Arashon dostoni
“Namanganning yarmiga teng Pop” degan satrlar bilan boshlangan she'rimni yozganimga 20 yilcha bo'libdi. Undan beri qancha suvlar oqdi, ona Vatanimizning har bir go'shasiga yangilik, yaxshiliklar kirib keldi. Dunyo o'zgardi, dunyo sahniga yaxshiliklar, yangiliklar chiqdi. Ammo ona Sirdaryo bir xilda, bir maromda chayqalib turibdi.
Namangan viloyati turizm sohasida yangi bosqich boshlanmoqda: Pop tumanida “Arashan Resort” yirik turistik majmuasi qurilishiga tamal toshi qo'yildi.
Bu tuman tog'oldi hududi hisoblangani bois turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda ana shu tabiiy boylik — betakror va maftunkor tabiatdan unumli foydalangan holda viloyatga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish choralari ko'rilmoqda. Xususan, Arashon ko'llar tizimi atrofida barpo etilayotgan “Arashan Resort” majmuasi ana shunday istiqbolli loyihalardan biri bo'ldi.
Umumiy qiymati 150 million AQSh dollari bo'lgan loyiha 600 gektar maydonda tashkil qilinib, zamonaviy turizm infratuzilmasiga ega bo'lgan yirik dam olish va sayohat markaziga aylanadi.
Kelajakda loyiha to'liq ishga tushirilgandan so'ng kunlik 2,5 ming nafar sayyohni qabul qilish, yillik 912 ming nafar turistga xizmat ko'rsatish, 2 000 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratish imkoniyati paydo bo'ladi.
Bundan tashqari, majmua doirasida ekologik turizm zonalari, ekstremal va tog' turizmi infratuzilmalari, gastronomik turizm markazlari, sayohat va madaniy dam olish maskanlari, rekreatsion va sog'lomlashtirish hududlari tashkil etiladi.
Bu yerda tematik parklar, tog' chang'isi komplekslari, ziplayn, restoran va kafelar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, ekobozor, bolalar maydonchalari, sport maydonlari hamda zamonaviy suv basseynlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
E'tiborli jihati shundaki, mazkur loyiha yaponlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu esa majmuaning xalqaro standartlar asosida barpo etilishiga xizmat qiladi.
Quyidagi asarim ana shu ulug'vor bunyodkorlik haqida.
Muallif haqida:
Dilbarxon HAYDAROVA Namangan viloyati Uchqo'rg'on tumanida tug'ilgan. Namangan davlat pedagogika instituti (hozirgi Namangan davlat universiteti)ning filologiya fakultetida va M.Gorkiy nomli jahon adabiyoti institutida tahsil olgan.
Shoiraning “Norin mavjlari”, “Muhabbat fasli”, “Ishq so'qmog'i”, “Ko'klam qizi”, “Vatan so'zi”, “Saylanma”, “Quyosh sonatasi” singari 40 dan ziyod she'riy va nasriy kitoblari chop etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
DEBOChA
Gul vodiyni ko'ray desang, dovondan kel,
dovondan kel,
Tog'lar aro adoqsiz yo'l,
archazorlar tomondan kel.
Bir yo'llarki, seni chorlar,
bahor fasli omonda kel,
Lolazorlar lab ochgan kun, hozirgi zamonda kel.
Qurama tog' cho'qqilari osmon bilan sirlashadi,
Qor, yomg'iri sel bo'ladi, irmoq, soyga
birlashadi,
Tog' gullari chunon gullab, mehmoniday yerlashadi,
Kelar esang, azizim, kel,
bahor bizning tomonda kel.
Tog' burguti cho'qqilarga bag'ir berib ko'zlayotir,
Ko'ziga boq sor burgutning, sening kabi bo'zlayotir,
Bilmam, qachon o'z bo'ladi, o'zlayotir, o'zlayotir,
Bahorning xush nafasini izlasang kel,
izlasang kel.
