Badal
Xoliyor SAFAROV
Xoliyor Safarov 1983 yil 21 fevralda tavallud topgan.
2005 yilda SamDU o'zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Oy botmagan kechalar” (2010 yil, hikoyalar), “Qanotsiz qushlar” (2015 yil, qissa va hikoyalar), “Nomus va hayot” (2019 yil, qissa va hikoyalar), “Onamning yolg'onlari” (2024 yil, hikoyalar) nomli kitoblari chop etilgan.
Ayni damda “O'zbekiston tarixi” telekanali “Ilmiy-ommabop telefilmlar” muharririyati katta muharriri.
(Hikoya)
Farahbaxsh payshanba oqshomi. Makkaning ulug'vor tog'lariga tutashib ketgan pastu baland imoratlar, tunda ham qatnov tinmaydigan gavjum ko'chalar, ulovlar chirog'i yorug'idan ko'kdagi yulduzlar xira ko'zga tashlanadi. Saodatli bir kecha. Uch kun Madinai munavvarada Payg'ambar alayhissalom Ravzalarini ziyorat qilishgan va Masjidi Nabaviyda namoz o'qib, uning fayzu tarovatidan bahramand bo'lishib, o'sha yerda iftorlik ham qilishib, qalblarida ajib bir sokinlik, taskin va halovat tuyishgan ziyoratchilar xuftonda Zulhulayfada miyqotdan o'tib, “Labbayka Allohumma labbayk” deya talbiya ayta-ayta Makkaga kirib kelishmoqda. Avtobus to'la. Old tomonda erkaklar, orqa tomonda ayollar. Guruhda oq-sariqdan kelgan, oppoq soqoli ko'ksiga tushgan, nuroniy chehrasidan nur yog'ilib turgan, o'rta bo'yli, yumaloq yuzli, to'la gavdasiga nisbatan nihoyatda chaqqon bo'lgan yetmish yoshlardagi Zayniddin eshon va uning yonida to'qqiz-o'n yoshlardagi Nurmuhammad ismli nabirasi ham bo'lib, u nihoyatda yuzi tiniq, ikki yonog'i qizaribgina turuvchi, istarali o'smir edi. Safardoshlar ularga zimdan qarab-qarab qo'yar, ammo hali ko'pchilik bir-biri bilan yaqindan tanishishga ulgurishmagan edi.
Avtobus mehmonxonaga yaqinlashganda o'zi qorachadan kelgan bo'lsa-da, Saudiya oftobida aft-angori mallarang tusga kirib qolgan ellikboshi mikrofonni olib, dedi:
— Azizlar, Makkaga xush kelibsiz! Nasib bo'lsa, tong otsa, juma – muborak kun! – dedi to'lqinlanib. — Alloh bizga ramazon oyida umra qilish baxtini nasib etib turibdi. Yetkazganiga shukr. Bu bir saodat, azizlar. Payg'ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam “Ramazondagi umra men bilan qilingan hajga teng keladi” deya marhamat qilganlar. Ushbu hadisi sharifdan ham anglashiladiki, ramazondagi umra Payg'ambar alayhissalom bilan qilingan hajning savobiga teng. Buni ulamolarimiz ham aytganlar. Azizlar, ramazoni sharifda Allohning baytini tavof qilish, umra amalini bajarish va juma namozini Ka'batullohda o'qish qanchalar baxt! Buning shukrini qilishimiz kerak! Bu kunni orzu qilganlar qancha edi?.. Buning hasratida o'tganlar qancha edi?.. – ellikboshining ovozi titrab ketdi. – Azizlar, – dedi hirqiroq ovozda, – modomiki, shunday baxt bizga nasib etgan ekan, shunga munosib bo'laylik.
— Allohga shukr! – deyishdi ziyoratchilar. — Yetkazganiga shukr!
— Hozir mehmonxonaga borib, xonalarga joylashamiz, – dedi ellikboshi. — Yuklarni qo'yib, vaqtliroq bo'lsa ham saharlik qilib, tezda yana avtobusga chiqamiz.
— Xo'p. Juda yaxshi.
