“Mabdai nur” asari muallifi kim?
Kutubxonam unchalik katta emas. Biroq menga zarur bo'ladigan axborotlarning barchasi undan topiladi. O'qiyman desa, undagi kitoblar qo'shnilarimga ham yetadi. Bugun yana odatdagidek uning olamiga kiryapman. Kitoblarga ko'z yugurtira boshladim. Mana, manbashunos olim Abdusattor Jumanazarning 2015 yilda “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Mashrab” nomli kitobi. U mumtoz adabiyotimizning ikki nafar zabardast vakili — otashnafas shoir Boborahim Mashrab va Qashqadaryoning Kasbi tumani Qamashi qishlog'ida hayot kechirgan Mashrabi Soniy (Ikkinchi Mashrab) nomi bilan mashhur Ro'ziboy oxund hayoti va ijodi, “Mabdai nur” asari muallifligiga oid muammolarga bag'ishlangan. Bu kitobda anchagina muhim yangi ma'lumotlar berilgan, qiziqarli jiddiy fikr-mulohazalar bildirilgan.
Adabiyot ixlosmandlari bundan qariyb o'n besh yil avval “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftanomasida boshlangan qizg'in munozara va bahslarni yoddan chiqarmagan bo'lsalar kerak. Unda Abdusattor Jumanazarning “Mabdai nur” asarining shu kungacha darslik va qo'llanmalarda Boborahim Mashrabga tegishli ekanligiga e'tiroz bildiruvchi turkum maqolalari e'lon qilingan edi. Muallif chiqishlarida birlamchi manbalarga tayanib, bu mo''tabar asar Hofiz Ro'ziboy oxund Mashrab qalamiga mansub ekanini asoslab bergani ushbu qizg'in munozaralarga sabab bo'lgan edi.
Albatta, Abdusattor Jumanazarning bu chiqishlari ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi. Shu bilan birgalikda mashrabshunos Abdulla Jabbor, Jaloliddin Yusupov kabi olimlar bunga e'tiroz bildirishga harakat qilib ko'rishdi. Bu borada izlanishlar olib borgan Poyon Ravshanov va Olim Ravshanovlar ham mazkur bahsda ishtirok etishgandi.
Muallifning ta'kidlashicha, qariyb bir asrdan buyon bahsu munozaralarga sabab bo'lgan “Mabdai nur” masalasiga ilk bora rus tadqiqotchilari N.S.Likoshin, V.L.Vyatkin, mashhur adabiyotshunos va adib Abdurauf Fitrat, Ozod Sharafiddinov, Abduqodir Hayitmetovlar ham e'tibor qaratgan, alloma shoir G'afur G'ulomning “Ikki Mashrab” maqolasi bu masalaga o'quvchilar ommasi qiziqishini yanada kuchaytirgan. Boborahim Mashrab hayoti va ijodi bilan Porso Shamsiyev, Po'latjon Qayumov, Abdurashid Abdug'afurov, Vohid Abdullayev, Ismatulla Abdullayev, Abdulla Nosirov, Muhsin Zokirov kabi taniqli olimlar ham uzoq yillar davomida izlanishlar olib borishgan. G'afur G'ulom, Po'latjon Qayumov, Abdulla Nosirov va Muhsin Zokirovlar el orasida mashhur bo'lgan bu asarni Boborahim Mashrab qalamiga mansub emasligini ta'kidlashgan. Ammo oradan yillar o'tib, negadir butun umrini mashrabshunoslikka bag'ishlagan Muhsin Zokirov o'z fikridan qaytgani haqida yoshlar gazetasida maqola e'lon qiladi.
Shu orada yana Mashrabning ijodidan namunalar jamlangan kitoblar bir necha bor nashr etildi. Ularda “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari, bir turkum she'rlar Boborahim Mashrabniki deb bot-bot takrorlandi.
Abdusattor Jumanazar yozadi: “Avvalo, Germaniyaning Gerda Henkil jamg'armasi bilan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xodimlari hamkorligida qo'lyozma asarlar elektron katalogini tuzish ishida “Mabdai nur”, “Kimyo” va “G'azaliyoti eshon Mashrab” kabi she'rlar to'plamiga duch kelib, ularni aniq va batafsil tavsif qilish zaruriyati paydo bo'ldi. Ikkinchidan, “Mujaddidiylarning Buxoro xonligi ma'rifiy hayotida tutgan o'rni” mavzusidagi tadqiqotda Ro'ziboy Mashrab ismli shaxs mujaddidiylar safida chiqib qoldi”.
