Hurlik – el saodati
O'ZBEKISTONIM
Dunyo ichra nom taratding, mustaqil yurtim,
Sodiq farzand bo'lib men ham shu kunni kutdim!
Istiqlolning sevinchlari olamni tutdi,
Gul diyorim, sen jahonim, O'zbekistonim,
Quchog'ingda farahbaxshdir har lahza, onim.
Madhiyani jondan suyib kuylar o'g'il-qiz,
Purma'noli so'zlar dilga muhrdir, so'zsiz,
Istiqbolli quchog'ingda kim yashar usiz,
Gul diyorim, sen jahonim, O'zbekistonim,
Quchog'ingda farahbaxshdir har lahza, onim.
Alla aytsam, ayvoningda uxlaydi quyosh,
Mustaqillik shuuridan quvnar ko'zda yosh,
Qutlug' bo'lsin deyman senga hur o'ttiz besh yosh,
Gul diyorim, sen jahonim, O'zbekistonim,
Quchog'ingda farahbaxshdir har lahza, onim.
VATAN
Vatan, sen aslida mening yuragim,
Qalbim tubidagi ezgu tilagim.
Ko'zimni ochiboq ko'rgan-bilganim,
Vatan, muqaddassan, sen muqaddassan.
Doimo e'zozda Qomus – kitobing,
U bilan yorqindir ko'kda oftobing.
O'zbegim dilida misli mehrobim,
Vatan, muqaddassan, sen muqaddassan.
Chiroying ochilar kundan-kun, yurtim,
Shukur, o'ttiz besh yil nonimiz butun.
Istiqlol bizlarga baxt tutar kun-tun,
Vatan, muqaddassan, sen muqaddassan.
Yashaymiz baxtiyor, dilda shukrona,
Kelajakka ishonch, tilda shukrona.
Baxti barkamol shu elda shukrona,
Vatan, muqaddassan, sen muqaddassan!
Muqaddas ABDUSAMATOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.