— Nasib bo'lsa, bomdodgacha umrani ado etamiz.
Fursat – g'animat. Islom mehvari bo'lgan ushbu muborak zaminda har bir daqiqaning qadriga ketish kerak. Aytilgan vaqtda hamma avtobusga chiqib bo'lgandi.
— Alloh muhabbatingizni yanada ziyoda etsin, – dedi ellikboshi quvonib. — Ramazonda niyat qilgan umra amalimizni o'zi oson qilsin va bizdan qabul aylasin! Ilohim, barchangizni duolari ijobat bandalari qatorida qilsin.
— Omin! – dedi ziyoratchilar.
Ziyoratchilar o'n daqiqa o'tar-o'tmas Ka'ba hududiga yetib kelishdi. Avtobusdan tushishgach, ayollarni o'rtalariga olishib, “Labbayka Allohumma labbayk…” deya talbiya ayta-ayta Harami sharif tomon yura boshlashdi. Ular joynamoz shaklida terilgan oq marmarlar bo'ylab Allohning uyiga yaqinlashgan sari yuraklari toshar, atrofdan ulug'vorlik, muazzamlik, ajib bir yorug'lik tushar, musulmonlar qiblasi – Baytullohga talpingan sari vujudida hali hech bir zamon his etmagan tuyg'ular jo'shar, lablar pichirlar, badanlar qizir, ayrimlarning mijjalarida yosh halqalanardi. Ular “Bismillah…” aytib, “As-salom” darvozasidan kirib borishayotgan edi.
— Ka'baning mahobatini to'la his etish uchun xushu holatida yerga qarab boramiz, – dedi ellikboshi. — To men aytmagunimcha boshimizni ko'tarmaymiz.
Qalblarda saodatli bir hayajon edi. Ular yana biroz yurishib, shisha bilan o'rab qo'yilgan kichik Marva tepaligi yonidan o'tishdi.
— Bismillahir rohmanir rohiym! Endi to'g'riga qaraymiz! – dedi nihoyat ellikboshi.
Go'yo tushda sodir bo'layotganday sathiga oq marmar to'shalgan, ustiga oltin iplarda Qur'oni karim oyatlari tushirilgan kisva yopilgan mahobatli Ka'batulloh ko'rindi.
— Yo, Alloh! Yetkazganingga shukr! – dedi Zayniddin eshon va Ka'bani ilk bor ko'rganda o'qiladigan duoni baland ovozda aytdi.
— Allohim, o'zingga shukr! Baytingga yetkazding! – ko'zlarda yosh qalqdi. Shukronalik ortdi. — O'zingga shukr!
Ziyoratchilar Ka'baning Hajar ul-asvad burchagidan “Bismillahi Allohi akbar” deya tavofni boshladilar. Baytullohni aylanar ekan, ellikboshi, ba'zan Zayniddin eshon baland ovozda oyat o'qir, qolganlar jo'r bo'lishar, duolar ijobat makonda kimda ne tilak, orzu-istak bor, barchasi so'ralar, gunohlaru savoblar qorishar, haq tarozisi ko'tarilar edi.
— Ota-onamni o'zing mag'firat qil, yo Alloh…
— Bizlarning gunohlarimizni kechir, yo Alloh…
— O'zing bizni hidoyat et, yo Alloh…
— Farzandlarimni sihat-salomat qil, ey, Yaratgan egam…
— Yo Xudoyim, o'zing mol-davlatimni ziyoda qil…
— Yo Alloh! O'zing bizga tinchlik-omonlik ber!
— Yo Xudoyim, qizimning baxtini ber. O'g'limga yaxshi joylardan ato qil…
— Erimga o'zing insof bergin, Xudojon…
— Alloh, o'zing bizlarga rahm qil…
Ziyoratchilar dilda borini so'ray-so'ray Ka'bani yetti marta aylandilar. So'ngra Maqomi Ibrohimda tavof namozini o'qib, Safo va Marva oralig'ida sa'y qildilar. Hali ular Marvadan tushishlariga ulgurmay bomdodga azon aytildi.
