“Bomba”ni zararsizlantirgan yoshlar

“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasidagi “Robot-sapyor” musobaqasidan reportaj

Maxsus ajratilgan maydon markazida qora lenta bilan o'ralgan shubhali “bomba” turardi. Uning yonidagi qizil chiroq miltillab, xuddi haqiqiy portlovchi moslamadek vahimali taassurot uyg'otardi. Atrofdagi to'siqlar, past-baland yo'laklar va estakadalar esa vazifaning naqadar murakkabligidan dalolat berib turardi. Tomoshabinlar nigohi maydon chetida shay turgan robotga qadalgan. Operator boshqaruv pultini mahkam ushladi. Butun zal bir lahzalik sukutga cho'mdi: faqatgina soniyalarning teskari hisobi eshitilardi.

Robot oldinga intildi. U dastlab temir to'siqdan oshdi, so'ng notekis yo'lak bo'ylab harakatlandi. Kamera orqali katta ekranga uzatilayotgan tasvirlar jarayonni yanada hayajonli qilardi. Robot “bomba”ga yaqinlashgan sari zaldagi hayajon yanada kuchaydi. Manipulyator qo'li sekin uzatildi. Zero, birgina xato butun vazifani yo'qqa chiqarishi mumkin edi. Nihoyat, sim uzildi. Shu zahoti zalni qarsaklar ovozi tutib ketdi. Ammo vazifa hali to'liq yakunlanmagandi: robot portlovchi moslamani ehtiyotkorlik bilan ko'tarib, finish tomon harakatlana boshladi. Ana shu soniyalar “Robot-sapyor” musobaqasining naqadar murakkab va hayajonli ekanini namoyish etardi.

Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida 28-30 aprel kunlari o'tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasidagi “Robot-sapyor” musobaqasi tadbirning eng hayajonli va texnologik jihatdan murakkab yo'nalishlaridan biriga aylandi. “Vazir kubogi” uchun tashkil etilgan mazkur bellashuv yoshlarning robototexnika, muhandislik va dasturlash sohalaridagi bilimlarini amaliy sinovdan o'tkazish, innovatsion g'oyalarni qo'llab-quvvatlash hamda ilmiy-texnik ishlanmalarga keng yo'l ochish maqsadida tashkil etildi.

Festivalda 10 mingdan ortiq yoshlar, 100 dan ziyod mahalliy va xorijiy oliy ta'lim muassasalari vakillari hamda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlardan kelgan mehmonlar ishtirok etdi. Xalqaro festival tarkibida jami 34 ta musobaqa tashkil qilinib, shundan 8 tasi xalqaro, 26 tasi esa respublika miqyosida o'tkazildi. Forumlar, seminarlar, ko'rgazmalar va xakatonlar festival muhitini yanada boyitdi.

“Robot-sapyor” musobaqasi muhandislikning eng murakkab va mas'uliyatli yo'nalishlaridan biri sifatida alohida e'tibor markazida bo'ldi. Musobaqaning asosiy maqsadi — yoshlarning robototexnika va dasturlashga bo'lgan qiziqishini oshirish, texnik hamda amaliy ko'nikmalarini mustahkamlashdan iborat. Shu bilan birga, mina va portlovchi moslamalarni xavfsiz masofadan turib zararsizlantiruvchi robotlarni yaratishga qiziqishni kuchaytirish, yosh iste'dodlarni aniqlash va qo'llab-quvvatlash ham ko'zda tutilgan.

Bellashuvda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar ishtirok etdi. Rasmiy sayt orqali 200 dan ortiq nomzod ro'yxatdan o'tgan bo'lsa-da, ulardan 92 nafari saralanib, jamoaviy tarzda bellashdi. Umumiy hisobda 26 ta innovatsion ishlanma musobaqada sinovdan o'tkazildi.

Musobaqaning asosiy vazifasi robot-sapyorlarni maxsus xavfli hudud bo'ylab boshqarishdan iborat bo'ldi. Ishtirokchilar yaratgan robotlar belgilangan maydon bo'ylab harakatlanib, ma'lum masofada joylashtirilgan “bomba”ni aniqlashi, unga yaqinlashishi va manipulyator yordamida simini uzib, moslamani zararsizlantirishi talab etildi. Shundan so'ng robot portlovchi ob'yektni xavfsiz tarzda olib, marra maydonigacha yetkazishi kerak edi. Jarayon ancha murakkab kechdi. Yo'l davomida robotlar turli to'siqlar, past-baland yo'laklar, estakadalar va murakkab burilishlardan o'tishga majbur edi. Shu sababli har bir jamoa robotning yurish mexanizmi, muvozanatni saqlashi, manipulyator aniqligi hamda masofadan boshqaruv tizimiga alohida e'tibor qaratdi.

Musobaqa uch bosqichda tashkil etildi. Dastlab texnik ekspertiza jarayonida robotlarning konstruksiyasi, kamera va sensor tizimlari, manipulyator qo'li hamda masofadan boshqaruv imkoniyatlari tekshirildi. Keyingi amaliy bosqich esa eng hayajonli jarayonga aylandi. Robotlar maxsus maydonda shubhali ob'yektlarni aniqlash, to'siqlardan o'tish, estakadaga chiqish, ob'yektni manipulyator yordamida ko'tarish va uni xavfsiz hududga olib chiqish vazifalarini bajardi. Yakuniy bosqichda ishtirokchilar hakamlar hay'ati oldida o'z loyihalarini himoya qilib, robotlarning texnik imkoniyatlari va algoritmik yechimlarini taqdim etishdi. Savol-javob jarayonlari yosh muhandislarning bilim, salohiyat va kreativ fikrlash qobiliyatini yana bir bor namoyon etdi.

Musobaqa yakunlariga ko'ra:

1-o'rin — “Sapyorlar” jamoasi (20 million so'm);

2-o'rin — “Arlot” jamoasi (15 million so'm);

3-o'rin — “Ultimate Robot” jamoasi (10 million so'm)ga berildi.

Mazkur musobaqa nafaqat texnologik bellashuv, balki mudofaa sohasi uchun innovatsion ishlanmalarni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim loyiha sifatida ham alohida ahamiyat kasb etdi. Robot-sapyor texnologiyalarining rivojlanishi kelajakda inson hayotini xavfdan asrash, xavfli hududlarda xavfsizlikni ta'minlash hamda mudofaa salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

“Kelajak muhandislari” festivali yana bir bor shuni ko'rsatdiki, bugungi yosh muhandislarning innovatsion g'oyalari ertangi texnologik taraqqiyotning poydevoriga aylanmoqda. Bugun robotni mahorat bilan boshqarayotgan yoshlar ertaga inson hayoti uchun xavfli vaziyatlarni yuksak texnologiyalar yordamida bartaraf etadigan professional mutaxassislar bo'lib yetishadi.

Farangiz ABRUYEVA,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =