O'yin
Sodiqjon INOYaTOV
Muallif haqida:
Sodiqjon INOYaTOV 1960 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug'ilgan. 1983 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Uning bolalarga atalgan birinchi she'rlar to'plami 1994 yilda “Cho'lpon” nashriyotida “Omon bo'lsa do'stlarim” nomi bilan chop etilgan. Keyinchalik “Yorug' kunlar”, “Onamni sog'inib”, “Akamning kitobi” deb atalgan kitoblari nashr etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
(Hikoya)
U bir oycha avval tun bo'yi tushida raqsga tushib chiqdi. Tavba, so'ng bu tushini eski filmday takror-takror ko'raverdi…
…Keng mo'l davra, dugonasi Mohiraning to'yi bo'layotgan emish. Taniqli hofiz jo'shib yalla aytayotgan bo'lsa-da, hech kim o'ynamayotgan emish. Hamma hayron bo'larmish. Shunda elatning kayvonisi Nazira momo qichqirar emish: “Nodira o'ynasin, Nodira”. Dugonalari davraga sudrashsa, u ozgina qimtinib turarmish-u, so'ng eshilib-eshilib o'ynay boshlarmish, berilib o'ynarmish. Xirom etib o'ynarmish-u, noz etib o'ynarmish-u, shuning barobarida ko'zlaridan duv-duv yosh quyilarmish. “Astag'firulloh! – dermish shunda kimdir hamma eshitsin deganday, ovozini ataylab balandlatib. – Bu ne hol? Shunday chiroyli, xushsurat qiz nechun yig'laydi? Ne kami bor buning?”
“Ayy, so'ramang, – achinib javob berarmish yonidagi oq ro'molli, farishtaday ayol shivirlabgina, – husni bor bo'lsin, bu chiroyli qizning dardi ichida, baxti kemtik bechoraning”.
“Dardi ichida, baxti kemtik”… Bu so'zlar necha kunlarki, quloqlaridan ketmaydi. Uyda ham, ishida ham miyasini parmalayveradi. O'zini chalg'itish uchun boshqa narsalarni o'ylamoqchi bo'ladi-yu, eplolmaydi. So'ng xayolidami, yo chindanmi, o'zi ham bilmaydi, rosti, ko'zining o'ngida oq libosli bir mavhum sharpa paydo bo'ladi. Yuzi ko'rinmaydi-yu, istehzo bilan so'zlagani seziladi. “O'zing aybdorsan,o'zing, – deydi juda yoqimsiz ovoz bilan. – Sen hayotni o'yin deb bilding. Hayot o'yin emas axir, o'yin emas. U sening izmingga yurmaydi”. Shunday kezlar dunyoga sig'may ketadi. Yuragi simillab og'riydi, uf tortadi. Ko'zining oldini tuman qoplaganday bo'ladi, hamma narsani tashlab, kishi bilmas olislarga bosh olib ketgisi keladi. Umrining o'tgan yillariga achinadi. Bu voqealarning ilk boshlangan kunini armon bilan eslaydi…
Chiroyli qiz edi u, ustiga-ustak, otasi rais. Rais bo'lganda ham uncha-muncha odamga gap bermaydigan kattakon rais edi. Bizda, bilasiz, kattalarning farzandlari ham aksar katta so'ylaydigan, izzat-ikromni yaxshi ko'radigan, xiylagina olifta bo'lishadi. Bunga asli o'zimiz ham sababchi-da, chunki atrofida ko'p ham xokisor-u girdikapalak bo'laveramiz, to'g'rimi? Sakkizinchida o'qib yurishganlarida o'zini sinfning “kuzir”i sanaydigan Qo'chqor satang hammaning oldida: “Sen indiyskiy kinolardagi qizlarning xuddi o'zisan, peshonangga xol qo'yib olsang bormi, “Sangam”dagi Ratxaga ikki tomchi suvday o'xshaysan”, – dedi yaltoqlanib. Sinfdoshlar guv etib kulib qarsak chalib yuborishdi. Shunda satang battar avjlandi: “Sinfimizning, yo'q, maktabning birinchi go'zali Nodira, ikkinchisi Hafiza!” Yana qarsakbozlik bo'lar edi-yu, shu mahal o'qituvchi kelib qoldi. Oxirgi partada o'tiradigan Hafiza deganimiz olchaday qizarib, “o'lgayma-an”, deb yuzini yashirdi…
Maqtov degani asalday narsa, kimga yoqmaydi deysiz! Nodira shu kuni yomon havolandi, o'ziyam naq yettinchi osmonga chiqdi. Haliyam uyatdan boshini ko'tarmay o'tirgan Hafizaga kibr bilan qarab qo'ydi: “Fuu, ikkinchi go'zal emish, bilib qo'y, ming chiransang ham menga tenglasholmaysan!”
