Yo'l
(Hikoya)
Rahmonqul o'shanda o'rnidan turar ekan, hech qanday paymona, hech qanday ko'rgilik va hech qanday qazo lashkari haqida o'ylamagan edi.
U — tiyiqsiz tuyg'ulardan ozod qush yanglig', bo'ron boshlangan dengizdek nogahon junbishga kelgan yurak hovurini bosmoq va shu barobar kelin-kuyov madhiga poyma-poy, bir-biridan go'zal va yorqin tilaklar bildirilib; chorak soatdan beri baqiraverib, bo'g'riqib ketganiga qaramasdan, davrani to'ldirib o'ynayotgan yosh-yalanglarning mastona qichqiriqlaridan bir zum shuhratning cho'bir otiga mingan ashulachining xirqiroq ovoziga monand guvranayotgan shu talotum davrada o'zining; elsaroylik birinchi va oxirgi, shuhrati Qorategindan Chustga dovur ketgan pichoq ustasi Rahmonqulning ham shu yerda ekanligini Elsaroyning farishtasi Barchinoyga bildirmoq niyatida o'rnidan turdi.
U bugun qishloqning yosh-yalangi yig'ilgan shu to'yda o'zi tushlarida ko'rib chiqadigan Barchinoy bilan peshonama-peshona o'tirib qolishini — xotinining qistovi bilan nimaligini o'zi ham bilmaydigan qog'ozga o'rog'liq ko'rmanani qo'ltig'iga qistirib olganicha, Elsaroyning bilqillagan sertuproq ko'chasida, zim-ziyo qorong'ilikda turtinib-surtinib, bola-chaqalar qiy-chuvidan to'y shovuri kelib turgan to'yxona tomon borar ekan, chindan-da bilmasdi… Chindan-da hech qanday qazo lashkari haqida o'ylamagan edi.
Rahmonqul o'shanda o'z og'irligi bilan jo'ralarining yelkasini ezib, ularni mayishtirib o'rnidan turar ekan, beixtiyor o'zidan olti-etti qadamlar narida mo'ylabi endigina sabza urgan, chamasi, birinchi marta to'y stolidek muhtasham bir joyga o'tirish baxtiga ega bo'lgan, og'zi qulog'ida, hamma narsani unutgan, o'zlari bilan o'zlari andarmon bo'lib yotgan to'rtta o'spirindan narida — tushlarida halovat bermaydigan go'zal va mushfiq Barchinoyni ko'rib qoldi.
Lekin u o'shanda o'rnidan turar ekan, bu qattol qismat va ayanch ko'rgilik uning chekida ekanligini, shumqadam paymona ortidan sadoqatli it kabi ergashib yurganini, zum o'tmay o'zining yovuz va shafqatsiz qazo lashkari bilan ro'baro' kelishini va bu to'qnashuvda yaprog'idan ajralgan bahodir yanglig' chorasiz holda mag'lub bo'lishini Rahmonqul bilmasdi.
U o'zining bema'ni qazo soatiga daqiqalar qolganda ham u hali hech narsadan bexabar edi.
Rahmonqul turayotib, ikki yonidagi jo'ralarining yelkasiga qo'lini qo'yib; ayiq polvon yanglig' gavdasining butun og'irligini ularning ustiga tashlaganda, davangirlikda undan qolishmaydigan bu ikki yigit ham mayishib ketdi.
Bu navqiron yigitlar o'zlarining keyingi umrlari davomida bevaqt xazon bo'lgan jo'ralari Rahmonqulni har eslaganlarida, o'sha kungi zilday og'irlikni yuraklarida tuyar va bundan mudhish bir falokat isini sezgandek bo'lib, birdan gurung jilovini boshqa tarafga burishar edi.
Ularning nazarida bu og'irlik sirli va mudhish paymonaning xunrez darakchisi edi.
