Olamni rom etgan navolar

yoki o'zbek musiqa madaniyatining 35 yillik zafarli yo'liga bir nazar

Tanburning yagona simiga noxun urilganda taraladigan mayin va jarangdor tovushni eshitganmisiz? Unda shunchaki musiqiy ohang emas, balki asrlar silsilasi, Samarqand gumbazlarida aks-sado bergan tarix, Boburning Vatan sog'inchi va ajdodlar ruhi mujassamdek tuyuladi. Nayning mayin va hazin sadosi esa inson qalbidagi eng nozik tuyg'ularni uyg'otib, tinglovchini sukutga cho'mdiradi, moziy xotiralari bilan yuzlashtiradi…

O'zbek xalqi hayotida musiqa shunchaki kuy-qo'shiq yoki ko'ngilochar omil bo'lib qolmagan. U millatning tilsiz bayon etilgan murakkab tarixi, falsafiy tafakkuri, ma'naviy dunyosi va ezgulikka intilishlari ifodasidir. O'zbek musiqa madaniyati xalqimiz ko'p asrlik ma'naviy merosining ajralmas qismi hisoblanib, uning shakllanishi va taraqqiyoti Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi bilan chambarchas bog'liq.

Afrosiyob, Tuproqqal'a va Varaxsha kabi tarixiy yodgorliklardan topilgan, musiqachilar hamda cholg'u asboblari aks etgan devoriy suratlar Markaziy Osiyo hududida musiqa san'ati qadimdan shakllanganini ko'rsatadi. Nay, surnay, karnay va chang kabi cholg'ular xalq bayramlari, harbiy marosimlar va turli an'anaviy udumlarning muhim tarkibiy qismi bo'lgan.

Buyuk Ipak yo'li nafaqat savdo-sotiq, balki xalqlar va madaniyatlar o'rtasidagi ma'naviy muloqot vazifasini ham bajargan. Shu jarayonda mahalliy musiqa an'analari fors, arab, turkiy, hind va xitoy musiqa madaniyatlari bilan o'zaro ta'sirlashib, boyib bordi. Asrlar davomidagi madaniy almashinuvlar mintaqada musiqa san'atining o'ziga xos uslub va an'analari shakllanishiga xizmat qildi.

IX-XII asrlardagi Islom renessansi davri musiqa nazariyasi rivojida alohida o'rin tutadi. Buyuk faylasuf Abu Nasr Forobiy “Kitob al-musiqo al-kabir” asarida musiqaning nazariy asoslarini ishlab chiqib, uni matematik va falsafiy jihatdan tahlil qilgan. Qomusiy olim Abu Ali ibn Sino esa musiqaning inson ruhiyatiga ta'siri, uning tarbiyaviy va davolovchi xususiyatlari haqida qimmatli fikrlarni ilgari surgan. Ularning ilmiy merosi Sharq musiqashunosligi taraqqiyotida muhim o'rin egallaydi.

Ayniqsa, XIV-XV asrlarda — Temuriylar davrida ilm-fan, adabiyot va san'atning barcha sohalari qatori musiqa ham yuksak taraqqiyot bosqichiga ko'tarildi. Samarqand va Hirot yirik madaniy markazlarga aylanib, saroy muhitida shoirlar, bastakorlar va sozandalar faoliyat yuritdi. Bu muhitda musiqa she'riyat bilan uyg'unlashib, yuksak estetik qadriyat darajasiga erishdi.

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida turli xalqlarning urf-odatlari, bayramlari, cholg'u asboblari va musiqiy an'analari haqida muhim ma'lumotlar keltirilgan. Bunday tarixiy manbalar xalqimiz ma'naviy va madaniy qadriyatlari asrlar davomida uzluksiz taraqqiy etganini hamda milliy o'zlikni saqlashda muhim omil bo'lib xizmat qilganini ko'rsatadi.

Bugun Yangi O'zbekiston taraqqiyotining muhim bosqichida Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik zafarli yo'liga nazar tashlar ekanmiz, boy tarixiy va ma'naviy merosimiz milliy madaniyatimiz va san'atimizni yuksaltirishda mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilayotganiga guvoh bo'lamiz.

O'zbek musiqa madaniyati asriy an'analarini saqlagan holda zamonaviy taraqqiyot jarayonlariga moslashib, xalqaro madaniy maydonga dadil kirib bormoqda. Shu jihatdan milliy musiqa bugun nafaqat badiiy meros, balki O'zbekistonning xalqaro madaniy imijini shakllantiruvchi muhim omil va madaniy diplomatiyaning ta'sirchan vositalaridan biriga aylandi.