ARAShON QO'ShIQLARI
Qurama tog'larin yelkalarida,
Arashon enaning izlari bormish.
Avliyo onaning ko'lkalarida,
Olovli buloqlar intizor zormish.
Avliyo onaga sig'inmoq uchun,
Uzoq-yaqinlardan kelar odamlar.
Arashon ko'llari chayqalar nechun,
Yuksak tog'lar yelka tutgani chog'lar.
Ertaklar eshitdim, ko'kko'l haqida,
Hayot suvi degan naql aytdilar.
Jon suvida bordir go'zal aqida,
Bemorlar u yerdan sog'lom qaytdilar.
Dunyo asli go'zal sirdan iborat,
Tog'larning bag'rida yonar buloqlar.
Asli Allohimdan, birdan iborat,
Tabiatga dunyo egilgan choqlar.
ARMON
Dovonimdan o'tdim minginchi bora,
Ammo Arashonga tushmadi yo'lim.
Bu ko'ngil o'rtanib borar tobora,
Arashon yo'llari ushlaydi qo'lim.
Shundoq go'zallikni yaratib qo'yib,
Mahliyo turadi ona tabiat.
Armonim o'sadi bag'rimni o'yib,
Tog'larni ko'rmaslik, bizga ham uyat.
Shoshilib, shoshilib har o'tganimda,
Etagimdan tortar qizil lolalar.
Bahona ko'p, uyga har yetganimda,
Yodimga tushadi, tog'day nolalar.
Shunday umr o'tdi, dovon yo'lida,
Poytaxt chorlayverdi, qishloq qo'yvormas.
Bolalar yo'l topdi, tushib qo'limdan,
Arashon enaga yo'llarim bormas…
TO'RT KO'L RIVOYaTI
Tog'lar cho'qqisida yotar Chuqurko'l,
Osmonga oynaday termulganicha.
Intilgan odamni eltguvchi bu yo'l
Suvga yetganida dam olar picha.
Uranga to'yinib Oynako'l turar,
Dunyoda bu kabi tiniq ko'l yo'qdir.
Buloq suvlari ham unga yugurar,
Kaftlaringda ichgin, davodir, o'tdir.
Uch ming uch yuz oltmish besh metr baland,
Tog'da yastangancha Uzunko'l yotar.
Eng go'zal toshlarga suvlarin tarab,
Quyosh botganida, cho'qqiga botar.
Hammasidan go'zal ko'ldir, Tulporko'l,
Uchayotgan tulpor xuddi o'zidir.
Shu ko'lga eltadi vodiyda har yo'l,
Go'zallik so'zining ko'rar ko'zidir.
Har qanday og'riqni oladi ular,
Ko'lda cho'milganning joni-jonidir.
Ming xil xastalikni suv — havo quvlar,
Vatanni sevganning pok iymonidir.
KELING
Quramatog' bag'ridagi Sirga keling,
Ko'p-ko'plashib, do'stlar bilan birga keling.
Osmono'par tog' cho'qqisi sizni eltar,
Bu suv emas, ko'ngildagi durga keling.
Qadam yetmas tog'lar aro qaynar buloq,
Ko'm-ko'k ko'llar sizni kutar turga keling.
Tog' gullari yo'lingizga ko'kdan gilam,
Toshlar ma'dan, do'stlar bir-bir qurga keling.
Qish fasli ham o'tday yonib qaynab turar,
Do'stlar bilan shoshib, yur-yurga keling.
Arashonga keling, do'stlar, Arashonga,
Tog' uchida ochilgan ul gulga keling.
Arashonday ko'li bordir Namanganning,
Ko'rmak uchun dovon degan yo'lga keling.
YaNGI O'ZBEKISTON,
YaNGI ORZULAR
Bu umr yo'llari baland-pastlikdir,
Kelajak yoshlari uchun darslikdir.
