Mo''jizaviy nur ortidagi tarix

yoki birinchi o'zbek fotojurnalisti kim edi?

Amaliyot rahbarimiz “qanday mavzuda maqola yozmoqchisiz?” deb so'raganida, Xudoybergan Devonov haqida yozmoqchi ekanimni aytdim…

Negaki, Xudoybergan Devonov “o'zbek foto olamida birinchi” – jurnalistikaga fotografiyani olib kirgan shaxsdir. Bu haqda bilaman deb yurardim, ma'lumotlarni o'rgansam, ko'p narsani bilmasligim ayon bo'ldi.

Hozir hammamizning qo'limizda telefonlarimiz bor, u orqali istalgan surat yoki videolarni olishimiz mumkin. Ammo o'ylab ko'ring-da, smartfonlar bo'lmagan vaqtlarda odamlar qanday yo'l tutishgan?

Tasavvur qilib ko'ring-a, hali hech kim o'z suratini ko'rmagan, kino nimaligini bilmagan bir zamon. Birdan milt etgan nur orqali borliqni qog'ozga ko'chirish imkoniyati paydo bo'ldi. Bu nafaqat yangi davr boshlanishi, balki millatning ko'zi ochilishi edi. O'zbekistonda ilk bor fotografiyaga asos solgan inson Xudoybergan Devonov nomi tarix sahifalariga oltin harflar bilan yozilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, Xudoybergan Devonov ikki yil davomida ham nemis tilini, ham fotografiyani o'rganish uchun Vilgelm Pennerning uyiga qatnagan. Ilm olish uchun Xivadan olisda joylashgan Oqmachit qishlog'iga kuniga 50 km yo'l bosib borib kelar ekan. Ba'zan esa Panor buva (Vilgelm Pennerni mahalliy aholi shunday deb atagan)ning o'zi yakshanba kunlari Xudoyberganning uyiga kelib, unga saboq bergan. Shu tariqa yosh Xudoybergan fotografiya ilmini o'rganib, bu hunar bilan shug'ullanishni boshlagan. Vilgelm Penner yosh, qiziqqon xorazmlik yigitni mahalliy aholi uchun g'aroyib bo'lgan kasbga qiziqtirgan. Xudoyberganning dastlab fotografiya, keyinchalik kinematografiya bilan bir umrga oshno bo'lib qolishiga sababchi bo'lgan.

O'zbek fotografiya san'ati asoschisi Xudoybergan Devonovning ishlarisiz Xorazm va butun O'zbekistonning tarix solnomasi tugal bo'lmas edi. U Markaziy Osiyodagi birinchi foto-kinolaboratoriyani tashkil etadi, suratga olish ishlarini boshlaydi. Bir vaqtning o'zida odamlar gavjum joylarda o'zi olgan lavhalar va xorijdan keltirgan kinotasmalarini namoyish etib, vatandoshlari orasida yangi san'at turi ­ommalashishiga hissa qo'shadi. Izlanishlari natijasida 1908 yilda o'zbek kinosi degan nom paydo bo'ladi.

Kasbiga doir yumushlar bilan u juda ko'p marta Moskvaga safar qiladi. Darhaqiqat, X.Devonov tashabbusi bilan Xorazm maktablarida fotografiya fan sifatida o'qitila boshlangan, buning natijasi o'laroq shu yillarda Xorazmda iste'dodli yosh fotograflar avlodi yetishib chiqqan.

O'sha yillarda O'zbek davlat kinosi hamda “Soyuzkinojurnal”ning ijodiy buyurtmasi bilan Xorazm hayotiga oid bir qator syujetlarni suratga oladi. Xususan, 1929 yilning o'zida “Ishchi ayollar”, “Sho'rko'l”, “Ko'za”, “Chig'ir”, “Tuzkon”, “Degish ofati”, “Xorazm dalalarida”, “Paxta karvoni” singari hujjatli film va syujetlarni tasvirga olgan. Shunday hujjatli kino namunalaridan biri — “Sho'rko'l” filmi Xorazmdagi shifobaxsh suvi bilan mashhur bo'lgan maskanga bag'ishlangan. Ayni paytda “Uzbekistanskaya pravda” (hozirgi “Pravda Vostoka”), “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) singari nashrlarning fotomuxbiri sifatida ham jonbozlik ko'rsatadi. Sho'rolar davrida Urganch shahrida Xudoybergan Devonov nomli kinoteatr barpo etilgan. Akademik Naim Karimov tomonidan yozilgan ilk o'zbek fotosuratchisi hamda milliy kino asoschisi Xudoybergan Devonovga bag'ishlangan kitob esa rus va o'zbek tillarida nashr etilgan.

Durdona SAYFITDINOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti

jurnalistika va o'zbek filologiyasi

fakulteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =