hamkasblarimiz bilan yaxshi gurung qildik. Buning uchun O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga minnatdorlik bildiramiz, — deydi M.Parpiyev.

— Shahar faqatgina baland binolari bilan emas, o'ziga yarasha yashil tabiati, manzarasi bilan ham go'zal bo'lishi kerak, — dedi tadbirda qatnashgan Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov. — Bizlar ekayotgan daraxtlarimiz ham ertangi avlodga qoldiradigan meroslarimizdan bo'ladi. Hozir daraxt ekish uchun ayni zo'r palla. Sababi, bobokalonlarimiz aytganlaridek, yahobning suvida sug'orilgan ekin hech qanday kasalliklarga uchramasdan, yaxshi o'sadi. O'ylaymanki, jurnalistlar tomonidan ekilgan bugungi ko'chatlar kelgusi yillarda shahrimiz ko'rkiga yanada ko'rk qo'shadi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + seventeen =