Xo'sh, Ro'ziboy Mashrab kim bo'lgan? Alloma shoir Kasbining Qamashi qishlog'ida taxminan 1785-1871 yillarda yashab o'tgan va qabrtoshi ham saqlanib qolgan.
Muallif “Darig'” radifli tarkibband va “Oldimga kel” muxammasini shoirning tarjimai holi hamda “Mabdai nur” asari haqida xabar beruvchi ilk ishonchli manbalar deb hisoblaydi. Ayniqsa, “Darig'” tarkibbandining ikki bandida Ro'ziboy Mashrab hayotining ayrim qirralari qisqa va lo'nda bayon etilganiga e'tibor qaratadi.
Bor edi bir shayx, go'yo ul mango mavlo edi,
Ismi poki Yormuhammad, sohibi taqvo edi.
Guhari ko'zidin nihonu ilmga daryo edi,
Koni Sohibzodadin chiqqan durru yakto edi.
Shoirning birinchi ustozi mulla Yormuhammad ismli ko'zi ojiz kishi bo'lgan. Ilmiy tadqiqot va adabiyotlarda bu shaxs haqida deyarli ma'lumotlar uchramaydi. Unda Sohibzoda so'zi nimani anglatadi? Tarixiy manbalarda bir necha shaxs shu nom bilan atalgan. Birinchisi Miyon Fazl Ahmad, ikkinchisi uning o'g'li Miyon G'ulom Qodir Sohibzodadir. Birinchisi Buxoro, ikkinchisi Qo'qon xonligida faoliyat olib borgan mujaddidiy shayxlardir. Ulardan davom etgan avlodlarning ayrimlariga “sohibzoda” so'zi qo'shib aytilgan. Amir Shohmurod Buxoro taxtiga o'tirgach, u bosh pir o'rnini egallaydi. Miyon Fazl Ahmad juda ko'p so'fiylarga ustozlik qilgan, she'riyatni qadrlagan va o'zi ham asarlar yozgan. Mulla Yormuhammad xuddi shu ustozidan tariqat ilmini o'rganadi va ustozining ko'rsatmasi bilan Qarshida faoliyat olib boradi. Ro'ziboy Mashrab dastlab shu kishidan 1790-1800 yillarda tariqat sabog'i olgan bo'lsa, 1800-1801 yillarda Qarshiga uning ikkinchi ustozi Abdurahmon an-Nasafiy ko'chib keladi. Ro'ziboy Mashrab undan tariqat ilmini o'rgangan paytlarda 30-35 yoshlarda bo'lgan.
Muallif yana yozadi: “Asar Boborahim Mashrabga tegishli deyishimiz uchun unda Namangan, Andijon, Marg'ilon, O'sh, Koshg'ar, G'o'lja, Xo'tan, Badaxshon kabi yurtlar va u yerlarda yashab o'tgan aziz-avliyolar olamini ko'rishimiz lozim edi. Lekin ular uchramadi. Ammo asarda Nasafning Patron qishlog'ida Xoja Sharafiddin va Kasbi, Fazli tomonda yashagan Xoja Sharif ismli tarixiy shaxslar nomi zikr etilgan. Shuningdek, Xoja Razmoz nomli ziyoratgoh esa G'uzordan 14 chaqirim uzoqlikda joylashgan”.
Bundan tashqari, “Mabdai nur” asarida uchraydigan shevaga oid so'zlarning Qarshi, G'uzor, Shahrisabz, Kitob shaharlarida yashovchi aholining tiliga yaqinligiga e'tibor qaratgan.
Shuningdek, hajmi 18 varaqli, №12318/8-raqamli “Risoloi mansubai devoni Mashrab” nomli yangi topilgan qo'lyozmada uning tugatgan sanasi solishtirilganda Ro'ziboy Mashrabga to'g'ri kelishini aniqlash bilan birga o'quvchiga: “Boborahim Mashrab XIX asrda nima qilib yuribdi?” degan savolni beradi.
Muallif Ro'ziboy oxund qalamiga mansub bo'lgan Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanayotgan qo'lyozmalar ro'yxati va shoirning “Ikkinchi Mashrab” nomi bilan “Turkiston viloyatining gazeti”ning 1902 yil 1 fevral sonida bosilgan so'zboshi bilan e'lon qilingan “Darig'” tarkibbandini izlab topgani tahsinga loyiqdir.