— Pastga tushib, bomdodni o'qib olamiz, – dedi ellikboshi.
To takbir aytilguncha quyi qavatdagi gilam – joynamozlar to'shalgan joyga yetib kelishdi va namozni ado etishdi. Endi soch oldirishlari kerak edi. Erkaklar Ka'ba hududidagi sartaroshga borishdi, ayollar avtobusda kutadigan, mehmonxonaga borgach, sochlarini mahramlariga kestiradigan bo'lishdi.
Ziyoratchilar orasida ellik yoshlar atrofidagi ikki do'st ham bo'lib, ularning biri o'qituvchi, biri tijoratchi edi. O'qituvchi chuvak yuzli, bo'ydor, ozg'in, tijoratchi esa biroz to'lishgan, o'rta bo'yli kishi edi. Sartaroshxonada ularning navbati kechroq keldi. Soch oldirib chiqib, atrof-javonibni kuzatib, Makkaning fayzi, ziyoratchilarning ko'pligi, hatto odam yurishga qiynalayotganligidan gaplashib, bekatga kelishsa, avtobus ketib qolibdi.
— Tavba, hammani kutib turmaydimi? – dedi tijoratchi asabiylashib. — Birinchi kelishimiz bo'lsa! Bu nimasi?
— Mayli, bundayam bir hikmat bordir, – dedi o'qituvchi bosiqliq bilan atrofga boqib. — Qarang, tong otdi. Lekin men bugun oqshom qanday o'tganini sezmay ham qoldim.
— To'g'ri, men ham vaqtni unutibman, – dedi tijoratchi. — Men ko'p davlatlarda bo'lganman, lekin bu yer umuman boshqacha ekan. Bir g'alati bo'lib qoldim.
— Sizga bir taklif…
— Xo'sh? – tijoratchi do'stiga olazarak boqdi. — Taksida ketamizmi?
— Yo'g'-e! – o'qituvchining yuzi burishib ketdi. — Hozir mehmonxonaga borsangiz, baribir uxlaysiz. Keyin jumaga kelasiz. Undan ko'ra, yuring, yana tavof qilaylik. Keyin bir joy topib, namoz o'qib o'tiramiz.
— Mayli…
Ular iziga qaytib, yana Ka'bani yetti marta aylanib, tavof qilishdi. Maqomi Ibrohimda namoz o'qib, endi o'tirish uchun joy izlay boshlashdi. Musofirning ishini xudo o'nglaydi. Ikki do'st aylanib, Rukni Yamoniy burchagi ro'parasidagi ustunlar orasiga kelib qolishdi. Bu yerda ziyoratchilar nihoyatda ko'p, joy egallash mushkul edi. O'ng tomoni Harami sharif sathi mehrobi ekan. Amallab joy topishdi. Ko'pchilik Qur'on o'qib o'tiribdi, ammo ayrimlar cho'zilib, ayrimlar yonboshlab uxlab ham yotishibdi.
— Bularni qarang, – dedi tijoratchi ajablanib.
— Peshinga yaqin turib, tahorat yangilashadi-da. O'zi eng zo'r, havas qiladigan uyqu shu yerdagi bo'lsa kerak, – dedi o'qituvchi. U anchayin bilimli va muhabbatli edi. Mehmonxonada ham tahoratdan keyin ikki rakaat tahorat haqi namozi o'qir, do'stini ham shunga da'vat qilar, masjidga borganda ham avval ikki rakaat masjid haqqini ado etish kerakligini aytardi. Hozir ham: — Jumagacha ancha bor, namoz o'qisak bo'ladi, – dedi.
— Tahajjudmi? – so'radi do'sti.
— Nafl, shukr o'qiymiz-da…
— Atrofda hech kim o'qimayapti-ku, biroz dam olib o'tiraylik, – dedi tijoratchi. — Hozir namozlar o'qilmaydigan payt-ov? Yanayam bilmadim.
O'qituvchi u yoq-bu yoqqa qaradi-da, shashtidan qaytdi. Oyoq kiyimi solingan sumkasining oldi cho'ntagidan tasbeh chiqarib, joylashib o'tirib oldi.