To'g'ri-da, qanday qilib tenglashsin? Oddiy traktorchining qizi bo'lsa. Odmigina kiyinsa, husnidan boshqa nimasi bor? Egnidagilari yo opasining, yo xolalarining o'zlariga tor kelib qolganlari, nochorgina yashashadi-da, bechoralar…
Shu kundan so'ng Nodiraning xayoli butkul o'zgardi. O'zicha hamsaboqlarini ikki guruhga bo'lib qo'ydi: u taraf Hafizaning, bunisi Nodiraning tarafdorlari. Sir bo'lmasin, atrof-javonibda indamasgina Hafizani yoqtiradiganlar, zimdan havaslanib qaraydiganlar ko'p edi. Qo'chqorning gapi miyasiga simobday singdi. O'zini xayolan hind go'zallari kabi his etib, kinolarning shaydosiga aylandi. Tavba, ko'ngil degan tilsimga tushunib bo'lmaydi-da, hech narsada aybi yo'q Hafizani jinidan battar yomon ko'rib qoldi. O'zicha unga “Haffi” deb ot qo'yib ham oldi. Ularning maktabni tamomlaydigan vaqti bozor iqtisodiyoti degan taloto'plar boshlanib, odamlar ro'zg'or atalmish yebto'ymas g'orning qayg'usiga botgan, do'konlar bo'shab, non degan ne'mat uncha-muncha tortilib, ko'pchilik ertangi kunimiz ne bo'ladi, degan xavotirli savollar ostida qolgan kunlarga to'g'ri keldi. Sinfdoshlari bitiruv kechasi uchun uydagilardan qanday qilib pul so'raymiz, deb o'ylanib yurganlarida Nodira:
– Hech qisinmanglar, – dedi oshkora bepisand, – shuyam tashvish bo'ptimi? Otamga aytib, “vecher”ni o'zim uyda chiroyli qilib o'tkazdirib beraman. Hammangiz hayron qolasiz. Bir tiyiningiz kerak emas.
Hamsaboqlar mushkullari bu qadar oson ko'chganidan suyunib ketishdi. Nodiraning martabasi yana oshganday bo'ldi, xushomad-u maqtovlar ko'paydi.
“Vecher”ni chindan chiroyli qilib berdi. Noz-ne'matlarga to'la dasturxonni, otasining bir og'iz so'zi bilan tumandan kelgan sozandalarni ko'rib, barchaning og'zi ochilib qoldi. Nodira o'tirish davomida Hafizadan kibrli nigohlarini uzmadi. U bitiruv kechasiga ham durustroq kiyinib kelolmagandi, manglayi sho'r. Shunda o'zini tengdoshlarining eng go'zali, ertangi kuni porlog'i deb sanaydigan mezbonning ko'ngliga shumlik keldi. “Haffi”ni, ya'ni raqibasini kamsitmoqchi, o'zining ustunligini ko'rsatib qo'ymoqchi bo'ldi. Mung'ayib o'tirgan sinfdoshini ataylab o'yinga tortdi. Shundoq ham tortinchoq Hafiza talmovsirab qoldi. Uyalib ketdi: “O'ynab bilmayman, – dedi zorlanib, – qo'y, meni qisintirma”.
“O'ynaysan, – dedi shunda Nodira amirona, – qisinma, uyalsang, mana, o'zim bilan o'ynaysan”. So'ng xuddi hind kinolaridagi xonimchalarga o'xshab buyurdi: “Qani, sho'xidan chalinglar!”
Ozarcha o'ynoqi qo'shiq boshlandi:
San, san, san,
San, san, san,
San, san, san, oygulim,
San, san, san!
