Raqamli kelajak

Sun'iy intellekt nafaqat AT-kompaniyalar yoki zamonaviy startaplarning, balki og'ir sanoatning ham ajralmas qismiga aylanmoqda. O'zbekistonda ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri aynan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK)da hayotga tatbiq etilmoqda.

Yaqinda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Innovatsiyalar amalda: OKMK faoliyatida sun'iy intellekt imkoniyatlari” mavzusida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ mutaxassislari korxonada raqamli transformatsiya va sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish borasida erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Ta'kidlanganidek, mazkur yo'nalishdagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 16 mart kuni OKMKga tashrifi davomida sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy etish bo'yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida yangi bosqichga ko'tarildi. Shu asosda kombinat tarkibida Sun'iy intellektni ishlab chiqish va joriy etish bo'limi tashkil etildi, shuningdek, korxona xalqaro “AI Alliance” tashkilotiga a'zo bo'ldi.

Bugungi kunda kombinatda foydali qazilmalarni qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo'lgan barcha bosqichlarga raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt yechimlari izchil tatbiq etilmoqda. Xususan, 80 yillik geologik va marksheyderlik ma'lumotlari raqamlashtirilib, konlarning uch o'lchamli modeli yaratildi hamda zaxiralar qayta baholandi. Bu esa qazib olish ishlarini aniq rejalashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini berdi. “Qalmoqqir” va “Yoshlik-I” konlarida ruda hajmini nazorat qilish, haydovchilarning charchoq holatini aniqlash hamda mehnat xavfsizligini ta'minlovchi intellektual tizimlar ishga tushirildi.

Anjumanda qayd etilganidek, kombinat mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar bugungi kunda texnologik jarayonlarda muvaffaqiyatli qo'llanilmoqda. Intellektual diagnostika tizimlari transport va texnologik uskunalarning holatini tahlil qilib, ehtimoliy nosozliklarni oldindan prognoz qiladi. Shuningdek, laboratoriya jarayonlarini raqamlashtirish, texnika va agregatlar bo'yicha yagona ma'lumotlar bazasini yaratish hamda moy, shina va boshqa resurslarni ma'lumotlar asosida boshqarish tizimi yo'lga qo'yilgan.

Raqamlashtirish korporativ boshqaruv tizimida ham o'z aksini topgan. Xodimlar hisobi va ish haqini hisoblash jarayonlari “1S: ZUP” platformasi orqali to'liq avtomatlashtirilgan. Ichki hujjatlar bo'yicha tezkor ma'lumot beruvchi korporativ “AI”-yordamchi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, nomzodlarning “rezyume”larini avtomatik tahlil qilib, saralash imkonini beruvchi intellektual “HR”-tizimi ham ishlab chiqilmoqda.

Korxonada yaratilgan “virtual zavod” texnologiyasi ham raqamli transformatsiyaning muhim namunalaridan biridir. Bugungi kunda 1-, 2-, 3-mis boyitish fabrikalari hamda mis eritish zavodidagi barcha texnologik jarayonlarni situatsion markaz ekranlari orqali real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Mazkur tizim uskunalardagi nosozliklarni tezkor aniqlash, ishlab chiqarishdagi to'xtalishlarning oldini olish va texnologik jarayonlarni samarali boshqarishga xizmat qilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda kombinatda 30 ga yaqin sun'iy intellekt loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, geologik ma'lumotlarni tahlil qilish asosida burg'ilash va portlatish ishlarini optimallashtirish, portlovchi materiallar sarfini kamaytirish, temir yo'l infratuzilmasidagi nosozliklarni avtomatik aniqlash va avariyalarni oldindan taxmin qilish, shuningdek, boyitish fabrikalarida “Mashinaviy ko'rish” (“Flotation AI”) texnologiyasi yordamida reagentlar sarfini avtomatik boshqarish kabi innovatsion yechimlar ishlab chiqarishga tatbiq etilmoqda.

Tadbirda “Olmaliq KMK” AJ Investitsion takliflar va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyorlash bo'yicha loyiha ofisi yetakchi muhandisi Malika Turaxanova, 3-mis boyitish fabrikasi direktorining raqamlashtirish bo'yicha o'rinbosari Odil Fayzullayev hamda boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi — Axborot xizmati boshlig'i Umida Qarshiboyeva amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning samaradorligi va istiqboldagi vazifalar yuzasidan batafsil ma'lumot berdilar hamda OAV vakillarining savollariga javob qaytardilar.

Shuningdek, kombinat tomonidan ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan 16 ta raqamli tizim uchun Adliya vazirligining mualliflik huquqi guvohnomalari olingani ma'lum qilindi. Bu esa korxonada yaratilayotgan innovatsion ishlanmalar nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, balki milliy intellektual salohiyatni yuksaltirishga ham xizmat qilayotganini ko'rsatadi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, kelgusida OKMKning yagona raqamli ekotizimini shakllantirish hamda sun'iy intellektni boshqaruv va ishlab chiqarishning barcha bosqichlariga keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri bo'lib qoladi. Bugun sun'iy intellekt OKMK faoliyatida shunchaki istiqbol rejasi emas, balki ishlab chiqarish samaradorligi, xavfsizlik va boshqaruv sifatini oshirayotgan amaliy vositaga aylangan.

Farangiz ABRUYEVA,

“Hurriyat” muxbiri.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + three =