— Ka'baga qara-ab o'tirish ham savob… – dedi u halimlik bilan.
— Kelayotganimizda ellikboshi ham shunaqa degandi, – tijoratchi homuza tortdi. — Juda charchadim, jumagacha uxlab qolmasak bo'ldi.
O'qituvchi do'stiga bir qarab qo'ydi-da, pichirlab tasbeh o'gira boshladi. Tijoratchi ham tasbeh olmoqchi bo'ldimi, sumkasini kovlab-kovlab, “Obbo, qolib ketibdi-da…” dedi.
— Namoz o'qib bo'lmaydigan vaqtlar ham bor ekan-a? – deb so'radi bir mahal.
— To'g'risi, men ham uncha bilmayman, – dedi o'qituvchi. — A, shunday narsalarni Eshon buvadan so'ramaysizmi? Oramizda tirik ensiklopediya bor-ku!
— Odam uyaladi-da…
— O'zingizga zulm qilmang-da, oshna. Bilmaganni so'rash kerak.
Shu payt ularning yonida Qur'on o'qib o'tirgan kishi o'rnidan turdi. Ketmoqchi bo'ldi, shekilli, odamlar oralab kitoblar taxlab qo'yilgan kichik javonlar oldiga bormasdan qo'lidagi Qur'onni tijoratchiga uzatdi. Tijoratchi ikki qo'lini sermab, “yo'q, o'qishni bilmayman”, degan ishora bilan “No, no rayting” deb yubordi. Haligi kishi jilmaydi va o'zbekchalab, “Qaerdansizlar?” deb so'radi.
— O'zbekistondan! – dedi tijoratchi iljayib.
— A, Imom Buxoriy yurtidanmi?! – ajnabiyning ko'zlari chaqnab ketdi.
— Ha!
— Mashaalloh! – dedi Qur'on uzatgan kishi. — Qanday ajoyib! Sizlarga havasim keldi, – deya qo'l uzatdi. U ham quvonganidan ajnabiyning qo'lini siqib qo'ydi.
— Rahmat, rahmat!
— Qur'on o'qishni bilmaysizmi? – dedi ajnabiy kishi yana kitobga ishora qilib.
— Yo'q… – tijoratchi mulzam tortdi.
— Bu kishi ham sizlardanmi?
— Ha, men ham Buxoriy yurtidanman, – dedi o'qituvchi.
— Siz o'qishni bilasizmi?
— Endi… – kalovlandi u. Javob o'rniga qizarib, bosh chayqadi va ikki qo'lini ko'ksiga qo'ydi. — Alloh kechirsin… Niyatim bor…
Ajnabiyning tusi o'zgardi.
— Nega unda Imom Buxoriy yurtidanmiz, deb maqtanyapsizlar?
— Maqtanganimiz yo'q… – o'qituvchi “g'ilt” etib yutindi. — Musulmon kishi avvalo imoni bilan o'lchanadi. Allohdan umidimiz bor, umraga kelganmiz…
— Mol-davlatingiz bor, umra qilasiz. Imom Buxoriyday, Imom Termiziyday, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniyday yuzlab ajdodlaringiz bor, maqtanasiz, lekin Allohning kalomini o'qiy olmaysiz…
O'qituvchining boshiga to'qmoq bilan urilganday bo'ldi.
— Boshimizdan nimalar o'tganini bilmaysiz-ku! – dedi chiday olmay.
— Biroz xabarim bor, ammo mustaqil bo'lganlaringizga necha yil bo'ldi?