Biz bobolar yo'lin davomchisimiz,
Tog'dan otda o'tgan elning omonchisimiz.
O'tgan asrlarda oylab yurgan yo'l,
Otabek Kumushni poylab yurgan yo'l.
Popdan Xitoygacha ipak yo'llari,
Qo'shnilar bir-birin tutgan qo'llari.
Dunyo bizni qayta tanigani shu,
Tinchlikka qo'l qo'yib, tururmiz mangu.
Yangi O'zbekiston, qadaming qutlug',
Bag'ringdagi yoshlar yuragi o'tlug'.
Biz yashagan zamon o'tar shon bilan,
O'zbekiston, qo'l ber, sharaf-shon bilan!
ZAMONLAR O'ZGARUR
Zamonlar o'zgarur, osmon o'zgarur,
Ona zamin uchun posbon o'zgarur.
Gul shahri o'zgarur, bahor o'zgarur,
Navqironlik shahri bo'lar ko'zga nur.
Bog'-rog'lar o'zgarur, gullar o'zgarur,
Go'zallik dunyoni doim qutqarur.
Ammo o'zgarmaydi, bu elim sira,
Oqibat, matonat yangi manzuma.
Muhabbat o'zgarur, sevgi o'zgarur,
O'zbek yoshlarining so'zi o'zgarur.
Men kitob tutaman, nabiram kular,
Bizdan o'zib ketgan, kelajak ular.
Biz vatan deb o'tdik, vatan o'zgarur,
Jon vatan hamisha ko'ngilga shuur!
ShVEYSARIYa ORTDA QOLAR
Go'zallik qutqarsa agar dunyoni,
Unutib yuborsak agar riyoni,
Vatan deb yashasak, qo'rib har yonni,
Shvedlar o'rgansa, bo'laveradi.
Tog'-toshlar, yer va suv kamaymadi, yo'q,
O'g'il-qizlar zukko, bo'lib borar sho'x,
Millatga tosh otmas, otilmaydi o'q,
Dunyo bizni bilsa bo'laveradi.
Biz dunyoga chiqdik, ajdodlar yodi,
Yo'limizdan chiqar Furqat sayyodi,
Amir Temur izi, Bobur faryodi,
Tariximiz uzun kelaveradi.
Qurama tog'lari tarix siyohi,
Go'zallikka hujjat har bir giyohi,
Cho'qqisida buloq, ko'llar nigohi,
Shvedlar o'rgansa bo'laveradi.
Shveysariya jannat isboti bilan,
Quramatog' shifo oh, toti bilan,
Arashon bulog'i o'z oti bilan,
Shvedlar o'rgansa bo'laveradi.
KO'NGLING TOG'DAY O'SAR
TOG'LARGA ChIQSANG
Ko'ngling tog'day o'sar tog'larga chiqsang,
Dengizu ummonlar poyingda tursa.
Gullar ochilgan chog' bog'larga chiqsang,
Maysalar qo'l cho'zib yoningda tursa.
Daryo bo'ylarida daryo bo'lar dil,
Toqqa chiqqan bolam ko'ngli tog' bo'lar.
Qizlar bog'lar aro o'stiradi gul,
Bu gullardan dunyo yangi bog' bo'lar.
Tog'lar cho'qqisi ham, tippa-tik shamday,
Bu yerda tozadan-toza havo bor!
Mo''jiza, hayratlar, qo'lim yoqamda,
Yurtlar bor bir qultum suv, havoga zor!
Shukrona aytaman, qilaman qulluq,
Ona Vatanimga, ota yurtimga.
Ey, Vatan, shunchalar buyuksan, ulug',
Cho'qqida turibman, boqmay ortimga!
ONA VATAN OTINGDAY ULUG'
Shunday ulug' yurtning shoiri bo'lmoq
Peshonamga bitgan, oliy mukofot.
Shoiri ko'p elning yonida turmoq,
Sharofat, ibodat, gohida rohat.