So'ng ataylab o'zini ko'rsatib, so'nggi rusumdagi qimmatbaho ko'ylagining etaklarini bir qo'li bilan ushlab javlon urdi, hammani hayratga soldi, rosti, atirgulday ochilib ketgan edi-da, o'ziyam. Uyalib, bir siqim bo'lib qolgan Hafizaning tevaragida gir aylanib o'ynadi, chir aylanib o'ynadi. O'sha kuni vinomi, araq degan baloni ilk bor tatib ko'rgan sinfdosh yigitchalar zavqi kelganidanmi, yo davraning ofatijon qirolichasiga yaxshi ko'rinish ilinjidami, “haaaaayt!” deb qiyqirib yubordilar. Nodiraning zavqi oshib, avj pardaga chiqdi. O'zicha kuyga monand qo'shiq to'qib yubordi:
“Haffi bola, Haffi bola, Haffisan,
Ko'ylaklari shalviragan Haffisan”…
Eh, dim yomon bo'ldi. Hafiza bechora shu joyiga sira chidayolmadi, yuzi quv oqarib, bir zum angrayib turdi. So'ng zor yig'lab ketib qoldi. Hamma sergak tortdi. Barcha emas, ayrimlari bo'lgan voqeaning mohiyatini angladilar. “Noto'g'ri qilding, – dedi qizlardan biri achinish bilan. – Uni kamsitib qo'shiq to'qiganing nimasi? Haffi bola emish, bu gapni qaydan olding? Gulday qiz-ku axir. Endi u sening bu ishingni umr bo'yi unutmaydi”.
“Qarab tur, – dedi shunda hech kutilmaganda Rustam degan yigitcha g'azabini arang bosib, – Hali Hafiza shunday zo'r odam bo'ladi, hammaning havasini keltirib yuradi!”
Attang, yillar o'tgach, hamma havas-u sog'inchlar bilan eslab yurishi lozim bo'lgan kecha mahzun nihoya topdi. Tengqurlar jimgina tarqab ketdilar. Qishloq joyda sir yotmaydi-da, bu gap ovulga ovoza bo'ldi. “Yuzi qursin, Matmurod raisning arzandasi Qadamboy traktorchining qizini yomon qisintirgan emish”. Xabar Nodiraning onasi Mastura opaning qulog'iga yetib kelganida, ko'z yoshlarini tiyolmadi. Ammo sabr-toqatli ekan. “Men birovning bolasini qarg'amayman, – dedi o'ksinib, g'iybatga o'ch qo'shnilar gap olish niyatida og'ziga tikilganlarida, – tepamizda xudo bor. Hammaga fe'liga yarasha beradi”.
Odamzod degani unutuvchan-da. Suvlar oqib, umr yeldek o'taverar ekan-u, qachonlardir qilgan qilmishing fursat zamoni yetib, esingga tushganida vijdoning oldida karaxt bo'lib qolarkansan. Ba'zida tirnalgan eski yaraning azobi yomon bo'lar ekan. Nodira institutni tamomlab, qishloqqa qaytib kelganida ham xayoli hali-hanuz maktab yillarining shukuhi-yu, hoyu havaslari bilan to'la, “hamma narsa o'zimning izmimda” deb yurgan edi. Ko'ngli tog'day yuksak, dimog'i baland, “bir nigoh tashlasam bas, yuz yigit atrofimda parvona bo'ladi”, deb o'ylagandi. Axir chiroyli, qomati kelishgan, ustiga-ustak, kattagina mansabdorning do'xtir qiziga uylanishni kim ham orzulamaydi? Ammo hayotning biz bilan hisoblashmaydigan, notavon ko'nglimizning betiyiq istaklariga qaramaydigan qonuniyatlari bor ekan-u, xom sut emgan bandalar bilmas ekanmiz. Nodiraga yaxshigina joylardan sovchilar keldi. Ammo ularni nazariga ilmadi. Uning istagicha bo'lg'usi kuyov, albatta, badavlat oiladan chiqqan, yo yurist, yo vrach, yo ichki ishlarda ishlaydigan yigit bo'lishi kerak edi.Biroq senda bor ko'ngil o'zgada ham bor axir. Sovchilarning qadamlari uzilib, bora-bora yoshi kattalar-u ayolidan ajrashganlar, so'ngroq esa salkam otasi tengi odamlar boshqalar orqali zimdan surishtira boshlashganlarida u xato qilganini, umrining gullagan davrining o'tganligini sezdi. Sezdi-yu, yuragining