O'qituvchi gapirolmay, yer chizib qoldi. Uning uchun bu savolga javob berguncha joynamoz vazifasini bajaruvchi gilam tuklari orasiga zarra bo'lib kirib, yo'qolib ketish avloroq edi…
Ularning baxtiga guruhdagi Zayniddin eshon ertalab mehmonxonaga qaytmasdan nabirasi bilan yana tavof qilishga qolgan ekan. Joy axtarib, tasodifan ularning oldida kelib qoldi va vaziyatni anglagach, suhbatga qo'shildi:
— Birodar, men ham O'zbekistondanman. Mo'min mo'minning oynasidir, – deya ularning yonidan cho'kkalab o'tirdi. — Suhbatlaringizni eshitdim. Bizda ham o'tish davri bo'lib, bir avlod muflis bo'lib qoldik. Muflis nimaligini bilasiz-a? – Zayniddin eshon ajnabiyning javobini ham kutmay davom etdi: — Qur'oni karim sizlarning yozuvingizda. Bu ancha yengillik beradi. Ammo o'qish boshqa, uqish boshqa. Muhabbat boshqa. Ming shukrki, bugun bizda ham yangi avlod nafaqat siz istaganday Qur'onni o'qishni biladi, boshqalardan kam bo'lmagan holatda targ'ib etadi, saboq ham beradi. Bizdan gumonda bo'lmasligingiz uchun, mana, nabiramni imtihon qilib ko'ring.
Ajnabiy biroz o'ylanib qoldi. So'ng “qani” degandek Qur'onni yigitchaning qo'liga tutdi. Nurmuhammad bobosiga bir qarab qo'ydi-da, istalgan sahifani ochdi va ko'zi tushgan joydan tajvid bilan bir oyat o'qidi va kitobni ajnabiyga uzatib, qolganini yoddan ayta boshladi. U xush ovozda qiroat qilar ekan, ajnabiy satrlar uchra ko'z yugurtirar va mutaassir bo'lardi. Sura tugashi bilan tizzalab kelib, yigitchaning peshanasidan o'pdi.
— Qaniydi, mening ham shunday qori o'g'lim bo'lsa…
Nurmuhammad qorining qiroatidan atrofdagilar ham sel bo'lib, hayrat ko'zlari bilan qaray boshladi. Zayniddin eshon esa Ka'baga yuzlanib, nabirasini duo qilib qo'ydi.
— Alloh sizlarni yanada ziyoda qilsin… – dedi ajnabiy oxiri. Boshqa gapirolmadi.
— Omin! – dedi Zayniddin eshon. So'ngra unga qarab: — Sizning ham Illiyyun kitobingiz to'liq bo'lsin, – dedi.
— Illiyyun?.. – atamaning ma'nosi nogoh yodiga kelmagan ajnabiy Zayniddin eshonga tikilib qoldi.
— Taqsir, siz kutilmaganda biznikilarni muqaddas kitobni o'qitish bilan sinadingiz, – dedi Zayniddin eshon. — Afsuski, ko'ngildagidek javob bera olishmadi. Buning-chun ular nomidan uzr so'rayman. Ammo sizga ham bir savolim bor. Payg'ambarimizning vahiy kotibi bo'lgan va Qur'oni karimni ilk bor ko'chirgan sahobani bilasizmi?
Ajnabiy ko'zlarini olib qochdi.
— Gunohimiz ko'p, bilimimiz oz, birodar… Ixlosimiz ham juda oz… – dedi Zayniddin eshon kuyunib. — Allohni sevishimizni aytamiz, Baytini tavof qilamiz, ammo buyruqlariga ko'pam bo'ysunmaymiz. Qur'on o'qiymiz, ammo unga muvofiq yashamaymiz. Hazrati Payg'ambarimizni sevishimizni aytamiz-u, sunnatlariga doim amal qilmaymiz. Odamlarning ayblari bilan mashg'ulmiz, ammo o'z xatolarimizni ko'rmaymiz… Qiyomatda bularning javobini qanday beramiz? Alloh o'zi kechirsin…
Atrofdagilar jim bo'lib, o'ylanib qolishdi. Shu payt azon aytilib, saf tortildi va ajnabiy jamoat orasiga singib ketdi. Ikki do'st yelkasidan chuqur nafas oldi. Zayniddin eshon ularga bir ma'noli qarab qo'ydi-da, nabirasining yonidan safga turdi…
Ammo juma namozidan keyin o'sha ikki do'stni qaytib birov Ka'ba hududida ko'rmadi…

Xoliyor Safarov 1983 yil 21 fevralda tavallud topgan.