Ayniqsa, 2016-2026 yillarda o'zbek musiqa madaniyatini xalqaro miqyosda targ'ib qilish borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Milliy musiqa san'ati nufuzli xalqaro festivallar, madaniy forumlar va konsert dasturlari orqali keng jahon jamoatchiligiga namoyish etildi.

YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida maqom, baxshichilik, milliy cholg'u ijrochiligi va nomoddiy madaniy meros namunalarini asrash hamda targ'ib qilishga qaratilgan tashabbuslar kengaydi. Raqamli texnologiyalar va mediaplatformalardan samarali foydalanish esa o'zbek musiqasini global axborot makonida yangi auditoriyalarga yetkazish imkonini berdi.

O'zbek musiqa madaniyatining xalqaro miqyosdagi nufuzi, avvalo, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali misolida yaqqol namoyon bo'ladi. 1997 yili ilk bor o'tkazilgan festivalda 31 ta mamlakat vakillari ishtirok etgan bo'lsa, 2024 yili bo'lib o'tgan XIII festivalda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidan san'atkorlar qatnashdi. Bu ko'rsatkichlar festival yillar davomida nafaqat O'zbekiston, balki jahon musiqa madaniyatining muhim xalqaro muloqot maydonlaridan biriga aylanganini ko'rsatadi.

Festival doirasida tashkil etilgan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg'unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada milliy musiqiy merosni raqamli formatda targ'ib qilishga qaratilgan “Maqom kapsulasi” loyihasi taqdim etildi. Loyiha doirasida 100 dona “Maqom kapsulasi” tayyorlanib, konferensiya va festival ishtirokchilariga tarqatildi. Kapsulalarga o'zbek mumtoz musiqasi va maqom namunalari, shuningdek, har bir maqomning an'anaviy ijro vaqti va xususiyatlari haqida ma'lumot beruvchi raqamli materiallar joylashtirildi.

“Maqom kapsulasi” tashabbusi milliy madaniy merosni nafaqat sahna ijrosi orqali, balki zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida saqlash, ommalashtirish va xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlarini namoyon etdi. Shu ma'noda u maqom san'atini zamonaviy axborot makoniga olib kirish va uning xalqaro ilmiy-madaniy muloqotdagi o'rnini mustahkamlashga qaratilgan innovatsion yondashuv sifatida ahamiyatlidir.

2026 yil 23-26 iyun kunlari Namangan shahrida YuNESKO va ISESKO (“ICESCO”) homiyligida III Xalqaro maqom san'ati forumi bo'lib o'tdi. Mazkur anjuman maqom san'atini asrash, rivojlantirish, yosh avlod o'rtasida keng targ'ib qilish va xalqaro ilmiy-ijodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratildi.

Forum doirasida ilmiy-amaliy konferensiyalar, xalqaro maqom ijrochilari tanlovi, konsert dasturlari va turli madaniy tadbirlar tashkil etildi. Unda 80 dan ortiq mamlakatdan 230 dan ziyod xorijiy ishtirokchi hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Mazkur forum maqom san'atining tarixiy va ilmiy ahamiyatini yana bir bor namoyon etish bilan birga, O'zbekiston musiqa madaniyatining zamonaviy jahon madaniy jarayonlaridagi faol o'rnini ham ko'rsatdi. Zero, milliy musiqa merosining barqaror rivoji uni asrash va targ'ib qilish bilan bir qatorda, zamonaviy ijodkorlar salohiyati orqali jahon sahnalariga olib chiqishni ham taqozo etadi.

O'zbek musiqa san'atining xalqaro nufuzi faqat milliy musiqiy meros targ'iboti bilan emas, balki jahon sahnalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan iste'dodli ijodkorlar misolida ham namoyon bo'lmoqda.

Toshkentda tug'ilib, jahon akademik musiqa sahnasida o'zbek ijrochilik maktabining munosib vakili sifatida tanilgan pianinochi Behzod Abduraimov ana shunday ijodkorlardan biridir. U dunyoning nufuzli konsert zallarida, jumladan, Nyu-Yorkdagi “Carnegie Hall” sahnasida muvaffaqiyatli konsertlar berdi.

2019 yil 10 dekabr kuni “Carnegie Hall”ning “Stern Auditorium / Perelman Stage” sahnasida bo'lib o'tgan yakkaxon konsertida pianinochi Frederik Shopenning “24 prelyudiya”, Klod Debyussining “Bolalar burchagi” (“Children’s Corner”) va Modest Musorgskiyning “Ko'rgazmadan rasmlar” asarlarini ijro etdi. Uning xalqaro sahnalardagi faoliyati o'zbek fortepiano maktabining jahon musiqasi maydonidagi nufuzini ko'rsatuvchi yorqin misoldir.

