Gul barglariday ochilgan raqs
Bugun bog'imizda ochilgan bir gul diqqatimni tortdi. Uning o'ziga xos rangi, jilosi va tarovati meni hayratga soldi. Gulga uzoq tikilib qoldim. Har bir bargi go'yo alohida bir go'zallik va alohida bir ma'noni ifoda etayotgandek edi. Bu manzara meni chuqur o'yga toldirdi.
Gulning ochilishiga nazar solar ekanman, xayolimda yaqinda tomosha qilganim — milliy raqs gavdalandi. Chunki gulning asta-sekin ochilishi bilan raqs harakatlari o'rtasida ajib bir uyg'unlikni his qildim. Xuddi gul barglari birin-ketin ochilib, o'z jozibasini namoyon etgani kabi, raqs ham harakatdan harakatga o'tib, o'zining butun nafosatini ochib borar edi.
Tabiatda gul birdaniga ochilmaydi. Avval g'uncha bo'lib ko'rinadi. Keyin quyoshning iliq nurlari va bahorning mayin nafasi ta'sirida har bir bargi asta-sekin ochilib, bor go'zalligini namoyon etadi. Raqs ham xuddi shunday: har bir harakat, har bir qadam va har bir nigoh tomoshabin qalbiga asta-sekin yo'l topib, uni go'zallik olamiga boshlaydi.
Ayniqsa, milliy raqslarimizda bu nafosat yanada yaqqol ko'rinadi. Raqqosaning qo'l harakatlarida xalqimizning nozik didi, nigohlarida sharqona hayo va latofat, qadamlarida esa milliy ruh mujassam. Shu bois milliy raqs shunchaki sahna san'ati emas, balki xalq ma'naviyatining harakatdagi ifodasidir.
Raqs liboslariga nazar tashlasak, ular go'yo gulning rang-barang jilosini eslatadi. Atlas va adras matolarining tovlanishi, milliy naqshlarning nafosati hamda zarhal bezaklarning jilosi milliy madaniyatimizning boyligi va xalqimizning yuksak estetik dididan darak beradi. Xuddi gul o'z rangi bilan insonni maftun etganidek, milliy liboslar ham raqsga alohida ko'rk va mazmun bag'ishlaydi.
Bizning xalqimizda azaldan qiz bola gulga qiyoslanadi. Bu bejiz emas. Gul qanday qilib o'zining nafosati va latofati bilan inson qalbini rom etsa, qizlarimiz ham o'z odobi, hayosi, mehribonligi va nazokati bilan hayotimizga fayz bag'ishlaydi. Sahnada milliy raqs ijro etayotgan qizlarga nazar tashlar ekanman, ular ko'zimga go'yo turfa ranglarda ochilgan gullardek ko'rindi. Ularning mayin harakatlari, nafis qomatlari va milliy liboslar bilan uyg'unlashgan jozibasi xalqimizning asrlar davomida shakllangan go'zallik haqidagi tasavvurini namoyon etar edi. Shu bois men uchun raqs tushayotgan qizlar bamisli ochilib turgan gullardir. Ularning har bir harakati gul barglarining mayin tebranishi kabi nafis va ta'sirchandir.
Milliy raqslar xalqning tarixi, turmush tarzi va ma'naviy dunyosining badiiy ifodasidir. Ularda ajdodlarimizning hayoti, urf-odatlari, orzu-intilishlari va hayotga bo'lgan munosabati aks etadi. Shu jihatdan qaraganda, milliy raqslar nafaqat san'at namunasi, balki xalqning madaniy xotirasi ham hisoblanadi.
O'zbek milliy raqs san'atining noyob namunalaridan biri bo'lgan “Lazgi”da bu uyg'unlik ayniqsa yorqin namoyon bo'ladi. “Lazgi”ning har bir harakati inson qalbidagi tuyg'ular, hayot quvonchi va tabiat bilan uyg'unlikni ifoda etadi. Asrlar davomida sayqallanib kelgan bu san'at namunasi xalqimiz ma'naviy merosining ajralmas qismiga aylangan. 2019 yilda Xorazm raqsi — “Lazgi” YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilishi uning nafaqat milliy, balki jahon madaniyatida ham munosib o'rin egallaganini ko'rsatadi.
Shunda men yana bir haqiqatni angladim: gulning go'zalligi uning barglarida namoyon bo'lganidek, millatning go'zalligi ham uning san'atida aks etadi. Milliy raqs esa ana shu go'zallikning harakatga aylangan timsolidir.
Men uchun raqs — bu ochilayotgan gul. Uning har bir harakati barglarning ochilishi, milliy liboslari esa ana shu gulning rang-barang jilosidir. Bu gul xalqimizning tarixi, madaniyati va ma'naviyatidan ozuqa oladi. Shuning uchun ham milliy raqslarimizni asrab-avaylash, o'rganish va kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Zero, raqs — millat qalbining harakatdagi ifodasi, uning ma'naviy qiyofasini namoyon etuvchi betakror merosdir.
Zulfiya YaQUBOVA,
O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali “Lazgi” ijrochiligini rivojlantirish bo'limi boshlig'i.
