Yangi O'zbekiston bu
Nihoyat, yashaydigan davron keldi, jo'ralar,
Ulusning holin so'rar otdan tushib to'ralar,
Bir chetda qolayotir qarsak, “ura-ura”lar,
Hayajondan hayqirgan Amu, Sir, Zarafshon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z, Yangi O'zbekiston bu…
Atrofingga bir qara, bugungi tong boshqacha,
Kecha paxtasiga qul bo'lgan dehqon boshqacha,
She'rda hikmat, shoirda endi zabon boshqacha,
Bir-bir ushalayotgan necha yillik armon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z, Yangi O'zbekiston bu…
Otajonim, tortinmay aytaver oqni oq deb,
Uchragan kas kamsitmas, tiling nega to'mtoq deb,
Umr asli yashamoq shu muqaddas bayroq deb,
Bayroq uzra yulduzlar, Oy, beg'ubor osmon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z, Yangi O'zbekiston bu…
Endi zimiston emas, charog'ondir kechalar,
Tarixga aylanmoqda loy, tuproqli ko'chalar,
Yurtning kamolin ko'rib, hayratdadir nechalar,
Keng, yorug' yo'lga chiqqan og'ir yukli karvon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z, Yangi O'zbekiston bu…
To'g'ri, hali go'zalmas Vatanning to'rt tomoni,
Har to'kisda bir ayb bor, har yaxshining yomoni,
Dilni qiynar ko'p yillik va'dalarning yolg'oni,
Ammo nafs o'pqoniga dadil turgan qalqon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z, Yangi O'zbekiston bu…
Shoir, sindir qalamni, yaramasa el koriga,
Gulu gulzorin kuylab, boqmasa ozoriga,
Tegmasa har bir so'zing yuraklarning toriga,
Yurtim degan mardlarni qo'llaydigan zamon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z, Yangi O'zbekiston bu…
Yor MUHAMMAD.