tub-tubidan bir achchiq xo'rsiniq otilib chiqdi: “Yanglishibman, yomon xato qilibman”. Ana shunda g'aribgina, beozor sinfdoshini ataylab masxara qilganini esladi. O'ksinib yig'ladi. Yuragidan bir ishtiboh o'tdi: “O'shanda Hafiza meni qarg'amaganmikan, mabodo? Uning zarracha gunohi yo'q edi-ku axir?” Ko'ngli alag'da bo'laverdi, ezildi, o'ylanaverib tunlari uyqusi qochdi. “Axir yaxshilikning ham, yomonlikning ham javobi bo'ladi, deyishadi-ku. Men o'sha xudbinona qilmishim uchun jazoyimni tortayotgandirman, balki”. Zimdan Hafizani izlay boshladi. Uning sinfdoshi Rustamga turmushga chiqib, oilasi bilan poytaxtda yashashini, institutda ishlayotganini, ikki o'g'li, bir qizi borligini eshitgan, yigirma yildan beri uchrashmagan edi. Ko'rgisi kelaverdi, kelaverdi. Izlab borishga yuzi chidamadi. Qarangki…
O'sha kuni ishga har doimgidan barvaqtroq keldi. Tavba, kimdandir izza yegan odamday ko'ngli xijil, lo'qillab boshi og'rirdi. Xayoli parishon edi. Salom berib kirib kelgan ayolning yoqimli ovozidan hayratda qoldi. Sas tanishday tuyulib, bir daqiqa karaxt bo'ldi, ko'zlarini ochib yumdi: “Kim edi-ya bu?”
— Nodira, sog'-omon bormisan? – ayol kelib bag'riga bosganida, dimog'i bir nafis iforni tuydi, ko'ngli allanechuk iliq hislarga to'ldi, o'pkasi to'lib ketdi. — Meni tanimading, shekilli?
Ro'parasida kelishgan, nihoyatda did bilan kiyingan ayol turardi. Dili o'ksib yurganligidan faromush qoldi, shekilli, talmovsiradi.
— Siz…
— Men Hafizaman, sinfdoshing. Qara, ko'rishmaganimizga necha yillar bo'ldi? Ta'tilga chiqib, qishloqqa kechagina keldik, seni sog'ingan ekanman…
Nodira duv qizarib ketdi. Ko'zlarini olib qochdi, so'ngra o'kirib yig'lab yubordi. Armon bilan, iztirob bilan izillab yig'ladi. Uzoq yig'ladi. Hafiza lol qoldi.
— Nega yig'laysan? — dedi saboqdoshi qayta quchoqlab. — Tavba, tanimay qolganingga xijolat bo'ldingmi? Shunchalik o'zgarib ketibmanmi? Qo'y, yig'lama…
Nodira nihoyat tinchidi. Shunda ham ayolning ko'zlariga qaray olmadi. Yuzi oqarib ketgan edi uning.
— Zarracha ham o'zgarmabsan, — dedi ovozi g'o'ldirab, — zarracha ham. Sening oldingda umrbod gunohkorman, bilaman, bu voqeani unutolmaysan. Meni esimdan chiqarganman, deb aldamay qo'yaqol, baribir ishonmayman. Ayb menda, seni kamsitib, o'zimni ko'rsatib qo'ymoqchi bo'ldim. O'shanda yuragim kibrga, manmanlikka liq to'lgan ekan, o'zimni osmondagi oy deb o'ylabman. Endi bildimki…
— Qo'y shu gaplaringni, — Hafiza samimiy jilmaydi, qiziq, shunda husni yana ham ochilib ketdi. Chiroyli ko'zlarida samimiyat charaqladi. — Men seni sog'inib, gurunglashgani keldim. Mana bu sovg'a senga…
…Tavba, o'sha kuni ilk bor yoshlik yillaridagiday tiniqib, orom olib uxladi. Tush ko'rdi. Yana to'y emish. Bu gal Hafiza o'ynayotgan emish. Uyalib, qisinib-qimtinib, hayo bilan, chiroyli o'ynar emish. Nodira bo'lsa chekkada ezilib-ezilib yig'larmish. Shunda osmon sekin-asta yorishib, yiroqlardan bir ajib sas kelarmish-u, uning ko'nglida yoqimli, beg'ubor, yoshligidagi juda tanish hislar uyg'onarmish. Hayron-u lol turganida ko'zining oldida o'sha oq libosli mavhum sharpa tag'in paydo bo'larmish: “Allohning karami keng, — dermish u bu gal nihoyatda yoqimli, erkalovchi ovoz bilan, — yig'lama, Allohning karami keng…”