Milliy musiqa merosining xalqaro targ'ibotida maqom san'ati namoyandalarining ham o'rni beqiyos. O'zbekiston xalq artisti Munojot Yo'lchiyeva ijodi orqali o'zbek mumtoz qo'shiqchiligi va maqom san'atining betakror ohanglari turli mamlakatlarda yangradi. Uning ijro uslubi, vokal mahorati va an'anaviy san'atga sadoqati milliy musiqa maktabining nufuzini oshirishga xizmat qildi.

O'zbek musiqasining zamonaviy qiyofasini jahon auditoriyasiga tanitishda xalqimizning sevimli san'atkori Sevara Nazarxonning o'rni ham alohida. U milliy ohanglarni zamonaviy musiqa yo'nalishlari bilan uyg'unlashtirib, o'zbek san'atining yangi ijodiy imkoniyatlarini namoyon etdi. Uning xalqaro maydondagi e'tirofi, jumladan, 2004 yili “BBC Radio 3 Awards for World Music” mukofotining “Best Asian Artist” yo'nalishida g'olib bo'lgani buning yorqin misolidir.

Abbos Qosimov esa o'zbek doira ijrochiligini xalqaro sahnaga olib chiqqan san'atkorlardan biri sifatida e'tirof etiladi. U AQSh, Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlaridagi xalqaro madaniy tadbirlar, konsert dasturlari va musiqa festivallarida ishtirok etib, doiraning boy ijrochilik imkoniyatlarini namoyish etdi. Xorijiy universitetlar, konservatoriyalar va madaniy markazlarda o'tkazgan mahorat darslari orqali o'zbek zarbli cholg'ulari an'analarini xalqaro musiqa ta'limi jarayoni bilan bog'lashga munosib hissa qo'shdi.

O'zbek musiqa madaniyatining yangi taraqqiyot bosqichida san'atkorlarning nafaqat ijodiy faoliyati, balki milliy madaniy siyosatni rivojlantirish, san'atni keng targ'ib etish va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi ishtiroki ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shunday ijodkorlardan biri O'zbekiston xalq artisti, xonanda va madaniyat sohasi rahbari Ozodbek Nazarbekovdir. Uning ko'p yillik ijodiy faoliyati milliy xonandalik an'analarini asrab-avaylash, xalqona ohanglarni zamonaviy sahna madaniyati bilan uyg'unlashtirish va o'zbek qo'shiqchilik maktabini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

2016-2026 yillarda mamlakatimizda madaniyat va san'at sohasida amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida Ozodbek Nazarbekov ijodkor va rahbar sifatida milliy musiqa merosini targ'ib qilish, ijodiy muhitni qo'llab-quvvatlash hamda xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etdi. Uning Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston va boshqa davlatlardagi madaniy tadbirlar, konsert dasturlari hamda ijodiy uchrashuvlardagi ishtiroki o'zbek milliy san'atini xorijiy auditoriyaga tanitishga xizmat qildi. Bunday tadbirlar orqali milliy qo'shiqchilik an'analari, xalq musiqasi va zamonaviy ijro yo'nalishlarining o'ziga xos jihatlari xalqaro madaniy muloqot maydonida namoyish etildi. Uning faoliyatida ustozlik va pedagogik yondashuv ham alohida ahamiyat kasb etadi. Xonanda sifatida orttirgan boy ijodiy tajribasini yosh ijodkorlar bilan o'rtoqlashish, ularning kasbiy mahoratini oshirish va milliy xonandalik an'analariga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar o'zbek musiqa maktabining uzviy davomiyligini ta'minlamoqda.

Bugun o'zbek musiqasi taraqqiyotida ijodkor va rahbarlarning ana shunday uyg'un faoliyati milliy san'atimizning barqaror rivojlanishiga, madaniy diplomatiyaning kuchayishiga va O'zbekistonning xalqaro madaniy nufuzi ortishiga xizmat qilmoqda.

Musiqa — avlodlarni bog'lovchi ma'naviy ko'prik. Unda xalqning tarixi ham, buguni ham, kelajakka bo'lgan ishonchi ham mujassam. Asrlar davomida shakllangan maqom navolari, baxshi dostonlari, xalq qo'shiqlari va zamonaviy ijod namunalari bugun yangi mazmun bilan yangrayotgan ekan, o'zbek musiqasi nafaqat milliy boylik, balki jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qo'shayotgan ulkan ma'naviy qadriyat sifatida yangi asr sahnasida namoyon bo'lmoqda.

Abadiy navolarning jahon madaniyatidagi yangi sadosi o'zbek musiqa san'atining kechagi merosi, bugungi yuksalishi va ertangi buyuk istiqboli ramzidir.

Musallam ABDUJABBOROVA,

O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti dotsenti,

pedagogika fanlari nomzodi.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + thirteen =