Bu yopishqoq va jirkanch xarosat ularni umr bo'yi ta'qib etishdan to'xtamadi; ular umrlarining so'nggi fursatida, boshlarida qaro ajal qushi charx urgan paytda — biri o'zi haydab borayotgan traktorning hali ko'tarma dala yo'lining ustiga chiqishga ulgurmay, avval o'ng yonga qiyshayayotganida, keyin oldi ko'tarilib ketgan traktor havoda bir lahza muallaq qotganda va zum o'tmay dahshatli qasir-qusurdan qulog'i chippa bitganda, ikkinchisi — dori hidi uniqib ketgan xonaga avval qorong'ilik cho'kkanini va so'ngra shu sim-siyoh zulmatga qo'shilib, shuur dunyosidagi hamma narsalar birin-ketin so'na boshlaganida — bu olamda ular idrok qilgan so'nggi narsa ham o'sha zildek og'irlik bo'ldi.
Ertasiga, to'yning mudhish davomiga aylangan Rahmonqulning janozasida, sochlarini yoyib sadr tushayotgan uning navjuvon, bodomqovoq xotini — to'yga borishga oyog'i tortmagan, uyi issiq erini, qora qismatini oldindan bilgan, qora qonga botgan erini, uning qistoviga ko'nib, ajal sari ketgan erini, kechagi chirog'i bo'lgan erini, yovga yarog'i bo'lgan erini aytib-aytib yig'laganida, juvonning bu chog'liq go'yandaligi azaga kelgan elsaroyliklarning yuragiga larza soldi.
Hatto musibatga elchilik vajidan kelib, dushman ko'zi aralashib turgan, hali umrida aza-motam ko'rmagan bag'ri butun, yuraklari g'amsizlikdan tosh qotgan elsaroyliklarni ham bo'tadek bo'zlab erini yo'qlayotgan navjuvon bu ayolning shamshir tig'idek o'tkir so'zlari befarq qoldirmadi; ular banogoh chap ko'kragida yuragini jiz-jiz kuydirayotgan bir cho'g' paydo bo'layotganligini sezdilar.
Tobut odamlar yelkasida qabriston sari ravona bo'lar ekan, boshiga erining eski va ancha uringan telpagini bostirib kiygan, navqiron marhumning beo'xshov ko'k movut to'nini yelkasiga ilgan, beliga pistonlari yaraqlab turgan shohbelqarsni sirib bog'lagan Rahmonqulning xotini — qo'liga uchi egri tayoq olib, tobut oldiga tushganida, Elsaroy tarixida birinchi marta odamlar yelkasida turgan tobut to'xtadi.
Rahmonqulning janozasini o'qigan Rabbim qori ildam qadamlar bilan tayoq tutgan juvon oldiga yaqinlashdi. O'ng qo'lini baland ko'tarib, yelkasidagi tobut bilan yurmoqqa chog'lanayotgan odamlarning shovur-shuvurini bosib, baland ovozda so'zladi:
— Qizim! Bu toqlik yo'lidan qayt! Bu yo'l, bu yo'l… Yosh umringni xazon qilma! Keyingi pushaymonning foydasi yo'q! O'lim haq! Hech kim o'lganning ortidan hali qabrga kirmagan! Yo'q… Sen ham bu toqlik yo'lidan qayt!!! Qayt!!!
Rabbim qorining qilich damidek keskir bu so'zlari — musibatdan boshlari some odamlar ustida va motamsaro Elsaroy osmonida qattol hukmdek jarangladi.
Lekin sho'rqismat, nogahoniy qabohatdan es-hushini yo'qotgan Rahmonqulning navjuvon xotini Rabbim qorining ko'zlariga tik boqdi; qori hazratning nazarida osmon bag'rini tilkalagan yashin bir yonib so'ngandek bo'ldi.
— Qo'ying, hoji bova!.. Qo'ying… Endi men hammasini taqdirimdan ko'raman!
Rahmonqulning xotini to o'lgunicha er qilmadi…
Muallif haqida:
Temirpo'lat TILLAYEV 1960 yilda Qamashi tumanida tug'ilgan.
1981 yilda Qarshi davlat pedagogika institutining o'zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Hozirgi kunda Qamashi tuman hokimligining “Qamashi” gazetasi muharriri va Qarshi shahridagi “Meros” nashriyoti direktori vazifasida ishlab kelmoqda.
Ilk asari 1987 yili “Yoshlik” jurnalida “Voris” nomi bilan chop etilgan.
Yozuvchining “Turnalar ohi”, “O'lim o'pqoni” singari kitoblari nashr etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
Temirpo'lat TILLAYEV
