Bir so'z aytgin desalar, so'zimiz Vatan bo'lsin
Muallif haqida:
Yahyoxon FAYoZ (Mahmudov) 1988 yili tug'ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining an'anaviy Zomin seminari ishtirokchisi.
Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Baxtimizning zar tumorlari” she'riy to'plami nashr qilingan.
* * *
Onam kirar tushimga,
Hol-ahvolim so'roqlar.
Shod bo'laman bemisl,
Xufton ko'nglim yaraqlar.
Allohimga ko'p shukur,
Dorilomon bu zamon.
Ne qilayin shum taqdir,
Siz armonim, onajon.
Eslab o'tar birma-bir,
Bola-chaqang omonmi?
Boryapsanmi qishloqqa,
Yolg'iz opang omonmi?
Bu savolga javob yo'q,
Uyg'onaman entikib.
Ko'z o'ngimda qishlog'im,
Opam turar yo'l kutib.
Dildan ketdi halovat,
Unum ham yo'q ishimda.
Ranjidimi volidam,
Kirmay qo'ydi tushimga.
Otlanaman qishloqqa
Sog'inchni o'ldirgani.
Muzday qotgan yurakni
Mehrga to'ldirgani.
Yaxshimisan, jon opa?
Tanim to'ldi alamga.
Mehribonim o'lmagan,
Sen o'xshaysan onamga…
Eslatib qo'y burchimni,
Keltir meni hushimga.
Duo qilgin, opajon,
Onam kirsin tushimga.
* * *
Dunyoning holiga boq, so'kilgan avra-astar,
Bir tomonda adovat, bir tomonda yurtsotar.
Ozodlik kerak axir, gulga ham, bulbulga ham,
Er yigitlar bor bo'lsa, chegaralar bexatar.
Duo qiling, otajon, har go'sha gulshan bo'lsin,
Bir so'z aytgin desalar, so'zimiz Vatan bo'lsin.
Mashaqqatlar tobladi oru iymonimizni,
Asradik, avayladik yurt, millat, shonimizni.
Shu qadim tuproq guvoh, shu azim osmon guvoh,
Vatanga qalqon qildik ayamay jonimizni.
G'animlarning yo'llari abadiy tikan bo'lsin,
Bir so'z aytgin desalar, so'zimiz Vatan bo'lsin.
Har qadamda o'zgarish, yangi ish, yangilanish,
Har kun bir imoratga qo'yilmoqda yangi g'isht.
Shunday yurtda kuylanar ming yillik
dostonlarim,
Har bir o'g'il qalbida mangu uyg'oq Alpomish.
Yo'limiz mangu ravon, ko'nglimiz ravshan bo'lsin,
Bir so'z aytgin desalar, so'zimiz Vatan bo'lsin.
Yuragimdan kechganin yozdim maktub misoli,
Ilmu ma'rifat bilan farzandlarning kamoli.
Obod O'zbekistonim, Ozod O'zbekistonim,
Millatning istiqboli, Vatanning istiqloli.
Vatan ishqida qalblar quyoshday gulxan bo'lsin,
Bir so'z aytgin desalar, so'zimiz Vatan bo'lsin.
* * *
Olis ketgan turnalar qaytdi,
Xasta dillar topdilar malham.
Borliq shodlik qo'shig'in aytdi,
Bahor keldi, kelgin-da sen ham.
Jilg'a emas, soy bo'ldi sog'inch,
Qay yurakka joy bo'ldi sog'inch,
Bahor kabi aylabon karam,
Bahor keldi, kelgin-da sen ham.
Bahor asli muhabbat fasli,
Bunda ko'ngil izhorlari jam.
Kel, bahorim, o'zingsan asli,
Bahor keldi, kelgin-da sen ham.
Olislarga boqaman olis,
Ko'z oldimda surating, erkam.
Tuyg'ularda bo'libon xolis,
Bahor keldi, kelgin-da sen ham.
Bahor — diydor, demish donish el,
Sen bor, demam dunyosi bir kam.
Kelsang faqat qaytmas bo'lib kel,
Bahor keldi, kelgin-da sen ham.
ShUKRONA
Boshga ne tushsa ham qadar deb bildik,
Salavotlar aytdik Rasulullohga.
Sajdaga bosh qo'ydik ham tavba qildik,
Allohga suyandik, faqat Allohga.
Ko'ngilning mayliga ko'nganimiz bor,
Gunohlar gardidan kir tanimiz bor,
Mehribon egam deb, bo'lib umidvor,
Allohga suyandik, faqat Allohga.
Nomardga mardlikdan so'zlash yarashmas,
Bu so'zim o'zimni dono sanashmas,
Roziq zot taqsimda zinhor adashmas,
Allohga suyandik, faqat Allohga.
Yaqinlar pand berdi, do'stlar pand berdi,
Shum taqdir ayriliq, necha dard berdi,
Nolimam ne tole, necha baxt berdi,
Allohga suyandik, faqat Allohga.
Shaytonga ergashgan oxiri xor deb,
Bu dunyo hasratga to'la bozor deb,
Bandasi qo'llasa minnati bor deb,
Allohga suyandik, faqat Allohga.
TILAK
Avlodingiz davomi farzand –
Chiroq nasib etsin, ilohim.
Haq siylasin bir umr hamdard –
O'rtoq nasib etsin, ilohim.
Nolimasdan to'kis zamondan,
Dilda sanchiq, necha armondan,
O'rnak olib yaxshi-yomondan,
Saboq nasib etsin, ilohim.
Yurt ishqida yonib yashash baxt,
Shu baxt ichra qonib yashash baxt,
Vatan desa, ko'ngilda farah,
Titroq nasib etsin, ilohim.
Bu sinovli dunyodir, inson,
Sinovlarda sinalgay imon,
Savol-javob mahali oson
So'roq nasib etsin, ilohim.
Odam — xokdan bino bo'lgan kuch,
Umr o'tar — xayol kabi puch,
So'ng manzilda Vatandan hovuch,
Tuproq nasib etsin, ilohim.
Yahyoxon FAYoZ