Kitob: “Kichkina bir tavsif tarixi yakuniga yetdi. Ko'rib chiqilgan matnlar hamda ulardagi ma'lumotlarga asoslanib tuzilayotgan elektron katalog tavsifidagi birgina “Muallif: …” bandiga “Hofiz Ro'ziboy Mashrab” deb yozishga majbur bo'ldim”, satrlari bilan yakunlanadi.
Asar oxirida muallif foydalangan 200 dan ortiq manba, ilmiy adabiyot va tadqiqotlar, lug'at va kataloglar ro'yxati ilova qilingan.
Xullas, kitobni mutolaa qilgan o'quvchi mumtoz adabiyotimizda jo'shqin she'riyati bilan o'chmas iz qoldirgan Boborahim Mashrab ijodi, u yashagan davr, ustozlari haqida to'liq ma'lumot olish bilan birga ulug' shoir qalamiga mansub deb kelingan “Mabdai nur”, “Kimyo” kabi asarlarning uniki bo'lmaganini, “Mashrabi Soniy” nomini olgan yana bir ulkan shoir — Ro'ziboy Mashrab ham borligini bilib oladi.
Shu o'rinda yana bir mushohada: hanuz maktab va oliy o'quv yurtlari o'quvchilari va talabalari uchun minglab nusxada chop qilinayotgan adabiyot darsliklarida yuqorida nomi zikr etilayotgan asarlarning muallifi Boborahim Mashrab deb ko'rsatilayotgani ajablanarlidir. Abdusattor Jumanazar mazkur sohaga olib kirgan yangiliklardan yurtimiz maktablaridagi barcha adabiyot muallimlari xabardormi? Nega bugun bu ma'lumotlarga deyarli e'tibor qaratilmayapti? Darsliklarda hamon eski hammom, eski tog'ora!
Hozir Abdusattor Jumanazarning kishini o'ziga tortuvchi oppoq jildli “Mashrab” kitobini varaqlab, shu kabi fikrlar yana ko'nglimdan kecha boshladi. Bu aytganlarimni ilgari ham varaqqa tushirgandim. Yaqinda “Jadid” gazetasida (2026 yil 24 aprel) pedagogika fanlari doktori, mashrabshunos Mo'min Hoshimxonov va Iqbol Mirzaaliyevning “Har kimki Mashrabga yetibdur…” nomli suhbatini o'qigandim. Unda: “Mashrab tug'ilib o'sgan ona shahri Namangandan chiqib, juda ko'plab shahar va mamlakatlarga, Yaqin Sharq davlatlariga, Yevropa, Osiyo, Afrika qit'alarigacha sayohatda bo'ladi. She'riyatidan ko'plab mamlakatlar xalqlarini bahramand etdi”, kabi satrlar ham bor. Bu ma'lumotlar ilgaridan ko'p-ko'p takrorlanadi. Biroq ularning haqiqatan ham bo'lganini hech bir tadqiqotchi hozirgacha birlamchi manbalar asosida ishonchli ilmiy dalillar bilan ko'rsatib bermagan. Shaxsan men Boborahim Mashrabning Afrika va Yevropada bo'lganini sira ko'z oldimga keltira olmayapman. Tadqiqotchi janoblar, bunday axborotlarni o'quvchilarga taqdim etayotganda, iltimos, yonida to'liq birlamchi yozma manbalar matnlari bilan birga bering! Hech bir shubhaga o'rin qoldirmang.
Shu satrlarni endigina yozib tugatganimda, ijodkor do'stlardan biri “Ma'naviy hayot” jurnalining yangi sonini (2026 yil, №1) yubordi. Qarasam, unda Abdusattor Jumanazarning “Mashrab mozaikasi” nomli maqolasi chop qilinibdi. Birdan o'qishga kirishib ketdim…
Maqola o'quvchining Boborahim Mashrab haqidagi tasavvurlarini butunlay o'zgartirib yuboradi. Maqola eng qizg'in joyiga kelganda birdan to'xtatilgan. Xayriyat, muallif uning davomi borligini aytib, o'quvchi ko'ngliga biroz taskin beradi.
Demak, “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlarining haqiqiy muallifi haqida o'ylayotganlarim behuda emas ekan. “Mashrab mozaikasi”ga doir fikrlarimizni biz ham keyingi maqolaga qoldiramiz. Nazarimizda, suyukli va darvesh shoir Boborahim Mashrab hayoti va ijodini o'rganishda bir o'zgacha yangi davr boshlanayotir. Uni endi to'xtatib bo'lmaydi… Baribir, sizga shu savolni qoldiraman: “Mabdai nur” asari kimniki?
O'rolboy QOBIL,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