O'zbekiston ulug' makonim mening,
Cho'lu biyoboning, dala-dashtgacha.
Tengsizim, suyugim, imkonim mening,
Qora ko'zim mening qora qoshgacha.
Shahri azimlaring aytmadim hali,
Ulug' ajdodlarim qilmadim bayot.
Har safar dovondan o'tgan mahalim,
Ko'zimga osmonday ko'rinar hayot.
Shahri Namangandan Termizgacha to,
Vatan, yo'llaringga gullar tizaman.
Toshkanim, Guliston, Samarqandmi yo
Buxoro, Qarshidan ko'ngil uzaman?
Qadim Xiva yana Qoraqalpog'im,
Sog'inib borarim Andijongacha.
Qadimim — Qo'qonim, Marg'ilon chog'im,
Oyog'im yetarim Farg'onagacha.
Namangan bog'ida gullar tuzdim men,
Olmalar oqizib, daryo bo'yida.
Gul uzib tartibni doim buzdim men,
Arashonga ketdim, sog'inch ko'yida.
Tog'ning cho'qqisida turibman, qarang,
Borini to'kibdi ona tabiat.
Shamollar uchirib ketguday tarang,
Dunyo turgunicha qilsin tarbiyat.
Vatanim dunyolar turguncha tursin,
Vatan ulug'lari bo'lsin omonda!
Shoir yuragiday yuraklar ursin,
Hamma omon bo'lsin shunday zamonda!
Namangan yarmiga tengdir Pop desam,
Dovonlardan o'tsin ishonmaganlar.
Bepoyonim desam, eh, bob, bob desam,
Vatanini sevgan hech tonmaganlar.
Shunday, Namanganning Popidir gulrang,
Daryo, tog'larida bordir sinoat.
Qadim Xitoyni ham mast qilgan ular,
Ular yaxshilikka qilur itoat.
Arashonda sirlar sirlanib borar,
Shvedlar dam olsin, dunyo turlanar.
Lolalar ochilib turlanib borar,
Biz tomonga uchsin endi turnalar.
Eldan-elga yurar Namangan vasli,
Yozar bo'lsak so'zni yondiramiz biz.
Bobolardan meros Namangan asli,
Gullatib, yashnatib qoldiramiz biz.
Vatanim dunyolar turguncha tursin,
Vatan ulug'lari bo'lsin omonda!
Shoir yuragiday yuraklar ursin,
Hamma omon bo'lsin shunday zamonda!
XOTIMA
So'ng so'z demoqlikka bormaydi tilim,
Dunyo zukkolari, bizni kuzatgan.
Yaponlar pul tikib, tarqatar bilim,
Ular har qaydaki, qo'lin uzatgan.
Dunyo binolari qad rostlar bunda,
Dunyoning ilmidan kelganda xabar.
Dunyo salobati ko'rk bo'lgan kunda,
Tog'larimiz yashnar yana muqarrar.
Yangi nafas kirar, obodlik kirar,
Ozodalik, do'stlik yashaydi bunda.
Odamlar izidan shodlik yugurar,
Yulduzlar charaqlar qorong'u tunda.
O'zbekiston tog'i, o'zbekning tog'i,
Dunyoni chorlaydi, ochiq yuz bilan.
Arashonda bahor, sachrar bulog'i,
Bir kun uchrashamiz, ko'lda siz bilan.
Do'stlar, uchrashamiz, bo'lsin omonlik,
Dardlarga darmondir, tog'lar giyohi.
Hozircha olisda, omon-somonlik,
Popning tog'larida mehnat siyoqi.
Osmoni musaffo, tog'i musaffo,
O'zbekiston, oti ulug'im mening.
Bog'lari bol to'la, bog'i musaffo,
Tinchlikka qo'l qo'ygan buyugim mening.
(Tamom)
2026 yil
Dilbarxon HAYDAROVA
